Odamzod turmushi tobora farovonlashib borayotganidan shod-u xurram. Qad rostlayotgan muhtasham imoratlar aqlni shoshiradi; yangi-yangi avtoulovlar manzilni yaqin qiladi; supermarketlar “ye, ich, xursand yasha” deya oʻziga chorlaydi. Insonning baxtiyor yashashi uchun jamiki shart-sharoit muhayyo goʻyo. Biroq inson dilini vahima, oʻy-xayolini tahlika chulgʻab olgani-da rost. Dunyo negadir notinch, hayot sergʻalva. Falak ostida qandaydir falokat vahimasi kezadi, u barchani oʻz domiga tortib ketadigandek. Internet ham qoʻrquv uygʻotadigan xabarlarga toʻla.

Inson oʻzini oʻzi xavf-xatarlarga duchor qilmoqda. “Qush grippi”, “choʻchqa grippi” kabi vabolardan keyin insoniyat hayotini qil ustiga keltirib qoʻygan koronavirus ofati paydo boʻldi. Najot qayerda ekani hozircha nomaʼlum. Goʻyo qiyomat yaqindek. Nahotki, barcha orzu-umidlaru saʼy-harakatlarimiz tushga, roʻyoga aylansa? Nahotki, aql-u idrok, iroda, uzoq asrlar va kurashlar natijasi boʻlmish tarixiy-madaniy tajribalar ojiz boʻlsa?

Insoniyatni koʻp yillardan beri uchinchi jahon urushi xavfi bezovta qilib keladi. Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari qanday fojialar olib kelgani hali unutilgani yoʻq. Shu sabab yana bir muhoraba haqidagi har qanday soʻz inson qalbi va idrokini junbushga keltiradi. Taassufki, inson yuragiga, oʻyiga ingan tahlika behuda emas...

* * *

Sharq kishisi qadriyatlar mustahkam qaror topgan ijtimoiy makonda yashashga oʻrgangan. Bu etnoanʼnaning mohiyatini birinchilardan boʻlib Konfutsiy anglagan edi. U inson va insoniyat hayotiga doxil ziddiyatni ajdodlar qoldirgan urf-odat va anʼanalarni asrash orqali bartaraf etmoq mumkin deb hisoblagan. Darhaqiqat, nizo-yu ixtiloflar Osmon bilan Yer oʻrtasidagi uygʻunlikni idrok etmaydigan, uni asrashga intilmaydigan va ajdodlari tajribasini unutgan elda avj oladi (Конфуций. Мысли, изречения, афоризмы. Минск, 1999. Стр. 32-38). Bu, aslida, Sharqqa xos barqarorlik, vorisiylik tamoyilidir. Koʻp oʻtmay Xan Feyning konfutsiylikni inkor etuvchi, barqarorlik emas, balki oʻzgarishlarni yoqlovchi “huquqiy qadriyatlari” paydo boʻladi; konfutsiylik tarafdorlari quvgʻin qilinadi, pandnomalar olovga tashlanadi. Bu hol milodiy uchinchi asrda fuqarolar urushiga va qisqa vaqtda millionlab xitoyliklarning qirgʻin etilishiga olib keladi. Jamiyatni tinmay oʻzgartirishga, ilmiy ibora bilan aytganda, modernizatsiyalashga intiladigan islohotchilar ushbu fojiadan saboq olishlari zarur. Zotan, har qanday oʻzgarish, modernizatsiya etnoanʼanalarni rad etish yoki oʻzgartirish evaziga roʻy beradi.

Etnoanʼanalar – ajdodlarning tarixiy-madaniy tajribasidir. Aynan ular tufayli diaxron (avlodlararo) aloqalar yashaydi, jamiyatni tadrijiylik qonuniyati boshqaradi; aynan ular tufayli hayot – barqaror, osoyishta va inson oʻyi – begʻalva. Shuning uchun ham etnoanʼanalarga tajovuz – xalq va millat hayotiga tajovuz, etnoanʼanalarni unutish – xalq va millatni assimilyatsiyalash oʻlaroq qabul qilinadi. Bugun jamiyatimizda ham ularni gʻarbona modellarga muvofiq modernizatsiyalashga urinish mavjud. Bu hol assimilyatsiyalashuvning boshlanishi emasmikan, degan xavotir uygʻotadi.

* * *

Bir qarasa, turmushidan norozilar koʻpdek. Lekin hayot ijobiy tomonga oʻzgarib borayotganini koʻrmaslik mumkin emas. Bugun biz birgina maoshga qarab yashashdek gʻayrihayotiy tartibdan yiroqmiz; yugursak, ishlasak va yaratsak istagancha pul topishimiz, toʻkin-farovon yashashimiz mumkin. Shunga qaramay, hayotdan noliydiganlar nega hamon uchraydi? Bu norozilik avvalo gʻayriqonuniy xulq-atvorda, ortib borayotgan jinoyatlarda aks etmayotirmi? Oliy Majlis Senati maʼlumotlariga qaraganda, mamlakatimizda 2020-yilda umumiy jinoyatchilik 34,7 foizga; ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar 49 foizga; qasddan odam oʻldirish 13,1 foizga; qasddan ogʻir shikast yetkazish 13 foizga; nomusga tegish 27,7 foizga va bosqinchilik 18,5 foizga koʻpaygan.

Jamiyatdagi norasolik rivojlangan davlatlarda ham jinoyatlar yoki ruhiy kasalliklarning oshishida namoyon boʻlmoqda. Masalan, AQShda aholining 10–15 foizga yaqini stress va depressiya holatida yashaydi, oʻz joniga qasd qiluvchilar koʻrsatkichi ham yuqori (Соломон Э. Демон полуденный. Анатомия депрессии. Москва, “Добрая книга”, 2016. Стр. 21). Ruhiy kasallar oshib borayotgani bois sobiq prezident Donald Tramp ular uchun yangi maxsus muassasalar qurishni taklif etgan edi. Qoʻshma Shtatlarda 2009-yili tibbiyot sohasiga 2,5 trillion dollar ajratilgan; uning 12 foizi ruhiy shifoxonalarga yoʻnaltirilgan (World Psychiatry, 2012, 2. P.47).

Germaniyada ham 20 foizga yaqin aholi turli ruhiy kasalliklar tufayli tibbiy klinikalarga murojaat etib turadi. Mamlakatda ruhiy xastalar soni 1995-yilga nisbatan sezilarli darajada oshgan (oʻsha manba). Agar ahvol yetakchi davlatlarda shu darajada boʻlsa, ular safiga qoʻshilmoqchi boʻlgan oʻlkalarni nimalar kutayotganini tasavvur qilish qiyin emas.

* * *

Etnoanʼanalar va tarixiy-madaniy qadriyatlar bizni faqat oʻtmishga bogʻlab qolmay, sirli qoʻllari bilan kelajakka yetaklaydi, adashish va fojialardan asraydi. Ular tufayli biz hayotni qadrlaymiz va eʼzozlaymiz. Nitshe taʼbiri bilan aytganda, “Biz tarixga zanjirbandmiz, qayerga chopmaylik, tarix zanjiri biz bilan birga chopadi” (Ницше Ф. Избранные сочинения. Том 2. Москва, “Мысль”, 1991. Стр. 6).

Binobarin, hayot etnoanʼanalar vositasida oʻzgarishga yuz tutadi; agar modernizatsiya ularga taʼsir etolmasa, islohotlar kutilgan natija bermaydi. Bu holatda mavjud tartiblar bilan novatsiya, avlodlar oʻrtasida ziddiyatlar, bir-birini tushunmaslik kayfiyati yuzaga kelishi muqarrar. Yangilanish – ijtimoiy borligʻimizning atributi va magʻzidir. Yangilanish va oʻzgarishlarga moslashar ekan, inson hayotdan zavq oladi, umridan maʼno topadi. Ularga moslashmaganlar esa taraqqiyot gʻanimiga; tushkunlik, norozilik bandisiga aylanadi.

Etnoanʼanalar oʻzgarishida ikki jihat bor: 1) ularning oʻzgarmaydigan, avloddan avlodga oʻtarak barqaror tus olgan yadrosi; 2) kundalik talablarga (savdo-sotiq, moda, axborotlar taʼsiri) muvofiq turlanadigan, tahrirga uchraydigan ustki qismi. Masalan, til, din, turmush tarzi, mentalitet, etnopsixologiya – yadroga taalluqli. Ularni hatto ijtimoiy inqiloblar ham oʻzgartirolmaydi. Toʻgʻri, revolyutsiyalar va islohotlar baʼzan ana shu yadroga ham tajovuz qiladi; tan olish kerakki, bu borada maʼlum maqsadlarga erishiladi ham. Lekin bu oʻzgarish xalq, millatga juda qimmatga tushadi. Etnoanʼanalar yadrosining oʻzgarishi xalqning, millatning assimilyatsiyalashuviga olib keladi; aziyatlarga, yoʻqotishlarga sabab boʻladi. Kishilar qalbi, ruhiyatidagi norozilik sabablaridan biri ham shudir.

* * *

Inson miyasi ulkan hajmdagi axborotni qabul qilish imkoniga ega. Mutaxassislar fikricha, hozirgi paytda odamzod shu imkoniyatning atigi 3–5 foizidan foydalanadi. Biroq aql-u idrokning quvvati turli xalqlar kesimida farqlanadi. Deylik, Sharqda keyingi asrlarda ilmiy-texnik tafakkur xiyla zaiflashgan. Demak, aql-u idrok imkoniyatining etnomentalitet bilan bogʻliq jihati mavjud.

Tashqi borliqni, yon-atrofni oʻzgartirish muammo emas, ammo etnotafakkurni oʻzgartirish mudom mushkul kechgan. Etnoanʼanalarning oʻzgartirilishi faqat tarixga, marosimlarga munosabat emas, balki odamlarning hayotga, turmushga, oilaga munosabatlari inʼikosi hamdir. Bizda bu munosabatlar hali chuqur tadqiq etilmagan. Modernizatsiyani qoʻllab-quvvatlayapmiz, demokratiya istilohi tilimizdan tushmaydi. Lekin ularning etnotafakkur va etnohayotga aks taʼsiri ham borligini payqamaymiz, bu muhim jihatga eʼtibor bergimiz kelmaydi. Ehtimol, avtokratik boshqaruv davrida etnotafakkurda shakllangan sanoxonlik, madhiyabozlik hanuzgacha oqni oq, qorani qora deyishga imkon bermayotgandir. Modernizatsiya va demokratiya, kezi kelganda, Sharq xalqlari hayotidagi barqarorlik ildiziga bolta urayotir. Mutlaq erkinlik, chegarasiz haq-huquqlar etnohayotga salbiy taʼsir etayotganini oilaviy munosabatlar misolida koʻrishimiz mumkin. Keyingi yillarda yurtimizda yosh oilalar ajrimi tobora koʻpaymoqda. Bu ajrimlar tashabbuskorlari asosan ayollar boʻlayotgani etnohayotdagi noanʼanaviy oʻzgarishdir. Oʻsib borayotgan iqtisodiy jinoyatlarda xotin-qizlar ishtiroki oshayotgani, matbuotda oʻz farzandini pullamoqchi, oʻldirmoqchi yoki tashlab ketmoqchi boʻlgan ayollar haqida bot-bot xabarlar chop etilayotgani vaziyatni teran nigoh ila tahlil etishni taqozo qiladi.

Yangi davr bizga islohotlarda keng qatnashish, oʻzligini namoyon etish imkonini berdi. Lekin ayrim zamondoshlarimiz dolgʻali jarayonlar etnoanʼanalarga bepisand qarash, oilaviy qadriyatlarga tupurish “huquq”ini ham berdi, deb oʻylashyapti, shekilli? Bu, aslida, inson qalbidagi yuqorida tilga olingan hayotga qarshi isyon, norozilikning bir koʻrinishidir.

Odamning hayotdan noroziligini faqat shaxsiy psixologik va ichkin kechinmalar bilan bogʻlash tor yondashuvdir. Uning ijtimoiy sabablari ham mavjud, albatta. Gohida ishsizlik, fikr erkinligining poymol etilishi, adolatsizlik, tamagirlik, savodsizlik va bemehrlik kabi illatlar kishini hayotdan bezdirishi ayon.

Ishsizlik, taʼbir joiz boʻlsa, milliy fojiamiz. Baʼzi hududlarda yoshlar oʻrtasidagi ishsizlik 80 foizgacha boradi. Shaharlardagi mardikor bozorlari hamon ish qidirayotgan qishloq yoshlariga toʻla. Xoʻsh, oʻsha yoshlarni hayotdan mamnun etish uchun nima qilmoq kerak?..

Fikr erkinligi demokratiyaning tamal toshi sanaladi. Yurtimizda keyingi yillarda bu borada siljishlar kuzatilmoqda. Prezident xalq qabulxonalari, bosh prokuratura va vazirlar virtual qabulxonalarining ochilishi xalqqa muayyan masalalar boʻyicha oʻz fikr-qarashini bildirish imkonini berdi.  Shu kungacha Prezident qabulxonalariga bir necha million murojaat va takliflar tushgan, ularning salmoqli qismi ijobiy hal etilgan. Ayni choqda, oʻz turmush darajasidan norozi tadbirkorlar ham koʻp topiladi. Prezidentimizning tadbirkorlik muammolariga bagʻishlangan istalgan videoselektorini olib koʻring, fikrimizni tasdiqlovchi raqamlarga duch kelasiz. Olgan hosilidan qish-u yoz mehnat qilgan dehqon-u fermer emas, yakkash bozorlarni mulkiga aylantirgan kimsalar daromad koʻrsa, mirishkorlarimizni hayotdan mamnun deyish mumkinmi?

Hammamiz supermarketlarga kirib turamiz. Mahsulotlar nega ularda bozordagidan ancha-muncha qimmat? Nega butun respublika boʻylab un, shakar, yog‘ narxi bir kunda oshadi-qoʻyadi? Agar monopoliyaga qarshi kurash tartibi oʻrnatilgan boʻlsa, nega bu hol doim takrorlanadi? Axir, bu aholining turmush darajasi va iqtisodiy siyosatga munosabatiga salbiy taʼsir qiladi-ku! Davlat aholi qashshoqligini kamaytirish uchun qaygʻurayotgan bir paytda monopolistlarning xatti-harakatini qanday baholash mumkin?

Hayotdan mamnunlik, rozilik, iqtisodchilar fikriga koʻra, isteʼmol savatiga bogʻliq. Totalitar tuzum davridagi tanqislik, isteʼmol tovarlarining cheklangani, shukrki, ortda qoldi. Gʻarbdagidek toʻkin-sochin yashamasak-da, lekin biz ham isteʼmolchilikni hayot tarziga aylantirayotgan jamiyatga aylanib boryapmiz. Oʻzbekistonda qancha ekanini bilmadim-u, ammo dunyoda har kuni 5 mingdan ziyod yangi mahsulot, isteʼmol moli sotuvga chiqariladi. XX asr oʻrtalarigacha esa bir yilda ham shuncha emas edi. Fransuz faylasufi Jan Bodriyyar fikriga koʻra, toʻkinlik, isteʼmolchilik jamiyatni, kishini baxtiyor qilmas ekan. Buni qarangki, u oxir-oqibatda “toliqish muammosi”ni keltirib chiqarishi mumkin. Bugun aksar postindustrial jamiyatlar asrning yangi ofati – isteʼmolchilik kasaliga yoʻliqqan. Buni “jahon toliqish muammosi” deb atash mumkin (Бодрийяр Ж. Общество потребления. Москва, “АСТ”, 2020. Стр. 289). Gʻoyat taajjubli hol – inson toʻkin-sochin, farovon yashash uchun ishlamasa, tun-u kun nima uchun mehnat qiladi, tinmay yangi-yangi mehnat qurollarini yaratadi? Farovonlik, toʻkin hayot saodat, mamnunlik ato etmasa, uni nima rozi qilishi mumkin?

Beixtiyor daho adib Lev Tolstoyning hayotdan maʼno-mazmun izlashi yodga tushadi. U “Iqrornoma”sida yoshligida turli maʼsiyatlarga qoʻl urgani, hatto odam oʻldirganini tan oladi. “Men qilmagan gunoh qolmadi”, deb yozadi adib. Ellik yoshigacha u qanday yashash kerak, degan savollar iskanjasida eziladi va nihoyat javobni isaviylikdan topadi. Hayotiy savolga u hayotiy javob topishi kerak edi, ammo u javobni gʻayrihayotiy transsendentdan qidirdi. Zotan, hayot uning savollariga qalbini tinchitadigan javob berolmagan edi. Bu – daho ijodkorlarga xos paradoks. Bugun insonning dinga qaytayotgani ham shunday paradoks emasmikan? Din inson qalbiga, ruhiga taskin, hayotdan qoniqish beradimi? Nahotki, inson ilk ajdodlaridek “idroki ojiz” (B.Rassel) boʻlgani uchun hayot muammolariga javobni gʻayrihayotiylikdan qidirsa?

Hayot ayrim shaxs, hatto etnos istaklari asosida qurilmaydi. Uning anglash qiyin, apriori – tajribadan xorijdagi qonuniyatlari bor. Aynan ushbu qonuniyatlar inson darkini tashvishga, iztirobga soladi. Odamga faqat ushbu qonuniyatlar doirasida, faqat ularga moslashib yashash imkoni berilgan. Ha, bu – inson tafakkuri yoqtirmaydigan qismat. Aql-u idrok vaqti-vaqti bilan mutelikka qarshi Prometeydek bosh koʻtarib qoladi. Aslida, Prometey isyoni   –   inson aql-u idroki uchun betakror saboq (A.Kamyu), odamzod borligʻini oʻzgartirishga qaratilgan oʻgit. Undan ijtimoiy inqiloblar uchun gʻoyaviy asos qidirmaslik kerak, u shunchaki afsona. Ammo aql-u idrokni, irodani, hayotni yangi mazmun bilan toʻldiradigan afsona! Hayotning oʻzi ham maʼlum bir maʼnoda ertak, asotir. Biz uni qanchalik ulugʻlamaylik va eʼzozlamaylik, shuurimiz tubida “hayot – goʻzal va betakror afsona” degan fikr yashaydi. Hayotdan roziligimiz yoki noroziligimiz goho ushbu afsonaga ishonishimiz tufaylidir. Inson hayotni goʻzal afsonaga monand qura oladimi – mana, muammo va hikmat qayerda...

Viktor ALIMASOV

“Tafakkur” jurnali, 2021-yil 4-son.

“Hadsiz xavotirlar” maqolasi