Qoʻl va oyoq panjalarini barmoq deymiz. Shuningdek, barmoq soʻzining “oʻsimlik novdasi va poyasi”, “oʻlchov” maʼnolari ham boʻlgan.

 

Herman Vamberi barmoq soʻzini bormoq feʼlidan deydi. Gustav Ramsted bu soʻzni moʻgʻul tilidagi “ushlamoq” maʼnosidagi бары feʼliga olib borib taqaydi.

 

Mahmud Koshgʻariy “barmoq” soʻzini эрӊäк shaklida ham qoʻllagan.

 

Tilimizda barmoq soʻzi ishtirokida koʻplab ibora va maqollar borligi bu soʻzning juda faol ekanini koʻrsatadi. Bu oʻrinda “Barmoq orasidan qaraydi”, “Barmogʻini tishlab qoldi”, “Besh barmogʻini ogʻziga tiqadi”, “Ikki barmogʻini burniga tiqib qaytibdi”, “Barmogʻini bigiz qildi” kabi iboralar yoki “Beshta balo nedan kelar, ikki barmoq, tildan kelar”, “Kimga barmoqday, kimga tirnoqday” kabi maqollarni eslab oʻtish joiz.

 

Yana bir narsaga eʼtibor qilish kerak, barmoq soʻzi ishtirokidagi ibora va maqollarning aksariyati badnafslik va ochkoʻzlikka qarshi qaratilgan. Bu bekorgamas, chunki odam neniki olsa barmoq ishtirok etadi, har narsaga barmoq bilan uzaladi.

 

Barmoq soʻzining barnaq shakli ham qadimda boʻlgan. Demak, “tirnamoq” maʼnosidagi tir feʼlidan kelib chiqqan tirnoq va barnaq soʻzlarining yasalish qolipi bir xil. Barmoq va tirnoq soʻzlari hamisha bir-biriga har jihatdan yaqin boʻlgan.

 

Bolaligimda momolarimiz bilan ziyoratlarga koʻp borardim. Oʻshanda ular befarzand ayolga farzand tilab iltijo qilishsa, “Shuginagayam bir tirnoq beringizlar” deb soʻrashlarini koʻp eshitganman. Bu gap menga yod boʻlib ketgan. Qoʻshnimiz Roʻzixol opaning farzandi yoʻq edi. Keyin men qaysi ziyoratga borsam, “Xoʻshboq togʻa bilan Roʻzixol opamga tirnoq beringizlar” deb qayta-qayta soʻrashni odat qilganman.

 

Farzandni tirnoqqa oʻxshatishda katta maʼno bor. Bu ramz et bilan tirnoq iborasidan kelib chiqqan. Tirnoq et orasidan oʻsib chiqadi, farzand ham odam vujudida paydo boʻladi. Bu hol barmoqdan oʻsib chiqqan tirnoqqa oʻxshatiladi.

 

Eshqobil SHUKUR

 

“Bobosoʻz izidan” kitobidan.