Shu kunlarda kelajak avlod tinchligi yoʻlida qurbon boʻlganlar xotirlanmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, faxriylar holidan xabar olinmoqda. Shu tariqa moziyga nazar solinib, tinchlik neʼmati ulugʻlanayotir. Ayniqsa, urush qatnashchilariga koʻrsatilayotgan eʼtibordan butun xalqimiz xursand boʻlmoqda va minnatdorlik bilan eʼtirof etmoqda. Lekin yaqin besh-oʻn yildan buyon mamlakatimizda 9 may arafasida ayrim “koʻzga koʻrinmas kuchlar” tomonidan Georgiy lentasini tarqatish holatlari koʻzga tashlanmoqda. Avval kattalar orasida kuzatilgan bu harakatning endilikda bogʻcha bolalari orasida ham yoyilayotgani kishini hushyor tortiradi. Ayrim fuqarolarimiz, tarbiyachilarimiz bu lentaning asl maʼnosidan bexabar boʻlib, oʻzlarining xatti-harakatini Ikkinchi jahon urushidagi gʻalaba bilan bogʻlashga harakat qilishmoqda.

Xoʻsh, Georgiy lentasi nimani anglatadi? Uning ikkinchi jahon urushi va gʻalabaga qanday bogʻliqligi bor? Avvalo, shuni aytish kerakki, Georgiy lentasi uch qator qora va ikki qator toʻq sariq yoʻlli bogʻich boʻlib, ushbu ranglar qanday maʼno tashishi haqida turli qarashlar mavjud. Tarixdan yaxshi bilamizki, Yekaterina II 1769 yilning 26 noyabrida rus-turk urushi davrida avliyo Georgiy ordeni va tasmasini joriy etadi. Orden va tasma bilan ilk bor shu urushda jasorat koʻrsatgan ofiser va askarlar taqdirlangan. Ushbu bogʻich bilan bezatilgan orden taqish odati chor Rossiyasining Turkiston oʻlkasiga bosqinchilik yurishlari davrida boshqacha maʼno kasb etadi. Qoʻqon xonligi, Xiva xonligi va Buxoro amirligini gʻorat qilgan bosqinchi zobitlar va generallar uchun maxsus – “Qoʻqon xonligini zabt etgani uchun”, “Markaziy Osiyoga yurishi uchun”, “Xiva xonligiga yurishi uchun” kabi medallar taʼsis etiladi. Medal va uni ilon kabi chirmab turgan Georgiy lentasi mardlik va jasorat koʻrsatilgani uchun emas, aksincha, aynan bosqinchilik qilgani, bizning Ona Vatanimizni qonga botirgani, obod maskan va manzillarimizni kultepaga aylantirgani, mard bobolarimizni oʻldirgani uchun bosqinchi harbiylarga berilgan.

Oʻzbek xalqining boshiga balolar yogʻdirgan, cheksiz ofat, achchiq kulfat, ogʻir musibat keltirgan chor harbiylarining bunday “qahramon”lari oʻzining hukumati tomonidan Georgiy tasmasi ila chirmalgan ordenlar bilan mukofotlangan. Bugun “Gʻalaba” bogʻiga olib kelingan oʻnlab bogʻcha yoshdagi jajji farzandlarimizning koʻkraklariga mana shunday bogʻichlarning taqib qoʻyilgani qalbimizni bezovta qildi. Bunday aksiyalar zamirida qanday siyosiy maqsadlar yashiringan? Nega endi bizning farzandlarimiz bu mashʼum lentani taqib yurishi kerak? Yosh bolalarning koʻksiga Georgiy tasmalarini qadab, ommaviy tadbirlarga jalb qilish holatini taʼlim va tarbiyaga masʼul idoralar qanday izohlaydi?

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 

Matbuot xizmati