Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 90-ishtirokchisi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Azizbek Ikromov “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:
1. Aleks Kaplan, “Xitoy XX asrda – sholi dalalaridan atom bombasigacha”.
Ushbu asar XX asr davomida Xitoydagi keskin oʻzgarishlarni qamrab olgan.
2. Stiven Frederik Starr, “Yoʻqotilgan maʼrifat” – Markaziy Osiyoning oltin asri – arablar kirib kelishidan Amir Temur zamonigacha.
Ushbu asar Markaziy Osiyo tarixiga bagʻishlangan eng mashxur ilmiy-ommabop kitob hisoblanadi. Asarda muallif VIII–XII asrlarda Markaziy Osiyo dunyoning ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri boʻlganini asoslab beradi.
3. Eshli Vens, “Ilon Mask: Tesla, SpaceX va kelajakka yoʻl”.
2015-yilda nashr etilgan mashxur biografik asarda tadbirkor va ixtirochi Ilon Maskning hayot faoliyati va dunyoni oʻzgartirishga qaratilgan gʻoyalari haqida hikoya qilinadi.
4. Uolter Ayzekson, “Ilon Mask: biografiya”.
Mashxur biografik asar boʻlib, muallif ikki yil davomida Maskka hamroh boʻlib, uning oilasi, yaqinlari, hamkasblari bilan yuzlab suhbatlar oʻtkazgan. Kitobda Maskning Janubiy Afrikadagi bolaligi, ogʻir oilaviy muhit, uning ilk tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq muhim qarorlari atroflicha yoritiladi.
5. Genri Kissendjer, Erik Shmidt, Deniyel Xattenloker, “Sunʼiy intellekt va insoniyatning yangi davri”.
Ushbu kitob sunʼiy intellektning insoniyat kelajagiga taʼsiri haqida eng muhim asarlardan biri hisoblanadi. Kitob siyosatshunoslik, texnologiya va ilm-fan nuqtai nazarlarini birlashtirib, AI insoniyat hayotini qanday oʻzgartirishi mumkinligini tahlil qiladi.
6. Yuval Noah Harari, “Sapiyens: Insoniyatning qisqacha tarixi”.
Asarda insoniyatning ilk ajdodlaridan tortib bugungi kungacha boʻlgan evolyutsion yoʻli tahlil qilinadi.
7. Piter Frankopan, “Ipak yoʻllari: Jahon tarixining yangi talqini”.
Jahon sivilizatsiyasini qayta koʻrib chiquvchi fundamental asar boʻlib, unda Yevrosiyo va Markaziy Osiyo mintaqasiga eʼtibor qaratiladi.
8. Oʻtkir Hoshimov, “Ikki eshik orasi”.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asari fojiaviy-falsafiy roman boʻlib, Ikkinchi jahon urushi davrida xalqimiz boshiga tushgan ogʻir kulfatlarni va insonlar taqdirini ochib beradi. Asar inson hayotining tugʻilish va oʻlim orasidagi qisqa muddat ekanini kuchli hissiyotlar bilan tasvirlaydi.
9. Shavkat Mirziyoyev, “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston”.
Ushbu asarda Oʻzbekistonning umumbashariy muammolarni bartaraf etish va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan global tashabbuslariga eʼtibor qaratilgan.
10. Shavkat Mirziyoyev, “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi”.
Ushbu asar Oʻzbekistonni rivojlantirish va Uchinchi Renessans poydevorini qurishning asosiy maqsad va vazifalarini ochib beradi.
Azizbek Isroilovich Ikromov 1977-yil 6-oktyabrda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tugʻilgan. 1994-yil tumandagi 7-sonli oʻrta maktabni tamomlab, Toshkent irrigatsiya va suv xoʻjaligi institutida tahsil olgan. Shundan soʻng IIV Yongʻindan saqlash oliy texnik maktab kursanti sifatida taʼlimini davom ettirgan.
2000–2004-yillar davomida IIV Yongʻindan saqlash boshqarmasida faoliyat yuritgan. 2004–2006-yillar mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabida tahsil olgan.
2006–2014-yillarda IIV Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasida turli lavozimlarda xizmat qilgan. Keyingi uch yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining siyosiy-huquqiy masalalari xizmati, ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha sektori yetakchi inspektori lavozimida ishlagan.
Azizbek Ikromov 2017-yilning aprel oyidan oktyabr oyiga qadar IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasida xizmat qilgan. Shundan soʻng 2017-yilning oktyabrida Mudofaa vaziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Prezidentimizning 2019-yil 14-yanvardagi farmoniga koʻra “general-mayor” unvoniga ega boʻldi.
2021–2023-yillar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi, 2020–2023-yillar Oʻzbekiston futbol assotsiyatsiyasi vitse-prezidenti, 2023-yil 27-iyuldan Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan.
2026-yil 28-yanvardan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.