Oyina.uz muxbiri Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi  masʼul xodimi Begmat Ochilovga “Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika koʻrik-tanlovining maqsad va vazifalari, talab va shartlari yuzasidan bir nechta savollar bilan murojaat etdi.

– “Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika koʻrik-tanlovini tashkil etishdan qanday maqsadlar koʻzlanmoqda? Avvalo, shu haqda toʻxtalsangiz.

– Mamlakatimizda yoshlar siyosati hamisha ustuvor boʻlib kelgan. Prezidentning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingach, ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar yanada jadallashdi. Oʻn mingdan ortiq mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, kelajak avlodning ertangi kunga ishonchini mustahkamlash, jamiyat uchun kerakli insonga aylantirish yoʻlida salmoqli ishlar boshlandi.

 

Mahallalarda yoshlarga oid davlat siyosatini samarali tashkil etish,  yoshlar yetakchilarining maʼnaviy saviyasi va bilimini oshirish orqali mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit rivojiga hissa qoʻshish, yoshlarda Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat tuygʻularini tarbiyalashni qoʻllab-quvvatlash hamda bu boradagi yetakchilar ish tajribasini ommalashtirish hamda ularning mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika koʻrik-tanlovini oʻtkazishga qaror qilindi.

– Koʻrik-tanlov necha bosqichda oʻtkaziladi?

– Uch bosqichda tashkil etiladi. Har yili iyun oyida barcha tuman va shaharlar miqyosida eng ilgʻor yoshlar yetakchilari saralanadi. Ularning faoliyati toʻrt shart boʻyicha baholanadi. Mahalliy doirada eng yaxshi deb topilgan bir nafar gʻolib keyingi (hududiy) bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida iyul oyida, boʻlib oʻtadi. Bunda ham yoshlar yetakchilari toʻrt shart asosida sinovdan oʻtkazilib, eng munosiblari respublika bosqichiga yoʻl oladi. Har yili respublika bosqichi avgust oyining uchinchi oʻn kunligida mamlakatimizning oʻn toʻrt hududidan saralanib kelgan gʻoliblar oʻzaro bellashadi.

– Har bir bosqichda ishtirokchilar toʻrt shart boʻicha sinovdan oʻtkazilishi haqida gapiryapsiz, oʻsha talablar nimalardan iborat boʻladi?

– Birinchi shart “Yoshlar siyosati bilimdoni” deb nomlanib, ijtimoiy-siyosiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy mavzudagi savollarga javob beriladi. Har bir biletda 10 ta savol boʻlib, jami 20 ball toʻplab imkoniyati mavjud.

Ikkinchi shart “Samarali faoliyat” deb atalgan. Bu shartda esa yetakchilar faoliyati davomida oʻzlari amalga oshirgan ishlar haqida taqdimot qilishadi. Taqdimotda slayd, koʻrgazmali vositalar, video materiallardan foydalangan holda, quyidagi yoʻnalishlardagi ishlar aks ettirilishi lozim: “Yoshlar balansi”, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar portali” elektron platformalarining mahallada qanday joriy etilganligi darajasi va natijadorligi – 5 ball; madaniyat va sanʼatni targʻib qilish – 5 ball; sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish – 5 ball; axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish – 5 ball; maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish – 5 ball; yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish – 5 ball; tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash – 5 ball; mahalla yoshlarining tuman, hudud, respublika va xalqaro miqyosdagi yutuqlari – 5 ball. Ikkinchi shartda jami 40 ball yigʻish mumkin.

“Innovatsion ijtimoiy loyiha” deb nomlangan uchinchi shartda mahalla yoshlari oʻrtasida amalga oshiriladigan yangi innovatsion loyiha taqdimoti oʻtkaziladi. Loyihani baholashda yoshlar hayotida qay darajada ahamiyatliligi, amalga oshirish realligi va natijadorligiga eʼtibor qaratiladi. Maksimal 20 ball beriladi.

“Iqtidor va isteʼdod” nomli toʻrtinchi shartda yoshlar yetakchisi biror sohadagi talantini erkin namoyon etib berishi talab etiladi. Bu shart uchun ham 20 ball belgilangan.

– “Fidoiy yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovida qatnashish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

– Tanlovda respublikamizning barcha mahallalarida ishlayotgan yoshlar yetakchilari ishtirok etishi mumkin. Buning uchun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tuman va shahar boʻlimlariga ariza bilan murojaat qilish lozim.

– Gʻoliblarini qanday mukofotlar kutmoqda?

– Mahalliy bosqichda 1-oʻrinni olgan yetakchiga maxsus diplom hamda planshet; 2-, 3-oʻrin sohiblariga esa kitoblar toʻplami beriladi. Ikkinchi bosqichda 1-oʻrin gʻolibi maxsus diplom, zamonaviy noutbuk va printer;
2-, 3-oʻrin egalari esa zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan taqdirlanadi. Respublika miqyosida 1-oʻrinni egallagan yoshlar yetakchisi “Kelajak bunyodkori” medaliga tavsiya etiladi. U
ishlayotgan mahalla fuqarolar yigʻinida kutubxona tashkil etilib, besh ming dona kitoblar jamlanmasi ajratiladi. 2-, 3-oʻrin gʻoliblari “Oʻzbekiston belgisi”, “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi”, “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonlariga tavsiya etiladi. Ular faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yigʻinida kutubxona ochilib, uch ming dona kitoblar jamlanmasi beriladi.

“Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika koʻrik-tanlovida asosiy eʼtibor mahalladagi yoshlar yetakchilari faoliyati uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish, tashkiliy-uslubiy koʻmak koʻrsatishga qaratiladi. Faol va tashabbuskor yoshlar yetakchilarini qanchalik qoʻllab-quvvatlasak, ularda oʻz ishidan qoniqish va manfaatdorlik hissi ortadi. Shu maʼnoda mazkur koʻrik-tanlov yoshlar yetakchilari ish samaradorligini oshirish, ular oʻrtasida hamkorlik va ijobiy raqobat muhitini yaratish, joylardagi ilgʻor gʻoyalar, innovatsion-ijtimoiy loyihalarni respublika miqyosida ommalashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Abdumajid AZIMOV

suhbatlashdi.