Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 93-ishtirokchisi, taniqli olim, filologiya fanlari nomzodi Rahmon Qoʻchqor “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:

1.     Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari;

2.     Iogan Volfgang Gyotening “Faust” sheʼriy romani (Erkin Vohidov tarjimasida);

3.     L.N.Tolstoyning “Iqrornoma” va “Mening eʼtiqodim nimada?” asarlari;

4.     F.M.Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” romani;

5.     Onore de Balzakning “Gobsek” qissasi;

6.     Erix Mariya Remarkning “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” va “Uch ogʻayni” romanlari;

7.     Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” afsonasi;

8.     Gabriel Garsia Markesning “Yolgʻizlikning yuz yili” roman;

9.     Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani;

10.  Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor” romani.

Rahmon Qoʻchqor 1961-yil 18-iyunda Andijon shahrida tugʻilgan.

1987-yil ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning Oʻzbek filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan.

1991-yilda “Abdulla Qahhor romanlarining ijodiy tarixi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Mehnat faoliyati davomida ToshDU, Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent davlat yuridik universitetida turli lavozimlarda xizmat qilgan. 2006-yilda “Shuhrat” medali, shuningdek, “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, “Yilning eng yaxshi jurnalisti” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.

“Isteʼdod qadri”, “Men bilan munozara qilsangiz”, “Qarz berilgan nur” singari yakka mualliflikdagi, shuningdek, hammualliflikdagi oʻnlab kitoblari bosilib chiqqan. Yuzlab maqolalari respublika matbuotida, yirik toʻplamlarda chop etilgan. Qariyb 30 yildan buyon respublika televideniyesida “Hayrat” nomli mualliflik koʻrsatuvi efirga beriladi. Darsliklari, jumladan, umumtaʼlim maktablarining 5,6,8-sinflari uchun “Adabiyot”, 7,8,9-sinflari uchun “Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari” kitoblari yillar davomida millionlab nusxada taʼlim muassasalariga tarqatilgan.