AQShning Medisondagi Viskonsin universiteti olimi Frensis Halzen “IceCube neytrino observatoriyasining ishiga qoʻshgan hal qiluvchi hissasi hamda astrofizik kelib chiqishga ega yuqori energiyali neytrinolarni kashf etgani uchun” fizika boʻyicha 2026-yilgi Nobel mukofoti laureati boʻldi. Bu haqda Nobel qoʻmitasining rasmiy saytida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, Frensis Halzen Janubiy qutbdagi muz qatlamidan neytrino nomi bilan mashhur zarrachalarni kuzatishda foydalanish mumkinligini anglab yetdi. Uning ilmiy tafakkuri va yetakchiligi yorugʻlik datchiklari bilan jihozlangan bir kub kilometr hajmdagi muzdan iborat IceCube neytrino observatoriyasini barpo etishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Tadqiqotchilar IceCube yordamida olis koinotdagi oʻta yuqori energiyali jarayonlarda hosil boʻladigan neytrinolarni qayd etish imkoniga ega boʻldi.

“Nobel haftaligi” 5-oktabr kuni fiziologiya va tibbiyot boʻyicha mukofot laureatlarini eʼlon qilish bilan boshlandi. 7-oktabr kuni kimyo boʻyicha, 8-oktabrda adabiyot boʻyicha, 9-oktabrda esa Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti laureatlari eʼlon qilinadi. 1969-yilda Shvetsiya banki tomonidan taʼsis etilgan Alfred Nobel xotirasiga bagʻishlangan iqtisodiyot fanlari boʻyicha mukofot esa 12-oktabr kuni oʻz egalarini topadi.