Huquqiy-demokratik davlat barpo etishni, soʻz erkinligi, inson huquq va hurliklari ustuvorligiga erishishni kuchli fuqarolik jamiyatisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Davlat jamiyat ustidan emas, balki jamiyat davlat institutlari ustidan nazoratni amalga oshirsagina shaxs erkinliklari toʻliq roʻyobga chiqishi mumkin. Bunday tizimga oʻtish uzoq va mashaqqatli jarayon boʻlib, u aynan fuqarolik jamiyatini shakllantirish bilan chambarchas bogʻliqdir.
Jon Lokk, Adam Smit kabi mutafakkirlar fuqarolik jamiyatini kishilik jamoasining yovvoyi shakldan sivilizatsiyalashgan bosqichga oʻtishini anglatuvchi fenomen sifatida taʼriflaganlar. Bu borada Aristotel, Hegel, Marksdan tortib XXI asr olimlariga qadar turli yondashuvlarni ilgari surgan. Ularni umumlashtirgan holda bunday taʼrif berish mumkin: fuqarolik jamiyati – iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy sohalarda faoliyat yurituvchi, koʻngilli asosda tuzilgan nodavlat tashkilotlar tizimidir.
Soʻnggi yillarda butun dunyoda, jumladan, Markaziy Osiyoda boshqaruv islohotlarining harakatlantiruvchi kuchi oʻlaroq fuqarolik jamiyatining oʻrni oshib bormoqda. Quyida mintaqaning besh mamlakatida fuqarolik jamiyati holati xususida muxtasar soʻz yuritamiz.
* * *
Qozogʻiston Respublikasi. 1980-yillar oxiri – 90-yillar boshlaridagi iqtisodiy, siyosiy islohotlar turli ijtimoiy guruhlarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi jamoat birlashmalarini tuzishga yoʻl ochdi. Mamlakatda birinchilardan boʻlib nodavlat sektor ishchi-xodimlari manfaatlarini himoya qiluvchi mustaqil kasaba uyushmalari tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari, jamoat va diniy birlashmalar, siyosiy partiyalarning institutsionallashuvi faol tarzda kechdi. Fuqarolik faolligining yorqin ifodasi sifatida yadroviy sinov maydonlarini yopish talabini ilgari surgan “Nevada – Semipalatinsk” ijtimoiy harakatini yodga olish lozim.
90-yillar boshlarida Ijtimoiy himoya koalitsiyasi tuzilib, uning tegrasida 28 ta tashkilot, partiya va harakatlar birlashdi. Shu tariqa jamiyat oʻtkir ijtimoiy muammolarni bir yoqadan bosh chiqarib hal qilishga kirishdi.
90-yillar oxirlari fuqarolik jamiyati institutlarining professionallashuvi davri sanaladi. 2000-yili nohukumat tashkilotlarning davlat hokimiyati bilan oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiradigan Qozogʻiston nohukumat tashkilotlar konfederatsiyasi tuzildi. Oʻsha yili qabul qilingan “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonun ijroiya hokimiyati institutlari, ish beruvchilar va ishchilar uyushmalari vakillari oʻrtasida manfaatlar uygʻunligini taʼminlash yoʻlida muhim qadam boʻldi. 2002-yil iyul oyida qabul qilingan yangi tahrirdagi “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi qonun mamlakat partiyaviy tizimida sifat jihatidan tarkibiy oʻzgarishlarga olib keldi.
Oʻtgan yillar davomida fuqarolik jamiyati institutlari – siyosiy paptiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, kasaba uyushmalari, milliy-madaniy uyushmalar, ommaviy axborot vositalari rivojlanish bosqichiga oʻtdi. Bugungi kunda Qozogʻistonda rasmiy roʻyxatdan oʻtgan 7 ta siyosiy partiya faoliyat yuritadi. 22 mingdan ortiq NNTlar tarmogʻi mavjud.
Qozogʻistonda fuqarolik jamiyatining uygʻun rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar ham bor. Mamlakatda nodavlat notijorat tashkilotlarning davlat organlari bilan teng huquqli sherikchiligi masalasi toʻliq hal etilmagan. Muhim loyihalarda ochiq raqobatni taʼminlash va NNTlar ishtirokini kuchaytirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini shakllantirish mexanizmini yaratish zarur. NNTlar hududlar, ayniqsa, qishloq joylarda faol emas. Ularni roʻyxatga olish tartibi murakkab, badal miqdori yuqori. Fuqarolarning yuridik shaxs tashkil etmay norasmiy birlashma (tashabbuskor guruh) tuzishi ham mushkul. Bundan tashqari, NNTlar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishda biznes tuzilmalar ishtiroki sust.
Kuchli ijtimoiy-siyosiy ehtiyojga qaramay, partiyalar jamoatchilik talabiga muvofiq faoliyat yuritmoqda deb boʻlmaydi. Aksar partiyalar zarur moliyaviy resurslarga ega emas. Siyosiy partiyani roʻyxatdan oʻtkazish uchun imzo toʻplash boʻyicha qoidalarda mavhumliklar mavjud.
Kasaba uyushmalari davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini ishlab chiqish va ijro etishda toʻliq ishtirok etmaydi. Jamoa shartnomalari va kelishuvlari hali-hanuz ishchilar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmiga aylanmagan.
2019-yili Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida Qosim-Joʻmart Toʻqayevning hokimiyatga kelishi bilan mamlakatda demokratik modernizatsiya va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha yangi davr boshlangandek edi. Lekin bir muddat hokimiyat vakolatlarining talay funksiyalari sobiq prezident qoʻlida qoldi. 2022-yil boshida ayrim viloyatlarda sodir boʻlgan norozilik namoyishlaridan keyin hukumat konstitutsiyaviy islohotlarni boshladi, demokratiya va fuqarolik jamiyatiga yon berdi.
2022-yil 15-iyundagi farmon bilan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik ishonchi milliy kengashi oʻrnida Milliy qurultoy tuzildi. Qurultoy mamlakatda siyosiy islohotlarni amalga oshirish, jumladan, koʻppartiyaviylik tizimini takomillashtirish, soʻz va matbuot erkinligini qoʻllab-quvvatlash, qonunchilikni liberallashtirish, demokratik tamoyillar va fuqarolik jamiyati institutlarini yuksaltirish borasida milliy muloqot maydoni vazifasini oʻtashi lozim.
* * *
Qirgʻiziston Respublikasi. 1990-yillar boshida Qirgʻizistonga xalqaro donorlik tashkilotlarining kirib kelishi nodavlat notijorat tashkilotlarni shakllantirishda muhim rol oʻynadi. Mamlakat rahbariyati fuqarolik jamiyati tashkilotlarini tuzish tashabbusini qoʻllagani bois bu turdagi tuzilmalar adadi ortdi.
Qirgʻizistonda roʻyxatdan oʻtgan nodavlat tashkilotlar soni 8 mingdan 12 mingtagachani tashkil etadi. Ammo ulardan 600–700 tasi izchil va faol tarzda ishlaydi, xolos. Davlat soliq inspeksiyasi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat boʻylab 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot har oy soliq hisobotini berib turadi, shundan 400 ga yaqini Bishkek shahrida qoʻnim topgan.
NNTlar asosan ikki guruhga boʻlinadi. Birinchi toifa – islohotlar, demokratlashtirish, davlat organlari faoliyati ochiqligi va oshkoralikni targʻib qiluvchi siyosiy-institutsional tashkilotlar. Poytaxtda faoliyat yurituvchi bu sira tashkilotlar turli darajadagi hisobotlarda qatnashadi, xalqaro konvensiyalar hamda hujjatlarga doir maʼruzalarni tayyorlaydi. Ikkinchi toifa – viloyatlardagi amaliyotchi NNTlardir. Ular faoliyati institutsional oʻzgarishlarga emas, balki jamiyat va maʼlum aholi guruhining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga qaratilgan. Shuningdek, xayriya tashkilotlari va milliy ozchilik huquqlarini himoya qiluvchi uyushmalar ham mavjud.
2004-yilda Qirgʻiziston Prezidenti tomonidan hukumat va nodavlat notijorat tashkilotlar oʻrtasida hamkorlik konsepsiyasi tasdiqlandi. Deklarativ xususiyatga ega ekaniga qaramay, konsepsiya jamiyatga maʼlum darajada ijobiy taʼsir koʻrsatdi, nohukumat tashkilotlar va davlat idoralarining oʻzaro munosabati mustahkamlana boshladi. Maslahatlashuv va maʼlumot almashuv hamkorlikning asosiy shakli sifatida belgilandi. NNT vakillari Prezident huzuridagi sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish ishlari boʻyicha milliy jamoatchilik kengashlariga, shuningdek, hukumat huzuridagi idoralararo tuzilmalarga jalb etildi.
2016-yildan eʼtiboran Qirgʻiziston parlamentida “Chet el agentlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi keng muhokama qilindi. Mazkur hujjat jamoatchilik tomonidan fuqarolik jamiyati uchun jiddiy xavf deb baholandi. Eʼtirozlarga qaramay, ushbu qonun 2024-yilda qabul qilindi. Unga muvofiq, chet eldan mablag‘ oladigan va siyosiy faoliyat bilan shugʻullanadigan NNTlar “chet el vakili” degan yorliqni qabul qilishi kerak.
2020-yilning oktyabr oyida mamlakatda roʻy bergan ommaviy namoyishlar ortidan prezident hamda hukumatning isteʼfoga chiqishi jamiyatda siyosiy inqiroz yetilganidan dalolat berar edi. Bu kabi notinchliklar ijtimoiy hayot va boshqaruvda tomonlar manfaatlarini uygʻunlashtirish, yagona konsensusga erishishga toʻsqinlik qiladi.
Taʼkidlash joizki, fuqarolik jamiyatining yetukligi nafaqat nodavlat notijorat tashkilotlarning miqdoriy koʻrsatkichi bilan, xalqning ijtimoiy-siyosiy tafakkur darajasi bilan ham belgilanadi. Ijtimoiy kapital rivojlansa, fuqarolarning davlat organlariga nisbatan ishonchi mustahkamlansa, milliy va diniy bagʻrikenglik ustuvor ahamiyat kasb etsa, chinakam fuqarolik jamiyatini qurish mumkin boʻladi.
* * *
Tojikiston Respublikasi. Mamlakatda anʼanaviy ijtimoiy tuzilmalar madaniyat, eʼtiqod va din bilan bogʻliq holda shakllangan. Masalan, jamomad yoki gashtak anʼanasi koʻp asrlik tarixga ega. Bugun ham tojik jamiyatida koʻngillilar faoliyati qishloq va mahalla darajasida mavjud.
Sovet Ittifoqining qulashi va keyinchalik fuqarolik urushi natijasida yuzaga kelgan ijtimoiy parokandalik fuqarolik jamiyati ravnaqiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Tojikistonda Jamoatchilik kengashining tashkil etilishi tinchlik oʻrnatish jarayonida fuqarolik jamiyati rolining yorqin namunasi sanaladi. Shu tariqa turli ijtimoiy tashkilotlar saʼy-harakati bilan 1997-yil may oyida Tinchlik shartnomasi imzolandi.
Fuqarolik tashkilotlari mahalliy boshqaruvning kundalik muammolarini hal qilish va jamiyatda barqarorlikni mustahkamlashga faol hissa qoʻsha boshladi. Nodavlat notijorat tashkilotlar soni 1997-yilda 300 tani tashkil etgan boʻlsa, 2006-yilda 2750 ga yetdi. Bugungi kunga kelib Tojikistonda 3 mingdan ziyod NNT faoliyat olib boradi.
Mamlakatdagi nodavlat tashkilotlar faoliyat yoʻnalishlaridan biri – inson huquqlari himoyasidir. Chekka hududlardagi NNTlar esa barqarorlikni mustahkamlashning samarali vositasi hisoblanadi. Qishloq joylarda aynan shu toifa tashkilotlar koʻmagi tufayli fermerlar asta-sekin oʻz ovoziga ega boʻlmoqda.
2007-yili mamlakatda tub islohotlarni amalga oshirish, demokratiyani mustahkamlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maqsadida Taraqqiyot milliy kengashi tuzildi.
Ijobiy oʻzgarishlarga qaramay, Tojikistonda haligacha maʼlum sektor uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladigan kuchli fuqarolik jamiyati tarmogʻi shakllanmadi. Hozirda vazirliklar oʻzi masʼul soha talab-ehtiyojlariga javob beradigan “soyabon tashkilot” maqomida. Yaʼni tegishli vazirlik fuqarolik jamiyati tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga yetakchilik qiladi.
2007-yilda Tojikiston Respublikasining “Jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingan edi. Mutaxassislar mazkur qonunga 2015 va 2019-yillarda kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni noliberal xarakterga ega deb baholaydilar.
Mamlakatdagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari oʻz faoliyati uchun mablag‘ jalb qilish boʻyicha yetarli tajribaga ega emas. Nodavlat tashkilotlarning resurslari cheklangan. Bundan tashqari, jamiyat ularga har doim ham ishonch bilan qaramaydi. Ishonchsizlik muhiti esa mahalliy hokimiyat va biznes tuzilmalar bilan hamkorlik oʻrnatishga gʻovdir. Shuningdek, NNTlarda malakali kadrlar taqchilligi mavjud.
Tahlilchilar fikricha, soʻnggi vaqtlarda Tojikistonda fuqarolik jamiyatining holati sustlashgan. Nodavlat notijorat tashkilotlar Soliq qoʻmitasi va boshqa tuzilmalar tomonidan tekshiruvlardan oʻtkazildi. Maʼmuriy va texnik talablarga muvofiq emasligi sabab inson huquqlari boʻyicha bir nechta NNT yopilishi mumkin.
“Jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan yangi oʻzgartishlarga koʻra, NNTlar chet eldan gumanitar yordamning maxsus reestriga kiritish uchun olingan barcha mablagʻlar toʻgʻrisida adliya organlarini xabardor qilishi shart. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari ushbu talab nafaqat nodavlat tashkilotlarga qoʻshimcha maʼmuriy vazifa yuklashi, balki ularning mablag‘ olishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ham ishlatilishi mumkinligidan xavotirda. BMTning inson huquqlari boʻyicha tuzilmalari ham yangi talabni nomaqbul deb topgan.
Global va mintaqaviy jarayonlar fuqarolik jamiyatining tobora ortib borayotgan ahamiyatini eʼtiborga olish lozimligini koʻrsatmoqda. Shunga koʻra davlat asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, fuqarolik jamiyati uchun faoliyat maydonini ochib bermoqda. NNT vakillari mamlakatda militsiya tizimini isloh qilish va yangi soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqish kabi jarayonlarga jalb etildi. Hamkorlikni tizimli darajaga yetkazish, muqobil nuqtai nazarlarni hisobga olish muhimdir. Umuman olganda, siyosiy qarorlarni qabul qilishda fuqarolik nazoratini kuchaytirish huquqiy-demokratik davlatning koʻrsatkichlaridan biridir. Tojikiston ham islohotlarni shu yoʻnalishda davom ettirmoqda.
* * *
Turkmaniston Respublikasi. Mamlakatda fuqarolik jamiyati tashkilotlari tor doirada faoliyat yuritmoqda. Konstitutsiyaning 28-moddasiga muvofiq, fuqarolar siyosiy partiya va boshqa turdagi jamoat tashkilotlarini tuzishga haqli. Qolaversa, sohani tartibga soluvchi “Jamoat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonun va boshqa huquqiy hujjatlar mavjud. Lekin siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun qabul qilinmagan. Bu borada qonunosti hujjatlari ishlab chiqilgan.
Oʻrganishlarga koʻra, jamoat birlashmalarini tashkil etish va boshqarish huquqlarini cheklashga urinish mavjud. Masalan, jamoat birlashmasi davlat roʻyxatidan oʻtishi uchun tashabbuskor guruh adliya idorasiga hujjatlar bilan birga tegishli vazirlikning maxsus xatini ham topshirishi kerak. Deylik, ekologiya sohasida NNT tashkil qilmoqchi boʻlganlar Tabiatni himoya qilish vazirligidan, taʼlim sohasida faoliyat yuritishni koʻzlaganlar esa Taʼlim vazirligidan rasmiy xat olishi talab etiladi.
Turkmanistondagi 89 ta NNTlardan faqat 7 tasi xalqaro hamjamiyat tomonidan mustaqil tuzilma sifatida tan olingan. Jamoat tashkilotlarining aksari davlat tomonidan tuzilgan yoki uning organlariga boʻysunadi.
Soʻnggi yillarda fuqarolik jamiyati asta-sekin jonlanmoqda. 2018-yilda inson huquqlari boʻyicha vakil – Ombudsman instituti joriy qilindi. Inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga koʻmaklashish, ijtimoiy monitoring olib bopish uning asosiy vazifalari sifatida belgilangan.
Turkmaniston xotin-qizlar ittifoqi faol jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Tuman va shaharlarda boshlangʻich tashkilotlariga ega boʻlgan bu ittifoq bir millionga yaqin ayollarni birlashtiradi. Uning asosiy faoliyati ayollarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotdagi rolini oshirishga qaratilgan.
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi. Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjati qabul qilingan. Oʻzbekiston Pespublikasining Konstitutsiyasi hamda “Jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonunlarda huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy asoslar belgilab berilgan.
Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 26-avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ushbu sohada yangi huquqiy mexanizmlarni yaratishga asos boʻldi.
Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar shakllanishi va rivojlanishini toʻrt bosqichga boʻlish mumkin.
Birinchi bosqich 1991–2002-yillarni oʻz ichiga olib, nodavlat tashkilotlar faoliyatini tashkil etishga oid qonunchilik shakllanishining dastlabki davri hisoblanadi.
Ikkinchi bosqichda (2003–2009-yillar) fuqarolik jamiyati institutlari kafolatlari hamda moddiy-texnik salohiyati kuchaytirildi.
Uchinchi bosqichda (2010–2016-yillar) fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, mustaqil OAV va mahalla institutini yanada rivojlantirish hamda ularning davlat organlari bilan teng hamkorlik oʻrnatishining huquqiy asoslari yaratildi.
2017-yildan boshlangan toʻrtinchi bosqichda yangilanayotgan Oʻzbekistonni demokratlashtirish va liberallashtirish, nodavlat tashkilotlarni chinakam jamoatchilik nazorati subyektiga aylantirishga eʼtibor qaratilmoqda.
2020-yil 16-aprel kuni eʼlon qilingan “Oʻzbekiston Pespublikasi Ppezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmonda davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni jadal va har tomonlama taraqqiy ettirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini uygʻunlashtiruvchi zamonaviy muloqotni yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilangan. Shuningdek, palataga jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik ekspertizasi, jamoatchilik monitoringi kabi mexanizmlarni qoʻllash, har yili Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining holati toʻgʻrisida milliy maʼruza tayyorlash vazifasi yuklandi.
Parlament huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining tashkil etilishi ijobiy hodisa boʻldi.
Oʻzbekistonda 9 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilot mavjud. Shuningdek, 30 ta xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlarning filial hamda vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.
Fuqarolik jamiyatining asosiy boʻgʻinlaridan biri – oʻzini oʻzi boshqarish tizimi ham rivojlanmoqda. Respublikamizda 10 mingga yaqin mahalla bor.
Fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish borasida ayrim kamchilik va muammolar ham mavjud. Avvalo, nodavlat notijorat tashkilotlarni moliyalashtirish masalasi hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Paplament huzuridagi jamoat fondi tomonidan ajratiladigan mablagʻlar NNTlarning miqdor va sifat jihatdan oʻsishiga muvofiq emas. Keyingi vaqtlarda jamgʻarma tomonidan NNTlarga ajratilayotgan moliyaviy mablag‘ va yordamning markazlashuvi kuzatilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlarini moliyalashtirish boʻyicha rivojlangan mamlakatlarda keng qoʻllanadigan usullar (aʼzolik badallari, xayriya) keng tarqalmagan. Umuman olganda, mahalliy NNTlarda samarali fandrayzing strategiyasi mavjud emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga 2017-yilgi Murojaatnomasida qayd etganidek, “Bir qancha yirik jamoat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Savdo-sanoat palatasi, oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi kabi nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan alohida farmon va qarorlar qabul qilindi. Ammo ana shunday muhim saʼy-harakatlarga qaramasdan, aholining muammolarini tizimli oʻrganish, ularni aniq hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti ogʻir ayollarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan taʼminlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Ular faqat nomiga yigʻilishlar oʻtkazish bilan mashgʻul boʻlib qolmoqda”.
Aholining ongi, dunyoqarashini kengaytirish, siyosiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim oʻrin tutadi. Bu sohaga doir oʻndan ortiq qonun hujjati qabul qilingan, mulk shakli va faoliyat yoʻnalishi turlicha boʻlgan yuzlab OAV faoliyat yuritmoqda.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xalqaro OAV bilan aloqani mustahkamlash borasida dadil qadamlar tashlandi. Jumladan, xalqaro mediaforumlar tashkil etildi, koʻplab chet el muxbirlari akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Ayni choqda, milliy media makon mustaqilligini mustahkamlash, xalqaro matbuot erkinligi reytinglarida oʻrnimizni yaxshilash, erkin fikr, plyuralistik kayfiyatni kuchaytirish yoʻlidagi chora-tadbirlarni davom ettirish davr talabidir.
NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ham kasbiy malakasini oshirib borishi, tashkiliy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashi, bir soʻz bilan aytganda, jamiyatda oʻz legitimligini taʼminlashi dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.
* * *
Xulosa shuki, Markaziy Osiyoning har bir mamlakatida fuqarolik jamiyati barpo etish turli surʼatda kechmoqda. Asosiysi, mintaqa davlatlari taraqqiyotga doir oʻrta va uzoq muddatli strategik hujjatlarni qabul qilgan. Qozogʻiston Respublikasini 2025-yilgacha rivojlantirish rejasi (2018-yil 15-fevral), Qirgʻiz Respublikasini 2018–2040-yillarda rivojlantirish milliy strategiyasi (2018-yil noyabr), Tojikiston Respublikasini 2030-yilgacha rivojlantirish milliy strategiyasi (2016-yil fevral) va 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi (2022-yil 28-yanvar) shular jumlasidan. Ushbu dasturiy hujjatlarda davlat va jamiyat hayotini demokratlashtirish, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga ham alohida ahamiyat qaratilgan.
Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyati modeli koʻp jihatdan davlat bosh islohotchiligi va paternalistik xarakterga asoslanadi. Aslida esa, fuqarolik jamiyati fenomeni insonlar va jamiyat tafakkurida ijtimoiy-siyosiy hamda maʼnaviy qadriyatga aylanmogʻi lozim. Zero, fuqarolik jamiyati nafaqat ichki siyosiy barqarorlikka, balki mintaqaviy hamkorlikka, siyosiy integratsiyaga ham xizmat qiladi.
Sanjar SAIDOV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Fuqarolik jamiyati: tafsil va tahlil” maqolasi