Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng katta fojea, yara boʻlib qoldi. Oʻzbekiston ham bu dahshatdan chetda qolmagan. Mudofaa vazirligining maʼlum qilishicha, 6,5 million aholiga ega boʻlgan Oʻzbekiston II jahon urushi davri(1939-1945 yillar)da 1 million 951 mingdan ortiq kishini frontga joʻnatgan. Ulardan 538 ming nafari halok boʻlgan. Bu oddiy statistika emas, qaytib kelmagan otalar, bedarak yoʻqolgan oʻgʻillar, umr boʻyi farzand kutgan onalar tarixi.                                                 

Shu sabab Oʻzbekiston mustaqillikdan keyin 9-mayga boshqacha maʼno berdi. 1999-yil 2-martda “9-mayni Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi president farmoni chiqdi. Bizda bu sana “Gʻalaba kuni”dan koʻra koʻproq “Xotira va qadrlash kuni” sifatida shakllandi. Bu juda muhim farq. Chunki Oʻzbekiston urushni romantizatsiya qilish emas, inson qadrini eslash yoʻlini tanladi. Ammo bugun postsovet hududida 9-mayning mazmuni yildan yilga oʻzgarib boryapti, ayniqsa, Rossiyada. Qizil maydondagi paradlar, raketalar namoyishi, harbiy texnika va agressiv ritorika bu kunni oddiy tarixiy xotira sanasidan siyosiy kuch namoyishiga aylantirib yubordi. Bugun Kreml uchun 9-may nafaqat tarix, balki mafkura hamdir. Shu mafkuraning eng mashhur ramzlaridan biri – Georgiy tasmasi.

Koʻpchilik bu lentani Ikkinchi jahon urushi bilan bogʻlaydi. Aslida esa bu sanaga umuman aloqasi yoʻq tasma tarixi ancha ilgari boshlangan. Georgiy tasmasi XVIII asrda Rossiya imperiyasi tomonidan joriy qilingan harbiy mukofot ifodasi boʻlgan. Yaʼni u Sovet mamlakatining emas, imperiya ramzi hisoblanadi. Eng nozik nuqta ham shunda. Bu tasma bir vaqtlar Markaziy Osiyoni bosib olgan rus generallari koʻkragida ham boʻlgan. Qoʻqon, Xiva va Buxoroga yurish qilgan harbiylarga ham shu tasma bilan yasatilgan mukofotlar berilgan. Demak, bu ramz biz uchun “gʻalaba” tarixini emas, mustamlakachilik kechmishini eslatadi.

Sovet davriga kelib ushbu tasmadan foydalanish rasman bekor qilingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida esa unga oʻxshash “Gvardiya lentasi” paydo boʻladi. Ammo u yetarlicha ommalashmagan. Bugungi “Georgiy tasmasi”ning ommaviy qaytishi esa Rossiyaning hozirgi hukumati davriga toʻgʻri keladi. 2005-yildan boshlab Rossiya davlat media tizimi va jamoat tashkilotlari chiporrang tasmani millionlab nusxada tarqatishni boshladi. Avvaliga bu “xotira aksiyasi” edi. Keyinchalik esa asta-sekin “Русский мир” mafkurasining ramziga aylandi. 2014-yilda Qrim anneksiyasi va Donbassdagi urush paytida Georgiy tasmasi separatist guruhlarning asosiy belgilaridan biriga aylandi. 2022-yildan keyin esa bu ramz ochiqchasiga Rossiyaning harbiy narrativi bilan bogʻlanib qoldi. Shuning uchun bugun koʻplab davlatlar undan voz kechyapti: Ukraina taqiqladi, Litva, Latviya, Estoniya chekladi, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻiziston esa oʻzining milliy xotira ramzlarini yaratdi. Oʻzbekiston ham bu borada avvalroq oʻz yoʻlini tanlab boʻlgandi. 1999-yildan beri biz 9-mayni “Xotira va qadrlash kuni” deb ataymiz. Bu juda katta siyosiy va maʼnaviy signal. Yaʼni Oʻzbekiston oʻz tarixiy xotirasini Moskva paradigmasi orqali emas, milliy nuqtayi nazar orqali koʻrib keladi. Georgiy tasmasi oʻrniga Oʻzbekiston bayrogʻi rangidagi lentalarning targʻib qilinishi ham bejiz emas. Chunki xotira mustaqil boʻlishi kerak.

Joriy yil 17-aprel kuni Rossotrudnichestvoning Toshkentdagi “Rus uyi” telegram kanalida 22-apreldan 9-maygacha georgiy lentasi tarqatilishi haqida xabar berilgan. Bayonot bir qarashda oddiy xotira aksiyasidek koʻrinadi. Matnda Georgiy tasmasi “faxriylarni hurmat qilish”, “gʻalabani eslash” va “harbiy jasorat” ramzi sifatida talqin qilinadi. Ayniqsa “Я помню! Я горжусь!” (“Men eslayman! Men faxrlanaman!”) kabi hissiy shiorlar orqali bu aksiya insoniy xotira bilan bogʻlanishga urinadi. Lekin zamonaviy dunyoda ramzlarning maʼnosi oʻzgaradi. Agar bir ramz bugun boshqa davlatning geosiyosiy daʼvati, propagandasi yoki harbiy ekspansiyasi bilan bogʻlanayotgan boʻlsa, u endi neytral ramz boʻlib qolmaydi. Chunki bugun butun dunyoda mafkura mamlakatlarga tank bilan emas, beozor koʻrinishlar bilan ham kirib kelmoqda. Oʻzbekistonning bugungi yoʻli esa boshqacha. Mamlakat yillar davomida harbiy bloklardan uzoq, muvozanatli tashqi siyosat yuritib, milliy oʻzligini shakllantirib kelmoqda. Bu yoʻl mukammal va mustaqil yoʻl. Shu sabab 9-may biz uchun urushni ulugʻlash kuni emas, aksincha, urush qaytmasligi uchun xotirlash, urushda vafot etgan vatandoshlarni xotirlash kunidir. Xotiraning ham milliy shakli boʻladi. Shu maʼnoda biz fashizm ustidan qozonilgan gʻalabani hurmat qilamiz, frontga ketgan bobolarimiz bilan faxrlanamiz. Lekin bu boshqa davlatning mafkuraviy ramzlarini qabul qilishimiz kerak, degani emas.

Odilbek SHERALIYEV,

Geologiya fanlari universiteti talabasi

Foydalanilgan adabiyotlar:

https://gov.uz/oz/mudofaa/news/view/50761

https://lex.uz/docs/-212469

https://ru.wikipedia.org/wiki/Георгиевская_ленточка

https://uz.wikipedia.org/wiki/Qrim_anneksiyasi

https://oz.sputniknews.uz/20190425/Sharaf-tasmasi-ozbek-xonandalari-taribot-tadbirini-boshlashdi-11353517.html

https://www.youtube.com/watch?v=HfYqtEky2Y4