Dali – asarlari va uslubining oʻziga xosligi bilan olamshumul mashhurlikka erishgan ijodkor. U grafik rassom, haykaltarosh, rejissyor hamda syurrealizm namoyondasi. Uning hayoti va ijodi, uslubi, asarlaridagi gʻoyalar hamon muhokama qilinadi. Koʻplab sanʼatshunoslar Dalini daho darajasidagi rassom hisoblagani holda ayrim musavvirlar uni syurrealizmdan butunlay chiqarib tashlash tarafdori.
Musavvirning “Geosiyosiy goʻdak yangi inson tugʻilishini kuzatmoqda” suvrati ayni ikkinchi jahon urishining qizgʻin pallasida, 1943-yilda ishlangan. Salvador oʻsha mahallar AQShda xotini Gala Dali bilan istiqomat qilar, bu siyosiy boʻhronlar hamda jamiyatda muhit, qarashlar va qadriyatlar oʻzgarayotgan bir davr edi, bunga kartina nomi ham ishora qilmoqda.
Dali asarlaridagi mazmunni uning nomi orqali berishga intiladi. Ushbu asar va uning nomi ham tomoshabinga insoniyat kutayotgan ulkan oʻzgarishlar, goʻyo yangi tamaddun boshlanayotganidan ogohlantirishga oʻxshaydi. Dali ijodida realizm bilan syurrealizmning uygʻunligi seziladi – kartina ramzlarga toʻla. Shunday ramzlardan asosiysi – yer shari va uning shaklidir. Dali yerni tuxumsimon shaklda aks ettirgan, tuxum yorilyapti va undan yangi odam chiqishga urinyapti.
Tasviriy sanʼatda tuxum ramz sifatida koʻplab rassomlar ijodida kuzatiladi. Bu dunyo tuxumi mifi bilan bogʻliq: deyarli butun dunyo xalqlari ogʻzaki ijodida dunyo tuxumdan paydo boʻlgan (tugʻilgan) degan miflar bor. Ekstravagant rassom Salvador Dalining syurreal ijodida ham tuxum tugʻilishni, yangi potensialni anglatadi. Yaʼni eski dunyo yorilmoqda va undan yangi tamaddun paydo boʻlmoqda.
Tuxum yuzasida dunyo xaritasini tasvirlagan. Unda Shimoliy Amerika qitʼasi yorilib, yangi inson tanasining bir qismi koʻrinadi – u qoʻli bilan chiqishga joy ochmoqda. Darhaqiqat, AQSh II jahon urishidan soʻng yanada yuksaldi. Uning iqtisodi misli koʻrilmagan darajada rivojlandi, milliy valyutasi dunyoni zabt etdi. Geosiyosiy nuqtai nazardan yangi gegemonga aylandi.

Baʼzi sanʼatshunoslar ijodkor kartinani AQShda yashayotgan davrda yaratgani uchun insoniyatning yangi sivilizatsiyasi aynan Shimoliy Amerikadan boshlanadi, degan gʻoyani ilgari surganini taʼkidlaydilar. Bu fikr bir maʼnoda notoʻgʻri – Dali hayoti davomida birovga (yana bu hukumat maʼnosida boʻlsa) yoqish uchun harakat qilmagan. Uning feʼlida biror kimsaga, umuman jamiyatga boʻysunish xislati yoʻq edi. Shu bois doim oilasi – otasi bilan muammolari boʻlgan. Dali jamiyatni oʻz ortidan ergashtirishni istovchi rassom: asarlaridagi noodatiylik insonni oʻylashga, fikrlashga undashining boisi shu. Mazkur asarida ham u ikkinchi jahon urushi koʻp oʻtmay yakuniga yetishi va yangi dunyoga AQSh hukmron boʻlishini aytmoqchi. Asar nomida ham bejizga “geosiyosiy” iborasi ishlatilmagan. Rassom “yangi insoniyat” dunyoga kelmoqda, yangi barqarorlik, yangi tartib-qoidalar oʻrnatiladi”, degan gʻoyani ilgari surgan. Asarda tasvirlangan “Yangi inson”, yaʼni yangi sivilizatsiya – mukammal, kuch-quvvatga toʻla, u yangi dunyoni yaratadi.
Asarda germafrodit (ikki jinsli) odam ortiga berkingan bola yangi dunyoning “tugʻilish”ini kuzatmoqda. Tarixdan maʼlumki, barcha tamaddunlar oxir-oqibat oʻz-oʻzini halok qiladi. Ana shundan soʻng yangi davr, yangi sivilizatsiya boshlangan.
Xoʻsh, nega “geosiyosiy chaqaloq”? Nima sababdan u qoʻrquv va hayrat bilan yangi odamning chiqib kelishini kuzatmoqda. Va nega u oyoqlarini quchgan jinsi nomaʼlum gumanoid tuxumdan inson yorib chiqishiga ishora qilmoqda, unga qarashga daʼvat etyapti?
Ezoterik falsafa jihatidan geosiyosiy goʻdak insoniyatni anglatadi. Germafrodit esa insoniyat yetishishi zarur boʻlgan ruhiy bosqich – uning jinsi ahamiyatsiz ekani ham shundan – shu bois goʻdak uni quchmoqda va oʻz oʻrnida uning mukammal ruhiy bosqichi yangi tugʻilishni tomosha qilishga undamoqda.
Dalining asarlarida gʻoya ustun, biroq rassom mumtoz sanʼat bilan zamonaviy gʻoyalarni nihoyatda mahorat bilan uygʻunlashtira olgan. Kartinadagi inson figuralari, ranglar va ramzlar rassomlik qoidalaridan chetga chiqmagan holda aks ettirilgan. Dali shunchaki gʻoyalari ortiga yashiringan rassom emasdi, uning ijod namunalarida mumtoz sanʼat qonuniyatlari buzilmagan. U kartinalaridagi ramzlarni ham “sirli” tarzda tasvirlamagan. Tasviriy sanʼatdan bexabar odam ham Dalining asarlari nima demoqchi ekanini tushunadi, gʻoyalarini anglaydi.
Shahzod Shomansurov,
sanʼatshunos