Germaniya 13 yoshga toʻlmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash va oʻsmirlar uchun ham yoshga qarab cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Germaniya federal hukumatining rasmiy veb-saytida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, ushbu tashabbus bolalarni internetdagi zararli kontent, kiberbulling va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik xavfidan himoya qilishga qaratilgan. Taklifga koʻra, 13 yoshga toʻlmagan bolalarning TikTok, Instagram va Snapchat kabi platformalardan foydalanishi cheklanishi mumkin.

Faqat bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan platformalarga ruxsat beriladi. 13−18 yoshdagi oʻsmirlar uchun esa yoshga mos bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, hukumat ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilarni ilovada uzoqroq vaqt qolishga undaydigan funksiyalarni cheklashni taklif qilmoqda.

Yana bir muhim yoʻnalish — foydalanuvchilarning yoshini ishonchli tekshirish tizimini yaratish. Rejaga koʻra, 2027-yildan boshlab Germaniyada Yevropa raqamli identifikatsiya hamyoniga asoslangan “d-you” tizimi orqali yoshni tasdiqlash imkoniyatini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, bolalar va ota-onalarning raqamli savodxonligini oshirish, maktab oʻquvchilariga sunʼiy intellektdan toʻgʻri foydalanishni oʻrgatish ham rejalashtirilmoqda.

Hozircha bu tashabbus yakuniy qonun sifatida kuchga kirmagan. Hukumat chora-tadbirlarning asosiy yoʻnalishlarini maʼqullagan, cheklovlarning aniq muddati va qoʻllash tartibi esa keyingi qonunchilik jarayonlariga bogʻliq.