Ikkinchi jahon urushi amalda 1939-yil 1-sentyabrda Germaniyaning, 17-sentyabrda esa SSSRning Polshaga hujumi bilan boshlanadi. 3-sentyabrda Buyuk Britaniya va Fransiya bu agressiyasiga javoban Germaniyaga urush eʼlon qiladi. Lekin 1939-yil 3-sentyabrdan 1940-yil 10-mayiga qadar Buyuk Britaniya hamda Fransiya keng koʻlamli harbiy harakatlarni olib bormaydi va urushdagi bu jarayon tarixga “Soxta urush” nomi bilan kiradi. 

Germaniya “Molotov-Ribbentrop” shartnomasi shartlarini buzgan holda 1941-yil 22-iyunda SSSR hududiga bostirib kiradi. Bu voqea bilan Ikkinchi jahon urushi yangi bosqichda davom etadi. Germaniyaning sovet davlatiga qarshi olib borgan hujumi tarixga “Barbarossa rejasi” nomi bilan kiradi.

Germaniyaning hujumi sovet davlatini ogʻir vaziyatga solib qoʻyadi. Qizil qoʻshin Germaniyaning zamonaviy qurollangan qoʻshiniga qarshilik koʻrsata oladigan darajada taʼminlanmagandi. Sovet hukumati yaxshi qurollantirilmagan askarlarini jangga kiritib, ularni oʻlimga mahkum etadi. Shuningdek, 1937-1938-yillardagi qatagʻon siyosati tufayli jismonan yoʻq qilingan, xorijga chiqib ketganlar orasida malakali harbiylar ham bor edi. Qizil qoʻshin nafaqat qurol-yarogʻga, tajribali harbiy kadrlarga ham muhtoj boʻlgan.

Harbiy mutaxassislarni qatagʻon qilish siyosati Oʻzbekiston SSRda ham amalga oshirilgandi. Jumladan, Toshkent shahrida 1936-yil tuzilgan 19-oʻzbek tog‘-otliq diviziyasida rahbarlik lavozimida ishlayotgan bir qator harbiylarni keltirish mumkin. Jumladan, Mirkomil Mirsharopov 1938-yil 10-oktyabrda SSSR Oliy sudi Harbiy tribunali tomonidan Oʻzbekiston SSR Jinoyat kodeksining 57-modda 2-qismi, 64, 67-moddalariga binoan oʻlimga hukm qilinadi. Unga 19-oʻzbek diviziyasida antisovet ruhda burjuacha siyosat yuritish va Angliya foydasiga josuslik qilish ayblari qoʻyiladi. Oʻrta Osiyo harbiy okrugida ham qatagʻon siyosati amalga oshiriladi. Shu kabi siyosatlar sababli urushning dastlabki bosqichida qizil qoʻshin jangchilarining katta qismi halok boʻldi yoki dushmanga asir tushdi.

Germaniya hujumidan keyin Oʻzbekiston SSRda ham qurol koʻtarishga yaroqli yigitlarni jismoniy tayyorgarlikdan oʻtkazish ishlari boshlanadi. Shu maqsadda Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi tomonidan 1941-yil 26-iyunda “Aholini harbiy tayyorgarlikdan oʻtkazish boʻyicha sport tashkilotlarining ishi toʻgʻrisida” qaror qabul qilinadi.

1941-yil 30-iyunda VKP(b) Markaziy Qoʻmitasining Bosh kotibi I.Stalin (1878–1953) boshchiligida SSSR Davlat mudofaa qoʻmitasi (DMQ) tashkil qilinadi. Qoʻmitaning asosiy vazifasi urushga safarbarlik, harbiy, iqtisodiy masalalarni nazorat qilishdan iborat boʻlgan. 1941-yil 17-sentyabr kuni ushbu qoʻmita tomonidan “SSSR fuqarolarining umummajburiy harbiy tayyorgarligi toʻgʻrisida” qaror qabul qilinadi. Qarorga binoan 1941-yil 1-oktyabrdan boshlab 16 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan erkaklarning majburiy harbiy taʼlim olishi belgilab qoʻyiladi.

Yuqoridagi qaror Oʻzbekiston SSRda ham joriy etilib, oktyabr oyidan yoppasiga respublikaning barcha hududlarida qisqa vaqt ichida harbiy ishlarni oʻrgatish boshlanadi. Masalan, 1941-yil oktyabrda Toshkent viloyatining Qorasuv tumani Ohunboboyev-2 va Jdanov nomli kolxozlarda hamda Oʻzbekiston sabzavotchilik stansiyasida mudofaa ishlariga rahbarlik qiluvchi Odil Xoliqov, Varlashin, Ureyev hamda Dergachevlar tomonidan kolxozchi va ishchilarga miltiq, pulemyot, granata otish va yurish mashqlari oʻrgatiladi. 1941-yil 26-noyabrda Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasining raisi Husainov tomonidan Toshkent shahridagi harbiy tayyorgarlik toʻgʻrisida maʼlumot berilib, Oktyabr (hozirgi Shayxontohur tumani), Kirov (hozirgi Yunusobod tumani), Stalin tumanlarida harbiy taʼlimning juda yomonligi aytib oʻtiladi.

Namangan viloyatida ham erkak ishchilarga ishdan ajralmagan holda dastlabki harbiy bilimlar berish amaliyoti olib boriladi. Namangan shahridagi yog‘ zavodi, paxta zavodi, artellar va Chust, Uchqoʻrgʻon tumanlarida paxta zavodi ishchilari maxsus dastur asosida oktyabr oyidan boshlangʻich harbiy mashgʻulotlar (safda yurish, miltiqni sochib yigʻish kabilar)ni oʻrgana boshlaydi. Qisqa muddatli harbiy taʼlim bilangina cheklangan oʻzbek ishchi va dehqonlari jabhaning eng oldingi chizigʻiga yuboriladi. Nazariy harbiy bilimlargina berilib, haqiqiy qurol bilan tanishtirilmasdan, urush toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlmasdan oʻzbeklar jang maydonida zamonaviy qurollar bilan qurollangan Germaniyaga qarshi kurash olib borishga majbur boʻladi.

Biroq safarbarlik davrida oʻlim kafolatlangan maydonga borishdan bosh tortganlar ham boʻlgan. Jumladan, Andijon viloyati Voroshilov (hozirgi Qoʻrgʻontepa) tumanida tugʻilgan Komiljon Sanobarov va 1894-yilda Paxtaobod tumanida tugʻilgan Foziljon Mavlonov 1942-yilda urushga borishdan bosh tortadi. Natijada, ularga Harbiy tribunal tomonidan 1942-yil 17-aprelda Oʻzbekiston SSR Jinoyat kodeksining 128-moddasi a-bandiga binoan harbiy safarbarlikdan boʻyin tovlash aybi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi (1-ilova). Tayinlangan qamoq jazosining ijrosi urush yakunlangunga qadar kechiktirilib, 1942-yil mayda K.Sanobarov hamda F.Mavlonov Germaniya bilan jang ketayotgan hududga yuboriladi. Dushmanga qarshi jangda katta qahramonlik koʻrsatadigan boʻlishsa, ularga qoʻyilgan ayblar bekor qilinishi vaʼda qilinadi. Bundan koʻrinib turibdiki, qurolsiz, jonli nishon sifatida jangga kirayotgan sovet askarlarining taqdiri oʻzbek xalqiga (xususan, butun turkistonliklar) ham maʼlum boʻlgan. Urushga borishdan bosh tortganlarga qamoq jazosi berilgan boʻlsa-da, qizil qoʻshin inson resursiga muhtoj boʻlganligi uchun ular urushga joʻnatiladi.

Urushga yuborilganlar orasida yaqin qarindoshi qatagʻon qilinganlar ham boʻlgan. Jumladan, samarqandlik Fayzulla Olimovning otasi Shukur Olimov 1937-yilda qatagʻon qilinib, unga 10 yil qamoq hukmi tayinlanadi. Fayzulla Olimov esa 1939-yilda qizil qoʻshinga chaqiriladi va urush boshlangach Germaniyaga qarshi jangga kiradi. Ammo 1941-yil iyulda RSFSRning Pskov viloyati Velikiya Luki shahrida nemislarga asir tushadi. Oradan bir yil oʻtib, 1942-yil iyulda Turkiston legioniga aʼzo boʻlib, legionning bosh organi Milliy Turkiston Birlik Qoʻmitasida faoliyat yuritadi. Bu holat shundan dalolat beradiki, 1937-1938-yillardagi qatagʻon siyosati ham turkistonlik askarlarning Germaniya tarafiga oʻtib, legionga qoʻshilib ketishiga sabab boʻlgan.

Urushning ilk davrida Oʻzbekiston SSRda milliy harbiy qoʻshilmalar ham tuziladi. 1941-yil 13-noyabrda DMQning “Milliy harbiy qoʻshilmalarni shakllantirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinadi. Qarorga binoan, Oʻzbekiston SSRda 5 ta kavaleriya diviziyasi va 9 ta alohida oʻqchilar brigadasi tuzish zarurligi belgilanadi. Yangi tuziladigan diviziyalarning tarkibi milliy aholi vakillaridan iborat boʻlishi belgilab qoʻyiladi. Shunday qilib, Oʻzbekiston SSRda 19, 99, 100, 101, 102, 103-otliq diviziyalar, 90, 94-alohida oʻqchi brigadalari, 128-gvardiyachi Turkiston tog‘-oʻqchi diviziyasi tashkil qilinib, urush maydoniga yuboriladi. Biroq bu milliy diviziyalar 1942-1943-yillar oraligʻida tarqatib yuborilib, uning tarkibidagi oʻzbekistonlik askarlar boshqa harbiy qismlarga qoʻshib yuboriladi. Oʻzbek diviziyalarining tarqatib yuborilishiga asir tushgan turkistonliklardan Turkiston legioni tuzilishi va qizil qoʻshinga qarshi jangga tashlanishi ehtimoli ham sabab boʻladi. Oʻzbekiston SSR hududida umumqoʻshin tuzilmalardan tashqari 14 ta milliy qoʻshilma va qismlar tashkil etiladi.

1941-yil oxirlaridan boshlab GULAG jamloqlarida saqlanayotgan quloqlarni ham urushga safarbar etish ishlari boshlanadi. Bu vaqtda Oʻzbekiston SSRdagi mehnat jamloqlarida 2738 nafar erkak saqlanayotgan edi. 1942-yildan ularni urushga yuborish jarayoni yanada tezlashadi. Urushga borganlardan quloq sifatidagi surgun muddatining qolgan qismi olib tashlanishi vaʼda qilinadi. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, 1942-yilning oxirlariga kelib Oʻzbekiston SSRning Toshkent, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va respublikaning boshqa hududlaridagi mehnat jamloqlarida jazo oʻtayotgan mingdan ortiq quloqlar urushga yuboriladi. Quloqlarni jang maydoniga yuborishdan koʻzlangan asosiy maqsad qizil qoʻshindagi halok boʻlgan yoki asir tushgan askarlar oʻrnini toʻldirish boʻlgan.

1929–1933-yillarda amalga oshirilgan “quloqlashtirish” natijasida SSSRning gʻarbiy hududlaridagi GULAG jamloqlariga surgun qilinganlar ham boʻlgan. Ular harbiy harakatlarda ishtirok etmagan boʻlsa-da, Germaniya hujumidan keyin maʼlum qismi nemislarga asir tushadi. Jumladan, Turkiston legioniga aʼzo boʻlgan 65 yoshli Hoshim ismli oʻzbek nuroniysi quloqlashtirish siyosatining qurboni boʻlgan edi.

Hoshim jamloqdan qanday qilib ozod boʻlib, nemislar tomoniga oʻtganligi haqida “Milli Türkistan” jurnalida maʼlumot berib oʻtadi: “Urush boshlanganidan keyin NKVD askarlari bizni nomaʼlum joyga koʻchirishni boshladi. Piyoda uzoq yoʻl bosdik. Yoʻlda koʻplab qariyalar, ayollar, bolalar holdan toyib yiqildilar. Ular NKVD askarlari tomonidan otib tashlandi. Piyoda yurishimizning uchinchi kuni toʻsatdan otishma boshlanib, nemis harbiy samolyotlari bomba tashlay boshladi. Guruhdan qochishga uringanlarni NKVD askarlari ota boshladi. NKVD xodimlaridan biri mening qizimni ham otib oʻldirdi. Men hushimni yoʻqotdim. Oʻzimga kelib, qarshimda kiyimlarining yengida “Alloh biz bilan” yozuvi bor harbiy libosdagi Turkiston ozodlik qoʻshinining askarlarini koʻrdim. Meni xavfsiz hududga olib borishdi”.

19-yuzyillik oxirlaridan Rossiya imperiyasi boshlab bergan turkistonliklarni harbiy xizmatga chaqirmaslik siyosati sovet davrida ham davom ettiriladi. Birinchi jahon urushida turkistonlik erkaklarning katta qismi jabha ortidagi ishlarni bajarish uchun “mardikorlik”ka olinadi. Turkistonliklardan Germaniyaga qarshi jang maydonida ham foydalangan Rossiya imperiyasi agʻdarilgandan soʻng, 1919-yilda Turkiston fronti tuzilib, uning safiga oz miqdorda turkistonliklarni chaqirish ishlari boshlanadi. SSSRda 1935-yil imzolangan safarbarlik toʻgʻrisidagi yangi qarorga binoan turkistonliklarni qizil qoʻshinga jalb qilish kuchayadi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan soʻng, qoʻshinda askarlar sonini koʻpaytirish maqsadida turkistonliklar yoppasiga harbiy xizmatga safarbar etiladi.

Ikkinchi jahon urushida oʻzbek (shuningdek, barcha turkistonliklar) yigitlarining yetarli darajada harbiy tayyorgarlikka ega boʻlmasdan jangga kiritilganligi haqida “Milli Türkistan” jurnalida koʻplab maʼlumotlar beriladi. Jumladan, Poʻlatbek ismli askar Piskentdagi qarorgohda harbiy tayyorgarlikdan oʻtadi. Qarorgohda ularga alohida oʻzbek diviziyasi tuzilishi va oʻzbek qoʻmondonlari qoʻl ostida jang maydoniga kirishlari vaʼda qilinadi. Harbiy qarorgohda oʻzbeklar toʻrt oy davomida yogʻoch miltiqlar bilan mashq qilganidan keyin milliy harbiy kiyimlar beriladi. Biroq ular Chimkent shahriga olib kelinganidan soʻng, milliy harbiy kiyimlar oʻrniga qizil qoʻshinning harbiy liboslari tarqatiladi. Qizil vagonlarda olti hafta davomida Chimkentdan Ukraina SSR hududiga olib boriladi. Bu yerda ular asosiy qismi ruslardan iborat boʻlgan harbiy guruhlar tarkibiga boʻlib yuboriladi. Vaholanki, harbiy buyruq va koʻrsatmalar rus tilida berilar, yangi safarbar etilgan oʻzbeklar orasida esa rus tilini bilmaydiganlar katta qismni tashkil etardi.

Turkistonliklarning harbiy tayyorgarliksiz va qurolsiz jangga kirganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni Boymirza Hayit, Roʻzi Nazar kabi qizil qoʻshinda jang qilganlar ham tasdiqlaydi.

“Millij Türkistan” jurnalida Turkiston misolida sovet hukumati yuritgan siyosatning asl mohiyati koʻrsatib oʻtiladi: “1939-yil sovet hukumati butun turkistonliklarni hayvon vagonlariga qamab oʻlim maydoniga tashladi. Qora ishlarga, oʻrislarning etigini tozalashga jalb qildi. Qoʻlida qurol yoʻq bu bechora Turkiston yigitlari qirilib ketdi. Turkiston yigitlari oʻq yeb yarador boʻlib yotganda oʻrislar tashlab ketar va oʻz yarador oʻris askarlarini mashinada olib ketardi. Lekin Turkiston yigitlarini yarador holda badanidan qon oqib turganini koʻra turib “sen qora – cherniy”san deb soʻkib tashlab ketishardi.

...Hozirda turkistonliklar qoʻlida hattoki pichoq ham yoʻqdir. Sovetlar uni tortib olganlar. Sovet jallodlari Turkiston pichogʻidan ham qoʻrqadilar. ...Hozirda 55 yoshga qadar bobolarimiz harb hunarini oʻrganmay, qoʻliga qurol berilmay urush maydoniga tashlandi. Oʻruslar ularning 8-10 nafariga bitta  miltiq berdi. U ham boʻlsa ovchi miltiq va uning ichida oʻq ham yoʻq”. Bu maʼlumot qizil qoʻshinda millatchilik kayfiyati yuqori boʻlgani va turkistonliklarga nisbatan past nazar bilan qaralganini koʻrsatib oʻtadi. Shuningdek, turkistonliklar uzoq yillar davomida harb ilmidan uzoqda tutilganini ham bilish mumkin.

Jurnalning boshqa bir sonida turkistonliklarga nisbatan qizil qoʻshinda “madaniyatsiz” xalq sifatida qaralgani va ularning qurolsiz jabhaning eng oldingi chizigʻiga tashlangani toʻgʻrisida maʼlumot beriladi: “Turkistonliklarni “qora madaniyatsiz, oʻrislardan pastda turuvchi” deb, ularni qora ishlarga: aravakashlik, otboqarlik va oʻris komissarlarining uy xizmatchisi kabi yumushlarga buyurilar edi. “Qoralar” tomonidan kichkina bir xatolik qilinsa yoki buyruqlar toʻla ravishda bajarilmasa, ularga katta jazolar berilar, hattoki, vatan dushmani, sovet dushmani deb 5–10 yilga qadar surgun qilib yuborilardi.

Oʻrislar Turkiston yigitlarini yoʻq etmoq maqsadi bilan 1000–10 000 tasini qurolsiz urushning birinchi qatoriga joʻnatdi. Baʼzi vaqtlar 1000 kishiga 50–60 ta miltiq berib, jang maydoniga kiritdi”. Bu qizil qoʻshinda turkistonliklarga quyi tabaqadagi “madaniyatsiz” xalq sifatida qaralganligini koʻrsatadi. Shu bilan birga ularga harbiy ishga aloqasi boʻlmagan yumushlar yuklanib, juda “kuchsiz” qurol bilan jangga kiritiladi.

Asirlikka tushgan oʻzbeklardan biri qizil qoʻshinga safarbar qilinganini quyidagicha eslaydi: “Uch yuztamizni oʻrmonga olib borishdi, u yerda bizdan boshqa turkistonlik doʻstlar ham bor ekan. Yotoq joyimiz yertoʻla, zax, kechasi kishilarning issigʻi bilan atrofdagi muzlar eriydi, oynadan suv oqib, yertoʻlamiz suvga toʻlib qoladi, sovuqdan kechasi bilan uxlay olmaymiz, koʻp yigitlar menga oʻxshab kasallangan. Shunga qaramasdan sen oʻris tilini bilmaysan, bilsang ham quvlik qilasan, buyruqni tushunmaysan deb qor, suv, botqoqlarda emaklatadi. Shunday qilib sovuq oʻtdi, oʻpka kasaliga uchradik. Haqiqatan ham koʻplab yigitlar kasallangan, oyoq, qoʻl, burun, quloqlarini sovuq urgan. Men shu vaqtda togʻamning bir oʻgʻlini koʻrdim, u ham juda ozgʻin, meni koʻrishi bilan yigʻlab yubordi. Men: “Nimaga yigʻlaysan, bu butun turkistonliklarga tushgan ish-ku?” deb uni yupatdim”.

Qizil qoʻshin askarlarini harbiy qurollardan tashqari oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan taʼminlash ham qoniqarli ahvolda boʻlmagan. Sovet askarlaridan biri Boris Gorbachevskiy urushdan soʻng yozgan xotira kitobida qizil qoʻshindagi taʼminotning juda yomon boʻlganini aytib oʻtadi: “1942-yilning oxirlarida jabhadagi askarlarimiz nemislarga qaraganda yomon sharoitda edilar. Qish faslida paypoqlar oʻrniga maxsus oyoq bogʻlashga moʻljallangan paytavasi bor etik, eski qalpoq, qon dogʻlari boʻlgan qishki kiyimlar berilgandi. Biz toʻyib ovqatlanmasdik. Bizda hech qachon yetarlicha jangovar taʼminot, xususan, snaryad va minalar boʻlmagan. Qoʻmondonlik jangovar holatni faqat shiorlar orqali mustahkamlashga harakat qilardi”. Bu 1942-yil oxirlarida, yaʼni sovet urush tizginini oʻz qoʻliga ola boshlagan davrda ham qizil qoʻshinning ijtimoiy va harbiy ahvoli yaxshi boʻlmaganligini koʻrsatadi.

Qizil qoʻshinda iqtisodiy holatning ogʻir boʻlganligini tarixchi Hamid Ziyoyev (1923–2015) ham oʻz kitobida yozib oʻtadi. U qoʻshindagi ijtimoiy taʼminotning yomonligi, qurol-yarogʻning yetishmovchiligini quyidagicha tasvirlaydi: “Ovqat goʻshtsiz, kartoshkali shoʻrva, grechka va 200 gramm nondan iborat edi. Harbiy xizmatda boʻlsak ham oʻz kiyimimizda yogʻochdan yasalgan miltiq bilan mashq qilardik. Mashq oʻtkaziladigan maydonga saf tortib borayotganlarning ahvolini koʻrib turgan mahalliy aholining bizga achinib hayratlanganlari yodimda. Chunki kiyim-kechaklarimiz yirtilib, ilma-teshik boʻlib ketgan edi”. Demak, urushga safarbar qilinganlarni oziq-ovqat bilan taʼminlash yetarli miqdorda boʻlmagan va ularga berilgan harbiy kiyimlar ham talab darajasida emasdi.

1941–1945-yillar oraligʻida 2 mlnga yaqin oʻzbekistonliklar qizil qoʻshin safida Germaniyaga qarshi jang olib borgan. Biroq qoʻshinga chaqirilganlar uchun harbiy mashgʻulotlar yaxshi holatdamasligi va ijtimoiy hamda harbiy taʼminotning yetarli miqdorda emasligi aholi orasida urushga borishdan bosh tortish holatlari yuz berishiga sabab boʻladi.

Zohidjon XOLDOROV,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori