Inson kim oʻzi? U ne sir-sinoat?
Bir qarashda insonning kimligi aksiomadek aniq, bu haqda bosh qotirish koʻp ham shart emasdek. Biroq bu savol paydo boʻlibdiki, unga hanuzgacha toʻliq javob berilmagan, keyin ham berilmasa kerak. Insonning suvrati-yu siyrati, tashqi-yu ichki dunyosi, shakli-yu mohiyati oʻrtasidagi nisbatni olaylik. Bu xususda barcha fan sohalarida – tibbiyotdan fiziologiyagacha, tarixdan filologiyagacha koʻp-koʻp ilmiy fikrlar bildirilgan, jild-jild kitoblar yozilgan, yozilmoqda. Soʻnggi yillarda falsafiy antropologiya kabi jadal rivojlanayotgan fan tarmogʻi ham paydo boʻldi. Hammasi durust. Demak, inson haqidagi bilimlarimiz chuqurlashmoqda. Eʼtiborga molik asosli fikrlar talaygina. Ammo ular shunchalik sochilib ketganki, tizimlashtirish oʻta mushkul. Baʼzan faktlardan koʻra ilmiy gipoteza izlanuvchilar joniga ora kirishi ham bor gap.
Odamzodga Yer kurrasidan boshqa qoʻnimgoh yoʻq. Ne tongki, inson buni bilaturib ham, oshyoni va oʻzini asrash haqida bosh qotirmaydi. Bashar farzandining ong-tafakkuri hamda faoliyatida aqldan koʻra his-hayajonga tayanish, yengil-yelpi yoʻl izlash, oʻzini urintirmaslik kayfiyati ustuvor. Bu yoʻl nainki nomaqbul, balki halokatli ekanini odamlar har doim ham anglamaydi. Aks holda, bundan ikki ming yil avval yunon-rim mutafakkiri Lutsiy Seneka farzandi Lutsiliyga nasihatida shunchaki oʻzgalar bosib oʻtgan yoʻldan emas, balki hayot uchun shart boʻlgan yoʻldan yurishni eslatmagan boʻlur edi (Луций Анней Сенека. Нравственные письма к Луцилию. Москва, “АСТ”, 2012. Стр. 448).
Odamzod oʻz oʻzanidan chetlashish, ato etilgan ilohiyligiga nisbatan bepisandlik boshiga abadiy sarson-sargardonliklar yogʻdirishini bilaturib bilmaslikka olmoqda. Komillik sari intilishni ixtiyor etmogʻi uchun bugun u qanday yoʻl tanlashi kerak? Bunday imkoniyatning oʻzi mavjudmi?
Bunday qaraganda, insondan donoroq, yuksakroq boshqa mavjudot ham, u aql-zakovati ila hal qilolmaydigan muammo ham yoʻqdek. U imkonsizlikni imkonga, ilojsizlikni ilojga aylantirishi mumkin. Bashariyat hayotining bardavomligi uchun javobgarlik insonning oʻz zimmasida. Ammo u yoʻl qoʻyayotgan jiddiy xatolar, qusurlar odamning benazirligi haqida aytilgan fikrlar asossiz ekan-da qabilidagi ishtibohni uygʻotadi. Aslida, burch va vazifa oʻrtasida ulkan jarlik vujudga kelgan. Odamzod umumbashariy vazifasini va oʻz oldidagi burchini, jillaqursa, yarim-yorti boʻlsa ham anglab yetishi, vijdoni oldida hisob berishi uchun yana qancha vaqt kerak ekan. Paydo boʻlganidan to bugungacha necha asrlar oʻtib ketdi, lekin u ideallik pillapoyasiga hanuz yovuq borgan emas. Olam sir-asroridan uncha-muncha xabardor odamzod oʻzaro ziddiyatlar, manfaatlar-u dunyoqarashlar toʻqnashuvi oldida ojiz. Individual ong-tafakkur, salohiyat bilan umumbashariy intilishni bir-biriga taqqoslasak, muammoning ildizi koʻrinadi-qoladi.
Bashar zoti oʻz tomiriga bolta uryapti, shakkoklik sari boryapti. Moddiy resurslarga ega turli guruhlar, fitnachilar, aksilinsoniy intellekt sohiblari aqlga sigʻmas ommaviy qirgʻin vositalarini kashf etmoqda. Global ruhiy azob (stress) holati oddiy voqelikka aylandi. Bu muammoga qarshi chora-tadbirlar koʻrilayotir, albatta. Biroq ularning bari daʼvat-u chaqiriq darajasidagina. Insoniyat allaqachon boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Undan chiqish uchun tamomila boshqa falsafa, boshqa tuzilmaga zudlik bilan oʻtishi kerak – boshqa yoʻl yoʻq. Demak, soʻz ibtido va intihoni unutmagan holda, hayotiy faoliyatning yangi qatʼiyatlariga oʻtish haqida bormoqda. “Nahotki, ontologik jihatdan erkin odamzod shunday umr oʻtkazishni, yaʼni taqdirga tan berishni ixtiyor etgan, cheksiz imkoniyatlari, zakovatini faromush aylab, shunchaki tirik jonga evrilgan, timsoliy qilib aytganda, bir zamonlar yagona qoʻnimgohi boʻlgan gʻorga yana qaytayotgan boʻlsa?!” degan shubha bot-bot shuurimizda aylanyapti. Ayrim skeptiklar “Bu endi qismat, insonga mudom hamroh obyektiv, yaʼni uning izmidan tashqaridagi qonuniyat” desa, ishonamiz ham. Holbuki, voqelik allaqachon oʻzgarib ketgan boʻlsa-da, insonni shunchaki boshqa unsurlar qatori narsa deb bilish, uning ekzistensial jihatdan tamomila alohidaligiga, oʻzini oʻzi qayta qura olishiga ishonmaslik tafakkurimizga mahkam oʻrnashib ulgurgan koʻrinadi.
Dunyoda muammo koʻp, lekin aksarining yechimi topiladi. Chunki inson aql-u zakovati yoʻq joydan yoʻl topish xususiyatiga ega. Toʻgʻri, qarshisida inson ojiz qoladigan voqeliklar ham yoʻq emas, albatta. Bu – boshqa masala. Ammo odamzod nega oʻzining bevosita ishtiroki ila yuzaga kelgan noxushliklarni sezmaydi, nima uchun ularni bartaraf qilmasligi kerak? Shunday ekan, nechogʻli buyuk boʻlmasin, bugun bashar zoti gardaniga ayb yuklamoq joiz boʻladi.
Bani basharni birlashtirishga qaratilgan qanchadan qancha gʻoya, loyiha va taʼlimotlar mavjud. Ularni, oʻz jonini garovga qoʻyib boʻlsa hamki, benazir mutafakkir zotlar yaratgan. Ayni choqda, odamzodning shakkokliklarini koʻraverib, koʻplarining oxiri hafsalasi batamom pir boʻlganini ham bilamiz. Bunyodkorlikmi yo vayronkorlikmi – barchasi uchun faqat inson va insoniyat maʼnaviy javobgardir (Рашковский Е. Гуманитарная глобалистика: из трудов последних десятилетий. Москва, 2022. Стр. 43). Endi jamiyat, inson qusurlardan xalos boʻlib, “erkinlik olami” sari yuzlanishi lozim. Inson – ibtidodan majburlovdan xoli biosotsiogenetik fenomen, azalan va abadan erkin mavjudot. Unga nisbatan siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va harbiy choralar qoʻllash aqldan emas.
Odamzod tobora chuqurlashayotgan umumbashariy noxush transformatsiyalarning oldini olish, asliga qaytish yoʻllarini faqat va faqat oʻz ichki dunyosidan izlashi lozim. Bunday omillar-u imkoniyatlar son-sanoqsiz, ularni izlab topish, inson xizmatiga yoʻnaltirishda intellekt, ilm-fan, ratsional yaratuvchanlik kuchidan foydalanish kerak. Afsuski, bugun ilm-fandek benazir kuch turli-tuman diniy konfessiyalar, milliy-etnik xususiylik, faqat moddiy neʼmatlar yaratish bilan bogʻliq oʻtkinchi jarayonlarga boʻysundirilgan va parchalangan, u milliardlab odamlarni birlashtiruvchi, asliga qaytaruvchi vositaga aylanmagan. Bashariyat muammolar yechimida ilm-fandan foydalanishi shart. U boshqaruv muassasalari va fan oʻrtasida izchil hamkorlik oʻrnatishi lozim.
Insoniyat asliga qaytishi uchun “global oʻzaro sidqidillik”ni maʼnaviy kodeks, metanoyya, yaʼni tavba-tazarru qilish darajasida anglamogʻi lozim. Olis xomxayol boʻlib tuyulsa-da, insoniyat Parvardigor ato etgan azaliy va abadiy oʻzaro samimiyat sari yuzlanishi uchun ontologik asoslar, tayanchlar mavjud. Ular jahon donolik xazinalari-yu ilmiy manbalar qaʼrida asrlar osha mavridini bedor kutmoqdaki, baʼzilarini havola etishni lozim topdik. Odamni boshqa jonzotlardan ajratib, chin insoniylik darajasiga koʻtarish mumkin, shu tufayli insoniyat hayotiylik, yaratuvchilik sari yuz tutar, degan umiddamiz. Oʻrtaga tashlanayotgan fikr-mulohazalar taxminiy xarakterda, shuning uchun ularni yetarli faktologik ilmiy-nazariy asosga ega, deyishdan yiroqmiz.
Avvalo, odamzodning ibtidodanoq oʻzaro tandosh-qondoshligini anglay olish salohiyatiga toʻxtalsak. Bu fenomen nafaqat tabiiy fanlar, postnoklassik ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishdagi ilmiy adabiyotlarda ham allaqachon eʼtirof etilgan. Ilm ahli tomonidan odamzodning shunchaki oʻzaro biologik aynanlikdan tandosh-qondosh ekanini anglash bosqichiga oʻtishi bilan bogʻliq fikr shu kontekstda tushunilsa, toʻgʻri boʻladi. Eʼtiborli jihati, bu gipoteza tarafdorlari tobora koʻpaymoqda. Ratsional tafakkur va jamoaviy ishlab chiqarish hayotni farovonlik tomon yoʻnaltirdi. Bu ichki biologik transformatsiya va sotsiomadaniy imperativlik pirovardida muttasil harakatdagi “Inson – sotsium – kosmos” yaxlitligini yuzaga chiqardi. Bundan ikki ming yil avval yashagan ulug‘ faylasuf Arya Nagarjuna bitiklarida ham biqiqlikdan xoli bunday hayratomuz oʻzgarishga ishoralar borligi diqqatga sazovor (Цонкапа. Океан аргументов: большой комментарий к тексту Нагарджуны. Улан-Удэ, Издательство БНЦ СО РАН, 2020. Стр. 295–298).
Inson moddiy, ijtimoiy-siyosiy, gʻoyaviy va ruhiy holatlar, ularni turli xil baholash tufayli borligʻini, naslini, ontologik “chin burchi”ni unutgandek. Biroq jism-u jonga yoʻgʻrilgan chin axloq va chin burch, chin qalb va chin xulq-atvor ruhiyatni tamomila tark etmaydi. Hatto beburdlik va vayronkorlik sharoitida ham chin qalb inson jonini saqlab qolar ekan. Bunga hayotiy dalillar, ilmiy asoslar yetarli.
Mavridi kelib, barchaning fitratidan azaliy joy olgan insoniy burch tuygʻusi uygʻonib, insoniyat yana asliga qaytishi va ulkan maʼnaviy birbutunlik yuzaga kelishi mumkin. Bu tasavvurga sigʻmas fenomenni “ichki maʼnaviy sinxronlik” deymiz. Bu yoʻlda postnoklassik dunyoqarash bagʻrida kuchaygan “olam va odam” uygʻunligiga doir gʻoya tasodif emas, balki azaliy ekaniga doir eng yangi taʼlimotlarga suyanamiz (qarang: Скворцова Е. Киотоская философская школа и нигилизм. “Вопросы философии”, 2023, №7. Стр. 203-213; Битинайте Е. Между Божеским и человеческим. Размышления над книгой “Ведомый любовью. Воспоминания Винобы Бхаве”. “Вопросы философии”, 2022, №12. Стр. 192-200). Bu ko‘lamli ichki botiniy transformatsiya, garchand aniq fanlar nuqtai nazaridan qaraganda, abstraksiya bo‘lib tuyulsa-da, metafizik jihatdan anglanishi qiyin, ammo to‘laqonli reallik sifatida yashashga haqli ekani isbotlandi.
Inson erkin mavjudot ekan, uning hayotiy faoliyati aynan chin erkinlikdan boshlangan. Shu asosda oʻzaro samimiyat, farovonlik hamda insoniylikka erishilgan. Biroq ijtimoiylik turlixillik kasb etgan sari asl tabiiy erkinlik oʻrnini ijtimoiy maqom, imtiyozga asoslangan “qoʻlbola” erkinlik, jamoaviylik singari notabiiyliklar egalladi. Pirovardida asl erkinlik tegishli tuzilmalar manfaatlariga mutlaq zidligi bois ming yillar davomida bani basharni parchaladi. Tandosh-qondoshlik oʻzaro dushmanlikka doʻndi. Insonni inson qilib turgan sotsial konstantalar, tayanchlar oʻrniga sunʼiy erkinlik chuqur ildiz otdi. Gʻarbdagi noxush, xavfli transformatsiyaga eʼtiborsizlik ayrim mutafakkirlar qalbini yaraladi. Ispaniyalik atoqli faylasuf Xaver Subirining kechinmalari shundan dalolat beradi (qarang: Амелина Я. Метафизика Хавьера Субири: вечный поиск между Богом и человеком. “Вопросы философии”, 2021, №6. Стр. 131–148).
Odamsiz olam – olam, olamsiz odam – odam emas. Bular bir-birini asrashga mahkum. Islom olamining zabardast mutafakkiri Ibn Arabiy “Inson dunyoni asraguvchidir. Zero inson tufayli dunyoning tarkibiy qismlari mukammallik, bardavomlik kasb etadi. Dunyoning abadulabad saqlanib turishida inson Olloh Taoloning vorisidir” deganida haq edi. Shunday ekan, maʼnan asliga qaytish, tavba-tazarruga yuz tutish odamzodni azaliy yakdillikka olib kelishiga oid gʻoya utopiyaga oʻxshasa-da, kuchli asosga ega. Zero chuqur tafakkur sohiblariga koʻrinish bergan son-sanoqsiz hodisalar tegrasidan “qoʻnim topgan” ideallar, mavridi kelib, obyektivlik kasb etadi, realikka aylanadi (qarang: Шопенгауер А. Мир как воля и представление. Антология мировой философии в 4-х томах. Т. 3. Москва, “Мысль”, 1971. Стр. 691-692). Anglanishi qiyin, ammo shu fenomen odamzodni yana birlashtirishi mumkin va shart desak, xato qilmagan boʻlamiz.
Bani basharni birlashtirishga qodir, ammo, afsuski, hozircha aksariyat kishilar tasavvuriga sigʻmaydigan yana bir buyuk botiniy qudrat bu – komillik fenomeni. Dunyoning qay puchmogʻida umrguzaronlik qilayotganidan qatʼi nazar, komil insonlar gʻoyibona bir-biridan xabardor va oʻzaro hamnafasdek. Shu tarzda ular daʼvati umumbashariy doirada bani basharni halokatli parchalanishdan asraydi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Men yetmish uch mazhab ila birdurman” degan soʻzlarida ulug‘ insonlarning bani bashar yakdilligi yoʻlida aziz jonini ham ayamagani ayonlashadi. Najmiddin Kubro (Oʻzbekiston), Lao Szi va Konfutsiy (Xitoy), Nagarjuna va Gandi (Hindiston), Mandela va Lumumba (Afrika), Bolivar va Che Gevara (Lotin Amerikasi), Janna dʼArk (Fransiya), Dostoyevskiy (Rossiya) kabi tarixiy shaxslarning insoniyat oldidagi xizmatini toʻliq sarhisob etishga qurbimiz yetmasa-da, ular siymosi tufayli bani bashar kelajakka umid koʻzi bilan boqayotganini yana bir bor taʼkidlash foydadan xoli emas.
Biz turli obyektiv hamda subyektiv sabablarga koʻra bir-biridan yiroqlashgan insoniyat asliga qaytish, jondosh-qondoshligini chuqur his etishga mahkumligini taqozo etuvchi ichki asoslarning baʼzilari xususida soʻz yuritdik. Ularga doir maʼlumotlar tarqoq holda ilm sohalari qatlamlarida yashiringani bois buni yaxlit bir tizimga tushirish mushkul. Demak, insoniyat zakovati izlanishdan toʻxtamasligi lozim. Shunday yoʻl tutilsagina u ham oʻzini, ham koinotni asrab qolishi mumkin.
Insoniyatning oʻz sarchashmasiga ichki intilishi, xohish-irodasiga aytarlik bogʻliq boʻlmagan, lekin bunga bevosita daxldor ekzogen tashqi imperativlar ham talaygina. Ilmiy farazlar mukammallikdan ancha yiroq, uzuq-yuluq boʻlsa-da, baʼzilarini baham koʻrishni lozim topdik. Ulardan biri – xronologik qisqa kesimda boʻlmasa-da, odamzodning geotarixiy turli koordinatalarda oʻxshash sharoitda tugʻilgani bilan bogʻliq sinxronlik nazariyasi. Mazkur xulosaning teologik hamda ilmiy-falsafiy manbalarda allaqachon mavjudligining oʻzi eʼtiborga loyiq (qarang: Соловьёв Э. Прошлое толкует нас. Москва, Политиздат, 1991. Стр. 47). Keyinchalik u oʻz tasdigʻini topadimi-yoʻqmi – boshqa masala.
“Kosmos – tabiat – inson” triadasidek azaliy va abadiy muvozanat-mutanosiblik holati qaytarilmaydigan fenomendir. Inson dunyoga kelishi bilanoq oʻz oʻzaniga tushgani haqida joʻyali fikrlar yetarli. Xaos kosmosga aylandi. Odam olamga, olam esa odamga yoʻgʻrildi. Buddizm falsafasi oʻzak konsepsiyalaridan biriga koʻra, “oʻzaro bogʻliqlikda oʻzaro tugʻilish” sodir boʻldi (qarang: Урбанаева И. Введение в трактат Чже Цонкапы “Океан аргументов: Большой комментарий к тексту Нагарджуны “Miilamadhyamakakarika”. “Философия и культура”, 2020, №11. Стр. 44–58).
Muqaddas kitoblar hamda bitiklarda insonning yorug‘ dunyoga kelishiga doir hayratomuz oʻxshash syujetlar mavjud. Jumladan, insoniyat Fu va Shen (daosizmda), Mashna va Mashyane (zardushtiylikda), Chakravartin (hinduizmda), Odam Ato va Momo Havo (samoviy dinlarda) atalmish ilk odamlardan tarqalgani, ular “abadiylik beshigi”ni tark etib, foniy dunyoda qoʻnim topgani naql etilgan. Eng qizigʻi, ularning yuzlab yillar yashagani haqidagi maʼlumotlar bir xil. Shu asnoda beixtiyor “Balki muqaddas bitiklardagi syujetlar bir-biridan koʻchirmadir?” degan shubha xayoldan oʻtadi. Gap shundaki, muqaddas kitoblar, bitiklar bir-biriga oʻxshash boʻlmagan qadimgi sanskrit, qadimgi xitoy, yahudiy, yunon, oromiy, arab, dravidi va boshqa tillarda xatga tushirilgan. Bu lisonlar tarqalgan hududlar geografik jihatdan oʻzaro ancha uzoq joylashgan. Ilohiy kitoblar nozil boʻlgan davrlar ham tarixan har xil. Bugunga kelib, xususan, tabiiy fanlarda roʻy berayotgan anʼanaviy qarashlarni qayta idrok etish, teologik ilmdagi ijobiy burilish, qolaversa, intellektual kuzatuvlar shunchaki shubhalarga oʻrin qoldirmayotir.
Odamzodning dunyoning turli koordinatlarida deyarli bir vaqt kesimida, “buyuk burilish nuqta”sida yaratilgani jumlai jahon xotirasidan, kerak boʻlsa, ilmiy tafakkurdan joy olgani ham bor gap. Shunday ekan, “chegaraviy vaqt”ning quvvati insoniyatni qayta bir jon va bir tan boʻlishga “majburlashi” ehtimoli katta. Bunday radikal evrilishlarning toʻsatdan yuz berishidan keksa tarix xabardor.
Insonning imkoniyati cheksiz, lekin hamma amallarning chegarasi, meʼyori bor. Odam farzandlari oʻsha “oxirgi chiziq”ni hatlamasdan maʼnaviylikning boshqa ufqi tomon yuzlanmogʻi, juzʼiy maqsad-moʻljallarni tark etib, yuksak choʻqqilar sari burilishi lozim boʻladi. Odamzod xohlaydimi-yoʻqmi, ezgulikni tanlashga majbur va mahkum.
Burch haqidagi mulohazalarni yakunlar ekanmiz, odam psixologiyasidan joy olgan turli-tuman illatlarning hamon yuzaga chiqayotgani, ijtimoiy, maʼnaviy va ruhiy deformatsiya odatiy voqelikka aylanayotgani, insonning oʻz qavmdoshlari bilan birlashtirib turgan tub ildizdan tobora yiroqlashayotgani, nafs-u manfaat qutqusi, imtiyozxoʻrlik kabi illatlar avj olayotganini qayd etishga toʻgʻri keladi. XX asrning atoqli mutafakkiri Maks Veber taassuf ila yozganidek, individ moddiyunchilik balosi sababli jamoaviylik, hamnafaslikdek azaliy qadriyatlarni tark etib, sunʼiylik sari yuzlanmoqda. Inson zotining shafqatsiz agregatga aylanish xavfi tobora oshmoqda, hamdardlik oʻrnini yalangʻoch intellekt egallamoqda (qarang: Вебер М. Аграрная история Древнего мира. Москва, 2001. Стр. 35–39).
Yuksalish va innovatsiyadek bir-biriga yelkadosh tamoyillarning oʻzaro munosabati doirasida insonni tamoman boshqa mavjudotga aylantirish ehtimoli kuchaymoqda. Unga ato etilgan zakovat, tabiiylik, samimiylik haqida aytilgan barcha ezgu fikrlar-u orzu-umidlar sarobga aylanmasligi uchun odamzod, qanday boʻlmasin, oʻz asliga yana qaytmogʻi darkor!
Temur JOʻRAYEV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Inson atalmish sinoat” maqolasi