Toʻrtinchi kun
Boʻstonliq tumanidagi oromgohda soʻnggi kunni yakunladik (20-iyul). “Maʼrifiy targʻibot ishlari samarasi va taʼsirchanligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi oʻquv seminari tarixiy jarayonga aylandi. 200 dan ortiq tizim xodimlari har bir kunni qayta kashf etishdi. Seminardagi tajribalar va zamonaviy bilimlar ishonamizki, xodimlarning bundan keyingi faoliyatiga ijobiy taʼsirini oʻtkazadi. Shunday qilib, toʻrtinchi kun sekundomeriga eʼtibor qaratamiz.
9.45
Oʻzbekiston Respublika Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiri Abduhalil Mavrulov “Milliy qadriyatlar, maʼnaviyat va maʼrifat tushunchalari mazmun-mohiyati, bu borada bugungi dolzarb vazifalar toʻgʻrisida” mashgʻulot olib bormoqda. Ustozning maʼruzalari mohiyati bugungi kun maʼnaviyat tizimi xodimlarining axloqi, ularning dunyoqarashi va maqsadlari kabi muhim masalalarga bagʻishlangan.

10.10
Amfiteatr gulduros shovqinlarga toʻla. Boisi, “Maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlarini tashkil etishda omma bilan ishlashning samarali vositalari” mavzusidagi mashgʻulot Maʼrifat targʻibotchilar jamiyati aʼzosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova tomonidan olib borilmoqda. Auditoriyani chin maʼnoda “yondirgan” mentorimiz oʻz chiqishi oxirida seminar ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi:
– Goʻzal oilaga aylanganingiz bilan tabriklayman!
10.55
“Raqamli targʻibot ishlari va onlayn tanlovlarni tashkil etish metodikasi” boʻyicha mashgʻulot Oyina.uz portali bosh muharriri oʻrinbosari Inobat Ahatova tomonidan olib borilmoqda. Bu mashgʻulotda portal faoliyati misolida onlayn tanlovlar tashkil etish va ularning ijobiy taʼsiri xususida real maʼlumotlar taqdim etildi.

11.22
Mashgʻulot mentorlari minbarida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlimi boshligʻi Jasur Boltayevni koʻrish mumkin. “Maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etishda turli idora, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, “Eng namunali tuman va shahar” tanlovining yangi tahrirdagi nizomi bilan tanishish va uni tashkil etish bilan bogʻliq masalalar toʻgʻrisida” olib borilgan dars davomida ham seminar ishtirokchilari faoliyatlari uchun zarur boʻlgan savollarga javob topdilar.
12.38
Barcha hududlar oʻz faoliyatlari davomida tayyorlagan videoroliklarini namoyish etmoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov qiziqarli va rang-barang videomateriallar bilan tanishib, ularni atroflicha tahlil qilar ekan, oʻzining hazilomus fikrini bildirib oʻtdi:
– Butun Respublikada shunday videoroliklarimiz bor ekan-u, biz bilmagan ekanmiz!

14.10
Tushlikdan soʻng seminar ishtirokchilari uchun tanaffus eʼlon qilindi. Tanaffusdan unumli foydalanib kimdir kechki dasturlarga tayyorlanayapti, kimdir dam olayapti. Yana kimlardir suv havzasi tomon yoʻl olgan. Hammada kayfiyat umumiyligi:
– Oromgohdagi oxirgi kunimiz – ochigʻi, bir-birimizga oʻrganib qolibmiz.
16.10
Jarayonlarni oʻz fotoapparatiga muhrlayotgan Navoiy viloyati boʻlimi matbuot xizmati xodimi Jahongir Qosimovga savollar bilan yuzlandik. Biroz kamgap hamkasbimiz seminarning qiziqarli voqealarini suratlari orqali izohlashga harakat qildi va bu seminar U uchun katta motivatsiya ulashganini aytdi:
– Oʻz ustimda yanada koʻproq ishlashga qaror qildim. Seminar ta’sirida yangi rejalar paydo boʻldi. Tez orada oʻz soham boʻyicha qator ijodiy ishlarga qoʻl urmoqchiman.
17.05
Tanaffus tugagach seminar ishtirokchilari yana oromgoh amfiteatriga jamlanishgan. Ayni damda tizim xodimlarining nutqiy qobiliyatlari sinovdan oʻtkazilmoqda. Ular “Jasorat”, “Oila” “Baxt” kabi turli insoniy tushunchalar yuzasidan ogʻzaki fikrlarini bayon qilishmoqda. Bu qizgʻin jarayon milliy maqomlar ijrosiga ulanib ketdi. Serqirra va izlanuvchan seminar ishtirokchilariga qoyil qolmasdan iloj yoʻq.
20.22
Andijon viloyati Boʻston tumani boʻlinmasi rahbari Sofiya Qoʻziyevaning seminar boʻyicha taassurotlariga qiziqdik:
– Yangi gʻoyalar, yangi bilimlar va yangi doʻstlarga toʻla bu oʻquv seminari bizga juda manzur boʻldi. Bir-birimiz bilan tajriba alishdik, maqsadlarimiz mustahkamlandi. Doim oʻqish, izlanish va toʻxtab qolmaslik shiorimga aylandi. Seminar tashkilotchilariga va barcha mentorlarga minnatdorlik bildiramiz.
21.10
Oromgoh hududida haqiqiy bayramona muhitga guvoh boʻlish mumkin. Chunki ayni damda seminarning muhim choʻqqisi – sertifikatlar topshirish marosimi boʻlib oʻtmoqda. Marosimda tizim rahbarlari, taniqli sanʼatkorlar va mentorlar ishtirokini ham koʻrish mumkin. Olqishlar va bayramona tabriklar ostida har bir seminar ishtirokchisi maxsus sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Quvonchli lahzalar qizgʻin fotosessiyaga ulanib ketdi.



22.50
Taqdirlashdan soʻng seminar ishtirokchilari olovli kayfiyatda oʻz xonalariga tarqalishmoqda. Xursandchilik va hamkasblardan uzoqlashish kabi ikki xil kayfiyat hukmron. Muhimi, hammada ishlash ishtiyoqi oshgan, hamma yangidan yangi rejalar va maqsadlar roʻyxatini tuzishga ulgurgan. Tez orada bu seminarning natijalari yuzaga chiqishiga ishonamiz.
Oʻquv seminarning keyingi kuni Toshkent shahrida davom etadi.