Dunyoga nainki zohir, balki botin koʻzi bilan ham qaray boshlagan inson bu hayotda nega yashayotgani, oʻzidan nelar talab qilinishi-yu qay bir qilmish uning shaʼniga dog‘ boʻlib tushajagini jiddiy oʻylamogʻi tabiiy. Binobarin, odamni odam qilib tutib turadigan qadriyatlar orasida oʻzi tugʻilib oʻsgan yurt taqdiriga daxldorlik, uning yaqin va olis kelajagi oʻyida qaygʻurish, xalqining emin-erkin yashamogʻiga hissa qoʻshishdek insoniy vazifalar bor.
Guvohi boʻlayotganimizdek, insoniyat har qancha integratsiyalashmasin, mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi chegaralar har qancha yuvilib bormasin, biror bir davlat yoki xalq oʻzga bir davlat yoki xalqqa butkul begʻaraz, ochiq yoxud pinhona shartlarsiz bir burda non ham bermaydi. Sirasini aytganda, har bir davlatning taqdiri faqat va faqat uning oʻz fuqarolari qoʻlida boʻlib, ular koʻrsatadigan jidd-u jahdga bogʻliqdir.
Afsuski, kundalik hayotda kuzatayotganimiz ijobiy oʻzgarishlar qatorida el-yurt taqdiriga loqaydlik, korrupsiya, milliy qadriyatlarga bepisandlik, yosh avlod tarbiyasiga masʼuliyatsizlik, urug‘-aymoqchilikdek xavfli illatlar ham bot-bot yuz koʻrsatmoqda. Vaziyatni bilaturib, bu illatlarga barham berish uchun qoʻldan kelgancha harakat qilmaslik aslo mumkin emas.
Mamlakatimizda yuz berayotgan voqeahodisalarga munosabat borasida ijtimoiy tarmoqlarda tomoshatalablik, “qancha yomon boʻlsa, shuncha yaxshi” pozitsiyasida turib fikrlashdek xavfli tendensiya kuchayib borayotgani hammamizni sergak torttirmogʻi kerak. Savodli yozish, demakki, toʻgʻri, xolis fikrlashdek oddiy insoniy xususiyatlar koʻchasidan oʻtmagan kimsalarning Oʻzbekiston, bu yerda yashayotgan koʻp millionli xalq va uning imkoniyatlari xususidagi bepisand chiqishlari odamni xavotirga soladi. Ularning iddaosicha, “Oʻzbeklar baribir odam boʻlmaydi”, “Bu xalqqa – kofir boʻlsin, gʻayridin boʻlsin – boshqa millatlar boshchilik qilmasa, oʻzi hech baloni eplolmaydi”, “Surish kerak, bu yurtda hech qachon odamday yashab boʻlmaydi...” va hokazo.
Bu daʼvolarning egalari – milliy nigilizm illatiga mubtalo boʻlganlarga achinish ortiqcha yumush. Chunki ularning qilmish-qidirmishi – hamma narsani yoppasiga inkor etish; har bir harakat va oʻzgarishdan, avvalo, illat axtarish; millatning kuchi va imkoniyatlarini iloji boricha pastga urish; odamlarda, birinchi galda yoshlarda ayni millat vakili ekanidan oʻkinish hissini uygʻotish va uni qadam-baqadam kuchaytirish... bu kabi harakatlar uncha-muncha tashqi yov tajovuzidan-da xavfliroqdir.
Eng yomoni, ularning bu xil chiqishlarini katta umidlar ila hayotga kirib kelayotgan qanchadan-qancha yoshlar ham oʻqiyapti, koʻryapti, ulardan kuchligina taʼsirlanyapti. Shunday ekan, boyagi kimsalarning chin ismi va makonini ham, asl maqsadini ham bilish imkonidan mahrum yoshlarimizning dunyoqarashi salbiy taʼsirlar ostida shakllanishi ertaga ne oqibatlarni keltirib chiqarishini oʻylashimiz kerakmi-yoʻqmi?
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faollari va bir guruh maʼrifat targʻibotchilarining Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatining ham tagzaminida shu kabi jiddiy muammolar va ular yechimiga qaratilgan bedor oʻylar mujassam. Xususan, quyidagi fikrlar qalbi qotib ketmagan har bir millatdoshimiz, eldoshimizni bezovta qilayotgan tashvishlar ifodasidir: “Afsuski, ekstremizm, radikalizm, axloqsizlik, korrupsiya, jinoyatchilik kabi jirkanch illatlar hali suyagi qotmagan, hayot yoʻlini aniq belgilab olmagan, zararli taʼsirlarga beriluvchan, maʼnaviy-mafkuraviy immuniteti boʻsh yoshlarimizni toʻgʻri yoʻldan chalgʻitmoqda. El-yurtimiz ravnaqi va farovonligini taʼminlash uchun amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni atayin obroʻsizlantirishga, ularning maqsadi va mohiyatini notoʻgʻri talqin etishga, oilaviy qadriyatlarni oyoqosti qilgan holda, jaholat, maʼnaviy tubanlik, yovuzlik, johillik koʻrinishlarini keng targʻib etib, moʻmay daromad olishga intilayotgan kimsalar ham oramizda yoʻq emas”.
Agar tarixga nazar tashlasak, chor istibdodi va shoʻro zamonida ham hukmdor doiralar toʻqson ikki oʻzbek urugʻidan bino boʻlgan xalqimizni parokanda qilish, “chopadigan sopini oʻzidan chiqarish”, bir-biriga yovlashtirish uchun loqaydlik, beparvolik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, xalq dardiga yotlikni zimdan ragʻbatlantirgan. Eng kichik vazifadorlikdan tortib respublikaga rahbar tayinlashgacha boʻlgan barcha bosqichlarda asosiy eʼtibor kadrlarning ibratli shaxsiy fazilatlariga emas, balki labbaygoʻyligi, haybarakallachiligi, qayerdan-“kimlar”dan ekaniga qaratilgan. Mana shu yoʻl bilan kursini egallagan kishilarning oʻz atrofiga urug‘-aymogʻini yigʻishi, aksar ishlar tanish-bilishchilik asosida hal qilinishi, poraxoʻrlikning avj olishi singari holatlarga atay yoʻl qoʻyib berilgan. Tili qisiq holga kelgan boyagi katta-kichik rahbarlar endi Markaz tomonidan beriladigan, mamlakat, millat taqdiriga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatuvchi har qanday topshiriqni soʻzsiz, itoatkorona bajarar edi. Choʻlponning “Kecha va kunduz”idagi Mingboshi, Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor”idagi Oshno, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”idagi Klara Xodjayevnalarni eslaylik.
Bugun-chi? Urug‘-aymoqchilik, davlat byudjeti, demakki, xalq rizqidan botmonlab oʻmarish, poraxoʻrlik kabi illatlarga jafokash xalq nega befarq qarashi, chidab turishi kerak? Ayni illatlarga kim qayerda duch kelsa, qonuniy chora koʻrilishiga erishish, bu yoʻlda shaxsiy huzur-halovatdan voz kechish – fuqarolik burchi, insonlikning oddiy talabi emasmi?
Axir, bu illatlar xususida soatlab besamar bahs-munozara olib borishdan koʻra ularning har bir koʻrinishiga oʻsha joyning oʻzida barham berish koʻproq foyda bermaydimi? Oʻsha qusurlar begona yerlarda, koʻz ilgʻamas manzillarda emas, siz-u bizning shundoq yonimizda – ishxonamizda, mahallamizda, eng yomoni, OʻZ ICHIMIZDA yuz bermoqda-ku! Ularni kimdir bir vallamat kelib toʻgʻrilab ketmogʻi, chorasini koʻrib, jazosini bermogʻiga ishonib oʻtirish fuqarolik jamiyatining qaysi talab-mezonlariga toʻgʻri keladi?! Shoir aytmoqchi, “Men yonmasam, sen yonmasang, biz yonmasak – kim olib chiqadi zulmatni yorugʻlikka?!”
Mutaraqqiy davlatlarning beistisno hammasida amal qiladigan hayotiy qoida va talab – keng jamoatchilikning qingʻirliklarga toqatsizligi, qatʼiy qarshi turishidek kundalik amalni oʻzlashtirish shunchalar qiyinmi? Qay bir oʻquvchimizning ichidan oʻtayotgan bu mazmundagi eʼtirozni ham qalb qulogʻimiz bilan ilgʻab turibmiz, albatta: “Siz aytayotgan “keng jamoatchilik”ning ichida qanchasining bu ishga maʼnaviy haqqi bor ekan, oʻzlari shunchalar tozamikan?” Axir, boshqa – bizni millat sifatida yemiruvchi ming bir tur ajnabiy illatlarni oʻzlashtirish poygasida hammani changimizda qoldirib ketayotirmiz-ku!
Afsuski, oramizda ota-onalikni faqat bola tugʻib-tugʻdirish-u ularning qornini toʻygʻazish deb tushunadigan odamlar ham koʻplab topiladi. Ular bola tarbiyasi butun bir ilm ekani, rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyoti zamirida aynan mana shu ilmga qatʼiy amal qilingani yotishini xayollariga ham keltirmaydi.
Shu maʼnoda, Abdurauf Fitrat bundan bir asr oldin “Oila” risolasida nadomat ila bitgan, bizning fuqarolar bolasining taqdiriga qoʻrasidagi qoʻyi va sigiri parvarishicha ham eʼtibor, ixlos koʻrsatmasligidan chekkan hasrati hali-hamon oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.
Holbuki, Murojaatda uqtirilganidek, “Bugun farzandlarimizga ajratgan vaqtimiz, mehrimiz va eʼtiborimiz ertaga oilamiz va jamiyatimizga hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan insoniy resurs va kapital boʻlib qaytadi”.
Poytaxt Toshkentdami, viloyatlarda yoxud yaqin xorijdami, turli qurilishlarda ishlayotgan yigitlarning koʻpchiligi faqat qora mehnat qilayotgani, yaxshi daromad keltiradigan boshqa kasb-hunar qoʻlidan kelmasligi qanchalar achinarli?! Holbuki, ayni shu qurilishlarda elektrik, payvandchilik, slesarlik, pardozchilikning turfa xillari bilan shugʻullanadigan mutaxassislar jismi-joni ortiqcha qiynalmay, asabi zoʻriqmay ulardan bir necha barobar koʻproq pul topmoqda.
Nahotki, bolamiz 18–20 yoshga kirguniga qadar zamonning eng talabgir hunarlarining hechqursa bittasini yaxshilab oʻzlashtirishiga erishish shunchalar qiyin? Axir, respublikaning jami hududlarida shu kasb-hunarlarni oʻrgatadigan kollej va texnikumlar, hunar markazlari, hech boʻlmaganda, ularni shogirdlikka oladigan ustalar, hunarmandlar sulolalari bor-ku. Bu yoʻlda ikki-uch yil astoydil qilingan harakat, koʻrsatilgan eʼtibor va qunt farzandimizning nonini bir umr butun qiladi-ku!
Maʼnaviyat va maʼrifat ahli Murojaatida “Demokratiya, fikr erkinligi, ochiqlik tamoyillarini niqob qilib, xalqimiz ming yillar davomida koʻz qorachigʻidek asrab kelgan qadriyatlarimizni buzishga, hayotimizni ichidan qoʻporishga aslo yoʻl qoʻymaylik!” deya butun afkor ommaga xitob qilingan.
Oʻz umrini shunchaki tirikchilik qilib emas, iloji boricha YASHAB oʻtkazishga, unga mazmun-mohiyat baxsh etishga uringan adib Abdulla Qahhorning “Qoʻshchinor chiroqlari” romanidan olingan quyidagi parcha, bizningcha, butun millat uchun ibrat boʻlarlidir: “...Turmush – yashash degan soʻz. Yashash uchun yerdan tortib quyoshgacha, muhabbatdan tortib gʻazabgacha – hammasi kerak, hammasi zarur. Umrini yashab oʻtkazgan kishining rohati ham, azobi ham, xafachiligi va xursandchiligi ham bir mazmun kasb etadi, bularning hammasi birbutun anorning alohida donalariday chiroyli, lazzatli boʻladi.
Tirikchilik – oʻlmasdan, tuproqdan tashqarida yurish degan soʻz. Tirikchilik uchun bitta ustara bilan bitta qayroq ham kifoya qiladi...”
Diqqat qilsak, insoniyat tarixida kechgan jamiki bosqinlardan maqsad – istilo qilingan elni yashashni unutib, tirikchilik qilibgina kun oʻtkazishga koʻndirish, bu ikki tushunchaning oʻrnini almashtirib yuborish boʻlgan. Hozir ham dunyoning koʻplab nuqtalarida ana shu bosqin bor koʻlami bilan davom etmoqda. Uni bir bosqinchi qoʻpolroq, ibtidoiyroq usullarda amalga oshirayotgan boʻlsa, boshqasi juda ustalik bilan, nafsiy-madaniy yoʻl bilan tatbiq etmoqda. Xalqning katta qismi uchun yashashni bor-yoʻgʻi tirikchilik oʻtkazmoq deb anglash odatiy hol boʻlib qolsa, u xalqning zavoli haqida, millat sifatida qiyofasini yoʻqota boshlagani toʻgʻrisida bemalol bahs ochmoq mumkin...
Boya eslaganimiz ijtimoiy tarmoqlarda oʻsha tirikchilik instinkti bosh koʻtargan kimsalarning sobiq shoʻro davrini alqab yozayotgani, “Qaram boʻlsak ham arzonchilik edi: yigirma tiyinga bir buxanka non, bir tiyinga gugurt berardi. Odamga boshqa nima kerak – qorni toʻq, usti but boʻlsa bas” qabilidagi gaplari quloqqa chalinadi. Aslida, ayni shu qarash, kayfiyat mutelikning, qul boʻlishga ichki tayyorlikning dastlabki unsuridir.
Bu qoʻmsov sohiblarining koʻziga tik qarab quyidagi savollarni berish mumkin: siz aytayotgan non shoʻro davlati hukmronlik qilgan yetmish yil davomida necha yil 20 tiyin boʻlib turdi? Oʻtgan asrning 20–30-yillaridagi ocharchilik payti ham, urush va undan keyingi qahatchilik yillari ham shu narxdamidi? Hatto oʻsha – bir buxanka non 20 tiyin boʻlgan qisqa davrda (70–80-yillar) ham bor-yoʻgʻi 110 soʻm maosh olgan oliy maʼlumotli injener, oʻqituvchi, shifokor oilasiga bir oyda necha kilogramm goʻsht yoki sariyog‘ sotib olar edi? Umuman, odam bolasining hayot qadri faqat yigirma tiyinli buxanka-yu uch tiyinli gazlangan suv bilan oʻlchanadimi?!
Shoʻro hukumati kishilar ongida pulga nisbatan befarqlik, hatto nafrat ruhini shakllantirishga oʻla solib urinar, “Pul – qoʻlning kiri” degan aqida har qadamda miyaga quyilar edi. Hatto “Kommunizmda pul boʻlmaydi, hamma narsa tekinga taqsimlanadi!” degan choʻpchak ham bor ediki, bularning bari omma nigohini reallikdan uzishga, uni befarq, karaxt va hardamxayol ushlab turishga qaratilgan edi. Buni aslo nafsga qullikka qarshi yoʻnaltirilgan muborak eʼtiqod bilan qorishtirib boʻlmaydi.
Aslida, pulga nisbatan befarq munosabatni tarbiyalash insonning oʻziga, qilayotgan mehnatiga, qadr-u qimmatiga nisbatan befarqlikni paydo qilish bilan barobar edi. Sharof Boshbekovning “Temir xotin” pyesasidagi Qoʻchqorvoy, uning ayoli Qumri sajiyasini eslaylik.
Holbuki, pulda mehnatkash insonning peshona teri, sarf boʻlgan kuch-u aqli, oxir-oqibatda, oʻtayotgan umrining qiymati aks etadi. Puldan, halol ishlash evaziga olinishi lozim boʻlgan haqdan nafratlanish, unga qiziqmaslik insonning oʻzligiga, mehnatiga nisbatan bepisandlik, befarqlik bilan tengdir...
Biz soʻlaqmonday gavdasi bilan bozorda angishvona sotib oʻtirgan, shuni oʻziga ep koʻrayotgan yigitlarni, “pul topishning aybi yoʻq” deya oʻzini bozorga solayotgan qiz-juvonlarni emas, dunyoning turli tillari, kompyuter texnikasi, ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy hunarlarni oʻrganib, jismoniy va aqliy mehnatiga yarasha moʻmay daromad topayotgan, ishbilarmonlikning turli shakllaridan unumli foydalangani holda ham oʻziga, ham yurtiga boylik orttirayotgan zamonamiz yoshlarini nazarda tutmoqdamiz. Shunday yoshlar ham Oʻzbekiston bagʻrida, uning non-suvini totib voyaga yetayotganidan koʻz yumish adolatdan boʻladimi?
Agar aniq misollarga toʻxtalish kerak boʻlsa, shaxmat boʻyicha jahonning oʻn yettinchi chempioni boʻlishdek bemisl sharafga erishgan Rustam Qosimjonov amalga oshirgan ishning koʻlami va ahamiyatini bir tasavvur qilaylik. Osiyo qitʼasida demaymiz, chunki bu qitʼadan undan oldin hindistonlik Vishvanatan Anand bu rutbaga erishgan edi. Biroq Rustamjon Osiyodan kengroq geografik koʻlamda – yuzlab millat va elat vakillarini jamlagan qariyb 1,3 milliardli musulmon ahli orasida birinchi va hozircha yagona Jahon chempionidir! Boʻlib ham, quruq jismoniy kuchning emas, aqliy va ruhoniy quvvatning jamuljamini talab qiladigan, eng qadimgi aqliy bellashuv – shaxmat choʻqqisi uzra Vatanimiz bayrogʻini oʻrnatdi!
Kamina Toshkent xalqaro aeroportida karnay-surnay ila kutib olingan Rustamjon usti ochiq avtomobilda, koʻchalardagi oʻn minglab yurtdoshlari olqishi aro Oʻqchi koʻchasidagi, bor-yoʻgʻi ikki sotix yerdagi uch xonali ota hovlisiga kuzatib kelingan lahzalarni yaxshi eslayman. Aminmanki, bugun Ovruponing eng qimmat mehmonxonalarida, Toshkentdagi keng hovlilarda yashayotgan Rustamjon va uning oilasi tushlariga oʻsha ota uy tez-tez kirib turadi. Chunki bu yigit va uni elga qoʻshgan zahmatkash ota-onasi hayotini tirikchilik qilishga emas, insondek yashashga, INSONNI TARBIYALASHGA baxsh etganlar!
Millatimizning kuch-qudrati, imkoniyatlariga shubha bilan qarayotgan, aslida na uzoq va na yaqin tarixdan durustroq xabari boʻlgan kishilarga javoban yana bir-ikki dalilni keltirish bilan cheklanamiz.
Bilasizki, dunyoda “Ginnesning rekordlar kitobi”ni yuritadigan alohida tashkilot bor. Kaminaning ojiz fikricha, agar shu muassasa mutasaddilarida ozgina insof va adolat boʻlsa, oʻzbek xalqi faqatgina XX asrda erishgan kamida ikki beqiyos natijani shu kitobga, kechroq boʻlsa ham muhrlashlari lozim. Qaysi voqealarni nazarda tutyapsiz dersiz?
Birinchisi: 1939-yilning yozida vodiy hududida 45 kun ichida qazib bitkazilgan Katta Fargʻona kanali qurilishi!
Qariyb 350 kilometr uzunlikdagi bu inshootning haqiqiy koʻlamini tasavvur qilmoq uchun, masalan, Andijon viloyatining Kuyganyor maskaniga borish, kanalning oʻzi, uning ustiga qurilgan avtomobil va temiryoʻl koʻpriklarining mahobatini koʻrish kerak. Va dunyo tarixida shu muddat ichida bu qadar katta natija boshqa qayd etilganmi, degan savol ustida jiddiy oʻylasa boʻladi. Keyin esa oʻzbek xalqining aksar qoʻl kuchi, ketmon, kirka va belkurak bilan amalga oshirgan mehnati mahsulini dunyoga dongʻi taralgan Suvaysh, Panama kanallari koʻlamiga solishtirib koʻrish, oxir-pirovardida shu qiyoslardan adolatli xulosa chiqarish kerak. Kaminaning sof shaxsiy bir xulosasi mavjudki, mavridi kelibdi, u bilan ham oʻrtoqlashay: bugungi dunyoning manaman degan toʻrt-beshta davlati bosh qoʻshib, zamonaviy texnika, mutaxassislar, ishchi kuchi va milliardlab mablag‘ tashlab ham qirq besh kunda buncha uzunlik va koʻlamdagi kanalni qazishi amrimaholdir.
Ikkinchi misol. Oʻtgan asrning 80-yillarida oʻzbek xalqi uch-toʻrt oy davomida eng ogʻiri besh-olti gramm boʻlgan milliardlab chanoqlardan asosan qoʻl kuchi bilan qariyb 6 million tonna paxtani yigʻib oldi. Bu hodisa bir necha yillar davomida takrorlandi. Tasavvur qilyapsizmi, “million egatlarga sochilgan” (Abdulla Oripov) xalq grammlab yigʻib, umumiy xirmonni millionlab tonnaga yetkazardi!
Aytishingiz mumkin: AQSh ham bir yilda 7-8 million tonna paxta yetishtiradi-ku, deb. Toʻgʻri, yetishtiradi. Biroq u yurtning fermerlari chigit ekishdan tortib yaganagacha, oʻtoqdan tortib chekankagacha, gʻoʻzani dorilashdan tortib hosilni yigʻib olishgacha – barcha ishni mashina-texnika kuchi bilan bajaradi. Oʻzbek esa oʻsha millionlab tonnaning deyarli hammasini tilinib, qontalash boʻlib ketgan qoʻllari bilan yiqqan!
Ushbu natija dunyoning boshqa biror yerida uchraydimi? Bu xalqning mehnati va matonati, chidami va bardoshi yana qay bir xalqda bor? Biz moziy hodisalarini maqtamayotganimiz, aksincha, ushbu jonfidoliklar aynan ona xalqimiz tomonidan amalga oshirilganini taʼkidlayotganimizni alohida uqtirib oʻtirishga hojat boʻlmasa kerak.
Endi ayting, shunday xalqning aqliy, ruhiy, intellektual, jismoniy hamda iymoniy kuchi va imkoniyatlariga qoʻl siltash, bu xususda shubha-gumon urchitish, xalqni oʻzidan sovitish, hafsalasiga darz yetkazishdek harakatlarning eng yengil nomi kirdikor – gʻarazli va marazli yumushdir desak, kimningdir nozik koʻnglini ogʻritgan boʻlamizmi?!
Holbuki, biz esga olgan natijalar xalqdagi imkoniyatlarning bir qisminigina ishga solish evaziga qoʻlga kiritilgan. Imkoniyatlarning esa, shukrki, cheki-chegarasi yoʻq. Hali ongimizda, dunyoqarash va kayfiyatimizda isloh qilinishi, oʻzgartirilishi lozim boʻlgan nuqtalar qancha! Hali oʻzbekning maʼnaviyati yuksalishi, oʻzini tanishi va anglashi uchun talab naqadar ulkan! Hali tirikchilik oʻtkazish uchungina yashayotgan, Olloh ato etgan omonat umrni bitta ustara-yu bitta qayroqqa bogʻlab qoʻygan, haqiqiy YASHASH amalini egallamagan kishilar kammi?
Holbuki, bugungi hayot bizga YASHASH IMKONIYATIni berib, undan qanday foydalanish huquqini ham oʻzimizga havola etmoqda. Bas, bu imkoniyat behuda ketmasin, “aziz umrimizning aziz onlari” oʻz qadriga, maʼno-mazmuniga ega boʻlsin. Zero, “Bir onning bahosin oʻlchamoq uchun / Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz”.
Biz kimgadir aql oʻrgatish fikridan yiroqmiz, albatta. Asl maqsadimiz – maqola boshida aytganimiz: bu dunyoga kelgan har bir inson qatori zimmamizda boʻlgan burch va majburiyatlarni, bizni issiq bagʻrida oʻstirib voyaga yetkazgan yurt, nomini koʻtarib yurganimiz ulug‘ xalq oldidagi masʼuliyatni yana bir karra eslatmoq, xolos.
Rahmon QOʻCHQOR
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 4-son.
“Oltindan tarozi, olmosdan tosh” maqolasi