Toʻrt asrdan oshdiki, insoniyat Migel de Servantes chizgan oʻsha gʻalati qahramonga qarab goh kulib, goh yigʻlab kelmoqda: oriq ot mingan, zanglagan sovut kiygan va boshi ritsarlik dostonlari bilan gʻovlab qolgan chol. Maktab yoshidanoq bizga aytishadiki, Don Kixot – bu reallikdan uzilgan xayolparast, uning tegirmonlar bilan olishuvi esa bemaʼnilik timsoli.

Biroq yoshimiz ulgʻayib, hayotning temir qoidalari boʻynimizdan boʻgʻishni boshlaganda, boshimiz “realizm” deb atalmish sovuq devorlarga urilavergach, beixtiyor oʻyga tolamiz: Aslida kim aqldan ozgan? Oʻz hayotini oliyjanob doston deb bilgan Don Kixotmi yoki uni masxara qilib, maqsadsiz kunlarni kechirayotgan biz, “sogʻlom” odamlarmi?

1-bekat: Yer ostidagi odam va “2x2=5”

Keling, Don Kixot fenomenini tushunish uchun biroz chekinamiz va ruhiyatning yana bir bilimdoni boʻlmish Fyodor Dostoyevskiyga yuzlanamiz. Uning “Yer ostidan maktublar” asaridagi qahramon gʻoyat nozik bir fikrni ilgari suradi: inson uchun eng katta fojia – bu “ikki karra ikki – toʻrt” degan “temir” mantiqdir.