Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil toʻldi.

Oʻz tilini saqlab qolish uchun kurash oʻzbek xalqining keyingi asrlardagi hayotida doim dolzarb va ezgu gʻoyalardan biri boʻlib keldi. Negaki, Chor Rossiyasi hukmronligining ilk davridayoq Turkistonda olib borilishi koʻzda tutilgan ruslashtirish siyosatining mohiyatida mahalliy xalqning tiliga nisbatan ham qattol munosabat bor edi. Sharqshunos-missioner N.Ilminskiy Chor Rossiyasi tarkibidagi turkiy xalqlarning yozuvini kirill alifbosiga oʻtkazish konsepsiyasini ishlab chiqdi [1: 43]. Garchi imperiya davrida buni amalga oshirishga jurʼat etishmagan boʻlsa-da, keyingi bolsheviklar mustamlakachiligi davrida bu ish osongina hal etildi.

Bu muhim masala, albatta, Turkiston ziyolilarining doim diqqat-markazida turdi. Ismoil Gasprali: “Millat bu – til va din birligi, ushbu ikki narsadan biri yoʻqotilsa, millat oʻzligini yoʻqotadi”, [1: 32] deydi. Jadid ziyolilari ham buni chuqur anglab yetgan edilar. Shuning uchun ham ona tili rivoji uchun qaygʻurishdi. Matbuotda barchaning eʼtiborini shu masalaga qaratishdi. Jumladan, Abdurauf Fitrat “Tilimiz” maqolasida shunday yozadi: “Dunyoning eng boy tili turkchadur, eng baxtsiz tili xud turkcha... Dunyoning eng boy tili boʻlgʻan turkchamiz yolgʻuz arabcha qumruqlar (zabt etilish) bilan emas, forsi(y)cha tepkilari bilan daxi ezilmishdir. Koʻzlarimizni toʻrt ochib qarayliq, dunyoning eng buyuk hakimi boʻlgʻan Ibn Sino turkdir. Ikkinchi Arastu atalgʻan Forobiy turkdir. Arab tilini mangulik tirgʻizib kelgan Javhariy turkdir. “Vahdati vujud” falsafasining imomlaridan boʻlgʻan Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotining paygʻambarlaridan boʻlgʻan Nizomiy daxi turkdir. Shu yerlarda otlari yozilgʻan kimsalar-da yolgʻuz turk ulusini emas, butun dunyoning ulug‘ kishilarindan erurlar... Bunlar oʻz bitiklarini turkcha yozsalar edi, bukun turk ulusining holi, ehtimolki, boshqa turli boʻlur edi. Baxtsizlik bundan-da ortiq boʻlurmikin?!” [2: 124] deydi.

Ashurali Zohiriy ham “turkiy tilning uzoq davr arab va fors tillari tazyiqi ostida qolib kelganidan, soʻnggi paytda esa uning butunlay “arabiy imlo tartibida yoziladirgʻon, oʻndan bir kalimasini ham kishi yozib anglamaydurgʻon bir darajaga yetib qolgʻonligʻidan” qaygʻurar ekan, shunday yozadi: “Buning bilan kundan kun, yildan yil oʻtkan sari tilimiz oqmay qolgʻon suvdak muzlamoqqa boshladi. Hatto baʼzi kishilarimiz arabiyga xeyli iqtidorli boʻlsa, oʻz tilimizning eng keraklik qoidalarini ham bilmaydurgʻon boʻldilar” [3: 30].

Jadid ziyolilari oʻzbek tilining qonun qoidalarini ishlab chiqish, lugʻatlar tuzish ishiga sidqidildan kirishishdi. Aytish joizki, bugungi oʻzbek adabiy tili rivojida Fitrat, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Elbek, Gʻozi Olim Yunusov singari tilshunos olimlar katta hissa qoʻshishdi.

Chor imperiyasi agʻdarilib, bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, mahalliy millatlarni boʻysundirish maqsadida 1918-yili turkiy til – davlat tili deb eʼlon qilindi. Albatta, keyingi 50 yil davomida hukumatga tilmochlar yordamida rus tilida murojaat qilgan Turkiston xalqini bu quvontirdi. Lekin koʻp oʻtmay maʼlum boʻldiki, berilgan vaʼdalar faqat qogʻozlarda qolib ketmoqda. Jadid ziyolilaridan biri Hoji Muin 1921-yili “Soʻz, qaror va ish” sarlavhali maqolasida buni afsus bilan: “Bu uch yarim yillik inqilobiy davrda koʻb soʻzlar soʻylandi, mitinglar qilindi, tashviqotlar etildi. Va gʻoyat mutaraqqiy yaxshi qarorlar chiqarildi, lekin yoʻq darajasinda oz ish qilindi... Turkistonda aksar aholi musulmon boʻldigʻi eʼtiborga olinib, mundan uch yil burun turkcha til – rasmiy davlat tili deb eʼlon etilsa-da, buni amalgʻa kirgizmak uchun hanuz jiddiy tadbir koʻrolmadik. Balki bu “eski hammom – eski tos” mazmunicha koʻp mahkama va idoralarda hanuz rus tili hukmfarmoyishdadir” [4], deb yozadi. Tarixdan maʼlumki, jadid ziyolilarining til masalasidagi orzulari ham amalga oshmadi, aksincha, koʻp oʻtmay ular millatchilikda ayblandi.

Bolsheviklar dohiysi V.I.Lenin 1922-yili “Lotinlashtirish bu – Sharqdagi ulug‘ revolutsiyadir”, deydi. Lotinlashtirish turkiy xalqlarni bir-biridan, tarixidan uzish uchun uzoqni koʻzlab qilingan siyosatga qoʻl kelar edi. Turkistonda 1930-yilga kelib eski arab alifbosidan lotin grafikasiga, 1940-yildan rus grafikasi asosida kirill alifbosiga oʻtildi. Bu Chor Rossiyasi davrida ishlab chiqilgan rejaning amalga oshishi edi.

Albatta, faqat alifbo oʻzgargani yoʻq. Sovet hokimiyatining oʻzbek tilini rus tili hisobiga “boyitish” rejasi oʻz samarasini bera boshladi. Ilgari bemalol qoʻllanib kelingan soʻzlar endi arxaik soʻz sifatida rus tilidan kiritilgan soʻzlarga almashtirildi. Bu haqda matbuotda bong urildi. Masalan, “Oʻzbek tilini koʻp asrlar davomida arab va fors soʻzlari bosib ketgan boʻlib, keng mehnatkashlar ommasi tushunishi qiyin boʻlgan arxaik terminlar bilan toʻlib-toshgan edi. Burjua millatchiligi taʼsiri ostida boʻlgan baʼzi matbuot xodimlari sotsializm qurilishi davrida vujudga kelgan yangi internatsional soʻzlarni arxaik, arab-fors soʻzlari bilan almashtirishga harakat qildilar. Masalan, ular “sovet” soʻzi oʻrniga “shoʻro”, “respublika” oʻrniga “jumhuriyat”, “doklad” oʻrniga “maʼruza”, “kommunist” oʻrniga “ishtirokiyun”, “sotsializm” oʻrniga “ijtimoiyun” soʻzlarini ishlata boshladilar. Partiya va sovet matbuoti bu oqimlarga qarshi kurash olib borib va oʻz amaliy ishi bilan oʻzbek tilining chet el soʻzlaridan tozalanishiga va oʻzbek tili lugʻat sostavining rus va internatsional soʻzlar, terminlar va iboralar bilan boyishiga yordam berdi” [5], deyiladi 1967-yili “Mahalliy matbuot xodimlariga yordam” jurnalida.

Shu tarzda oʻzbek tilidagi soʻzlarni “ruscha-internatsional” soʻzlarga almashtirishga ruju qoʻyildi. XX asrning 60–70-yillar matbuotini varaqlasak, har bir material sarlavhasida hech boʻlmaganda ikki yoki uchta rus tilidan kirib kelgan soʻz qoʻllanilganini koʻramiz. Masalan, “Planni oshigʻi bilan bajargan udarnik” singari.

Oʻsha davr haqida yozilgan maqolalarda tilni saqlab qolish uchun qilingan ishlar ham qayd etilgan. Jumladan, Ibrohim Rahim “Guliston” jurnaliga muharrir boʻlgach, “revolutsiya” – “inqilob”, “redaksiya” – “tahririyat”, “avtor” – “muallif”, “poeziya” – “nazm” yoki “sheʼriyat”, “proza” – “nasr”, “filosofiya” – “falsafa” tarzida ruscha soʻzlarning oʻzbekchasi muomalaga kiritiladi. Bu, albatta, “rus tiliga nisbatan qoʻpollik” deb qabul qilinib, jurnal bosh muharriri Ibrohim Rahim millatchi tamgʻasi bilan ishdan olinadi.

Shunday boʻlsa-da, oʻzbek ziyolilari qarab turishmadi. Qayta qurish yillarida matbuotda til masalasi bot-bot koʻtarildi. Nihoyat, mustabid tuzumning soʻnggi yillarida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga erishildi. Bugun davlatimizda boshqa tilni ikkinchi til sifatida qoʻllashni yoqlab chiqayotgan oʻzbek farzandlari oʻz ona tili mavqeyi uchun kurashish burchi ekanini unutib qoʻyayotgani yangi xavotirlarni uygʻotadi. Zero, tarix saboqlari unutilmasligi, millat sifatida kelajak uchun qay­gʻurish hissiyoti hech birimizni tark etmasligi lozim.

Nilufar NAMOZOVA,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti dotsenti

“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali 2024-yil 10-son.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Abdurashidov Z. Turkistonda jadidchilik. – Toshkent: Akademnashr, 2023.

2. Fitrat A. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Maʼnaviyat, 2006.

3. Togʻayev T. Ashurali Zohiriy va uning tilshunoslik merosi. – Toshkent: Nodirabegim, 2021.

4. Hoji Muin. Soʻz, qaror va ish. // “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1921-yil 26-may.

5. Sovet milliy matbuotining vujudga kelishi va mustahkamlanishi // Mahalliy matbuot xodimlariga yordam. 1964-yil 6-son.