Rustam Sobirovich Qosimov haqida soʻz borsa, suyukli adibimiz Oʻtkir Hoshimovning quyidagi gaplari yodimga tushadi. Yozuvchi maktabi yonidagi charxpalakni eslab yozadi: “Charxpalak kaftida suv koʻtarib, yuqoriga olib chiqadi... tepaga chiqib olgan suv ortiga qaytmaydi... Charxpalak ham bundan ranjimaydi. Yangidan yangi suv tomchilarini yuqoriga koʻtarib beraveradi...

Soʻng... bir haqiqatni angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qoʻmsar ekanman. 

Suv – suv emas, men ekanman! Charxpalak – charxpalak emas, oʻqituvchilarim ekan!

Meni – bir tomchi suvni katta hayot yoʻliga olib chiqib qoʻygan charxpalak – ustozlarim zahmatini oqlay oldimmikan? Bilmadim...”

Men 2017-2020-yillar ustoz Rustam Qosimov rahbarligidagi Davlat boshqaruv akademiyasida dekan boʻlib ishlaganman. Oʻsha paytda oldimizga yangilanayotgan Oʻzbekistonning zamonaviy fikr va gʻoyalarga ega, bilimli, vatanparvar kadrlarini tayyorlash vazifasi qoʻyilgan edi. Bu juda katta masʼuliyat va mashaqqat talab etardi.

Davlatimiz rahbarining oʻsha paytlar “Seni nima oʻylantiradi, deb soʻrashsa, hech ikkilanmasdan, kadrlar masalasi, deb javob beraman”, deya taʼkidlagani ham ilmli va malakali, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli, mehnatsevar, fidoyi mutaxassislarni topib, joy-joyiga qoʻyish mamlakat, xalq taqdiriga daxldor qanchalik muhim vazifa ekanini koʻrsatib turardi.

Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻygan mamlakatimizda yangi avlod kadrlarini tayyorlashdek masʼuliyatli ish aynan Rustam Qosimovdek zukko va maʼrifatli zot zimmasiga yuklatilgani bejiz emas edi.

Koʻp yillar davomida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, vazir oʻrinbosari, Bosh vazirning fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va madaniyat masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori kabi masʼul lavozimlarda xizmat qilgan insonning bu boradagi tajribasiga Prezident ham, hukumat rahbarlari ham ishonardi va bu yuksak ishonch oqlanganini keyinchalik hayotning oʻzi koʻrsatdi.

Oʻsha yillari Rustam Sobirovich, mashhur adib taʼbiri bilan aytganda, haqiqiy charxpalak vazifasini oʻtab, yuzlab boshqaruv kadrlarini tayyorlashga ulkan hissa qoʻshdi.

Agar kimdir mendan sening baxting, omading nimada, deb soʻrasa, hech ikkilanmay, mening baxtim – hayotimda koʻp ulug‘ insonlarga duch kelganim, ulardan saboq olib yashayotganim, deb javob beraman.

Ana shunday insonlardan biri Rustam Qosimov edi. U kishi bilan birga ishlagan kezlarim men nainki, rahbarlik mezoni va mahorati, jamoa bilan, odamlar bilan ishlash, muloqot qilish madaniyati, eng asosiysi, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilish nima ekanini anglab yetdim.

Hech esimdan chiqmaydi, ishga kirish uchun suhbatga tuni bilan tayyorlanganman, oʻqiganlarimni takrorlab, ingliz tilidan, qonun hujjatlaridan savol-javob boʻlishini oʻylab, shunga yarasha hozirlik koʻrganman.

Suhbat esa butkul boshqacha ruh va mazmunda kechgan.

Salom-alikdan soʻng ustoz jiddiylik bilan soʻraganlar: “Qayerdansan?”

“Olmaliqdanman”, – deb shoshib javob berganman.

“Xoʻsh, yaxshi, Olmaliq tarixini bilasanmi?”

Mana shu yerda mening, avvalo, oʻz ona shahrim, viloyatim, Vatanim tarixini sevishim, undan faxrlanishim qoʻl kelgan. Mana shu muhabbat meni tarixni chuqurroq oʻrganishimga sabab boʻlgan, jumladan, Olmaliq tarixini ham...

“Ha”, deganman ichimda quvonib va oʻqiganlarim, otamdan eshitganlarim asosida javob berganman. Shundan soʻng mahallam tarixi, muzeylar, muqaddas qadamjolar haqida soʻraganlar.

Bu suhbat hayotimda yangi sahifa ochdi: ishga qabul qilindim. Keyinchalik birga ishlab, yaqindan bildimki, Rustam Sobirovich nihoyatda millatparvar, yurtsevar inson ekan. U kishining koʻpgina hayotiy oʻgitlari hamon yodimda: “Hech qachon unutma, oʻz tarixini yaxshi bilgan odam, avvalo, yurtini yaxshi koʻradi, vatanni qadrlaydi, xalqqa xizmat qiladi. Har qanday bilim vatanparvarlik bilan bogʻlansagina, rivojlanishga xizmat qiladi”;

“Kayfiyating oʻta koʻtarinki yoki tushkun holatda boʻlsang, hech kimga hech narsani vaʼda qilma, qarorlarni faqat aql va tafakkur bilan qabul qil”;

“Prezidentimiz davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, demoqda. Akademiya bitiruvchilari mana shu talabga eng birinchi boʻlib “labbay” deb javob berishlari kerak”;

 “Akademiya bitiruvchilari, har bir boʻlajak rahbar-xodim, albatta, oʻzbek mumtoz adabiyotining eng nodir namunalarini oʻqigan boʻlishi shart”;

“Bilimli kadr – bu hali yaxshi kadr degani emas. Yaxshi kadr boʻlishi uchun u tarbiyali, millatparvar, yurtparvar ham boʻlishi kerak”.

Bu kabi hikmatli soʻzlar jonkuyar ustozning biz, yosh xodimlarga uqtirgan eng qimmatli pand-u nasihatlaridan bir shingil, xolos. Aslida, domla bilan birga kechgan yillarimning har bir kuni saboq, har soati tajriba bilan boyib boraverganini bugun anglab yetyapman.

Baʼzan oʻylab qolaman, kimdir maʼlum bir davrni tilga olib, men oʻsha yillari ustozlardan saboq olganman, deydi. Nazarimda, ustozlar sabogʻi yillar bilan emas, balki biz – shogirdlar qilgan ishlarning salmogʻi va samarasi bilan oʻlchanadi. Chunki, har bir ezgu amalimiz, harakatimiz, qabul qilgan qarorimiz ortida ulardan olgan hayot darsimiz natijasi koʻrinib turadi.

Rustam Sobirovichning bugungi koʻpchilik yosh rahbar-u mutaxassislar, ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqqa haddan ziyod berilib ketgan oʻgʻil-qizlarimizga oʻrnak boʻladigan bir ajoyib fazilati bor edi. Doimiy band boʻlishiga qaramasdan, u kishi mutolaaga albatta vaqt topardi. Har kuni kamida yuzlab sahifa kitob oʻqishdan tashqari, vaqtli matbuot nashrlari (ular orasida xorijda chop etiladigan gazeta va jurnallar ham boʻlardi), ilmiy maqolalar, yangiliklar bilan tanishib borishni oʻzlariga muntazam odat qilib olgan edilar.

Ha, ustozlarning har bir soʻzi – xazina, har bir harakati biz uchun maktabdir. Bugun oʻylab qarasam, Rustam Sobirovich oʻzlarining ezgu amallari, olijanob shaxsiyati bilan bizga mana shunday ibrat namunasini koʻrsatib ketgan ekanlar.

Ruhlari shod, oxiratlari obod boʻlsin.

Otabek HASANOV,

Respublika Maʼnaviyat va

maʼrifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori

“Jadid” gazetasi, 2025-yil, 5-sentyabr, 36-son