Bugungi raqamli dunyoda kim nima koʻrib, qanday yangiliklar oʻqishi va hatto nimaga ishonishini koʻp hollarda algoritmlar hal qiladi. TikTok, YouTube, Instagram, Facebook va X (sobiq Twitter) kabi platformalar foydalanuvchilarning eʼtiborini uzoqroq ushlab turish uchun har bir harakatlarini kuzatadi va mos kontentni tavsiya qiladi. Dastlab qulaylik yaratish uchun joriy etilgan bu tizimlar endilikda jamiyatga, siyosiy jarayonlarga va foydalanuvchilarning psixologiyasiga ham taʼsir koʻrsata boshladi.
Ushbu maqolada algoritmlarning qanday ishlashi, qanday psixologik va xulqiy oqibatlarga olib kelishi, real hayotdagi misollar hamda ularni tartibga solish boʻyicha dunyodagi eng muhim choralar koʻrib chiqiladi.
Algoritmlar qanday ishlaydi?
Dunyodagi yirik raqamli platformalar – TikTok, YouTube, Instagram, Facebook va X (sobiq Twitter) bizga koʻrsatiladigan post va videolarni murakkab algoritmlar orqali tanlab beradi. Bu algoritmlar foydalanuvchining qiziqishlari va harakatlarini oʻrganib, unga eng mos kontentni tavsiya qiladi.
Masalan, YouTube sizning tomosha qilgan videolaringiz, izlagan mavzularingiz, videoga bosganingiz (CTR) va uni qancha vaqt koʻrganingiz kabi maʼlumotlarga tayanib, har safar saytga kirganingizda sizga individual tavsiyalar beradi. Tadqiqotlarga koʻra, YouTubeʼdagi tomoshalarning 70 foizi aynan shu tavsiyalarga asoslangan. Yaʼni, platforma sizni ilovada uzoqroq ushlab turish uchun eng qiziqarli videolarni tanlashga harakat qiladi.
TikTokʼda esa “For You” (Siz uchun) sahifasi toʻliq algoritm orqali boshqariladi. Ilova siz ekran oldida nima qilganingizni signal sifatida oʻrganadi: qaysi videoni oxirigacha koʻrgansiz, qaysini darhol oʻtkazgansiz, qaysilariga layk bosib izoh qoldirgansiz – bularning barchasi tizim sizning didingizni tushunishiga yordam beradi. Shunga qarab TikTok sizga aynan yoqishi mumkin boʻlgan videolarni tanlab beradi. Bu yerda videoni koʻrish vaqti, layklar, izohlar kabi foydalanuvchi harakatlari juda muhim. Shuningdek, TikTok videodagi teglar, trenddagi musiqalar, koʻrishlar soni, hatto foydalanuvchining joylashuvi va qurilmasiga ham qaraydi.
Instagram dastlab postlarni vaqt boʻyicha (xronologik) koʻrsatgan boʻlsa, hozir u ham algoritmik tizimga oʻtgan. Endi sizning asosiy lentangiz va “Explore” sahifangiz siz kuzatayotgan odamlar va qiziqqan mavzularingizga qarab shakllanadi. Masalan, doʻstlaringizning qaysi postlariga koʻproq eʼtibor qaratganingiz yoki qanday videolarni koʻproq tomosha qilganingiz, sizga shunga oʻxshash kontent koʻrsatishga sabab boʻladi. Instagramʼning har bir boʻlimi – Feed, Stories, Reels va Explore alohida algoritmga ega. Storiesʼda yaqin doʻstlaringiz birinchi boʻlib chiqsa, Exploreʼda siz tanimagan, lekin sizga qiziqarli boʻlishi mumkin boʻlgan kontent aylanadi.
Umuman olganda, barcha platformalar asosiy maqsadi – sizni ilovada imkon qadar uzoqroq ushlab qolish va koʻproq jalb etishga harakat qilishdir.
Psixologik va xulqiy taʼsirlar
Bunday individual algoritmlar foydalanuvchiga qulaylik yaratib, oʻzlari uchun qiziq kontentni tez topishlarga yordam beradi. Biroq bu qulaylik ortida kuchli psixologik taʼsir mexanizmlari yotibdi. Platformalar inson miyasi qanday ishlashini yaxshi bilgan holda, dopamin deb ataluvchi “mukofot” gormonini uygʻotuvchi dizaynlarni qoʻllaydi. Har gal lentani pastga siljitsak yoki yangi “layk” olsak, miyamizda dopamin moddasi ajralib, yoqimli tuygʻu uygʻotadi. Shu tariqa, tarmoqlardagi uzluksiz scroll (lentani cheksiz aylantirish) va bildirishnomalar bizni xuddi qimor oʻyinlaridagi kabi tasodifiy mukofotlarga oʻrgatib boradi.
Stenford universiteti olimi doktor Anna Lembkenga koʻra, zamonaviy smartfon “giyohvand ukoli”ga oʻxshaydi. Biz har bir svayp, har bir layk va izoh orqali miyamizga kichik doza singari dopamin zarbasini yuboramiz. Natijada, ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan kuchli bogʻliqlik va qaramlik shakllanadi.
Yana bir muhim psixologik taʼsir bu – FOMO (fear of missing out), yaʼni nimadandir bexabar qolib ketish qoʻrquvi. Algoritmlar doimiy yangilanadi, har soniya yangi kontent paydo boʻladi. Foydalanuvchi esa “nimanidir oʻtkazib yuborayotgandek” his qiladi va tarmoqdan chiqishni istamaydi.
Masalan, TikTok cheksiz videolarni avtomatik yuklab turadi, YouTube esa bir video tugashi bilan boshqasini tavsiya qiladi. Bu “infinite scroll” va autoplay funksiyalari foydalanuvchini ekrandan uzoqlashmaslikka undaydi. Shuningdek, kutilmagan, qiziqarli postlarning vaqti-vaqti bilan paydo boʻlishi insonni yanada qiziqtiradi. Shuning uchun koʻpchilik rejalashtirganidan ancha koʻproq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazib qoʻyadi.
Yana bir muammo – bu algoritmlar yaratadigan “axborot pufakchalari” va “echo chamber” (aks-sado xonalari) hodisasi. Siz qiziq mavzularni koʻp koʻrsangiz, tizim aynan oʻsha yoʻnalishdagi kontentni taklif qilishda davom etadi. Masalan, fitna nazariyasiga qiziqqan foydalanuvchi borgan sari shunga oʻxshash, hattoki yanada keskin videolarni koʻra boshlaydi. Natijada, foydalanuvchining lentasi bir tomonlama axborot bilan toʻlib, turli qarashlarga joy qolmaydi. Bu holat “filtr pufagi” deb ataladi. Bunday sharoitda odam faqat oʻziga yoqqan fikrlarni eshitadi va ularni haqiqat deb qabul qilishi osonlashadi.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, faqat oʻz fikrlarini eshitadigan guruhlar vaqt oʻtib yanada radikal pozitsiyalarga siljishi mumkin. Shuning uchun mutaxassislar oddiy algoritmlar ham ayrim foydalanuvchilarni siyosiy yoki ijtimoiy jihatdan keskin qarashlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantiradi.
Hayotiy misollar
TikTokʼning Indoneziyadagi foydalanuvchilari soni 125 milliondan oshgan va bu platforma yoshlar uchun muhim axborot manbaiga aylangan. Ammo algoritmik lenta ustidan nazoratning yoʻqligi yolgʻon xabarlar va mish-mishlarning tez tarqalishiga sabab boʻlmoqda. 2024-yilgi saylovlar arafasida Indoneziyada TikTok (va boshqa ijtimoiy tarmoqlar) orqali koʻplab feyk yangiliklar tarqaldi. Mutaxassislar bu holat saylovga boʻlgan ishonchni susaytirishi mumkinligini aytib, xavotir bildirgan.
Yolgʻon maʼlumotlar millionlab odamlarning lentasiga tez tushib, jamiyatda keskinlikni kuchaytirishi mumkin. Bundan tashqari, TikTokʼdagi xavfli chellendjlar ham muammo tugʻdirmoqda. Masalan, “Oʻlim farishtasi” deb nomlangan chaqiruv trend boʻlib, oʻsmirlar harakatdagi yuk mashinalari oldiga sakrab video olishga harakat qilgan. Oqibatda kamida ikki nafar yigit halok boʻldi, bir necha oʻn nafari hibsga olindi. Bu kabi misollar TikTok algoritmi zararli va xavfli kontentni ham keng tarqatishi mumkinligini koʻrsatadi.
YouTube (radikallashuv). YouTube algoritmi koʻp bora tanqid ostida qolgan. Ayniqsa, baʼzi foydalanuvchilarni asta-sekin ekstremistik videolar tomonga yetaklashi mumkinligi aytilgan.
Masalan, amerikalik Kaleb Kane dastlab oddiy motivatsion videolar koʻrgan. Biroq bir marta fitna nazariyalariga qiziqish bildirgach, YouTube unga tobora konservativ va oʻng qanot targʻibot videolarini koʻrsatishni boshlagan. Kane bu videolarga berilib, bir necha yilda liberal fikrlaridan keskin pozitsiyalarga oʻtganini tan olgan. The New York Times gazetasi bu holatni oʻrganib, YouTube algoritmi ayrimlar uchun “ekstremizmga eltuvchi yoʻl” boʻlishi mumkin degan xulosaga kelgan. Chunki YouTube shov-shuvli videolar koʻproq koʻrilsa daromad oladi, algoritm esa aynan shunday kontentni uzluksiz tavsiya qilib foydalanuvchini uzoqroq ushlab turishga intiladi. 2019-yildan boshlab YouTube bu kabi keskin radikal kontentni kamaytirishga harakat qilganini bildirgan, lekin tanqidlar hanuz davom etmoqda.
Instagram (oʻsmirlar ruhiy sogʻligi). Instagram algoritmi foydalanuvchining qiziqishlariga qarab surat va videolarni doimiy taqdim etadi. Biroq bu platformaning vizuallikka asoslangan tabiati oʻsmirlarning oʻz tanasiga boʻlgan munosabatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Facebookʼning ichki tadqiqotlariga koʻra, Instagram foydalanuvchisi boʻlgan oʻsmir qizlarning 32 foizi oʻz qomati borasida oʻzini yomon his qilgan va bu hissiyot Instagram orqali kuchaygan. Idealizatsiyalangan, filtrlardan oʻtgan suratlar yosh foydalanuvchilar oʻzini boshqalar bilan solishtirishiga olib keladi. Ayrim hollarda depressiya va xudkushlik haqida oʻylar ham paydo boʻladi.
Tadqiqotga koʻra, britaniyalik yoshlarning 13 foizi oʻz joniga qasd qilish fikrini Instagramʼdagi tajribasi bilan bogʻlagan. Bu holatlar jamoatchilikning eʼtiboriga tushganidan soʻng, AQSh senatorlari Facebookʼdan izoh soʻragan va kompaniya rahbarini 2021-yilda senat eshituvida javob berishga chaqirgan. Instagram keyinchalik zararli kontentni cheklash va turli mavzulardagi postlarni tavsiya qilish kabi choralarni joriy qilganini aytgan. Ammo mutaxassislar bu muammo Instagram algoritmining tabiatiga singib ketgan deb hisoblaydi.
Algoritmlarni tartibga solish va nazorat qilish harakatlari
Soʻnggi yillarda algoritmlarning bu kabi kuchli taʼsiri hukumatlar va jamoatchilik nigohini oʻziga qaratdi. Turli mamlakatlarda platformalarni javobgarlikka tortish va foydalanuvchilarni himoya qilish boʻyicha tashabbuslar koʻrilmoqda.
Yevropa Ittifoqi (YI) 2022-yilda Raqamli xizmatlar toʻgʻrisidagi qonun (Digital Services Act, DSA)ni qabul qildi. Bu qonun texno-gigantlarga nisbatan eng qatʼiy talablarni belgilaydi. Platformalar oʻz algoritmi va kontent moderatsiyasi haqida koʻproq oshkoralik bilan ishlashi shart.
Facebook, YouTube, TikTok, Instagram kabi yirik platformalar endi Yevropa foydalanuvchilariga profilga bogʻliq boʻlmagan alternativ lentani taklif qilishi kerak, yaʼni foydalanuvchi istasa, faqat obuna boʻlgan sahifalarini xronologik koʻrishi mumkin. Bundan tashqari, platformalar algoritmlarining salbiy oqibatlarini (dezinformatsiya, saylovga aralashuv, nafrat soʻzlari) baholab, kamaytirish choralarini koʻrishga majbur. Mustaqil tadqiqotchilar va auditorlar platformalarning ichki maʼlumotlarini oʻrganish huquqiga ega boʻlishdi. Agar kompaniyalar bu qonunga rioya qilmasa, ularning global aylanmasining 6 foizigacha jarima solinishi mumkin.
AQShda ham ijtimoiy tarmoq rahbarlari Kongress eshituviga chaqirilib, ularga algoritmlarning zararli taʼsiri haqida savollar berilmoqda. 2021-yilda Facebook, Twitter va Google vakillari algoritmlarning siyosiy dezinformatsiyada tutgan oʻrni yuzasidan javob bergan. 2023-yil noyabrida esa AQSh Senatining sud-huquq qoʻmitasi oʻsmirlar ruhiy sogʻligʻi mavzuida maxsus eshituv oʻtkazdi. Meta kompaniyasining sobiq muhandisi Artur Bejar guvohlik berib, Instagram oʻsmirlarda tashqi koʻrinishga oid komplekslarni kuchaytirishini kompaniya bila turib bu muammolarni yashirishga harakat qilganini aytdi. Natijada, bolalarni onlayn zararli taʼsirdan himoyalashga qaratilgan qonun loyihalari taklif qilindi. Masalan, “Childrenʼs Online Safety Act” algoritmlarni voyaga yetmaganlarga nisbatan cheklashni, 13 yoshgacha boʻlgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni nazarda tutadi. Hozircha AQShda YIdagidek yagona federal qonun yoʻq, lekin bu boradagi bosim kuchaymoqda.
Hindiston ham platformalarni qatʼiy tartibga solmoqda. 2021-yilgi yangi AX (Axborot texnologiyalari) qoidalari asosida, ijtimoiy media kompaniyalari zararli kontentni tezda oʻchirish va foydalanuvchilarning shikoyatlarini koʻrib chiqadigan vakilni mamlakat ichida tayinlashi kerak. Bu qoidalar Twitter va Facebook bilan mojaro keltirib chiqargan – ular hukumat talab qilgan postlarni oʻchirmagan. Bundan tashqari, Hindiston hukumati 2020-yilda TikTokʼni butunlay taqiqlagan. Ular bu orqali aholining xavfli kontent va chet el taʼsiridan himoyasini taʼminlashni maqsad qilganini aytadi. Ammo tanqidchilar bunday choralarni hukumatning platformalar ustidan nazoratni kuchaytirish va noqulay axborotni yoʻqotishga urinish deb baholaydi.
Xulosa qilib aytganda, global raqamli platformalardagi algoritmlar biz koʻradigan kontentni koʻlankaday taʼqib etadi: qiziqishimizni topadi, bizga mos olam yaratadi va koʻz oʻngimizda axborot manzarasini shakllantiradi. Bu algoritmlar bir tomondan foydalanuvchiga yoqadigan, moslashtirilgan xizmat koʻrsatmoqda, boshqa tomondan real misollar inson psixikasi va jamiyatga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini isbotlamoqda. Bugun dunyo boʻylab hukumatlar va jamiyat algoritmlarning “qora qutisi”ni ochishga, ularni inson manfaatlariga xizmat qildirishga intilmoqda. Bu esa internet taraqqiyotining navbatdagi muhim bosqichi boʻlib, raqamli platformalar qanday masʼuliyat bilan ishlashini belgilab beradi.
Oyina.uz,
Navroʻza Boʻriyeva