Alisher NAZAR: Insonning qalbi iymon bilan nurlanmas ekan, u rohi rostdan toyib ketadi, toʻgʻri yashay olmaydi. Iymongina insonni Haq chegarasida ushlab turadi. Nurlanmagan qalbda muvozanat yoʻqdir. Muvozanati buzilgan insondan esa ehtiyot boʻlmoq lozim. Agar butunboshli jamiyatda muvozanat buzilsa-chi, bu endi juda xatarnok!
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining yarim yillik hisobotini oʻqib qoldim. Uni varaqlagan har bir aql egasida ichki xavotir uygʻonadi. Tasavvur qiling, oʻtgan yilning atigi yarmida davlat byudjetidan 592,5 milliard soʻm talontoroj etilgan. Vaholanki, biz uch-toʻrt yildan beri korrupsiyaga qarshi keskin urush olib boryapmiz. “Urush” ketayotgan bir vaqtdagi natijani qarang! Qiziq, bunday “jurʼat”ni qayerdan olyapmiz oʻzi? Qonunlardan qoʻrqmaymizmi? Balki tizimning oʻzi poraxoʻrlikka sharoit yaratib qoʻygandir? Odamning xayolidan oʻtadigan eng yomoni: nahotki, poraxoʻrlik milliy qadriyat darajasiga chiqib ketgan boʻlsa?..
Uzoq JOʻRAQUL: Suhbatimizni ayni mohiyatdan boshladingiz. Buning uchun sizga tashakkur aytaman. Illo, ilk savolda gap koʻp...
Hazrat Navoiy “Hayrat ul-abror”ning “avvalgʻi maqolat”ida yozadilar:
Bas, ani inson demak oʻlgʻay ravo
Kim, ishi iymon bila topqay navo...
Inson va jamiyatning oʻz nomiga loyiq boʻlishi uchun asos-tamal shu – IYMON. Siz sanagan jihatlar aslida sabab emas, vositalar, xolos. Darhaqiqat, qalbi aynigan odamni hech bir qonun eplay olmaydi.
Mana, korrupsiyaga qarshi eʼlon qilingan rasmiy urushdan gap ochdingiz. Bu kurash ortida avvalo hokimiyat, konstitutsiya, qonunlar turibdi, shunday emasmi? Ayni choqda, qirgʻoqning boshqa tomonini 35 millionli aholi egallagan. Endi tasavvur qiling, kuchlar nisbati qanchalik mutanosib? Bu qonunlar odam tomonidan yozilgani, odam tomonidan nazorat qilinishini eʼtiborga olsak-chi?..
Yana hazrat Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asaridagi bir rivoyatni eslashga toʻgʻri keladi. Asarda aytilishicha, hukamo xayliga mansub hurmatli zot – Barsisoy obid haqidagi bu rivoyatning manbasi oʻta ishonchli boʻlib, buyuk sahobalardan Ibn Abbosga (r.a.) borib taqaladi.
Alqissa, Barsisoy obid Iso alayhissalom shariatiga mansub ruhoniy, iymon-diyonatda zamonasining peshqadami boʻlgan, yetmish yil taqvo-yu ibodat yoʻlini mukammal tutgan. Natijada unga nisbatan xalqning ishonch-ixlosi haddan ziyod kuchaygan. Obid shu maqomda turgan kunlarning birida “Shayton ahli saloh suratida aning savmaasigʻa (ibodatxona) kelib, ibodatqa mashgʻul boʻldi va bir yilgʻacha oʻzin andoq toatqa mashgʻul koʻrguzdikim, Barsisoy aning ixtiolotigʻa (yaqinligi) mayl koʻrguzdi...”, yaʼni shaytanat vakili hiyla bilan obidning mahrami, sirdoshiga aylandi...
(Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” kitobida yozilishicha, iblisi laʼin ham aslida jin qavmidan edi. Ming yil chap va yana ming yil oʻng oyogʻida ibodat qildi. Natija oʻlaroq yer ostidagi makonidan osmonga koʻtarildi. Hatto farishtalar mudarrisi darajasiga yetdi. Zotan, iblisning Azozilga, yana qaytib Azozilning iblisga aylanishida Ollohning cheksiz hikmati yashirin edi. Navoiy yozgan “shayton ahli”ning obid xilvatxonasi va yuragidan joy olishining hikmati shuki, bu – yetmish yillik taqvo egasi uchun zoʻr sinov boʻldi.)
“Chaqirilmagan mehmon” obidga shunday bir duoni oʻrgatadiki, uning vositasida obid har qanday bemorni tuzatadi. Barsisoy mashhurligi ustiga ziyoda mashhurlik kasb etadi, el ichida bemisl obroʻga erishadi. Uning dovrugʻi mamlakat podshohi qulogʻigacha yetib boradi. Shoh obidga eʼtiqodi va eʼtimodi bois, koʻpdan bemor yotgan qizini uning xilvatxonasiga muolaja uchun keltiradi. Voqeaning davomini Navoiy bunday tasvirlaydi: “Obid muolajagʻa mashgʻul boʻlgʻonda koʻrmagan shakl bila kirub, shayton vasvasa ogʻoz qildi. Chun xilvat emin yer erdi va jamila behush, Obid masx fursatni gʻanimat tutti. Matlubi muyassar boʻlgʻondin soʻngra rafiqi hozir boʻlub dedikim, ajab ish qilding. Va ul ishi qabohatigʻa voqif boʻlub, iloj tiladi. Dedikim, iloji qatldurkim, bir yerda madfun boʻlgʻay...” Shayton vasvasasiga uchib, zino qilgan obid ikkinchi bor uning maslahati bilan qotillikka qoʻl uradi. Bundan xabar topgan podshoh obidni qatlga hukm etadi. “Rafiq” oʻlim vahimasida qolgan obid huzuriga yana bir taklif bilan keladi: “Bu balodin seni xalos qilay, agar manga sajda qilsang. Ul nodon bu ishni ham qildi, dagʻi maqtul boʻldi”. Haq huzuri va xalq nazarida ulug‘ martabaga erishgan obid shu tariqa uch mudhish jinoyat (zino, qotillik va shirk) sodir etdi, botil ichida oʻlim topdi. Odam uchun bundan-da dahshatli baxtiqarolik yoʻqki, keyinroq Lev Tolstoy “Avliyo Sergiy” asari kengliklari aro ayni gunohi kabira emini topishga urindi.
Gyote qahramoni Faustni yoʻldan ozdirish uchun Mefistofel ham biryoʻla uchta tuzoq qoʻyadi: boylik, martaba, ayol. Obidlikda Barsisoydan qolishmaydigan Faust ham adoqsiz iztiroblar ichra oʻrtansa-da, bu “neʼmat”larning barchasidan tatib koʻrishga jazm etadi. Asar xotimasida esa osmon va yerosti muakkillari orasida talash boʻladi.
Zimnida obidlik turgan bu uch voqea mif emas, ayni haqiqat. Xoʻsh, mardumning qay birini bunday sinovlardan emin deya olamiz? Mana gap qayerda, Alisherjon!
Alisher NAZAR: Uzoq aka, jamiyatimizning koʻplab sohalari qatorida taʼlim tizimining ravnaqi ham korrupsiyani yoʻqotishga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Hukumat oʻqituvchilarning maoshini ming dollarga chiqarishga vaʼda berdi. Lekin, nazarimda, bugungi vaziyatda bu chora oʻzini oqlamasa kerak, chunki korrupsiyalashgan tizimda tanish-bilishchilik, oshna-ogʻaynigarchilik battar avj olishi mumkin.
Bilasiz, bizda kadrlar masalasi jiddiy muammoga aylangan. Birinchidan, maktablarda malakali pedagoglar yetishmayapti. Maʼlumotlarga qaraganda, hozirda uch mingdan ziyod pedagogga ehtiyoj bor. Minglab oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar dars beryapti. Ularning bilim va malakasi talab darajasida emas.
Ikkinchidan, maktab darsliklarining ahvoli qoniqarli emas. Bittagina misol. 5-sinfning “Tarbiya” degan darsligi bor ekan. Mualliflarini qarang: Muhammadjon Quronov, Yuliya Risyukova, Oksana Tigay, Olesya Usmanova, Sanjar Hafizov. Yuliya, Oksana, Olesya. Qiziq, shu opalar bizning bolalarimizga milliy tarbiyani oʻrgatyaptimi shunda? Keling, quruq boʻlmasin, darslikning 90-betidan bitta jumla keltiraman: “Hashar bu shunchaki ommaviy tozalash ishi boʻlmay, balki bu oilada, avloddan avlodga yetkaziladigan xalq anʼanalarini hurmat qilish hamdir...” Jumladan nimani tushunish mumkin?
Mamlakatimiz boʻyicha maktablarning katta qismida laboratoriya xonasi yoʻq. Ayniqsa, qishloq maktablariga laboratoriya degan tushunchaning oʻzi begona. Ana shunday holatda faqat oʻqituvchilar oyligi oshirilishi bilan taʼlim tizimi oʻnglanib ketarmikan?
Uzoq JOʻRAQUL: Nazarimda, milliy taʼlim tizimimiz tanazzuli ancha oldinroq, Abdulla Qodiriy yozgan “uch xonlik davrlari”dan boshlangan. “Mehrobdan chayon” romanining “Xon koʻngil ochmakchi” degan boʻlimida maorif tizimidagi tanish-bilishchilik, mahalliychilik, millatchilik kabi illatlar shunchaki asar fabulasi yoki umumbadiiy talablar vajidan keltirilmagan. Sovet maorif siyosati esa shunday ham nurab toʻkila boshlagan ming yashar daraxtni butkul qulatish payida boʻldi. Maktab darsliklari maxsus reja asosida yo oʻz vakillari, yo ular yoʻrigʻiga yurgan “milliy kadrlar” tomonidan yozildi. Ularning maqsadi savodxon, erkin fikrli odamni emas, hazrati Behbudiy aytmish “qul-marquq”lar avlodini yetishtirish edi. Sovet siyosatchilarining oliy taʼlim tizimiga oid shunday maxfiy koʻrsatmasi boʻlgani haqida bir keksa domladan eshitganman: “Gʻayrirus musulmonlar, xususan, oʻzbeklar uchun shunday joʻn va absurdlashtirilgan darsliklar ijod etilsinki, talaba besh yillik taʼlim davomida nima oʻrganayotgani-yu keyinchalik kim boʻlishini anglay olmasin. Shuni ham eplab oʻqimagan, oʻzlashtirish koʻrsatkichi “qoniqarli”dan past boʻlgan shovvozlardan pora olinishiga keng yoʻl ochilsin”. Kim bilsin, ehtimol, bu gapda andak mahobat, mubolagʻa ham bordir. Ammo bugungi taʼlim tizimimizdagi siz sanagan va sanashga-da or qilganingiz aksar noqisliklar ildizi shunda deb hisoblayman.
Oʻqituvchi maoshi oshirilishiga kelsak, taʼlimni tiklash yoʻlidagi bir tadbir bu. Undan xayr umid qilinganiga shubha yoʻq. Xayrki, poraxoʻrlik daf boʻlsa, oʻqituvchi tark etgan maktabiga yana qaytib borsa...
Zamonaviy voizlar aytmoqchi, “Ushbu tadbir oʻzining samarali natijasini berdi. Koʻplab tajribali, iqtidorli oʻqituvchilar maktabga qaytdi. Xotin-qizlar korxonasiga aylanib qolgan maktablarda er mardum ovozi ham baralla yangray boshladi...” Inkor etmayman, maktablar gavjumlashdi, ammo tajribali, ilmli, iqtidorli oʻqituvchilar, fidoyi yigitlar hisobiga emas-da! Uzoq vaqt taʼlim dargohidan oyoq uzib, bozor havosini olgan, endilikda ishi yurishmay qolib, bugungi maktab oʻqituvchisi olayotgan maoshni-da topishga qurbi kelmay qolgan chala savdogar, chala muallim yoki oliy oʻquv yurtiga “bunker” hisobidan kirgan “yangi avlod” hisobiga! Alhol, ularning oʻquvchiga aytadigan gapi qayga boradi-yu oʻtayotgan darsligini kim yozgani bilan necha pullik ishi bor?!
Avvalo, maktab darsligining saviyasi oʻqituvchi savodi, saviyasi bilan bogʻliq. Shunday ekan, darslikni nazorat qiladigan shaxs yoki muassasa xalq taʼlimi vazirligi emas, maktab va oʻqituvchi boʻlishi kerak. Tanganing ikkinchi tomoni ham bor: mashgʻulotni qoʻlidagi darslig-u konspektdan bosh koʻtarmay oʻtadigan oʻqituvchi bosma harfda chop etilgan bunday “tilsim” haqida eʼtiroz aytishi mumkinmi? Shu saviyadagi oʻqituvchidan nima kutamiz-u u oʻqitgan oʻquvchi kim boʻladi?..
Sabab nima deb soʻrarsiz? Noqis aqlim yetgan sabablarning sababi bitta – uzoq yillar oliy taʼlim sohasini moʻr-malaxdek egallagan poraxoʻrlik balosi. Ehtimol, rishvatparastlarning choʻntagi hali-hamon boʻshamagandir. Erkatoy farzandlari chet ellarda oʻqib kelib katta odam boʻlib ketgandir. Qurgan dangʻillama imoratlari yana yuz yillar osha savlat toʻkib turar ham. Alam shundaki, “bunker” degan ul baloning asorati millat ongini shu imoratlar buzilib bitganda ham tark etmogʻi qiyindir. 2016-yilga qadar shunday qabullar boʻldiki, “bunkerga kirmagan” talaba auditoriya hidiniyam hidlamadi. “Bunker”da test yechib, “xolis xizmat” qilgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga tugʻma geniy ham bas kelolmasdi. Oʻzimnikidan qiyos, maktabda risoladagidek oʻqigan, uyda oʻzim maxsus ilm bergan, bunga ham qoniqmay repetitorga qatnagan qizim toʻrt yillab imtihondan oʻtolmadi...
Toʻgʻri, bugun “bunker” ofatidan qutulgandirmiz. Ammo maktab, oliy oʻquv yurtlari, akademik ilm maskanlarida javlon urib yurgan “bunkerboy-u bunkeroylar” qutqusidan yaqin yuz yilda qutulishimizga koʻzim yetmaydi. Ular nainki taʼlim degan daraxt tomiriga, ijtimoiy maydonda ismi daraxt boʻlsa, hammasiga birdek tahdid solib turibdi. Bu gaplarimni sotsiofobiyaga yoʻyasizmi, pessimizmgami – ixtiyor sizda, inim!
Alisher NAZAR: Albatta, soʻnggi yillarda ijtimoiy hayotimizda boʻlayotgan yangilanishlardan koʻz yumib boʻlmaydi. Har bir sohada oʻziga xos islohotlar boshlangani rost. Ammo kishini oʻylantiradigan bir jihat bor: hanuz ishlash tizimi oʻzgarmay qolayotgandek. Misol uchun, davlatimiz rahbari viloyat safari chogʻi xarob bir mahallaga borib, mahalliy hokimiyat vakillariga qattiq tanbeh berdi. Tabiiyki, tez orada oʻsha mahalla tumandagi namunali hududlardan biriga aylandi. Demak, shu ishni qilsa boʻlar ekan! Ammo prezidentning mamlakatdagi har bir qarovsiz mahallaga kirib-chiqish imkoni yoʻq. Qolaversa, har bir mahallaga davlat rahbari borib ahvolni oʻnglasa, mahalliy hokimiyatning nima keragi bor? Nega ularni boqib oʻtiribmiz? Demak, tizim yaxshi ishlamayapti! Tizim ishlamasa, oʻzgarishimiz qiyin boʻladi. Mashinangiz yangi boʻlsa-yu, akkumulyator nosoz chiqsa, baribir yurmaydi. Yursa-yu, tormoz ishlamasa, falokat naqd deyavering!
Xalq va hokimiyat oʻrtasidagi qarashlar oʻzgarsagina tizim oʻzgaradi. Ochigʻini aytish kerak, bugungi hokimiyat vakillari qilayotgan aksar ishlarning tagida “tepa”ga yoqish istagi bor. Agar u “xalqqa yoqish” istagiga aylansa, hammasi boshqacha boʻladi.
Uzoq JOʻRAQUL: Bu masalada boya qisman fikr bildirdim. Muxtasar javobim shuki, qalb oʻnglanmas, luqmalar halollanmas ekan, hech narsa oʻzgarmaydi...
Alisher NAZAR: Ijtimoiy tarmoqlarda bir video tarqaldi. Yoshi elliklarni qoralagan bir ayol toʻshakda oʻtiribdi. Qarshisida mahalliy hokimiyat vakillaridan uch-toʻrt kishi qoʻl qovushtirib turibdi.
– Men kasalman, erim hech qayerda ishlamaydi, beshta bolamni qanday boqaman? – deydi ayol vajohat bilan.
– Mahallada “temir daftar”da turasiz, hokimiyat ikki-uch marta yordam puli ajratdi, imtiyozli kredit beramiz deyapmiz, yana nima qilishimiz kerak? – deydi hokimiyat vakili. – Voyaga yetgan farzandlaringiz bor ekan, ish taklif qildik, nega borishmadi?
– Hokimiyat ajratgan ikki-uch million soʻm nima boʻladi? Qizimga taklif qilingan ish uzoqda, qatnay olmaydi...
Soʻnggi vaqtlarda bunday voqealarga tez-tez duch keladigan boʻlib qoldik. Eng yomoni, bu hol soʻz erkinligi, haq-huquqlarni talab qilish, adolat uchun kurash deya taʼriflanadigan boʻldi. Aslida esa, xalqimizning maʼnaviy ahvoli qay darajaga kelib qolganidan darakdir bu! Nochor odamning hadeb nolishi, faqat imtiyoz olish payida boʻlishi, bizningcha, yaxshilik alomati emas. Tuppa-tuzuk odamlar mahallada joriy etilgan “temir daftar”ga kirib olishni omad sanay boshladi. Gʻurur va hamiyat oʻldi! Ayrim odamlar ongida “kerak boʻlsa davlat meni boqadi” degan tushuncha oʻrnashib olgandek...
Ayrim davlat idoralari ham “temir daftar”ning joriy etilishi aholini ijtimoiy himoya qilish yoʻlidagi eng muhim qadam, deya hisobot bermoqda. Vaholanki, odamlarni “temir daftar”ga kiritish emas, undan chiqarish muhimroq emasmi? Hammani “daftar”ga solib boqib boʻlmaydi, axir! Davlatning xalq oldidagi vazifasi, oʻz navbatida, fuqaroning davlat oldidagi burchi mavhum boʻlib qolayotgandek...
Uzoq JOʻRAQUL: Gap oʻzani oʻz-oʻzidan hazrat Navoiyga borayotganini qarang. Mulohazalaringiz mashhur Hotami Toy hikoyatini esimga soldi. Yaqin yillargacha ana shu hikoyat ostida qanday haqiqat borligini oʻylab yurardim. Tasodifan bir hadisni oʻqib qoldim. Unga koʻra, bir sahoba Paygʻambarimiz alayhissalomga qashshoqligi, yeyishga bir burda noni yoʻqligidan shikoyat qilib keladi. “Uyingda qoʻlga ilingudek nimang bor?” deb soʻraydilar undan Paygʻambarimiz (s.a.v.). “Eski qozon-u titilib ketgan boʻyradan boshqa hech vaqom yoʻq”, deya javob beradi sahoba. Shunda Muhammad alayhissalom sahobaga aytgan narsalarini olib kelishni buyuradilar. Oʻziga toʻq asʼhobga esa shu matohlarni ikki tangaga sotib olishni taklif etadilar. Bir sahoba qozon va boʻyra evaziga ikki tanga beradi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) qashshoqqa bunday yoʻl koʻrsatgan ekanlar: “Bir tangani roʻzgʻor ehtiyoji uchun sarfla, qolgan bir tangaga esa bolta bilan arqon sotib ol. Sahrodan oʻtin tashib boʻlsa ham oilang taʼminotini qilki, bu ish tilanchilik nomusidan aʼloroqdir”. Oradan sakkiz asr oʻtib, hazrat Navoiy oʻsha oʻtinchini johiliyat arabining gʻaniysi va saxovatpeshasiga qarshi qoʻydilar:
Sen dagʻi chekkil bu tikan mehnatin,
Tortmagʻil Hotami Toy minnatin.
Bir diram olmoq chekibon dast ranj,
Yaxshiroq ondinki birov bersa ganj...
Bilmadim endi, bugun mamlakatimizda yashayotgan mardum ham non emas, shon uchun yigʻlagan Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Navoiy, Boburlar avlodi-ku! Tilanmoq azobidan ortiqroq azob bormi oʻzi dunyoda! Siz aytgan holatga nafs quliga aylanib yetti otasini unutish, manqurtlashuvdan oʻzga qanday taʼrif-u izoh berish mumkin?!
Alisher NAZAR: Haqiqiy ijodkor ruhini sindirib boʻlmaydi. Isteʼdod – zamon va makon taʼsiridan xorijda. Shuning uchun ham haqiqiy adabiyot oʻlmasdir. Zero, haqiqiy adabiyotni talantlar yaratadi.
Biz millat oʻlaroq XX asrga tushkun ruhiyatda kirib kelgan edik. Biroq shunga qaramay adabiyot xalq hayotida Renessans davrini boshlab berdi. Soʻz sanʼatida yangi janrlar paydo boʻldi, izlanishlar boʻy koʻrsatdi. Xiva, Qoʻqon, Toshkent, Buxoro singari shaharlarda yangicha adabiy muhit yuzaga keldi. Pirovardida ana shu muhitdan milliy istiqlol gʻoyasi oʻsib chiqdi.
Uzoq aka, siz yangi davr adabiyotshunosligi vakilisiz. Bugungi adabiyot oʻz vazifasini qay darajada uddalayapti? Umuman, adabiyotga vazifa yuklab boʻladimi? Ayrim adabiyotshunoslarimiz soʻnggi yillarda zamonaviy oʻzbek adabiyotida yangi tendensiyalar, yoʻnalishlar paydo boʻlganini eʼtirof etmoqda. Bu yoʻnalishlar bugun qay darajada oʻz oʻquvchisini topyapti?
Uzoq JOʻRAQUL: Kamina yangi adabiyotda Qodiriydan boshqa oʻziga original yoʻl ochgan ijodkorni bilmayman. Choʻlpon kashf etgan shakllar, Usmon Nosirga xos yangi ohanglar xorij adabiyotida mavjud edi. Qodiriy yoʻli esa millat fojiasini umumislomiy maʼrifat koʻlamida tasvir etishga qaratilgani bilan yangi. Keyingilarning hammasi menga shu maqomdan quyida koʻrinadi.
Ehtimol, boshqalar keng planli taqlidlarni yangi yoʻnalish deb bilar. Ammo men jahon adabiyoti manbalarini ozmi-koʻpmi tizimli bilganim bois oʻzimni alday olmayman.
Zotan, olsak olishga arzigulik anʼanalarimiz shu qadar koʻpki, bunga jahonning qadimiylik daʼvosida boʻlgan har bir millati havas qiladi: Navoiyni yetishtirgan Sharq-islom adabiyoti yoʻnalishlari, badiiy tamoyillari, folklorcha tasvir va ifoda yoʻllari, xalq tili, idroklash va ifoda tarzi… Ammo ne tongki, yangi adabiyotimizning murgʻak ildizlari muttasil begona oʻzanlardan suv qidiradi. Oʻz anʼanalarini yangilashni ohorli yoʻl topishga munkar vasvasa deb biladi. Otasi aytgan hikoyalar yoʻlidan koʻra rasmiylashgan, qoliplashgan oʻzbek sovet hikoyalash yoʻlini afzal koʻradi. Momolari, amma-yu xolalari, onasi begidir qoʻllab yurgan soʻzlardan irganib, lugʻatdan soʻz izlaydi. Yozish – shu ahvolda.
Nima haqda yozish masalasi ham bundan pesh emas. Yolgʻizlik, rutubat, ufunat, ogʻriq, ongostining bejilov chirpanishlari, turli evrilishlar degandek. Freydizm, padarkushlik, shatahod (munkar tuygʻulardan qaytish) chegaralarini buzgan tuygʻularning joʻn va yalangʻoch ifodalari. Biz qachon bu yoʻsin uyalmay yozishga oʻtdik? Qachondan beri hatto sovet adabiyoti hayo qilgan, aytay desa Xudodan qoʻrqqan tuygʻularni bozorga soladigan boʻldik?
Sheʼriyatda esa yakkash maydalashuv jarayoni...
Bu haqda boshqa joʻyali fikr aytolmasam kerak.
Alisher NAZAR: Quyosh botib, atrof xiralashgan. Rutubatli samovotdan tushib kelayotgan qorongʻilik fonida besarhad oʻrmon yanada vahimali koʻrinadi. Oʻrmon chekkasida bir maymun nigohlarida gʻamginlik va umidsizlik qotib qolgan moʻysafidning qoʻlidan tutib uni oʻrmonga yetaklab ketyapti...
Bu – yozuvchi Nazar Eshonqul chizgan “kartina”. Toʻgʻrirogʻi, oʻsha “kartina”ning oʻquvchi sifatida mendagi taassuroti. Maymun – insoniyatning bugungi muammolari, butunboshli mamlakatlar va millatlarga daxl qilayotgan razolat, axloq mezonlarining yemirilishi oʻlaroq, Odamni qorongʻi oʻrmon sari sudrab borayotgandek.
Bashariyatning bugungi maʼnaviy ahvoliga qarasangiz, har birimizning ichimizda bizni oʻrmon sari tortqilayotgan bir maymun borga oʻxshaydi. Aslida-ku, bu maymun hamisha boʻlgan, keyin ham boʻladi. Demak, hamma gap uni madaniylashtira olishimizda.
Uzoq aka, ikkimizning ham niyatimiz pok, porloq ekaniga shubham yoʻq. Lekin suhbatimiz xiyla tushkun kechgandek. Mayli-da, bugun jamiyatimizga olqish-maqtovdan koʻra achchiq-nordon gaplar koʻproq manfaat keltirsa ajab emas.
Istaymizmi-yoʻqmi, har qanday mamlakatning yuksalishi xalqning umumiy saviyasiga borib taqaladi. Afsuski, bu borada ham maqtanmoqqa istihola qiladi kishi. Nima qilsak, koʻnglimizda maʼrifatga ehtiyoj ortar ekan?
Uzoq JOʻRAQUL: Ruxsat bersangiz, bu savolingizga yana Navoiy tilidan javob bersam:
Bas, ani inson atagʻil beriyo
Kim, ishidur sabr ila shukr-u hayo.
Boʻyla buyurdi nabiyi Hoshimiy
Kim, bu uch iymonning erur lozimi...
Xoʻsh, sabr, shukr, hayo kimlarda boʻladi deb soʻrasangiz, otasi harom luqma yedirmagan, onasi shukr-u hayoli boʻlgan avlodda, deya javob bergan boʻlar edim.
Publitsist Alisher NAZAR bilan
adabiyotshunos Uzoq JOʻRAQUL suhbati
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.
“Ildizlarimizni izlab” suhbati