Bir yozuvchi yoshlik chogʻida vokzal perronida oʻz poyezdini kutardi. Toʻxtab turgan poyezd vagoni eshigi oldidagi maydonchadan esa toʻladan kelgan, yirik basharali oʻspirin yigitcha unga qarab turardi. Poyezd sekin joyidan jilib, keta boshladi. Shu payt e yoʻq, be yoʻq haligi semiz yigitcha boʻlgʻusi yozuvchi betiga tupurdi. Tupurganda ham yaxshilab – mazza qilib tupurdi. U mazax qilib, kulib poyezdda joʻnab ketdi.

Oʻshanda bu boʻz bola nimani his etdiykin? Bizni haqorat qilishsa-yu, ammo javob qaytara olmasak – biz nimani his qilamiz? Poyezd ketib qoldi, biz esa yuzimizga tupuk sachragan holda perronda turibmiz – qalbimizda mutlaqo foydasi yoʻq gʻazab qaynaydi.

Yozuvchi bu voqeani ancha yillar esidan chiqarmadi. Yillar oʻtgach u anglab yetdi: bunday kaslar odamlarning shunday bir turiki – ular Surbetning avlodlaridir.

Bu kimsalar “qurbon”likka tanlagan odamining yuziga tupurish uchun poyezd yurishini maxsus kutib turishadi. Ular avval atrofga boqib kimnidir koʻz ostiga olib qoʻyishadi, keyin esa ogʻizlarini toʻldirib tupuk toʻplab, poyezd yurishi bilanoq yuzingizga tupurishadi. Ular uchun eng muhim narsa – jazosiz qolish.

Ular ijtimoiy tarmoqlarda anonim sahifalardan ustingizga magʻzava agʻdarishadi, tuhmat qilishadi, haqoratli sharhlar qoldirishadi. Ammo ular uchun eng asosiysi – jazosiz qolish! Ular oʻta qoʻrqoq boʻlishadi. Zolimlik va qoʻrqoqlik – yaqin qarindoshlardir, ular doimo juft-juft boʻlib yurishadi.

Keyinchalik yozuvchi adabiyotda muvaffaqiyatga erishib, katta shuhrat qozondi. U muhim bir xulosaga keladi – odamlar turfa-tuman boʻlishadi. Insonlar orasida yurgan surbetlar oʻzlarining aslida kimligini juda ustamonlik bilan niqoblashning uddasidan chiqa oladilar, ular boshqalar bilan birga xuddi oddiy odamlardek poyezdlarda yurishadi. Bu kimsalar qurbonni tanlash, uni tahqirlash, haqorat qilish, jon joyidan olishning hadisini olishgan.

Lekin ular qoʻrqoqdirlar, – yozuvchi mana shu haqiqatni anglab yetgandi. Ular fosh boʻlishdan va javob zarbasini olishdan qoʻrqishadi; ular kuchli odamlar, oyoq ostida xuddi ilondek sudralib yurishadi va oʻzlari zaif, xavfsiz, beozor deb bilganlarga hujum qilishadi.

Basharasi kepchikdek kallador oʻspirin qayoqqa ketgani bizga qorongʻu. Biroq biz hayotni poyezd deb tasavvur qilsak – oxir-oqibat barcha poyezdlar bir kun emas bir kun soʻnggi bekatga albatta yetib kelishadi. Va mana shu yerda barcha: yoʻlovchilar ham, kutib oluvchilar ham yuzma-yuz uchrashadilar.

Surbetlar oʻzlarining xulqi, feʼl-atvori va turish-turmushlarining qurboni boʻlishi muqarrar. Va ajoyib kunlarning birida oʻz xavfsizliklariga keragidan ortiq baho berib yuborganlarini tushunib yetishadi. Albatta kutilmagan joydan – barcha qilmishlari uchun javob olishadi. Hayotlarini esa doimo qoʻrquvda yashab oʻtishadi – qoʻrqoqning hayoti qanday kechishini bir tasavvur etib koʻring-a?!

Biz har qadamda saboq olib, tajriba toʻplab borishimiz zarur. Odamlar har xil boʻlishadi va shu bois hayot deb atalmish “vokzal”da doimo hushyor boʻlishimiz kerak. Hech narsa jazosiz qolmasligini hech qachon esdan chiqarmang! “Ketib qolgan poyezd” ichida nimalar sodir boʻlganini shunchaki bilmaymiz. “Oxirgi bekatda” barchasidan voqif boʻlamiz. Balkim, soʻnggi bekatga yetmasdan qilmishlari uchun kimdir oʻz “nasiba”sini olganiga guvoh boʻlarmiz...

Anna KIRYАNOVA,

yozuvchi va psixolog

Jaloliddin Safoyev tarjimasi.