Nima uchun bu qadriyatlar muhim? Milliy qadriyatlarning aniq shakllantirilgan roʻyxati bormi yoki boʻlishi kerakmi?
Keling, bu masalaga kengroq yondashaylik. Shu choqqa qadar olim-u mutaxassislar “qadriyat” tushunchasiga turlicha taʼrif bergan. Ulardan ayrimlarini keltirib oʻtamiz: “Qadriyat deyilganda inson va insoniyat uchun ahamiyatli boʻlgan millat, elat va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari va maqsadlariga xizmat qiladigan va ular tomonidan baholanib, qadrlanadigan tabiat va jamiyat neʼmatlari, hodisalari majmuini tushunmogʻimiz lozim”[1]. “Qadriyatlar – jamiyatda kishilar oʻrtasida obroʻga, eʼtiborga, hurmatga, nufuzga ega kishilar, munosabatlar, holatlar, moddiy narsalar va maʼnaviy boyliklar majmuasi”[2]. “Qadriyat inson va jamiyat maʼnaviyatining tarkibiy qismi, olamdagi voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab va tartiblarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladigan tushuncha”[3]. “Qadriyat – voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy-maʼnaviy ahamiyatini koʻrsatish uchun qoʻllanadigan tushuncha”[4].
Demak, bu taʼriflardan qadriyat – biz uchun qadrli boʻlgan urf-odat va anʼanalarimiz, hayotiy prinsiplarimiz deb xulosa qilish mumkin. Oʻz navbatida qadriyatlar milliy va umuminsoniy qadriyatlarga boʻlinadi, yaʼni millat, xalq uchun xos boʻlgan qadriyatlar milliy qadriyatlar, butun bashariyat uchun xos boʻlgan qadriyatlar esa umuminsoniy qadriyatlar hisoblanadi.
Milliy qadriyatlarni ham mohiyatiga koʻra, tabiiy, moddiy, maʼnaviy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, axloqiy qadriyatlarga ajratish mumkin. Masalan, minglab yillar davomida shakllangan boy maʼnaviy xazinamiz biz uchun maʼnaviy qadriyat, halollik, poklik, ishonchlilik esa iqtisodiy qadriyatdir. Shunday boʻlsa-da, koʻpchilik mutaxassislar insonning oʻzi, hayoti, huquqi va erki, sogʻlom va farovon turmushini qadriyatlarning eng oliysi, deb hisoblaydi.
Xoʻsh, bugungi kunda dunyo mamlakatlarida qadriyat masalasiga qanday qarashadi? Ayrim misollarni keltirib oʻtsak.
AQSh. Maʼlumki, Amerika Qoʻshma Shtatlari aholisini turli xil millat va elat vakillari tashkil etadi, aniqrogʻi bitta millatning yaqqol ustunligi koʻrinmaydi, boshqacha aytganda qurama xalq. Bir qarashda ularning har biri uchun oʻziga xos qadriyat bordek. Bu fikr ham toʻgʻri, ammo millati va tilidan qatʼi nazar, butun mamlakat xalqi uchun birdek taalluqli qadriyatlar ham bor. Hatto ularning aniq roʻyxati ham shakllantirilgan. AQSh Davlat departamentining saytida berilgan maʼlumotga koʻra, qoʻyidagilar amerikaliklar uchun qadriyat hisoblanadi:
1. Independence (Mustaqillik);
2. Equality (Tenglik);
3. Individualism (Individuallik);
4. Democracy (Demokratiya);
5. Nationalism (Millatparvarlik);
6. Meritocracy (Meritokratiya);
7. Directness (Toʻgʻrilik);
8. Innovation (Innovatsiya);
9. Consumerism (Isteʼmolchilik);
10. Informality (Norasmiylik);
11. Efficient use of time (Vaqtdan unumli foydalanish).
Eʼtiborlisi, saytdagi manziliga qaralsa, bu maʼlumot “qiyin savollarga javob berish” (answering difficult questions) qismida berilgan. Chunki bu rostdan ham juda qiyin savol. Yaqinlaringizdan biri “bizning qadriyatlarimiz nima?” deb savol berganda javob qaytarishga urinib koʻringchi.
Daniya. Endi Amerikadan Yevropaga oʻtamiz. Daniya – Yevropadagi mittigina mamlakat, ammo u ham oʻzining shonli tarixi, bugungi taraqqiyoti va farovonligi bilan gʻururlana oladi. Daniyaliklar baxtiyorlik indeksi boʻyicha dunyoda eng oldingi oʻrinlarda turadi. Ana shu kichkina mamlakat ham oʻz qadriyatlari roʻyxatini aniqlab olgan. Bunda aholi orasida soʻrov oʻtkazish usulidan foydalanildi. Soʻrovda 325 ming kishi ishtirok etdi va ulardan 2500 ta taklif kelib tushdi. 2016-yilning 12-dekabrida Denmark Canon daniyaliklar uchun qadriyatlar roʻyxatini shakllantirgan . Roʻyxat quyidagicha:
1. Welfare society (Jamiyat farovonligi);
2. Freedom (Ozodlik);
3. Trust (Ishonch);
4. Equality for the law (Qonun oldida tenglik);
5. Gender equality (Gender tengligi);
6. The Danish language (Daniyaliklar tili);
7. Associations and voluntary work (Uyushmalar va koʻngillilar ishi);
8. Liberality/tolerance (Erkinlik/tolerantlik);
9. Hygge. Hygge is seen as a special way of being together in a relaxing, nice atmosphere (Xyugg bu xotirjam qiluvchi yoqimli bir muhitda suhbat qurishning oʻziga xos vositasi);
10. The Christian heritage (Nasroniylar merosi).
Eʼtibor qilgan boʻlsangiz, daniyaliklar umuminsoniy ahamiyatga ega qadriyatlar bilan bir qatorda oʻzlarigagina xos boʻlgan qadriyatlarni ham ilgari surmoqda. Buni ona tiliga, urf-odatlar va diniy eʼtiqodga boʻlgan hurmat misolida ham koʻrish mumkin.
Buyuk Britaniya. Endi Yevropaning yirik mamlakatlaridan biri – Buyuk Britaniyadagi holatga nazar tashlaymiz. Britaniyaliklar ham “Prevent” (“Oldini olish”) strategiyasi doirasida 2011-yilda oʻz qadriyatlarini aniqlab olgan. Mana ular:
• Democracy (Demokratiya);
• Rule of Law (Qonun ustuvorligi);
• Respect (Hurmat);
• Tolerance (Tolerantlik, bagʻrikenglik);
• Individual Liberty (Shaxsiy erkinlik).
Bu qadriyatlarni Britaniya maktablarida targʻib qilish boʻyicha qoʻllanma ham rasman tasdiqlangan. Unda shunday deyilgan: “Biz har bir maktab Britaniyadagi asosiy qadriyatlar boʻlgan demokratiya, qonun ustuvorligi, shaxs erkinligi va turli xil din vakillariga nisbatan hurmat va bagʻrikenglikni targʻib qilishini istaymiz”.
Rossiya. Rossiya ham oʻz qadriyatlarini aniqlab olgan. Rossiya Federatsiyasida 2025-yilgacha boʻlgan davrda tarbiyani rivojlantirish strategiyasida insonparvarlik, adolatlilik, or-nomus, iroda, shaxsiy qadr-qimmat, eʼtiqod va ezgulik, oʻzi, oilasi hamda Vatani oldidagi maʼnaviy burchini bajarishga intilish rossiyaliklarning qadriyatlari sifatida belgilangan.
Qadriyatlar nima uchun kerak? Aytib oʻtganimizdek, dunyoda har bir millat va xalqning oʻzligini anglashi va asrashi, shaʼnini ulugʻlashida qadriyatlarning oʻrni beqiyos. U oʻtmishni bugun bilan bogʻlab, kelajakka dadil qadam qoʻyishning muhim omili. Qadriyat millatidan qatʼi nazar mamlakat xalqini jipslashtirish va yagona kuch sifatida ertangi kunga teran nigoh tashlash vositasi. Teran va aniq fikrlash esa rejalashtirish ufqini kengaytiradi, ertangi kun oʻzi bilan nima olib kelishiga oydinlik kiritadi. Bu esa hamma vaqt halovat beradi. Demak jamiyatdagi tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik bevosita qadriyatlar bilan bogʻliq. Qadriyatlarni belgilash va targʻib qilishga qaratilgan saʼy-harakatlarni ham shu bilan izohlash mumkin.
Bizda ham qadriyatlar roʻyxatiga ehtiyoj bormi? Umuman olganda, dunyoda oʻziga xos qadriyatlari boʻlmagan millatning oʻzi yoʻq. Biz ham istisno emasmiz. Biz ham tariximiz, yashash tarzimiz, maʼnaviyatimiz, madaniyatimiz bilan uzviy bogʻliq boʻlgan qadriyatlarga egamiz. Ammo ularning eng muhimlarini belgilab olish va targʻib etish zaruratini ham eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak. Bizda ham bunga ehtiyoj bor, biroq hozircha bu borada aniq bir toʻxtamga kelingani yoʻq.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham qadriyatlarimiz oʻz aksini topgan. Buni xususan, bunyodkorlik gʻoyalariga sodiqlik, yuksak masʼuliyat, ijtimoiy adolatparvarlik, insonparvarlik, milliy totuvlik, xalqimizning urf-odatlari va anʼanalari, mafkuralar xilma-xilligi va erkinligi, ijtimoiy adolat, fuqarolarning qonun oldidagi tengligi, vijdon erkinligi, adolatli mehnat kabi tamoyillar misolida koʻrish mumkin. Konstitutsiya – hujjat. Konstitutsiyada belgilangan moddalarning hayotdagi ijrosini taʼminlash uchun unda aks ettirilgan gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash kerak. Buning uchun qadriyatlar bir-biriga mos tushishi kerak. Bu yerda qadriyatlarimizni aniqlab olish va tagiga chizib qoʻyish fursati yetgandir.
Agar biz Andijon, Surxondaryo va Xorazmdagi yoshlardan qadriyatlarimiz nima, deb soʻrasak, ular bir-biriga 90% yaqin qadriyatlarni aytsa, demak bizda hammasi yaxshi. Ammo “qadriyatlarimiz” deb 100 marta eshitgan 14 yoshli bola, ularning toʻliq roʻyxatini qayerdan koʻrib oʻrganishi mumkin? Hammaga tanishtirilgan qadriyatlar roʻyxati bormi, degan savol yuzaga keladi. Hozircha yoʻq. Bizda ham bu borada bir toʻxtamga kelib, aniq va tiniq qilib belgilasak, u yoki bu hodisa, qonun va xatti-harakatni baholashda qoʻl keladigan prizma yoki mezonni yaratib olgan boʻlardik.
Chunki qonun va qarorlardan tashqari qadriyatlar maydoni ham bir yoqadan bosh chiqarish, u yoki bu masalada konsensusga kelishda muhim qoʻllab-quvvatlovchi omil boʻlib xizmat qiladi. Eng muhimi, yoshlarning maktabni zamonaviy va Yangi Oʻzbekiston jamiyatiga tayyor va mos boʻlib bitirishida yordam beradi. Yaʼni uygʻunlashtirish masalasini hal etadi.
Masalaning yana bir jihati shundaki, agar qadriyatlarimiz roʻyxatini oʻzimiz aniqlab olmasak, kimdir chetdan turib uni biz uchun aniqlab berishga urinadi. Bunday holatda taqdirimizni biz emas, boshqalar belgilagan kun tartibiga koʻra yaratishimizga toʻgʻri keladi.
Yana bir boshqa variant – “qadriyatlar aniq belgilab boʻlmaydigan murakkab mavhum tushuncha va bu aniqlashtirib olish borasidagi urinishlar ish bermaydi, bu sunʼiy, yasama boʻlib qolaveradi” degan xulosaga kelish. Lekin nima uchun boshqa mamlakatlarda oʻz qadriyatlarini aniqlab olish va yozib qoʻyishga ehtiyoj tugʻildi? Nima uchun Buyuk Britaniyada ular aniqlab olindi va maktablarda Britaniya qadriyatlarini targʻib qilish buyicha alohida qoʻllanma chop etildi? Chunki bu har bir mamlakat uchun bir qator muhim vazifalarni hal etadi: majoziy maʼnodagi DNKni saqlab qolish, dunyo ahliga biz kim ekanligimizni va kim boʻlib qolishimizni bildirish, uygʻunlikni yaratish, oʻtmishdan kelajakka foydali dars, omonat, tirgak va mezonlarni yetkazish.
Har tomonidan muhokama qilingan va tasdiqlangan qadriyatlar suv va havodek zarur boʻladi. Buni qanchalik tez aniqlab olsak, shuncha yaxshi. Keyingi bosqich bu qadriyatlarni yoshlar bilan baham koʻrish va ularga shu qadriyatlarga suyanish va unga sodiq qolishni tavsiya etish, bu qadriyatlar ularga yuk emas, boʻron paytida boshpana, oyoqdagi tosh emas, kuch beradigan tirgak boʻlishini tushuntirish.
Agar yoshlar bu haqda fikr yuritishni lozim topib, shu aniqlab olinadigan qadriyatlarni ongli ravishda qabul qilsa va ularning zamirida katta hikmat borligiga ishonsa, demak bu qadriyatlar yashab qoladi.
Bizning milliy qadriyatlarimiz
Dunyoda har bir millat va xalqning oʻzligini anglashi va asrashi, shaʼnini ulugʻlashida qadriyatlarning oʻrni beqiyos. Xalqimizning minglab yillik boy tarixi, maʼnaviy merosi, turmush tarzi, hayotiy qarashlari va eʼtiqodidan kelib chiqqan holda muhim milliy qadriyatlarimiz ro‘yxati sifatida quyidagilarni taklif qilmoqchimiz:
1. Ota-onaga ehtirom;
2. Tozalik;
3. Harakatda baraka;
4. Oʻzbek tili;
5. Diniy bagʻrikenglik;
6. Soʻz erkinligi;
7. Lafz (qonun, burch va kelishuvga sadoqat);
8. Yelkadoshlik;
9. Mehmondoʻstlik;
10. Rozi-rizolik.
Albatta, ushbu qadriyatlar roʻyxatini tugal deyish nooʻrin. Uni takomillashtirish uchun keng jamoatchilik, ommaning ham takliflari inobatga olinishi zarur. Roʻyxat yurt ziyolilari, muhokamalar va tahlillar, milliy maslahat orqali qancha tez aniqlansa, shuncha yaxshi. Muhimi, dastlabki qadamni qoʻyish.
1. Ota-onaga ehtirom
Biroq qadriyatlar roʻyxatining shu taxlit tuzilishi bejiz emas. Maʼlumki, murgʻakning ulgʻayib kamol topishida ota-onaning roli nihoyatda katta. Oʻz navbatida farzand tarbiyasi ham ota-onadan juda katta masʼuliyatni talab qiladi. Ana shunday masʼuliyatli vazifani uddalay olgan ota-onalar yurt koriga yaraydigan, bilimli va tarbiyali farzandlarni voyaga yetkazadi. Farzand ota-ona uchun ulug‘ bir neʼmat boʻlgani kabi, oʻz navbatida farzandlar ham ota-onasini hurmat qilishi, eʼzozlashi xalqimizga xos milliy qadriyatlardandir. Ota-ona bilan muloyim gaplashish, ehtirom koʻrsatish, maslahatlashish, oziq-ovqati va kiyim-kechagidan xabar olish farzandlarning ota-ona rizoligini olishidagi muhim amallardir. Farzandlarning ota-onaga gʻamxoʻrlik qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham belgilab qoʻyilgan.
Ota-onaga hurmat va inson kapitalining rivojlanishi orasida empirik bogʻliqlik mavjud. Keksalarga ehtirom insonni jismonan va ruhan sogʻlom, kuchli va ishonchli qiladi. U boshqalarni hurmat qiladigan yaxshi hamkor boʻla oladigan (Maslou va Perls). Gʻamxoʻrlik qilish qobiliyati shaxsiy oʻsish, oʻzlikni anglash uchun zarur shartdir (Erikson va Maslou).
2017-yilda AQShda oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, ota-onasini hurmat qiladigan insonlarda martaba va shaxsiy hayotda muvaffaqiyat qozonish ehtimoli koʻproqligi aniqlangan[5]. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, ota-onasini hurmat qiladigan odamlarning oliy maʼlumot olishi, yuqori maoshli ishga joylashishi, barqaror munosabatlarga kirishishi, baxtli va barqaror turmush qurishi bilan bogʻliq holatlar koʻproq kuzatilgan. Bu shuningdek, ota-onasini hurmat qiladigan bolalarning jamiyatda sogʻlom turmush tarzi va masʼuliyatli xatti-harakatlarga (kognitiv va nokognitiv koʻnikmalarga) moyilligi bilan bogʻliq. Bundan tashqari, tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ota-onaga hurmat yuqori darajadagi oʻz-oʻzini tarbiyalash va majburiyat bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bu esa oʻz navbatida ish va shaxsiy hayotda muvaffaqiyat qozonish shartlaridan biri hisoblanadi.
2. Tozalik
Xalqimizning azaliy qadriyatlaridan yana biri – bu tozalikka rioya qilish. Tozalik, poklik, saranjom-sarishtalik bor joyda qut-baraka boʻladi. Eng muhimi tozalik salomatligimizni asrashning ham muhim shartidir. Bundan tashqari tozalik, ozodalikning estetik ahamiyatini ham unutmaslik kerak. Tozalik qalblarga koʻtarinki kayfiyat, quvonch baxsh etib, kishini ruhlantiradi.
Sanitariya holati (tozalik) va xastaliklar oʻrtasida kuchli bogʻliqlik mavjud. JSSTning Makroiqtisodiyot va salomatlik boʻyicha komissiyasi (2001) sogʻliqni saqlash va uzoq muddatli iqtisodiy oʻsish oʻrtasidagi bogʻliqlik odatdagi tasavvurdagiga nisbatan ancha kuchli deb taʼkidlaydi. Sanitariya – arzon sogʻliqni saqlash siyosati deb ham yuritiladi. Chunki bu siyosatning foyda koʻlami katta, xarajati kasalliklarni davolash uchun ketadigan xarajatlarga nisbatan ancha kam.
Sogʻliq esa inson kapitali tushunchasining 3 ta asosiy tarkibiy qismidan biri. Inson sog‘-salomat boʻlmas ekan, ishlash va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan faol boʻlish imkoniyatidan foydalana olmaydi. Inson salomatligi va uning taʼlim olishida toza suv va yaxshi sanitariya sharoiti qanday ahamiyatga ega ekanligini aniqlashga qaratilgan tizimli tadqiqotlarning 47 tasidan 20 tasida sanitariya talabiga javob bermaslik turli yuqumli kasalliklarga olib kelishi aniqlangan boʻlsa, 8 tasida maktabda davomatning pasayishiga sabab boʻlishi, 7 tasida oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqarishi, 7 tasida neyro-kognitiv tanqislikka olib kelishi ilmiy jihatdan aniqlangan (Jasper va b., 2012).
3. Harakatda baraka
Har bir insonning hayotda qanday yutuqlarga erishishi, qanday marralarni zabt etishi, jamiyatdagi oʻrni va obroʻsi koʻp jihatdan uning harakatlariga, ter toʻkishi va intilishiga bogʻliq. Agar bolakay yoki qizaloq yaxshi oʻqib, nufuzli oliy taʼlim maskanida tahsil olsa va yoki oʻz ustida tinimsiz ishlab yaxshi hunarmand boʻlib yetishsa, avvalo oʻz oilasi farovonligi, qolaversa Vatani taraqqiyotiga ham munosib hissa qoʻshadi. Axir xalqimiz orasida “harakatda baraka bor” degan naql bejiz paydo boʻlmagan. U minglab yillik hayotiy tajriba asosida paydo boʻlgan.
Mehnatsevarlik mehnat qilishga, savdo bilan shugʻullanishga, tejamkor boʻlishga undaydi (Veber, 1958)[6], bu esa iqtisodiy oʻsishga ijobiy taʼsir qiladi. Xitoydagi jadal iqtisodiy rivojlanishni tushuntirishda yordam beradigan omillardan biri bu madaniy qadriyatlardir (Mao va Su, 201[7]). Tarixiy jihatdan Konfutsiyning mehnatsevarlik, tejamkorlik, taʼlimning qadr-qimmati, oilaga hurmat madaniyati iqtisodiy samaradorlikni oshiradi. Bu nafaqat odamlarni mehnat qilishga undaydi, balki taʼlim va malaka oshirish orqali samaradorlikni oshiradi[8].
4. Oʻzbek tili
Millatning birinchi koʻrinishi – bu til. Shu bois ham dunyoda oʻzini hurmat qiladigan, ulugʻlaydigan har bir millat avvalo oʻz ona tilini ulugʻlaydi. O‘zga bir til ona tilidan ustun boʻlgan yurtda millatning oʻtmishi ham, buguni ham, kelajagi ham boʻlmaydi. Chunki oʻtmish, bugun va kelajak til bilan birga yashaydi, saqlanib qoladi va rivoj topadi. Biz oʻz oldimizga dunyodagi rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishdek maqsadni qoʻygan ekanmiz, avvalo ona tili va unga boʻlgan hurmatni qadriyat deb bilishimiz darkor. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emas. Milliy yuksalish haqida soʻz ketganda uning avvalo oʻzbek tili bilan bogʻliq ekanligini unutmaslik darkor.
Oʻz ona tilini yaxshi oʻqitish inklyuziv va sifatli taʼlimning asosiy omili boʻlib, taʼlim natijalari va akademik yutuqlarni yaxshilaydi (UNESKO, 2022[9]). Oʻz ona tilini mukammal bilish boshqa tillarni oʻzlashtirishni osonlashtiradi hamda jamiyatda koʻp tilda gaplasha oladiganlar sonini oshirish orqali iqtisodiy oʻsishga ijobiy taʼsir qiladi. Koʻp tillilik urf boʻlgan mamlakatlarning xodimlari koʻproq millat vakillari bilan erkin muzokaralar olib borish orqali muvaffaqiyatliroq eksport qilish va yangi texnologiyalarni tezroq oʻzlashtira olish kabi bir qator imtiyozlarga ega. Masalan, Shveysariya[10] YaIMining 10% ini koʻp tillilik merosi bilan bogʻlaydi.
5. Diniy bagʻrikenglik
Bugun Oʻzbekiston 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari uchun vatan. Garchi turli millat va elatlarga mansub boʻlsa-da, ularning barchasi Oʻzbekistonning bir butun xalqini tashkil qiladi. Yurtdagi tinchlik, farovonlik va ahillik millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik bilan chambarchas bogʻliq. Tinchlik-totuvlikning bardavom boʻlishi esa koʻp jihatdan diniy bagʻrikenglik tamoyili shu yurtda kamol topayotgan har bir yoshning ong-u shuuridan chuqur joy olishiga bogʻliq. 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ham Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash masalasi alohida maqsad sifatida bayon etilgani bejiz emas.
Diniy bagʻrikenglik tamoyiliga amal qiluvchi hududlarning turli xil jabhalardan kelib chiqqan muhojirlarni oʻziga jalb qilishi sanoat sektorida ishchi kuchining oʻsishiga olib keladi (Cinnirella va Streb, 2017). Boshqacha aytganda, korxonalar turli dinlarni hurmat qilish orqali koʻproq xaridorlar, ishchilar va hamkorlarni oʻziga jalb qilishi mumkin. Buning natijasida, diniy bagʻrikenglik ishchi kuchi bozorida innovatsiyalar, kreativlik va xilma-xillikka yoʻl ochib beradi.
Diniy bagʻrikenglik ijtimoiy birlashishni kuchaytiradi, kelishmovchiliklarni kamaytiradi va inson huquqlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Masalan, Somitra Jxa (2008)[11]ning fikriga koʻra, Hindistonning boshqa dinga mansub millatlar bilan savdo qiladigan port shaharlarida diniy bagʻrikenglik boshqa shaharlardagidan kuchliroq boʻlgan. Shuning uchun 1850–1950-yillar davomida ushbu port shaharlarda diniy tartibsizliklar boshqa hududlardagiga qaraganda 25 foiz kamroq boʻlgan. Keltirib oʻtilgan ushbu xususiyatlar rivojlanayotgan davlatlarda diniy bagʻrikenglikning mavjudligi diniy turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega (Bilim va Sevde, 2015[12]). Shuningdek, har qanday davlatda ijtimoiy va madaniy sohalarda bagʻrikenglik tushunchasini toʻgʻri anglash diniy turizmni yanada rivojlantiradi (Shinde, 2015[13]).
6. Soʻz erkinligi
Maʼlumki, bugun dunyodagi har qanday demokratik jamiyatning asosiy ustunlaridan biri bu soʻz erkinligidir. Soʻz erkinligi boʻlmagan jamiyat taraqqiyotda ortda qolishi, korrupsiya girdobiga tushishi, ijtimoiy adolatsizlikning avj olishini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Shuning uchun ham bugun va kelajakda soʻz erkinligini taʼminlash biz uchun ham eng muhim qadriyatlar sirasiga kirmogʻi darkor.
Soʻz erkinligi bilimlarni tarqatish, mahsulot va xizmatlar sifatini yaxshilash orqali raqobatni kuchaytirishga hissa qoʻshadi, bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga ijobiy taʼsir qiladi (Adam Smit, 1779). Shuningdek, soʻz erkinligi innovatsiyalarning rivojlanishiga olib keladi (Mill, 1859), innovatsiyalar esa, oʻz navbatida, iqtisodiy oʻsishning asosiy omilidir.
2016-yilda Pensilvaniya universiteti iqtisodchilari tomonidan olib borilgan tadqiqotda soʻz erkinligi va axborotning mavjudligi iqtisodiy oʻsishga taʼsir qilishi aniqlandi. Tadqiqot 100 dan ortiq mamlakatga oid maʼlumotlar tahliliga asoslandi. Natijalar soʻz erkinligi darajasi yuqori mamlakatlarda innovatsiyalarning rivojlanishi uchun imkoniyatlar koʻp boʻlgani va bu pirovardida iqtisodiy farovonlikka olib kelganini koʻrsatdi.
McKinsey & Company xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan olib borilgan yana bir tadqiqot soʻz erkinligi va maʼlumotlarning mavjudligi sarmoya va biznesni kuchaytirishi mumkinligini koʻrsatdi[14]. Tadqiqot dunyoning 25 ta mamlakatidan olingan maʼlumotlar tahliliga asoslangan boʻlib, natijalar soʻz erkinligi yuqori boʻlgan mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan korxonalar oʻsish va rivojlanish uchun koʻproq imkoniyatlarga ega ekanligini koʻrsatdi.
7. Lafz (qonun, burch va kelishuvga sadoqat)
Adolatli boshqaruv, ijtimoiy adolat, lafz, rozi-rizolik shu zaminda yashayotgan xalq tarixining uzviy bir qismidir. Bu borada koʻplab asarlar bitilgan. Xususan, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning hajman eng yirik epik asari boʻlgan “Saddi Iskandariy”da markazlashgan kuchli davlat va adolat tantanasi uchun kurash, insoniylik, lafzi halollik, shartnoma va kelishuvlarni oʻz vaqtida va ogʻishmay bajarish kabi qarashlar talqin etiladi. Har bir ishda adolat bosh mezon qilib olinsa, mamlakat obod boʻladi, xalq farovon yashaydi. Shu bilan birga, inson va uning hayotiga boʻlgan hurmat tarannum etiladi.
Rigobon va Rodrik (2004) qonun ustuvorligi iqtisodiy koʻrsatkichlar, ayniqsa, daromadlarga sezilarli ijobiy taʼsir etishini aniqlagan. Rajkumar va Svarop (2002) korrupsiya darajasi past va byurokratik sifat darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlardagina sogʻliqni saqlash va taʼlim uchun xarajatlarning ortishi bolalar oʻlimi va boshlangʻich maktabga borish darajasining yaxshilanishiga olib kelishini aniqladi. Barqaror, halol va samarali ish olib boruvchi hukumat uzoq muddatda, yaʼni barqaror oʻsishni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega (Jahon banki, 2008).
Adolatli jamiyatlar oʻz fuqarolariga jamoat tovarlari, ijtimoiy yordam va ijtimoiy kapitalni koʻproq taklif qiladi. Bu esa rivojlanish xarajatlari va foydasini boʻlishish va oʻz navbatida, oʻzaro kelishib hayot kechirish va qarorlar qabul qilishni taʼminlaydi (Deaton, 2003).
8. Yelkadoshlik
Jamoada ishlash madaniyatini rivojlantiradigan mamlakatlar biznes, tadqiqot institutlari va davlat idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish orqali iqtisodiy oʻsishni ham ragʻbatlantiradi. AQShda ish beruvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijasida doimiy ravishda hamkorlik, muloqot va jamoada ishlash qobiliyati yangi ishga yollashdagi eng muhim talablar ekanligi aniqlangan (NACE 2019). 2017-yilda AQShda bandlikning 78 foizi jamoada ishlash “juda muhim” yoki “oʻta muhim” sifatida baholangan kasblar ulushiga toʻgʻri kelgan (ONET, 2020).
Deloitte (2014) tadqiqoti natijalariga koʻra, Avstraliyaning hamkorlik iqtisodiyoti ulushi 46 mlrd dollarga teng va hamkorlik strategiyalarini takomillashtirish orqali YaIMni yiliga qoʻshimcha 9 mlrd dollarga oshirish mumkin. 66 foiz holatda jamoalar individual shaxslarga qaraganda yaxshiroq qaror qabul qiladi va 87 foiz holatda turli vakillardan iborat jamoalar yaxshiroq qaror qabul qiladi (Cloverpop). Xodimlar hamkorlikda ishlaganda ish surʼati oʻrtacha 15 foizga oshadi, innovatsion gʻoyalarning 60 foizi shakllanadi va xodimlarning 56 foizi oʻz ishidan koʻproq mamnun boʻladi (Deloitte).
9. Mehmondoʻstlik
Mehmondoʻstlik “Maslou piramidasi” boʻyicha muhimligi jihatidan insonning 3-darajadagi (fiziologik va xavfsizlikdan soʻng) ijtimoiylashuv ehtiyojini qondirish imkoniyatlarini oshiradi, yaʼni insonning doʻstlar orttirishi, oila qurishi, oʻzi uchun qiziqarli odamlar bilan tanishishini yengillashtiradi.
Shaxsning ijtimoiylashuv jarayoni osonligi uning ishga joylashish uchun koʻproq axborot olishi, yaxshi kayfiyat uchun sogʻlom boʻlishi, oilasi uchun keraklik hissi kabilar orqali uning farovonligi oshishiga, jamiyatda esa kambagʻallik darajasining pasayishiga olib keladi. Insonning asab tizimi mehmondoʻstlikka xos ruhiy xususiyatlardan kuchli taʼsirlanishini neyrofank ham tasdiqladi[15].
10. Rozi-rizolik
Rozi-rizolik – bu iqtisodiy farovonlikni doimiy ravishda tarbiyalaydigan va jonlantiradigan ijtimoiy omillardan biri.
Qiynalgan insonlarga yordam berish (altruism) va yaxshilikka yaxshilik qaytarish (positive reciprocity) oʻrtasidagi bogʻliqlik kuchli ekanligi va odamlar oʻzaro ijobiy munosabatda boʻlgan jamiyatlarda ishonch darajasi ham yuqoriligi aniqlangan (Frank va b., 2018). Bundan tashqari, bu koʻrsatkich, madaniyatdan qatʼi nazar, yuqori kognitiv qobiliyat bilan oʻzaro bogʻliq. Ishonch darajasi yuqori davlatlar va kognitiv qobiliyati kuchli insonlar istiqomat qiladigan muhit iqtisodiy jihatdan farovon boʻlishi koʻp ilmiy ishlarda isbotlangan.
Jon Nesh oʻzining ilmiy ishlarida oʻzaro raqobatga asoslangan “oʻyinlar” har doim ham iqtisodiy jihatdan optimal natijaga olib kelmasligi va aksincha, oʻzaro kelishuv hamma uchun eng maqbul yechimga undashini taʼkidlab oʻtgan.
Xulosa qilib aytganda, bugun biz asosiy qadriyatlarimizni belgilashda minglab yillik tariximiz, hayot tarzimiz, urf-odat va anʼanalarimizga tayanmogʻimiz darkor. Joriy yilning 11-aprelida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama etildi. Unda qayd etilganidek, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bandligini taʼminlash, ularni IT, xorijiy til, zamonaviy kasblarga oʻqitish, sportga jalb qilish, xorijdagi yoshlar bilan ishlash, milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning muhim shartidir.
Demak, qadriyatlar masalasini yana bir karra puxta oʻylab koʻradigan fursat yetdi.
Umid OBIDXOʻJAYEV,
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar
instituti direktori, iqtisodiyot fanlari doktori
[1] Qadriyatlar va ijtimoiy taraqqiyot (ilmiy ishlar toʻplami). – T: “Oʻzbekiston”, 1997. – B.198.
[2] Mustaqillik izohli ilmiy-ommabop lugʻati. (A.Jalolov va Q.Xonnazarov umumiy tahriri ostida). – T: Sharq, 1998. – B. 279.
[3] Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar izohli lugʻati. “G‘.Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi”. – T: 2010. – B. 707.
[4] Tarbiya ensiklopediyasi. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”. 2010. – B. 509.
[5] https://research.rug.nl/en/publications/the-role-of-the-relationship-with-parents-with-respect-to-work-or.
[6] Weber, M. (1958), The Protestant Ethic and the Spirit of Capitalism, Charles Scribnerʼs Sons, New York, NY.
[7] Mao, Y. and Su, D. (2012), “The hard-working culture is the root-cause of Chinaʼs Miracle”, The Financial Times, August 23.
[8] Shaomin Li, Seung Ho Park, David Duden Selover, (2017) “The cultural dividend: a hidden source of economic growth in emerging countries”, Cross Cultural & Strategic Management, https://doi.org/10.1108/CCSM-08-2016-0149.
[9] https://www.unesco.org/en/articles/why-mother-language-based-education-essential.
[10] https://www.weforum.org/agenda/2018/02/speaking-more-languages-boost-economic-growth/.
[11] https://dx.doi.org/10.2139/ssrn.948734.
[12] https://doi.org/10.1079/9781780645230.009.
[13] https://doi.org/10.1108/tr-10-2013-0056.
[14] https://muse.jhu.edu/article/623602.
[15]https://charterforcompassion.org/promoting-hospitality-as-a-way-of-life#:~:text=INTRODUCTION%3A%20THE%20VALUE%20OF%20HOSPITALITY,everyone%2C%20stranger%20and%20guest%20alike.