– Hojiakbar Nurmatov – aktyorlarning aristokrati.
– Hojiakbar Nurmatov – aktyorlarning shoiri.
– Hojiakbar Nurmatov – hayot sahnasining noʻnoq oʻyinchisi...
– Hojiakbar Nurmatov koʻksiga qamalgan ehtiroslarini YASHAY olmay ketgan INSON.
– Tuygʻulari choʻng, fikri hassos odam.
– U – oʻzbek sanʼatining Hamleti, yolgʻizlarning yolgʻizi edi!
Necha kundirki Hojiakbar aka bilan bogʻliq uch-toʻrt voqea meni tinimsiz taʼqib etyapti. Bilmayman, nega? Xotiralarga koʻchgan voqealar orasidan uning iztirobga toʻla koʻzlari, nurli qiyofasi xayol toʻlqinlarida tez-tez qalqib chiqyapti... Agar yozganlarimda jinday pafos sezsangiz meni kechiring, jinday shafqat qiling.
***
Oʻtgan asr saksoninchi yillarining oʻrtalari. Hamza teatrida bosh rejissyor Bahodir Yoʻldoshev ketgani tufayli talatoʻplar avjida, guruhbozlik kuchaygan. Raʼno Abdullayeva hokimiyatidan bebosh aktrisa Dilorom Karimovani partiyadan oʻchirish uchun buyruq keladi. Partiya majlisi chaqirilib, bir necha banddan iborat ayblar qoʻyiladi. Kotib hukmiga rozilar birin-ketin joʻr boʻlib qoʻl koʻtaradilar, “qarshilar bormi” degan savolga faqat bitta odam “Men qarshiman!” deb baland ovozda bu ommaviy tomoshaga eʼtirozini bildiradi. U – Hojiakbar aka edi!
Bu voqeani eslayapman-u, qaysidir ijodkorning sazoyi etilganida yoki qayerlardadir kimdir nohaq toshboʻron etilayotganida koʻzimizni loʻq qilgancha tomoshabin rolini qay darajada ado etdik, deb oʻz-oʻzimga savol beraman...
***
Oʻtgan asrning saksoninchi yillar adogʻi. Hojiakbar Nurmatovning hujjatlari “Xizmat koʻrsatgan artist” unvoni uchun MKga yuborilishi kerak. Oʻshanda aktyor “men Rimmadan oldin unvon ololmayman” deb aytgan ekan. Shu voqeani aktyorning oʻzlariga eslatganimda u kishi “Chunki Rimma opam teatrga mendan oldin kelib ancha-muncha rollarni oʻynagan edilar, dublyajda ham mendan koʻproq ish qilishga ulgurgandilar, faqat “ayb”lari bosh rejissyorning xotini edilar, shuning uchun papkalari qolib ketar edi. Chindan ham oʻshanda Rimma Ahmedova mendan koʻra haqli edi”, deb javob bergan edi...
Yigirma yil oldin bu gaplarni tabiiy qabul qilganman, xuddi shunday boʻlishi kerakdek tushunganman. Lekin bugun hayron aqlim bilan oʻylayman, hayratlanaman... Chunki nafslar ichida yengishning eng mushkuli shuhratga, eʼtiborga, eʼtirofga boʻlgan tashnalik ekan. Taomga, hirsga oylab roʻza tutgan kimsa oniy shuhrat shavqiga magʻlub boʻlishi hech gap emas. Ne-ne xalq shoirlarini, yozuvchilarni koʻrdim – oʻzgaga yarashib turgan oʻzga libosni oʻzlariniki qilib oldilar. Mehnati singmagan narsani meniki deb daʼvo qildilar... Ha, nomni oʻyladilar-u, shaʼnni oʻylamadilar. Sharafsizlikni sharaf deb bildilar.
****
Hojiakbar aka aytib qoldilar: “Men tantanali yubiley oʻtkazishdan qoʻrqaman. Tassavvur qiling-a, sahnada terlab-pishib oʻtiribman. Notiqlardan biri “Hojiakbar mard odam, vijdonli odam, halol inson” deb alqayapti. Lekin zalda oʻtirgan qorakoʻzlar ichida mening qayerdadir tuban tushganimga, yolgʻon gapirganimga guvoh boʻlgan koʻzlar bor. Oʻsha oʻtkir nigohlardan hayo qilaman”.
Qayerdadir moʻminning nigohidan qoʻrq, degan oʻgitni oʻqib qolgandim. Bu hikmatni basirat koʻzi ochiq odamdan, koʻngli koʻzga aylangan odamdan uyal, deb tushunganman. Demak, kim haqdadir yozayotganingda yo gapirayotganingda taʼrif-u tavsiflardan imkon qadar tiyil. Sening “qahramoning”ni sendan-da yaxshiroq taniydigan KIMdir bor... Oʻshandagina soʻzing ham, oʻzing ham burdingni yoʻqotmaysan.
***
Hojiakbar Nurmatovning suhbatini oʻqigan jurnalist Kamol aka shunday degan edi: “Chindanam bu aktyor boshqacha ekan-ey. Boshqalarga oʻxshamaydi. Qaysidir yil mustaqillik bayrami arafasida Hojiakbar Nurmatovdan dil soʻzlarini yozib olib, bayram sonimizning birinchi betida chiroyli rasmi bilan qutlov berishimiz kerak edi, “Uzr, ukam, men nimani oʻylasam shuni gapiraman, oʻzingizni ham, meni ham qiynamang” deb rad etgan”.
U yurt mustaqilligiga beparvo edimi? Yoʻq. U bu qutlovlar faqat bitta oʻquvchi uchun ekanini bilar edi. Undagi bunyodkorlik haqidagi bitiklar faqat bitta shaxsga maʼqul kelish uchun yozilishini bilardi. U soʻzlaridan taʼma va xushomadning hidi ufurib turishini oʻziga ep koʻrmasdi, xolos. Hojiakbar Nurmatov sahna va ekranda qanchalik “gibkiy” boʻlsa, yaʼni har qanday qiyofaga qanchalik oson kira olsa, hayot tomoshalarida oʻshanchalik noʻnoq, lekin aristokrat oʻyinchi edi...
Iqbol QOʻSHSHAYEVA