Bugungi global vaziyat mafkuraviy jihatdan har doimgidan koʻra koʻproq ogohlikni talab qilayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” asarida taʼkidlaganidek, ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalar, gʻarazli axborotlar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi “jozibador” tasvirlar va media mahsulotlar tarqalishining oldini olishga qaratilgan ishlarning natijadorligi sezilmayapti. Shu maʼnoda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi tashabbusi bilan TTV, 8 TV, “S-Iqbol”, ETV kanallari faoliyati yuzasidan monitoring oʻtkazildi.
Avvalo, eʼtirof etmoq joiz, keyingi yillarda Xorazm viloyatida media sohasida bir qator yutuqlarga erishildi. Viloyat teleradiokompaniyasi zamonaviy binoga koʻchib oʻtdi, zamonaviy uskuna va jihozlar bilan taʼminlandi. “S-Iqbol” hamda 8 TV teleradiokanallari dasturlari oldingi yillarga nisbatan sifat va mazmun jihatidan ancha boyidi.
Xorazm teleradiokanalining “Maʼrifatnoma”, “Assalom, Xorazm”, “Moziydan sado”, “Maʼnaviyat saboqlari”, “Javohirnoma”; “S-Iqbol” telekanalining “Maʼnaviyat studiyasi”, “Unutilmas qahramonlar”, “Otam – davlatim, onam – jannatim” kabi dasturlari, 8 TV telekanalida mumtoz kuy-qoʻshiqlarga qaratilayotgan eʼtibor xalqimizning madaniy-maʼrifiy salohiyatiga ijobiy hissa qoʻshayotir. Xorazm viloyat maʼnaviyat va maʼrifat kengashi hamda “S-Iqbol” teleradiokanali hamkorligida bir necha yirik loyihalar amalga oshirildi.
Xorazm viloyati teleradiokanallari chinakam sanʼat asarlarini targʻib etish bilan birga yosh ijodkorlar uchun ham oʻz isteʼdodini koʻrsatish uchun minbarga aylanganini taʼkidlagan holda efirga uzatilayotgan ayrim koʻrsatuvlar, kliplar mazmuni, qoʻshiqlar matni, reklama hamda eʼlonlardagi imlo xatolari jamoatchilikning haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. “Xorazm haqiqati” gazetasida bu haqda bir necha marotaba bong urildi, mavzu keng jamoatchilik orasida muhokama etildi. Ayrim telekanallar saviyasiga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda ham jiddiy eʼtirozlar kuzatildi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining viloyat boʻlimi mazkur masalada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKAga murojaat qilgan edi. Olingan javob xatiga koʻra, 2021-yilning 1-mart – 15-aprel kunlari monitoring qilingani, telekanallar rahbarlari bilan suhbat oʻtkazilib, tegishli tavsiyalar berilgani bildirilgan boʻlsa-da, afsuski, saviyasizlik va eʼtiborsizlik holatlariga hanuz chek qoʻyilmagan.

Shu yilning 5–6, 12–22-yanvar kunlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Xorazm viloyat boʻlimi tashabbusi bilan oʻtkazilgan monitoring asnosida telekanallardagi musiqiy chiqishlarning baʼzilarida milliy va maʼnaviy qadriyatlarimizga zid, behayolik va fahshni targʻib qiluvchi tasvirlar, sayoz va mantiqsiz jumlalar, sheʼriyat talablariga toʻgʻri kelmaydigan holatlar mavjudligi aniqlandi.
TTV telekanali misolida koʻrsak, 2022-yil 5-yanvar kuni soat 14:00 dan 15:00 gacha efirga uzatilgan musiqiy dasturda Bunyodbek Otajonov kuylangan “Kim, bu kim” qoʻshigʻida velosipeddagi besh-olti yigit yelkasi ochiq kiyingan qizning izidan:
Oyoqda baland koblok, yurib galyotir arang,
Gap yoʻq tarifina hech, qomati shundin tarang, –
kabi tuturiqsiz gaplarni takrorlagancha yuradi. 6-yanvar ertalabki dasturda Doston Ibodullayev kuylangan “Shoqqi” qoʻshigʻi shunday boshlanadi:
Shoqqi dasam shonqildab, ketib qolding toʻnqildab.
Soʻllashmisan qor atib, angak tiklab joʻnqildab.
Oʻsha kuni soat 11:05 da efirga uzatilgan xonanda Farrux tomonidan kuylangan “Koroleva” qoʻshigʻida ham mentalitetimizga xos boʻlmagan holatlar uchraydi. Aktyorlar bunda aqalli sahna odobiga ham rioya qilishmagan.
Toshvaqaning ustidin toshmi yuraging sani,
yo shunchalik boʻlolmimanmi garaking sani,
yoningga zangi qoʻyib chiqqidin-ku, osmondasan,
yo aslzodamisan, oqmi sugaking sani.
Taralalalilam, oʻy, oʻy, korolevam,
hayotim shirasi oʻzing rafaellam.
Afsuski, bunday holatlar Xorazm sanʼatining ulug‘ shoni va sharafiga katta dog‘ boʻlayotganini nafaqat mutaxassislar, balki oddiy tomoshabinlar ham koʻp bora taʼkidlamoqda.

22-yanvar kuni ertalab soat 7:30 dan 8:00 gacha uzatilgan reklama va eʼlonlar dasturida “Erkaklik quvvatini oshirish” va “Bepushtlikni davolash” mazmunidagi dori vositalari hamda xususiy klinikalar targʻib etilishi milliy mintaletimizga ziddir. Telekanallarni xususiy klinikalar va dori vositalari reklamalari bilan shugʻullanuvchi targʻibot maydoniga aylantirishga chek qoʻyish kerak. Shuningdek, eʼlonlar matnida va koʻngilochar dasturlardagi titrlarda yoʻl qoʻyilayotgan imloviy xatolar har qanday tomoshabinni ranjitishi turgan gap.

8 TV telekanali orqali efirga uzatilgan xonanda Sanʼatbek Atayevning “Mozzi-mozzi” qoʻshigʻida umuman mazza-matra topib boʻlmaydi. “Green grand garden” sanatoriyasi hamda “Hordiq” chipslari reklamalarida erkaklar ayollar kiyimida rol ijro etishi esa milliy gʻururimizga umuman toʻgʻri kelmaydi.

“S-Iqbol” telekanalida ham efirga uzatilgan koʻrsatuv, reklama va kliplar kuzatilganda imlo xatolari koʻp kuzatildi. “Ogʻaynilar shou” koʻrsatuvining 2-sonida “Rasma tushibarali” deb ayol kishining 50 ming soʻmga begona erkak bilan rasmga tushishi taklifi esa inson nafsoniyatini yerga uradi. Navroʻz Sobirovning “Goʻrishali”, Begzod Ismoilovning “Yalpildap” qoʻshiqlari kliplarida suratga tushgan qizlarning libosi va qiyofasi axloq meʼyorlaridan nihoyatda uzoq.

“ETV” (Ellikqalʼa) kanalida Ravshanbek Baltayev ijrosida “O, Mariya” qoʻshigʻiga ishlangan klip efirga uzatildi. Asosiy rolda suratga tushgan qiz ochiq-sochiq kiyimda. SMS orqali efirga yoʻllanayotgan tabriklar tanishuv vositasiga aylanib qolmoqda.

Shu kabi kamchiliklar bugun katta xatodek tuyulmasligi, jamiyat tomonidan normal qabul qilinayotgani achinarli. Xalqimiz asta-sekin bundan ham badtar “teleloyqa”larga koʻniktirib borilishi oqibatida ommaviy madaniyatning domiga tobora chuqurroq shoʻngʻishi hech gap emas. Bu esa oʻzlikdan mosuvo boʻlishga olib keladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “Kim oʻzini bir qavmga oʻxshatsa, bas, u oʻsha qavmdandir!”
Bekzod ABDIRIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining
Xorazm viloyat boʻlimi rahbari