Dastlab mustamlakachi imperiya, soʻng sovet hukumati yangi usul maktablari milliy madaniyatni oʻstirishidan choʻchidi, podsho hokimiyati va keyingi davrda SSSRning asl maqsadlari uchun xatarli deb baholadi. Shuning uchun ham yangi usul maktablarining faoliyatini cheklovchi turli tadbirlar koʻrdi.
1912-yilda Turkiston general-gubernatorligi yangi usul maktablari va eskicha anʼanaviy taʼlim muassasalari ustidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida farmoyish chiqaradi. Ushbu farmoyishdan bosh maqsad jadidlarning taʼlimdagi va yangi usul maktablari faoliyati ustidan qatʼiy nazoratni mustahkamlash edi. Fikrimiz isboti sifatida ushbu farmoyishdagi chora-tadbirlar mazmunini koʻrib chiqishning oʻzi yetarli:
1. Endilikda yangi usul maktablari Turkiston general-gubernatorligi maʼmuriyati rasmiy tasdiq ruxsatisiz ochilmaydi;
2. Jadid maktablari boshqaruv faoliyati siyosiy jihatdan ishonchli deb hisoblangan shaxslarga berilishi, yaʼni maktabni faqat hukumat nazoratiga toʻla tayanadiganlar boshqarishi lozim;
3. Bu maktablarda faqat imperiya senzura nazorati tasdiqlagan kitoblar qoʻllanilib, oʻquv jarayonida rus senzurasidan oʻtgan darslik va adabiyotlargina ishlatiladi;
4. Ruxsatsiz maktablarni ochgan shaxslar maktab ochishdan uzoq muddatga mahrum qilinadi;
5. Yangi ochilgan jadid maktabi qaysi millatga xizmat qilsa, oʻqituvchilari ham shunga mos boʻlishi talab etiladi. Yaʼni, oʻqituvchilar va maktabning milliy tarkibi bir xil boʻlishi;
6. Yangi ochiladigan maktablarni roʻyxatga olish va nazorat qilish Turkiston general-gubernatorligi mahalliy politsiyasi va maʼmuriy organlari tomonidan roʻyxatga olinib, ularning ruxsatisiz faoliyati taqiqlanadi...
Turkiston oʻlkasi maʼmuriyati tomonidan qoʻllanilgan choralar natijasida 1910–1911-oʻquv yili davomida 50 dan ortiq yangi usul maktabi faoliyatiga chek qoʻyildi. Lekin bu turdagi maktablar soni oʻsishda davom etdi. 1918-yilgacha Oʻzbekiston hududida 104 ta “yangi usul” maktablari boʻlib, ularda 10 ming 343 nafar oʻquvchi taʼlim olgan.
72 kun yashagan Turkiston Muxtoriyati hukumati azosi, maorif vaziri Nosirxon toʻraning bir necha bor qamoqqa olinishi va surgun qilinishi qismatini eslaylik! 1925-yil Nosirxon toʻra “sovetlarga qarshi siyosiy faoliyat olib borgani uchun” degan soxta ayblov va tuhmatlar bilan (1928-yilgacha) Orenburgga surgun qilinadi. U keyingi hibs – 1930-yil 27-noyabrda SSSRning davlat xavfsizligi boʻyicha maxsus organi qarori bilan otishga hukm etiladi. Shuningdek, Nosirxon toʻra safdoshlari va shogirdlariga ham oʻlim jazosi berilgan. Chunki undan taʼlim olgan yoshlar ham ulgʻaygach oʻzlari maktab ochib, yosh avlodni ilmli qilishga urinishgan.
Nosirxon toʻraning shogirdlaridan boʻlgan Mubashshirxon toʻra (1896–1977) hayoti davomida islom fiqhi va tarixiga oid 47 ta asar yozadi, maktablar ochadi, taʼqib kuchaygach vatanni tark etishga majbur boʻladi (1930). Yana bir shogirdi – yirik olim, adib va tarjimon Oltinxon toʻra (1894–1992) ham sovetlar tuzumi tazyiqi sabab vatanni tark etadi (1932). “Masjid al-Harom” va “Masjid an-Nabaviy”da mudarrislik qilgan Oltinxon toʻra Qur’oni karim maʼnolarini ilk bor oʻzbek tiliga tarjima va tafsir qilgan.
Sovet hokimiyati taʼlim siyosatining maqsadi asosan Rossiyadan tashqari hududlarda “arzon ishchi qatlamini” tashkillashtirish boʻlgan. SSSRning 1930-yil 14-avgustda qabul qilingan “Umumiy majburiy boshlang‘ich taʼlim haqida” qonuniga koʻra, 8–10 yoshli bolalarni boshlang‘ich maktablarning kamida 4 yillik kursi hajmida umumiy majburiy oʻqishga jalb etish, 11–15 yoshli mehnat maktabining 4 yillik bosqichida o‘qimaganlar uchun tezlashtirilgan 1-2 yillik oʻqishlar tashkil etish, sanoat shaharlarida esa 1930-1931-oʻquv yilidan 7 yillik majburiy maktabga tortish masalalari koʻrsatilgan edi.
Taʼlim tizimini yogʻiylar nazorat qilmagan davrda jadid ziyolilarimiz oʻz milliy taʼlim andozalari va yaratgan darsliklari asosida qisqa fursatda xalqning hatto harf tanimaydigan asosiy qismining savodini chiqara oldi. Turkiya va Yevropaga taʼlim uchun joʻnatilayotgan yoshlardan xavfsirashni boshlagan imperiya xorijda oʻqiyotgan turkistonliklar, ularni kim va qanday yoʻllar orqali yuborgani, homiylari, u yerda qaysi fanlardan tahsil olayotgani va kimlar bilan uchrashayotgani haqida kunlik hisobot yigʻadi.
Sovet hokimiyati yangi usuldagi taʼlim tizimi yutuqlarini koʻrgach, jadidlarning keyingi natijalarini chamaladi. Shuning uchun ham maorif tizimida qatagʻon siyosatini amalga oshirdi. Birgina misol, 1933-yil 27-martda VKP(b) MK Oʻrta Osiyo byurosi oʻqituvchi kadrlar safini tozalash haqidagi maxsus qaror qabul qiladi. Amalda taʼlim tizimining fidoyi xodimlari, sifatli taʼlim berayotgan oʻqituvchilar sohadan chetlatiladi – yaʼni qatagʻon qilinadi. Sovet tuzumi andozasidagi taʼlim tizimini oʻrnatish uchun milliy kadrlarni yoʻqotish amalga oshiriladi. Sovet hokimiyati hattoki chet elga (Turkiya, Germaniya, …) oʻqishga joʻnatilgan talabalardan sovet davlati uchun aygʻoqchilik qilishni talab qilish holatlari ham kuzatilgan. Bosh tortgan talabalar taʼtil vaqtida uylariga qaytganda siyosiy ayblovlar qoʻyilib qamoqqa olingan yoki oʻqishga qaytib borishini cheklab qoʻyishgan. Oʻz vatanidagi bunday qatagʻonchilik siyosatidan xabar topgan ayrim talabalar oʻsha davlatlarda qolishga majbur boʻlishgan.
Sovet hukumatining Oʻzbekiston maorif tizimida olib borgan qatagʻon siyosati 3 bosqichda amalga oshirildi:
1-bosqich, oʻzgacha fikrlovchilarni aniqlab, ularni jazolash;
2-bosqich, oila aʼzolarini jazoga tortish;
3-bosqich, qatagʻonga uchragan shaxslarning ustozi yoki oʻquvchilarini qatagʻon qilish.
Sovetning taʼlim tizimida yuritgan asl siyosatiga oid yangi maʼlumotlar tadqiqotchilar tomonidan manbalar asosida jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Xususan, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Yulduz Tursunovaning tadqiqotiga koʻra, birgina 1929–1941-yillarda Oʻzbekiston SSR maorifi sohasida faoliyat yuritgan jami 391 maorif xodimlari jinoyatchi sifatida ayblanib, qatagʻon qilingan. Qatagʻonlarning ijtimoiy mavqei tahlil etilganda, ulardan 78 nafari Maorif xalq komissarligi boshqaruvi xodimlari, 21 nafari maktab rahbarlari, 168 nafari oʻqituvchi, 18 nafari oʻrta maxsus oʻquv yurtlari rahbarlari, 18 nafari oʻrta maxsus oʻquv yurtlari oʻqituvchisi, 22 nafari oliy oʻquv yurti rahbarlari, 53 nafari professor oʻqituvchilar va boshqalar boʻlgan. Bu birgina tadqiqotchi tomonidan (jadidlardan tashqari) aniqlangan qatagʻon raqamlari (1929–1941-yillardagi).
Ikkinchi jahon urushi davrida erkak oʻqituvchilarning armiyaga chaqirilishi va koʻplab maktab binolarining gospitallarga aylantirilishi sabab darslar uch smenada olib boriladigan, har bir dars davomiyligi 35–40 daqiqa qilib belgilandi. Musiqa va rasm darslari olib tashlandi. Eng katta muammo, urush boshlanishidan oldin, 1940-yil may oyida OʻzSSR Oliy soveti tomonidan “Oʻzbek yozuvini lotinlashtirilgan alfavitdan rus grafikasi asosidagi yangi oʻzbek alfavitiga koʻchirish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani edi. Avvalgilari yigʻib olingani, yangi yozuvdagilari chop etishga ulgurilmagani sababli darsliklar yetishmasligi sodir boʻldi. Urush oqibatida Oʻzbekistonga milliondan ortiq bola evakuatsiya qilinishi ortidan bolalar uylari ochilib (1943-yil 154 ta, 1945-yili 242 ta), ularni oʻqitish masalasi ham koʻrildi. Va butun sovet davlatlari hududida oʻqituvchilarning yetishmasligi davrning eng katta muammosi sifatida maydonga chiqdi, keyingi 10–15 yillikda ham davom etdi.
1956-yil 15-iyundagi qaror qabul qilinguniga qadar maktab taʼlimi ham pulli edi. Bundan koʻzlangan maqsad budjetni toʻldirishgina boʻlib qolmay, (Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiyotini tezroq qayta tiklash uchun) arzon ishchi kuchi ham edi – ota-onalar farzandlarini oʻqitish uchun ham koʻproq ishlashga rozi (majbur) boʻlardi.
Urushdan soʻng sovet hukumati Shvetsiya taʼlim tizimini oʻzida joriy etishni boshladi. Shvetsiya maktablarida oʻqish 1930-yildan 7 yil, 1950-yildan esa 8 yil majburiy deb eʼlon qilingandi. Sovet hokimiyati tomonidan 1949-yilda qabul qilingan qonunga binoan umumiy majburiy 7 yillik taʼlim tizimiga oʻtildi. 1962-1963-oʻquv yilidan boshlab esa 7 yillik maktablar qayta tashkil etilib, 8 yillik maktablarga aylantirildi. Urush yillari va undan keyingi davrda Oʻzbekiston hududiga koʻplab korxonalarning koʻchirib kelingani, yangi zavodlarning ochilishi natijasida arzon ishchi kuchiga ehtiyoj yanada ortdi. Shu sababli kasbga oʻrgatish texnikumlari soni koʻpaytirildi.
Maktab yoshidagi yoshlarni oʻn yillik umumiy oʻrta taʼlimga oʻtkazishga 1975-yili, yaʼni sovet hokimiyati oʻrnatilgandan deyarli 60 yil oʻtibgina erishilgan. Vaholanki, AQSh XX asrning boshlariga qadar 8 yillik taʼlimdan foydalangan. 1929-yilda Amerikada iqtisodiy inqiroz boshlanib, ishsizlik natijasida inflatsiya eng yuqori darajaga chiqadi. Shunday vaziyatda AQSH hukumati ommaviy ishsizlikni, ocharchilik va 8 yillik taʼlimni bitirib, mustaqil hayotga qadam bosayotgan yoshlarni asrab qolish maqsadida 1930-yildan toʻlaqonli 12 yillik taʼlim olishni boshlaydi. Nafaqat AQSH, rivojlangan Yevropa va Osiyo davlatlari oʻz milliy taʼlim tizimini yarata olgan boʻlsa, SSSR doimo boshqa davlatlarning taʼlim tizimini koʻchirish orqali oʻzlashtirgan va hech qachon oʻz milliy taʼlim dasturini yaratmagan.
Oʻzbekiston SSR asosan paxta yetishtirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, mustaqillik eʼlon qilinguniga qadar, 75 yil davomida erta bahordan (chigit ekilishi) dekabr oyigacha paxta mehnat jarayonlariga maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilar jalb qilingan. Paxtadan boshqa dala mehnatlariga ham. Paxta “markaz siyosati” deb atalib, belgilangan rejalar bajarilmaguniga qadar dalalardan qaytish man etilgan. 75 yil davomida va hatto 90-yillarda ham “oʻqituvchilarni va oʻquvchilarni majburiy mehnatdan qaytarish, ularni faqatgina taʼlim berishga yoʻltirilish lozim” degan fikrni bildirgan har qaysi pedagog yoki taʼlim tizimi mutasaddisi jamiyatdan butunlay yoʻq qilingan. Sovet hukumatining bu siyosati taʼlim tizimiga aloqador har bir shaxsning jazodan qoʻrqish muhitini shakllantirib, markazning har qanday topshirig‘i muhokama qilinmasdan bajarilishi shart degan tushunchaning oʻrnatilishiga xizmat qildi.
Mustaqillik arafasida Oʻzbekiston maktablaridagi fanlarda milliylikka eʼtibor boshqa sovet respublikalarinikiga nisbatan ancha orqada edi. Yaʼni, mustamlaka davlatlarga nisbatan taʼlim tizimida hatto fanlarga ajratilgan dars soatlarida ham xalqaro tajribalardan farqli, markaz rejalarining oʻrnatilishini qattiq nazorat qilgan. Fikrimiz isbotini geografiya fani darsi misolida koʻrishimiz mumkin. Geografiya faniga ajratilgan dars soatlari oʻquv yili davomida SSSR Xalq taʼlimi davlat komitetining buyrugʻiga binoan 12 soat bilan cheklangan. Ammo Latviya, Litva, Estoniyada 68 soat, Ukraina va Gruziyada 34 soat, Qozogʻistonda 24 soat belgilanishiga mustamlakalarning oʻzlari erishgan. Bizda boshqa davlatlar singari milliy jasorat koʻrsatish oʻrniga, komitetning 12 soatlik belgilangan “reja”si bajarilgan. Boshqa jumhuriyatlar maorif sohasi mutasaddilari dars soatlarini koʻpaytirishga erishgan bir paytda, biznikilar “komitet buyrugʻini “aʼlo” darajada bajaryapmiz” deb markazga hisobotlar berib, tizimni qoʻshnilarimizdek mustaqil isloh qilmagan.
Oʻqituvchilarga berilgan ayrim imtiyozlar bahonasida xalqaro maydonda sovet hukumatining taʼlimga va oʻqituvchilarga munosabatini ijobiy koʻrsatish holatlari shakllangan esa-da, tizim ich-ichidan yemirilgandi. Sovetdagi 75 yil shakllangan muammolar 90-yillarda ham davom etgani tarixdan yaxshi maʼlum. Birgina misol, 1994-yilda respublikadagi 2214 ta maktab ixtiyorida 3541 gektar ekin maydoni, 518 gektar bog‘ mavjud boʻlgan. Ayni shu yilning oʻzida bu maydonlardan 2500 tonna paxta, 630 tonna gʻalla va 282 tonna don mahsulotlari yetishtirilishi bilan bir qatorda, 25190 tonna poliz mahsulotlari va meva, 50 tonna yeryongʻoq, 516,5 tonna sholi hosili olingan, ekin ekilganidan toki hosilning yigʻib olinishiga qadar bosqichlar yumushlari biriktirilgan maktab oʻqituvchi va oʻquvchilar tomonidan amalga oshirilgan. Sovet tuzumi davrida esa yuqoridagi raqamlar bundan bir necha barobar yuqori boʻlgan.
Sovet hokimiyati davrida taʼlim tizimi hech qachon aniq bir dastur asosida amalga oshirilmagan. Ittifoq markazga qaram qilish orqali tarkibidagi hududlarning rivojlanishiga qarshi siyosat yuritgan, milliy manfaatlarni umuman inobatga olmagan. Bu davr taʼlim tizimi shu sababli ham sunʼiy tarzda rivojlantirilmagan.
Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda maktab taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar, ularning ijrosi yillar davomida jar yoqasiga kelib qolgan milliy tizimimizni tiklayapti.
Hozirgi kunda barcha turdagi majburiy mehnat bekor qilinib, oʻqituvchilar va oʻquvchilarning birdan-bir maqsad va vazifasi sinfxonalarda oʻtirib “sifatli taʼlim – milliy tarbiya” muhitini shakllantirish. Buning natijasida oʻqituvchilar orasida ham, oʻquvchilar orasida ham erkin raqobat muhiti yaratildi.
Zavqibek MAHMUDOV,
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti