Kashmir mojarosi salkam bir asrlik muammo. Hindiston va Pokiston davlatlari hanuz muammoning yechimini topgani yoʻq. Ikki davlat elitasi ham mazkur hududni milliy davlatchiligi shakllanishida asosiy oʻringa qoʻyib kelmoqda. Pokistonliklar aholisining katta qismi musulmon boʻlgan Kashmirsiz toʻlaqonli davlat maqomiga ega boʻlmaymiz deb hisoblasa, hindistonliklar bu hududni barcha din vakillari tinch yashaydigan bagʻrikeng davlatning bir boʻlagiga aylantirish niyatida.
1947-yilda Buyuk Britaniya mustamlakasidan ozod boʻlgan Hindiston ikkiga – musulmonlar yashaydigan Pokiston va asosan hindlar istiqomat qiluvchi Hindistonga ajralgan edi. Eʼtiqod sabab yuz bergan boʻlinish millionlab insonlarning qochqinga aylanishiga, qoni toʻkilishiga olib keldi. Ikki davlatning paydo boʻlishi oqibatida oʻrtada Kashmir mojarosi yuzaga chiqdi.
Musulmonlar yashashiga qaramasdan togʻli Kashmir hududini 1947-yilgacha hind maharojasi boshqarib kelgan. Britaniya mustamlakachiligi barham topgach esa hind rojasiga qarshi qoʻzgʻolonlar koʻtarilib, bu isyonlarda musulmonlarga yordam berish maqsadida koʻplab qurolli pokistonliklar Kashmirga bostirib kiradi. Mahalliy roja Hindiston ittifoqiga qoʻshilishga qaror qiladi.
Kashmir mojarosi tufayli Hindiston va Pokiston oʻrtasida birinchi urush 1947–1949-yillarda boʻlib oʻtadi. Urushdan soʻng Kashmirning katta hududi Hindiston, kichik qismi Pokiston nazoratiga oʻtadi. Aniq belgilangan chegaraning yoʻqligi sababli ikki davlat oʻrtasida yana bir necha bor urush va keng koʻlamli harbiy toʻqnashuvlar sodir boʻladi. 1971-yilda boshlangan ikkinchi Hindiston-Pokiston urushi Sharqiy Pokistonning mustaqil Bangladesh davlatiga aylanishi va Kashmirda tomonlar oʻrtasida nazorat chizigʻi (chegara) oʻrnatilishi bilan tugaydi.
Kashmir mojarosi sababli ikki davlat oʻrtasida qurolli toʻqnashuvlar vaqti-vaqti bilan davom etib kelmoqda. Hamon Kashmirning Hindiston va Pokiston nazorat qiluvchi hududlari oʻrtasida qatʼiy chegara oʻrnatilmagan. Ikki davlat ham Kashmirni oʻzining qonuniy hududi deb biladi. Nazoratda boʻlmagan hududlarni esa vaqtincha bosib olingan deb hisoblaydi.
Pokiston Kashmir mojarosini xalqaro nizo deb ataydi. Muammoni xalqaro forumlarda muhokamaga qoʻyishga, boshqa davlatlarning vositachilik qilishiga intiladi. BMTning rezolyutsiyalariga asoslangan holda Kashmirda plebissit (referendumning bir turi) oʻtkazishni talab qilib keladi. Hindiston tomoni Kashmir mojarosi xalqaro nizo emas, plebissit oʻtkazmasa ham boʻladi degan fikrda.
Hindiston va Pokiston oʻrtasida Kashmir tufayli shu paytga qadar uch marta urush va bir qancha keng koʻlamli harbiy toʻqnashuvlar yuz bergan. Kashmir esa qoʻporuvchilik harakatlari tez-tez sodir boʻladigan, qurolli hujumlar sababli qon toʻkiladigan zoʻravonlik markazi boʻlib qolmoqda. Pokiston bu vaziyatni hind boshqaruviga qarshi xalq qarshiligi deb taʼriflasa, Hindiston Pokiston dastaklaydigan separatizm harakati deb baholaydi.
Kashmirda ikki davlatga ham qoʻshilmay mustaqil davlat boʻlish gʻoyasini ilgari suradigan kuchlar ham bor. Bunday istiqbol Hindiston uchun xavfli. Chunki mamlakatda ayirmachilik kayfiyatidagi hududlar yetarlicha topiladi. Kashmirning mustaqil deb tan olinishi domino effektiga sabab boʻlib, mintaqa va shtatlarda ayirmachilikning yangi toʻlqini boshlanishiga olib kelishi mumkin.
2019-yil 5-avgust kuni Hindiston nazoratidagi Jammu va Kashmir shtatida Narendra Modi hukumati mamlakat konstitutsiyasining 370-moddasida nazarda tutilgan mintaqaning yarim avtonom maqomini bekor qildi. Natijada shtat ikki qismga: Hindiston ittifoqi aʼzolari boʻlgan Jammu va Kashmir hamda Ladax hududiga boʻlindi.
Tabiiyki, bu oʻzgarish kashmirliklar orasida keskin noroziliklarga sabab boʻldi. Vaziyatni yumshatish maqsadida Hindiston hukumati oʻn minglab askar va politsiyachini mintaqaga joylashtirdi. Yana ham keskinroq choralar koʻrish maqsadida barcha mahalliy maktab va bozorlar yopib qoʻyildi. Komendantlik soati eʼlon qilinib, internet cheklandi.
Hozir mintaqada nisbatan barqaror vaziyat hukmron. Biroq mutlaq tinchlikka erishilgani yoʻq. Kashmirga etnik hindlarni koʻchirib keltirish boshlanadigan boʻlsa, ayirmachi kayfiyatdagi mahalliy aholi yanada faollashishi, keng koʻlamli qurolli toʻqnashuvlar yuz berishi mumkin.
Hozir Hindiston siyosatida hind anʼanalari va diniy qarashlariga asoslangan milliy oʻzlik mafkurasi (hinduizm ham deb nomlanadi) shakllangan. Bu mafkura hukmron partiya – Bxaratiya janata partiy(BJP)ning asosiy gʻoyaviy yoʻnalishini aks ettiradi. Hinduizm gʻoyasi turli anʼanaviy qarashlar aralashmasidan tashkil topgan.
Hindiston konstitutsiyasining 370-moddasida koʻzda tutilgan avtonomlik maqomi bekor qilinishi ortidan norozilik kuchayib, hind kuch ishlatar tuzilmalari bilan toʻqnashuvlar alanga oldi. Mahalliy aholi koʻchirib keltirilayotganlarga bosim oʻtkaza boshladi. Qarshilik harakatiga javoban hind politsiyasi va xavfsizlik kuchlari jazo choralarini koʻrishni maʼqul topmoqda.
Kashmir mojarosida Xitoyning ham manfaati bor. Kashmirning sharqiy qismidagi Oqsoychin hududi Xitoy tomonidan nazorat qilinib, uning tarkibiy qismi sifatida qaraladi. Biroq ayni paytda bu hududni Hindiston ham togʻli Ladax viloyatining bir qismi deb biladi va unga doim daʼvo qiladi. Xitoy uchun mazkur hudud Gʻarbiy Tibet va Uygʻur avtonom viloyatini bogʻlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
1950-yillardan buyon Oqsoychin Hindiston va Xitoy oʻrtasida hududiy nizolar davom etib kelishiga sabab boʻlmoqda. Oʻtgan vaqt davomida ikki tomon oʻrtasida bir necha bor harbiy toʻqnashuv yuz berdi. Oqsoychin chegara hududida joylashgani sababli ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega. Hindiston va Xitoy hududiy kelishmovchiliklarga qaramay, mojaroni tinch yoʻl bilan hal etishni afzal koʻradi[1].
Kashmir mojarosi nafaqat davlatlar oʻrtasidagi hayotiy manfaatlar toʻqnashuvi, balki mafkuralar oʻrtasidagi kurash ekanligini ham sezish mumkin. Mojaroning faol ishtirokchilari boʻlgan Hindiston va Pokiston birmuncha vazmin pozitsiyaga ega Xitoyning mazkur muammoga gʻoyaviy qarashlari va mafkurasiga tayanadi.
Hindiston mafkurasining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan turli millatlar ahil kun kechiruvchi dunyoviy davlat gʻoyasining muvaffaqiyatida Kashmir masalasi katta ahamiyatga ega[2]. Kashmirda yashovchi aksariyat musulmon aholining hinduiylik diniga eʼtiqod qiluvchi hindlar bilan bir davlatda tinch hayot kechirishi hind davlatining gʻoyaviy asoslaridan biridir. Toʻligʻicha islom dini asosida tashkil topgan Pokiston va dunyoviylikni targʻib qiluvchi, biroq hinduizmni keng qoʻllovchi Hindiston oʻrtasidagi Kashmir mojarosi ayni paytda qarama-qarshi gʻoyalar toʻqnashuvi ham boʻlib, bu muammoni battar chigallashtiradi.
Kashmirning bir qismi boʻlgan Oqsoychin hududining Xitoy tarkibida boʻlishi uning mafkuraviy qarashlarida muhim boʻlgan milliy birlik, iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy barqarorlik, uygʻun jamiyat kabi gʻoyalarning hayotga tatbiq etilishida katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, bu hudud Xitoy hududiy birligini taʼminlashda muhim hisoblanadi. “Yagona Xitoy” mafkurasi doirasida Xitoy nazoratida boʻlgan har qanday hudud boʻlinmasligi targʻib etiladi va Oqsoychin ham hududiy nizolarga qaramay, Xitoyning qonuniy yeri hisoblanib, qatʼiy himoya qilinadi.
Pokiston islom diniga eʼtiqod qiluvchilar mamlakati boʻlib, musulmon oʻziga xosligini saqlash, diniy asosda milliy birlikni taʼminlash, musulmonlarni himoya qilish gʻoyalariga katta urgʻu beradi. Tabiiyki, aksariyat musulmonlar yashaydigan Kashmir hududini musulmon boʻlmagan hindlar hukmronligidan qaytarib olish gʻoyasi hukumat va xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Pokiston uchun Kashmirning bir qismiga egalik qilish strategik ahamiyatga ega. Pokiston nazoratidagi Kashmir unga Xitoy bilan toʻgʻridan-toʻgʻri chegaraga ega boʻlishga va asosiy raqibi Hindistonning Markaziy Osiyo bilan bevosita bogʻlanishiga yoʻl qoʻymaslikka yordam beradi.
Shuningdek, mintaqada ikki davlat hududidan oqib oʻtuvchi asosiy daryolar toʻyinadigan ulkan suv resurslari mujassam. Bu resurslarning katta qismi Hindistonga tegishli Kashmir hududida joylashgan boʻlib, Pokiston hududida kamroq. Shu bois Pokiston uchun Kashmirga toʻla egalik qilish suv zaxiralaridan koʻproq foydalanishga imkon beradi.
Kashmir nizosining asosini mafkuralar toʻqnashuvi desak adashmagan boʻlamiz. Hudud uchun nizolashayotgan tomonlar Kashmir mojarosidagi muvaffaqiyatsizlikni oʻz davlatchiligi, gʻoyaviy asoslari uchun magʻlubiyat deb qabul qiladi. Shu bois bu mojaroda tomonlarning yon berishini kutish befoyda. Pokistonda diniy qarashlarga qurilgan islomiy mafkura, Hindistonda hind millatchiligi bilan qorishib ketgan dunyoviy demokratik davlat mafkurasi va Xitoyning iqtisodiy rivojlanishga katta urgʻu beruvchi “xitoycha kommunizm” mafkurasi tomonlarning kelishuvga erishishini qiyinlashtiradi.
Kashmirda shakllangan murakkab vaziyat Hindiston va Pokiston oʻzaro adovatga barham bergan holda yagona yechimni topishini taqozo qilmoqda.
Avazbek SHERMATOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar
instituti ilmiy xodimi
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.
“Kashmir mojarosi” maqolasi
[1] China Appears to Understand the Risks in Kashmir More Than India or Pakistan, https://www.worldpoliticsreview.com/china-appears-to-understand-the-risks-in-kashmir-more-than-india-or-pakistan.
[2] National Ideologies and the Kashmir Conflict, https://www.worldpoliticsreview.com/national-ideologies-and-the-kashmir-conflict.