Lav singari sokin oquvchi qorongʻu bir yozuv daryosi
Eslatib oʻtamiz, 2025-yilda adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti Laslo Krasnaxorkaiga “qiyomat dahshati sharoitida sanʼatning kuchini yana bir bor tasdiqlagan ishonchli ijodi uchun” berildi.
Venger yozuvchisi Laslo Krasznaxorkai 1954-yilda Vengriyaning janubi-sharqidagi Gyula shahrida tugʻilgan. U koʻplab roman, esse va hikoyalar muallifi boʻlishiga qaramay, oʻttiz yil davomida u bilan hamkorlik qilgan venger rejissyori Bela Tarr orqali tanilgan. Asosiy ijod uslubi distopik va melanxolik xarakteriga koʻra postmodernizmga oid deb qaraladi. Otasi Dyorji Krasznaxorkai advokat, onasi Yulia Palinkas esa ijtimoiy xavfsizlik xizmatchisi boʻlgan. Yozuvchi 1972-yilda Jozef Attila universiteti huquqshunoslik fakultetida oʻqishni boshlagan va uni Budapeshtda davom ettirgan. Ijtimoiy fanlar sohasida ilmiy daraja olgan. Adabiyotni oʻrganish davomida Gondolat Konkyvkiado nashriyotida ishlagan. 1985-yilda yozilgan “Shayton tangosi” romani unga juda katta muvaffaqiyat keltirgan. 2013-yilda romanning inglizcha nashri “Eng yaxshi tarjima qilingan kitob” mukofotiga sazovor boʻlgan. Krasznaxorkai 1987-yilda Gʻarbiy Berlinga boradi. Sharqiy Berlin qulagach, dunyoning turli joylarida yolgʻiz yashagan. Moʻgʻuliston va Xitoyga qilgan sayohati “Urga asiri” va “Jannat ostidagi halokat va qaygʻu” asarlarining paydo boʻlishiga sababchi boʻladi. “Urush va Urush” asarini yozish jarayonida Yevropa boʻylab turli nuqtalarda istiqomat qilgan. “Seyobo pastda” romani 2014-yilda “Eng yaxshi tarjima qilingan kitob” mukfotini olgan. Oilaviy hayotiga ayoli Aniko Pelihe bilan 1990-yilda ajrashgach putur yetadi. 1997-yilda esa Dora Kopksanyi bilan turmush qurgan. Hozirda uchta farzandi bor. Yozuvchining yana quyidagi asarlari mavjud:
“Baron Venkheimsning uyga qaytishi” 2016-yil nashr qilingan, 2019-yilda ingliz tiliga oʻgirilgan. “Hersxt” 2021-yilda Magveto tomonidan inglizchaga tarjima qilingan. “Soʻnggi boʻri” (2009), “Qasr uchun tayyorgarlik” (2018), “Gomerni kuzatish” (2019). Shuningdek, “Oxirgi qayiq”, “Bagdanovich hikoyasi”, “Qopqonga tushgan Ray”, “Ustaning oʻlimi”, “Bekat izquvari” kabi koʻplab hikoyalar muallifi.
Krasznaxorkaining “Qarshilik melanxoliyasi” (Az ellenállás melankóliája) nomli romani 1989-yilda yozilgan boʻlib, asli venger ingliz shoiri Jorj Szirtes tomonidan 2000-yilda ingliz tiliga tarjima qilingan va bu uning ingliz tilida nashr etilgan birinchi asari boʻlgan. Asar Syuzan Sontag va U.G.Sebald tomonidan katta maqtov bilan kutib olingan. Sontag Krasznaxorkaini “Bashoratchilikning zamonaviy venger ustasi” deb atagan boʻlsa, Sebald “Uning universal dunyoqarashi Gogolning “Oʻlik jonlar”i bilan bellasha oladign darajaga ega boʻlib, zamonaviy adabiyotning barcha kichik tashvishlaridan yuksak turadi” deb yozgan.
2015-yilda Booker xalqaro mukofotini qoʻlga kiritgan Krasznaxorkai bugungi kunning eng yaxshi romannavislaridan biri sifatida tan olinadi.
Adam Sirlwell “The New York Review of Books” jurnalida shunday yozadi:
“Krasznaxorkai yozuvidagi joʻshqinlik uning oʻziga xos shakl topganidadir. Zamonaviy adabiyotda bunga oʻxshash boshqa narsa yoʻq”.
“The New Yorker” jurnalida yozuvchi Jeyms Vud esa Krasznaxorkaini Tomas Bernhard, Klaud Simon va Devid Foster Vallis kabi urushdan keyingi davr yozuvchilari bilan bir qatorda qoʻyadi hamda taqqoslashni quyidagicha izohlaydi:
“Haddan ziyod uzun, nafas kabi toʻxtovsiz davom etuvchi jumlalardagi uygʻun yaqinlikka qaramay, Krasznaxorkaining asarlari, ehtimol, ichlaridagi eng goʻzal, eng oʻziga xos va eng gʻayrioddiysidir!”.
Hozirgacha yozuvchining uchta asarini ingliz tiliga tarjima qilgan Jorj Szirtes, “Qarshilik melanxoliyasi” haqida shunday deydi: “Lav misoli sokin oquvchi, qorongʻu bir daryoga oʻxshaydi (uning matnlari). Krasznaxorkaining jumlalari sizni bir zindondan boshqasiga, doʻngliklarga va zulmatli yoʻlaklarga olib kiradi”.
Quyida Laslo Krasznaxorkai bilan suhbatni taqdim etamiz: (suhbatdosh: Jorj Szirtes, 2013-yil sentyabr)
Suhbatdosh: Sizningcha, tarjimaning afzalliklari, kamchiliklari va xavflari nimalarda koʻzga tashlanadi?
Laslo Krasznaxorkai: Afzallik yoki kamchilik haqida koʻp narsa ayta olmasligim mumkin, ammo, xavflari haqida toʻxtalishim kerak. Chunki, aslida, hech qanday xavf asosiy darajada boʻlolmaydi. Mening fikrimcha, tarjima qilingan hech bir asar, u yozilgan tildagi asli kabi aynan bir xil boʻlolmaydi. Buni oʻylashning oʻzi mantiqsizlik. Tarjima asar yozuvchining emas, tarjimonning asaridir. Yozuvchiniki esa faqat oʻsha oʻz tilida yozilgan hikoyadan iborat asliyatdir. Tarjima asar – tarjimon oʻgirgan tilda yaratilgan, tarjimon “bastalagan” yangi asardir. U asli bilan faqat oiladagi odamlarning bir-biriga oʻxshashligi darajasida oʻxshaydi.
Yozuvchi bu jarayonni aralashmasdan kuzatadi, oʻqiydi: matn unga tanish tuyuladi, baʼzida (kamdan-kam hollarda) juda yaxshi tanish boʻladi; agar koʻziga yaxshi koʻrinsa – quvonadi, yomon koʻrinsa – gʻazablanadi. Menda bunday holat faqat bir marta boʻlgan: “Urush va Urush” romanimning nemischa tarjimasi shunchalik yomon ediki, natijada chinakamiga parchalangan kitob paydo boʻlgan, uni tuzatish deyarli imkonsiz edi. Uni qayta tarjima qilishni kim ham oʻz zimmasiga olardi? Bu juda qiyin vaziyat. Ammo bundan boshqa kitoblarimning tarjimalari meni doim hayratda qoldiradi – mening juda ajoyib tarjimonlarim bor.
Suhbatdosh: Nima uchun Berlinda yashashni tanladingiz?
LK: Bu shaharda birinchi bor 1987-yilda uzoq vaqt qolganman va oʻsha paytdan beri shahar bilan oʻrtamizda bir bog‘ paydo boʻlgan. Oʻsha paytlarda Gʻarbiy Berlin ruhiy jarohat olgan insonlar uchun goʻyo bir boshpana edi. Sanʼatkorlar, ijodkor boʻlishni orzu qilganlar – hamma chala qolgan ishini yakunlash uchun shu yerga kelardi. Katta oilaning bir aʼzosi sifatida yirik ijodkorlar bilan bir xil barda, hatto bir xil stol atrofida oʻtirish imkoniga ega boʻlish juda ajoyib edi. Bu aloqalar hozir ham davom etmoqda. Ammo vaqtimning koʻp qismini Berlinda oʻtkazsam-da, endilikda bu shahar bilan yaxshi taassurotlarim qolmagan. Bugungi kunda shahar, asar yaratishdan koʻra uni pullashni istaydiganlar uchun makonga aylangandek. Agar shunday boʻlsa – unda bu yer bilan boshqa bir joy oʻrtasida qanday farq qoladi?
Suhbatdosh: Yozganda nimalarga eʼtibor berasiz va qanday yozasiz?
LK: Men faqat ishlash uchun ajratilgan joyda, yozuv stoliga oʻtirib olgan holda soatlab kompyuter ekraniga tikilib, fikr kelishini kutadigan yozuvchi emasman. Adabiyot – mening haqiqiy ishim, degan fikrdan kelib chiqaman, shuning uchun hamma voqealar boshimda kechaveradi. Faqatgina barcha shaxsiy sabablarni bir chetga uloqtirsak, haqiqat shuki: yozishni boshlaganimda juda ogʻir sharoitlarda yashardim. Ish stolim yoʻq edi, atrofim doimo odamga toʻla boʻlardi. Shu sababdan, asarning boshlanish qismlarini xayolimda tasavvur qilishga, birinchi jumlalarni miyada tuzishga oʻrganib qolganman. Umid baxsh etuvchi bir jumla topganimda, uni qoʻyib yubormasdim, toki “tamom” deb hisoblagan nuqtaga qadar qoʻshimchalar kiritardim. Hozir ham xuddi shunday ishlayman – eng kutilmagan vaqtlarda, eng kutilmagan joylarda. Yaʼni, doimo ish ustidaman. Hammasi ongimda toʻliq shakllanganda yozishga oʻtiraman. Tahrir qilishga deyarli hojat qolmaydi, chunki tahrirlarni allaqachon xayolimda bajarib boʻlgan boʻlaman.
Suhbatdosh: Kafka kabi klassiklardan tashqari yana kimlarni oʻqiysiz?
LK: Hatto Kafkani oʻqimayotganimda ham Kafkani oʻylayman. Uni oʻylamayotganimda esa Kafka haqida oʻylamaslikni bir nuqson deb bilaman. Bu azob bir qancha vaqt davom etadi. Soʻngra uning kitoblaridan birini olib, yana oʻqiy boshlayman, bu jarayon shunday kechishi ham kerak, aslida.
Ammo bu faqat Kafka uchun emas: Gomer, Dante, Dostoyevskiy, Prust, Ezra Pound, Bekket, Tomas Bernhard, Attila Jozef, Shandor Voʻresh, Pilinskiy – bularda ham xuddi shunday hisni tuyaman.
Suhbatdosh: “Shayton tangosi”ning muvaffaqiyati haqida nima deysiz? Nega aynan hozir? Dunyo yoki adabiyotda unga eshik ochgan narsa bormi?
LK: Ehtimol, Bela Tar bilan hamkorlikda yaratilgan “Shayton tangosi” filmi orqali tanilganligimiz sababdir. Shuningdek, hozirgacha “Qarshilik melanxoliyasi”, “Urush va Urush” yoki “Animalinside”ni oʻqib, bu roman tarjimasini kutayotgan oʻquvchilar bilan ham bir qadar bogʻliq. Bundan tashqari, koʻrinishidan, “Shayton tangosi” bugungi davrda koʻp odamlar oʻqishni istaydigan kitob turiga kiradi.
Taʼsirlarga toʻla dunyoning charchatadigan yangiliklaridan qochmoqchi boʻlganlar, dunyo faqat koʻngilxushlikdan iborat emasligini anglaydiganlar, dunyo haqida yozib qoʻyishga arzigulik biron nima aytilishini istaydiganlar, hayotdan qochish oʻrniga uni qayta his etishni, oʻz hayotlarida oʻz oʻrni borligini anglashni istaganlar va har narsaga qaramay shu ogʻriqli goʻzallikni tanlaganlar uchun bu asar zarur.
Aslida, bir nazar solsangiz u qadar yuksak adabiyotimiz yoʻq. Ammo oʻquvchilarning bunga ehtiyoji bor, bir davo, bir yanglishlik sifatida emas, balki ularga hech qanday davo yoʻqligini aytib beradigan bir ovozga ehtiyojlari boʻlganligi uchun.
Suhbatdosh: Nega siz uchun voqealarni joy va xarita bilan tasvirlash juda muhim?
LK: Chunki bir voqeaning qayerda sodir boʻlayotganini bilish har doim muhimdir. Bir hodisa faqatgina sodir boʻlgan joydagina haqiqatga aylanadi.
Suhbatdosh: Siz yozishni boshlagan dunyo, yaʼni “Shayton tangosi” ilk bor chop etilgan paytdagi dunyo bugungi dunyoga qay darajada oʻxshaydi?
LK: Oʻxshashliklari juda hayratlanarli. Hammasi oʻzgargandek tuyulsa ham, aslida hech narsa oʻzgarmaydi. Oqib turgan daryo yuzasini tasavvur qiling: suvlar toʻlqinlanadi, hosil boʻlgan koʻpiklar oʻz atroflarida aylanadi, kichik tomchilarga ajraladi va keyin yana qoʻshilib, sokin oqimi bilan yoʻlida davom etadi. Men tomchilarni kuzataman, faqat bittasiga eʼtibor qaratishga harakat qilaman. Bu esa deyarli imkonsiz. U bir lahza bor, keyin yoʻq. Ammo aslida u mavjud.
Hamisha oʻzgarib turadigan, lekin baribir oʻshanday qoladigan butunlik. Holbuki “butunlik” degan narsa yoʻq. Parchalar ham shunday. Yaxshi, u holda mavjud narsa nima? Oʻzgaruvchanlik doim oʻzgaruvchi bir turgʻunlik. Va bu, idrok etish qobiliyatimizning biroz narisida.
Tarjimon: Ruxsora Imomova
Manba: Interview with László Krasznahorkai - The White Review