Hukumat qarori bilan buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Qarorga koʻra, 2030-yilda nishonlanadigan alloma tavalludining 1050 yilligi tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan “yoʻl xaritasi”da, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

– 2026-yil oktyabr oyida Toshkent shahrida “Ibn Sino – Gʻarb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish;

– oliy tibbiyot taʼlim tashkilotlari, ilmiy markazlar, kutubxonalar hamda davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, koʻrgazmalar, ochiq maʼruzalar tashkil etish;

– xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish, allomaning xorijda saqlanayotgan qoʻlyozmalarini jamlash;

– “Moʻjaz al-Qonun”, “Qonuncha”, “Al-Ishorat va at-tanbihot”, “Donishnoma”, “Kitob ash-Shifo”, “Sharq falsafasi” asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, ularning bosma va elektron nashrlarini tayyorlash;

– “Ibn Sino” xalqaro mukofotini taʼsis etish.

Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif maʼqullandi.

Markazning asosiy vazifalari:

– Ibn Sino tibbiyoti bilan bogʻliq tadqiqotlar oʻtkazish, natijalarini zamonaviy tabobatda qoʻllash;

– qoʻlyozmalarni jamlash, oʻzbek tiliga tarjima qilish, ularning elektron platformasini yaratish;

– tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun oʻquv kurslari va mahorat darslarini yoʻlga qoʻyish.

Markaz Buxoro davlat tibbiyot institutining byudjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushadigan mablagʻlar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.