Insonlar bor, biror bir sohani tanladimi, faqatgina shu ish bilan cheklanadi. U oʻzi uchun boshqa imkoniyat eshiklarini yoki biratoʻla yopadi yoki xayoliga keltirmaydi. Doimo oʻzi tanlagan soha atrofida boʻlish, undan chetlashmaslikni oʻzi uchun juda toʻgʻri yoʻl deb biladi. Va yana shunday insonlar ham borki, ular qaysi kasbda boʻlmasinlar, qalbiga yaqin boʻlgan ishlarga ikkilanmay unnab ketaveradilar va yaxshigina uddalaydilar ham. Ayni damdagi faoliyatlari esa ularga deyarli xalaqit qilmaydi, aksincha, ularga ilhom baxsh etib, yanada faol harakatga undab, yangi qirralari sifatida namoyon boʻladi. Aynan shuning uchun ham bu kabi insonlarning muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlari koʻpayib boraveradi.
Ana shunday qilgan mehnatlari va harakatlari zoye ketmayotgan, oʻz kasbi va ijodkorligi orqasidan hurmat va qadr topayotgan insonlardan biri, uzoq yillar qatʼiy tartibli sohada faoliyat olib borishiga qaramasdan, qalbi adabiyotga yaqin boʻlgan shoir va tarjimon, maʼnaviyat targʻibotchisi Zikrilla Neʼmatdir.
Zikrilla Neʼmat (Neʼmatov Zikrilla Xayriyevich) 1961-yilda Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Mirobod tumanidagi 154 maktabda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi sifatida samarali faoliyat yuritib, qisqa vaqtda katta tajriba toʻplab, amalda bularni isbotlay oldi va natijada “Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha eng faol targʻibotchi” Respublika tanlovida faxrli 2-oʻringa loyiq topildi.
1983-yilda ToshDU (hozirgi Oʻz MU)ning jurnalistika fakulteti sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirgan Zikrilla Neʼmatov 1985-yil noyabr oyida Buxoro viloyat IIB Gʻijduvon tumani ichki ishlar boʻlimiga milisioner boʻlib ishga qabul qilinadi. 1989-yilda universitetni tamomlab, 1990-yildan eʼtiboran 2001-yilgacha Buxoro viloyati IIB siyosiy boʻlim inspektori, oʻta muhim ishlar boʻyicha katta inspektor va boʻlim boshligʻi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.

1996-yilda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirib, 2001-yilda uni muvaffaqiyatli tugatgan. 2001-2007-yillar davomida u Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yongʻin xavfsizligi oliy texnik maktabi ilmiy-tadqiqot va tahrir-nashriyoti boʻlimida bosh muharrir kabi lavozimlarda ham jonbozlik koʻrsatgan. Aslida, bu sohaga jurnalistika orqali kirib kelgan qahramonimiz 2009-2013-yilllarda Respublika IIV “Postda”-“На посту” gazetalari, “Qalqon”-“Щит” jurnallari birlashgan tahririyatining bosh muharriri boʻlib ham faoliyat yuritgan.
Zikrilla Neʼmatov bolalik chogʻidan badiiy ijod bilan ham shugʻullanib keladi. 1976-1977-yillarda, yaʼni 7-8-sinfda oʻqib yurgan paytlarida sheʼr va maqolalari bilan tuman, viloyat va respublika bolalar gazetalarida qatnashib turgan.
2006-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan. 2013-yildan 2017-yilga qadar Respublika IIV matbuot boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan. 2017-yil iyul oyida yoshi boʻyicha nafaqaga chiqqan. Unvoni polkovnik. 2019-yildan Respublika “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi. Oʻsha yili “Yilning eng faol maʼnaviyat targʻibotchisi” Respublika tanlovi gʻolibi boʻlgan.
1.jpg)
2021-yildan eʼtiboran esa Toshkent shahar Mirobod tuman 154 maktabning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi, 2022-yildan boshlab Respublika IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti katta inspektori sifatida ham xizmat koʻrsatib kelmoqda. Aslini olganda, faoliyatining koʻp qismini ichki ishlarda oʻtkazgan boʻlishiga qaramasdan, qalbi adabiyotga, sheʼriyatga yaqin boʻlgan ijodkor Zikrilla Neʼmatning 25 dan ortiq sheʼriy kitoblari, 20 dan ortiq maqolalari chop etilgan. “Yurtim navosi”, “Vatan va muhabbat”, “Qaytar dunyo”, “Muhabbatsiz yashab boʻlmas”, “Ostonadan boshlanar Vatan”, “Onam ekan rayhonlar” (saylanma), “Muxammas gulshani”, “Navoiydan navo istab”, “Buxoroni sogʻinmay boʻlmas” kabi toʻplamlari shular jumlasidandir. Joriy yilda esa shoirning “Bobomdan meros bogʻlar” nomli kitobi nashr etildi.
Zikrilla Neʼmat tarjimon sifatida ham samarali faoliyat koʻrsatib, Sergey Yesenin, Mixail Lermontov, Aleksandr Blok, Velimir Xlebnikov, Yakub Kolas, Ivan Franko, Anastasiya Dmitruk, Vladislava Ilinskaya, Rasul Hamzatov, Abay, Oʻljas Sulaymon kabi mashhur shoir va yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Yaqinda rus klassiklarining “Rus adabiyoti durdonalari” rukni ostida chop etilgan S. Yesenin, A.Blok, V. Xlebnikov kitoblarida Zikrilla Neʼmat tarjimasidagi koʻplab sheʼrlar ham joy olgani quvonarli holdir va 2022 yildan bu tarjima kitoblar barcha umumtaʼlim maktablari kutubxonalaridan joy oldi.
Shuningdek, shoirimizning sheʼrlari, tarjimalari va maqolalari Respublikaning “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Vatanparvar”, “Turkiston”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” kabi nomdor gazeta va jurnallarda chop etilib kelinmoqda.
Joriy yilning 15-16-may kunlari oʻtkazilgan “Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha eng faol targʻibotchi” Respublika tanlovida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan Zikrilla Neʼmat bundan avvval ham Respublika miyosida oʻtkazilgan tanlovlar gʻolibi boʻlgan. Jumladan, 2012 yilda “Vatan haqida qoʻshiqlar” kitobi uchun “Eng ulug‘ va eng aziz” Respublika tanlovida 2-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2019 yilda “Mardi maydonlar yurti” kitobi uchun “Posboningman, muqaddas Vatan” Respublika tanlovida 3-oʻringa sazovor boʻlgan. Shoirning sheʼrlari harbiy vatanparvarlik ruhidagi “Oʻzbekiston – Vatanim manim!”, “Yagonasan, muqaddas Vatan!” hamda “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” kabi koʻrik-tanlovlarda 1-oʻrinlarni egallagan. Bundan tashqari, Zikrilla Neʼmat Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining mardligi va jasoratini ochib beruvchi “Gʻalaba-75” badiiy-publisistik asarlar tanlovining “Eng yaxshi sheʼriy asar” nominasiyasi boʻyicha 1-darajali diplom, “Ayolga ehtirom” Respublika ijodiy tanlovida esa 3-darajali diplom, “Yilning eng faol maʼnaviyat targʻibotchisi” Respublika tanlovida 1-oʻrin sohibi boʻlgan.
Ijodkorning yuzdan ortiq sheʼru gʻazallari asosida kuylangan qoʻshiqlar xalqimizning taniqli hofiz va sanʼatkorlari – Ortiq Otajonov, Bobomurod Hamdamov, Ismoil Jalilov, Toshpoʻlat Matkarimov, Oybek Hamroqulov, Oʻlmas Olloberganov, Yulduz Turdiyeva, Rohila Rozumova, Dilnoza Ismiyaminova, Lola Ahmedova, Dilshod Boyxonov, Kamoliddin Rahmatov, Zokirjon Toʻychiyev, Farhod Qambarov, Suhrob Hamdamov, Alisher Hamroyev, Ozoda Ahmedovalar tomonidan kuylanib, televideniye va radio orqali tez-tez efirga uzatiladi. Mana uning Ortiq Otajonov ijrosidagi “Dunyo” sheʼridan bir toʻrtlik:
Yaxshidir, ortingdan yaxshi ot qolsa,
Hikmatlaring mangu barhayot qolsa,
Insoniy nomingdan bir isbot qolsa,
Seni mangulikka eltar dunyo bu!
Tajriba tariqasida qayd etish oʻrinliki, IIV faxriysi, isteʼfodagi polkovnik Zikrilla Neʼmat Mirobod tumanidagi 154 maktabning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi lavozimidagi faoliyati davomida bir qator ibratli ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, maktab oʻquvchilari uchun “Yosh ijodkorlar” , “Yosh kitobxonlar va notiqlar”, “Yosh musavvirlar” toʻgaragi va mashgʻulotlarini tashkil etdi. Yosh ijodkorlarning sheʼrlari “Tong yulduzi”, “Gulxan” kabi bolalar gazeta va jurnallarida chop etilishida tashabbus koʻrsatib kelmoqda. Uning koʻmagi natijasida bir qancha oʻquvchi yoshlarning birinchi kitoblari nashr etilgan. Eng tahsinga sazovori Zikrilla Neʼmat maktabning kam taʼminlangan 8 nafar ijodkor oʻquvchilarini “Tong yulduzi” gazetasi, “Gʻuncha” va “Gulxan” jurnallariga beminnat obuna qilib bergan. Uning saʼy-harakatlari bilan maktab kutubxonasiga ham ushbu bolalar nashrlari muntazam ravishda kelib turibdi va bolajonlar bu gazeta-jurnallarni jon deb qiziqib oʻqishmoqda. Oʻzlari ham sheʼr va hikoyalar yozib, rasmlar chizib, bolalar nashrlari tahririyatlariga yuborishmoqda. Hozirga qadar mazkur maktabning oʻn besh nafar oʻquvchilarining ijod namunalari Respublika bolalar nashrlarida chop etildi. Bu esa adabiyotga mehr qoʻygan bu yosh yuraklarni yanada ruhlantirmoqda.

Respublika Ichki ishlar vazirligi tizimida ham faoliyat yuritayotgan ijodkorimizning faqat birgina ish bilan cheklanib qolmayotgani, oʻzi sevgan ijodkorlikni ham teng olib borayotganligi va yoshlarga buni targʻib qilib, ularni ilm olishga, kurashishga oʻrgatib kelayotganligi tahsinga sazovordir.
Darhaqiqat, yuqoridagi qahramonimiz timsolida aytishimiz mumkinki, Yaratgan tomonidan yuqtirilgan har qanday isteʼdod bor ekan, albatta, qaysi sohada boʻlmasin, bu isteʼdodini amalga oshirishga vaqt va imkon topa oladi. Va uni yoshlarga targʻib ham qilib, yaxshi natijalarga erishishi mumkin. Faqatgina unda kurashuvchan fidoyilik tuygʻulari soʻnmasa boʻlgani. Unutmang, “Agar alpinist choʻqqini zabt eta olmasa, ayb choʻqqida emas”.
Behruz XURRAM,
OʻzDJTU talabasi