Koʻhna tarixga nazar tashlab, baʼzan hayron qolasiz: odamlar, xalqlar, davlatlar, sivilizatsiyalar tarixi shu qadar murakkab, ziddiyatli, qarama-qarshiliklarga boyki, taraqqiyotning omili ham ana shu muammolarning mavjudligidadir degan xulosaga kelasiz kishi. Chunki odamzod taraqqiyotning barcha bosqichlarida ijtimoiy hayot, turmush tarzini takomillashtirish, yangiliklarga intilish jarayonida oʻziga xos qiyinchiliklar, ziddiyatli holatlarni tinimsiz yengib oʻtish, yangiliklar ixtiro qilishga intilgan. Natijada bugun barcha hayron qoladigan darajadagi sivilizatsiyalar kashf etilgan.
Avvallari odamlar hayoti koʻp hollarda bir tekis, evolyutsion tarzda rivoj topgan boʻlsa-da, insoniyat taraqqiyotining keyingi davrlarida ilm-fan, taʼlim sohalarida erishilgan yutuqlar sabab bu jarayon tezlasha boshladi. Dastlabki davrlarda insoniyat turmush tarzi, hashamatlik holati arifmetik oʻsish boʻyicha yaxshilanib borgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, geometrik progressiya asosida taraqqiy etib bormoqda.
Inson hayotini barqarorlashtirish, turmush tarzini takomillashtirish uchun bugun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Shunga mos tarzda hayotimiz ham hashamlik nuqtayi nazaridan, jismoniy mehnatni yengillashtirish asnosida yaxshilanib bormoqda. Mazkur maqolani yozish paytida jadid bobomiz Isʼhoqxon toʻra Ibratning “Tanlangan asarlari”dagi quyidagi satrlarni oʻqib qoldim: “Madaniyat xotiraga oʻxshagan yangi taomil, yangi soʻz, yangi xat joriy boʻlib, eski nimarsalar, diniy ishlar, boʻlaklari hammasi bilkul qolib, yangi yurib ketar ekanlar... Uyingizda hozir turubdur ayon... chunonchi: chiroq qoldi – lamfa (chiqdi), chaqmoq qoldi – gurgurd (chiqdi)... choyjoʻsh qoldi – choynak (chiqdi), qumgʻon qoldi – samovar (chiqdi) va hokazo yangi nimarsalar koʻb joriy boʻlib qolgan”.
Xoʻsh, biz mazkur iqtibosni nega keltirdik? Buning jiddiy sababi bor. Agar biz bugun farzandlarimizga bundan atigi yuz yil oldin oʻzbek xalqining turmushi, hayotida bobomiz sanab oʻtgan narsalar yangilik edi, avvallari ajdodlarimiz bugungi turmushimizda zarur boʻlgan elektr asboblari, jismoniy mehnatni yengillashtiruvchi asbob-uskunalar boʻlmagandi desak, ular hayron boʻlishi tayin. Haqiqatan, hayotimiz, turmush tarzimiz nihoyatda katta tezlikda oʻzgarib bormoqda. Inqilobiy texnologiyalar tufayli yana 30-40 yillardan soʻng bizni nimalar kutayotganini tasavvur ham qilib boʻlmaydi.
Demak, insoniyatning moddiyat sohasidagi oʻzgarishlari tinimsiz taraqqiy etib boraveradi. Bunday taraqqiyot, oʻz navbatida, maʼnaviyat va tafakkur olamiga ham jiddiy taʼsir etmoqda. Bu esa bugun barchamizni oʻylantirayotgan, insoniyatning bundan keyingi taqdirida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan omil – maʼnaviyat, madaniyat, tarbiya masalalari dolzarbligini yanada oshirmoqda.
Shaxs tarbiyasi, uning maʼnaviyati, yuksak axloqi masalalariga qanchalar koʻp diqqat qaratganimiz kabi koʻplab zararli tahdidlar, mafkuraviy-gʻoyaviy bosimlar ham urchib borayotganini unutishga aslo haqqimiz yoʻq. Inson shaxsiyatini buzish, ming yillar mobaynida shakllangan ezgu gʻoyalar, bunyodkor mafkuralar, odamlarni faqat yaxshilik, oʻzaro hamkorlikka boshlovchi tarbiya tizimiga qarshi kurash ham yangi shakl va mazmunga ega boʻlib bormoqda. Prezidentimiz “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobida qayd etganidek, “Yangi Oʻzbekiston mafkurasi – ezgulik, odamiylik, insonparvarlik gʻoyasidir. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlar barqarorligini tasavvur qilamiz. Maʼnaviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgulik, umuminsoniy gʻoyalar ruhida voyaga yetkazish, ularda xalqimizning maʼnaviy va maʼrifiy ideallarga yot boʻlgan zararli taʼsirlarga qarshi immunitetini kuchaytirish masalasi bugun har qachongidan ham dolzarbdir”.
Haqiqatan, keyingi paytlarda yot gʻoyalar tobora koʻpayib bormoqda. Eʼtiqodi sust ayrim yoshlarimiz esa bu gʻoyalarni tahlil qilish, ulardan xulosa chiqarish koʻnikmasi yoʻqligi uchun murakkab jarayonda adashmoqda, “oq bilan qora”ning farqiga bormay, nojoʻya harakatlar qilmoqda. Buning sabablari juda koʻp. Biroq, nazarimizda, barcha sohalarda boʻlgani kabi maʼnaviy hayotdagi turbulentlik holati milliy tarbiya va ming yillar davomida shakllangan maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizni ochiqdan-ochiq inkor etmoqda.
Xoʻsh, turbulentlik holati nima degani? Toʻgʻri, turbulentlik girdobli harakat, joʻshqinlik, tartibsizlik kabi maʼnolarni anglatgan holda koʻpincha aniq, tabiiy fanlar atamasi sifatida foydalaniladi. Biroq bugungi kunda mazkur atama ijtimoiy hayotning barcha sohalari, jumladan, mamlakatlarning tashqi siyosati, milliy va umumbashariy muammolarni hal etishda ham keng qoʻllanilmoqda.
Har qanday jamiyatda inson rivojining old sharti, eng muhim mohiyati, avvalo, uning erkinligi va mustaqilligida namoyon boʻladi. Erkinlikdan foydalanish imkoniyatining zaruriy sharti insondagi ichki tartib va oʻzaro munosabatlardagi tartibga hurmat bilan qarash hisoblanadi.
Shu maʼnoda taʼkidlash lozimki, erkinlik bu – tartib. Tartibsizlik sharoitida erkinlikdan foydalanish aslo mumkin emas. Intizom tartibga nisbatan hurmatning namoyon boʻlishidir. Intizom hayotning har qanday sohasi va tartibotning har bir darajasida samarali faoliyatning zaruriy shartidir. Har qanday sharoitda, har bir sohada tartib buzilishi umumiy jarayonlarni ishdan chiqaradi, pirovard natijada inqirozli holat, beqarorlikni yuzaga keltiradi.
Bu, ayniqsa, maʼnaviyat, tarbiya sohalarida jiddiy xavf-xatarni paydo qilishi mumkin. Haqiqatan, ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida, globallashuv avj olgan va insoniyatning ming yillar mobaynida shakllangan qadriyatlari katta xavf ostida turgan bir paytda turbulentlik holati maʼnaviyat, tarbiya jabhasida ham jiddiy muammolar keltirib chiqarmoqda.
Bunday muammolar koʻp hollarda maʼnaviyatni tushunishda, odamlar tarbiyasida anʼanaviy qadriyatlar, shakllangan meʼyorlardan foydalanishga ustuvor ahamiyat berayotgan, bu jarayonga muayyan darajada arxaik-konservativ munosabatda boʻlayotganlar bilan masalaga innovatsion tarzda qaraydiganlar oʻrtasidagi jarlikning tobora kengayib borishiga sabab boʻlmoqda.
Afsuski, bu jarlik kundan kunga kengaymoqda. Maʼnaviyat va tarbiya masalasida konservativ va innovatsion tarafdorlarning kelishmovchiligi, ular oʻrtasidagi ziddiyatli holatlar mazkur sohalardagi turbulentlik holatining taʼsirini yanada kuchaytirmoqda.
Maʼnaviyat, maʼrifat, tarbiya, umuman, inson, jamiyat munosabatlariga keyingi yillarda tobora avj olib borayotgan toʻrtinchi sanoat inqilobi nihoyatda katta taʼsir koʻrsatmoqda. 1760-yillardan 1840-yillargacha davom etgan birinchi sanoat inqilobi temir yoʻllar qurilishi va bug‘ mashinasi kashf qilinishiga turtki boʻlgan mexanik ishlab chiqarishni boshlab bergan boʻlsa, XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida boshlangan ikkinchi sanoat inqilobi elektr quvvati va yigʻuv liniyasi yaratilishiga sabab boʻlgan. Uchinchi sanoat inqilobi 1960-yillardan boshlandi va u yarimoʻtkazgichlar, markaziy kompyuter (1960-yillar), shaxsiy kompyuter (1970-1980-yillar) va internet (1990-yillar) rivojlanishi bilan avj oldi. Bu davr “kompyuter inqilobi” davri ham deb ataladi. Taʼkidlash lozimki, har uchala sanoat inqilobi ham insoniyatni umumiy taraqqiyotga boshladi, odamlar tafakkur tarzini kengaytirdi, katta hajmdagi ishni qisqa vaqt orasida bajarish, rivojlanishning ekstensiv yoʻlidan intensiv yoʻliga oʻtish imkonini berdi.
Toʻrtinchi sanoat inqilobi boshlanish davri esa XXI asr boshlariga toʻgʻri keladi. Mazkur jarayon teng miqdordagi ulkan imkoniyatlar va katta muammolarni keltirib chiqara boshladi. Ular orasida eng eʼtiborga moligi ijtimoiy tengsizlik kuchayishi boʻldi. Oʻsib borayotgan tengsizlik tufayli kelib chiqqan muammolar miqdorini oʻlchash tobora qiyinlashib bormoqda.
Hozirgi sanoat inqilobi natijasida namoyon boʻlayotgan yangi texnologik inqilob koʻlami shu qadar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy oʻzgarishlarga sabab boʻlmoqdaki, ularni koʻz oldimizga keltirish deyarli imkonsiz. Mazkur sanoat inqilobi avvalgilaridan tezligi, koʻlamidan tashqari koʻp sonli va xilma-xil sohalar hamda kashfiyotlarni uygʻunlashtira olishi bilan ham ajralib turadi. Turli texnologiyalarning oʻzaro birlashuvidan hosil boʻladigan real innovatsiyalar endi ilmiy fantastika emas.
Masalaning muhim jihatlaridan yana biri shundaki, toʻrtinchi sanoat inqilobi markazida sunʼiy intellekt turibdi. Sunʼiy intellekt kompyuterlar hisoblash quvvatining geometrik progressiya boʻylab oʻsishi va ulkan maʼlumotlar bazasiga tayangan holda madaniy, maʼrifiy qiziqishlarimizni oldindan aytib beruvchi algoritmlar kabi hayratomuz yutuqlarga erishmoqda.
Toʻrtinchi sanoat inqilobi, sunʼiy intellekt insoniyatning hozirgacha mavjud boʻlgan yashash standartlariga, shart-sharoitlarimizga bir tomondan ijobiy, boshqa tarafdan salbiy taʼsir oʻtkazish kuchiga ega. Ayrim qurilmalar turli sohalardagi ehtiyojlarimizni oldindan aytib berish imkoniga ham ega boʻlmoqda.
Boshqacha aytganda, sunʼiy intellekt insonning ijodiy qobiliyati, uning amaldagi roʻyobi masalalarini oʻz “qoʻli”ga olayotganini tan olishga toʻgʻri keladi. Masalan, yozuvchilik va avtomatik hikoya yaratish texnologiyasini olib koʻraylik. Murakkab algoritmlar har qanday kitobxonga mos uslubda hikoya yarata oladi. Hikoya mazmuni inson mahsuliga shu qadar oʻxshaydiki, “New York Times” gazetasi oʻtkazgan soʻrovnomada bir-biriga oʻxshash ikki xil matn berilganida ishtirokchilar ulardan qaysi birini odam, qaysisini robot yozganini ajrata olmadi.
Bu texnologiya jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Shu bois, avtomatik hikoya yaratish texnologiyasiga ixtisoslashgan “Narrative science” asoschilaridan biri Kristian Hammond kelajakda yangiliklarning 90 foizi algoritmlar tomonidan yozilishini bashorat qilgan. Bu algoritmlarning asosiy qismi odam ishtirokisiz ishlaydi.
Haqiqatan, bunday jahoniy oʻzgarishlar yangi Oʻzbekistonga ham jadal kirib kelmoqda. Bugun raqamli texnologiya, sunʼiy intellektsiz har qanday davlatning na iqtisodiy-ijtimoiy, na madaniy-maʼrifiy sohalardagi oʻzgarishlarini tasavvur qilish qiyin. Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining joriy yil 16-sentyabrdagi “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidlash oʻrinli.
Unga koʻra, 2025-2026 yillarda “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish hamda mahallalarda 30 dan ortiq davlat xizmatini koʻrsatish, aholi va tadbirkorlar uchun 100 dan ortiq elektron xizmat joriy etish, shu jumladan, 10 turdagi davlat xizmatini proaktiv va kompozit shaklga oʻtkazish, 19 ta hayotiy vaziyatda fuqarolarga avtomatik tarzda xabar yuborish choralari belgilandi.
Raqamli texnologiyalar toʻrtinchi sanoat inqilobining vorisi sifatida bugun butun dunyoda taraqqiyotning eng ishonarli, arzon va qulay sohasiga aylandi. Biz yuqorida yozuvchi va avtomatik sunʼiy usulda hikoya yozish masalasini koʻrib chiqdik. Haqiqatan, hikoya, sheʼr, roman va boshqa adabiy-badiiy asarlarni shu tarzda yozish mumkin. Ammo masalaning boshqa muhim jihati bor. Gap oʻsha asarlarning oʻquvchiga ruhiy tomondan va milliy oʻzlikni anglashga koʻrsata oladigan ijobiy taʼsiri haqida ketmoqda. Yana savol tugʻiladi: biz algoritmlar maslahatiga quloq tutamizmi yoki oʻzimizni qurshab olgan jamiyat, oila aʼzolarimiz, yaqinlarimiz, hamkasblarimizgami?
Sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar tomonidan yaratilgan “asarlar” qay darajada mentalitetimizga, shaxs, jamiyatga boʻlgan munosabatlarimizga taʼsir qilishi mumkin? Umuman olganda, bu oʻta murakkab savollar.
Keling, shu oʻrinda shaxs hissiyoti, hislari haqida ikki ogʻiz fikrlashamiz. Odamlarda bugungi kunda jadal rivojlanayotgan globallashuv, turli ichki va tashqi mafkuraviy tahdidlar tufayli boshqalarning dardi, muammolarini his etish darajasi tinimsiz pasayyapti. Masalan, keyingi yillarda boshqalar dardini tinglash va unga sherik boʻlish darajasi 20-30 yil avvalgidan 40 foiz kamaygan.
Buning sababi esa toʻrtinchi sanoat inqilobi oqibatida odamlar, ayniqsa, ayrim yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga “mixlanib” qolishi, pirovard natijada ularning jamiyat, oilasidan begonalashib borishidagi surʼat tezlashishidir.
Bugungi kun odami ruhiy holatida eng koʻp uchraydigan salbiy koʻrinish hissizlik hisoblanadi. Aksar odamlar hissizlashgan qalbi bilan atrofidagi odamlar – baʼzan turmush oʻrtogʻi, goho bolasi, ayrim hollarda doʻsti, koʻchasidagi qoʻshnisini qiynayotganini, unga azob berayotganini bilmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarga “qullik”, nazarimda, odamlarda bir-biriga munosabatlar qalbning emas, aqlning nazoratida boʻlganga oʻxshaydi. Kulishimiz, yigʻlashimiz, odamlar bilan oʻzaro aloqalarimiz ichimizdan, yurak-yurakdan emas, kulishimiz lozim boʻlgani uchun, yigʻlashimiz shart boʻlgani uchundek tuyuladi. Buning sababi ham bugun ayrim odamlarimizda sof insoniy his yoʻqolib borayotgani, his shaxslarning tashqi koʻrinishda borligi-yu, ichki olamida yoʻqligidir. Hissizlik esa odamlarda aqliy ogʻishlar, hissiz taassurotlar va yuzaki yashash odati shakllanishiga sabab boʻlmoqda.
Shubhasiz, toʻrtinchi sanoat inqilobi insoniyat hayotini yanada goʻzallashtiradi, farovonlikni oshiradi, ogʻirimizni yengil qiladi. Biroq ayni paytda bu fenomen ayrim sohalardagi rivojlanishni haddan tashqari sunʼiylashtirib yuborishi mumkinligini ham yoddan chiqarish mumkin emas. Masalan, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiya Alisher Navoiyni gapirtirishi, Amir Temurning jang mahoratini namoyish qilishi, jadid bobolarimizning istiqlol, erk uchun kurashlarini oʻziga xos uslubda koʻrsatib berishi mumkin.
Bu, shubhasiz, kerak. Ammo masalaning jiddiy tomoni shundaki, oʻsha epizodlarni tomosha qilgan, eshitgan odamlar, ayniqsa, yoshlarimizda buyuk bobolarimizning milliy-madaniy merosini anglashda, mutafakkirlar haqidagi tasavvurlarida sunʼiylik alomatlari uchramasmikan? Ana shunday holatda sunʼiy intellekt asosida yaratilayotgan madaniyat va sanʼat asarlarida milliylik, oʻzlik masalalariga jiddiy eʼtibor berish talab qilinadi. Aks holda, biz yoshlarimizda buyuk bobokalonlarimiz, zafarlarga toʻla tariximiz haqida yengil, jiddiy asoslanmagan, ruhsiz, hissiz xulosalarga kelishiga sababchi boʻlib qolishimiz hech gap emas.
Endi masalaning ijtimoiy hayot, sanʼatkorning mavqei bilan bogʻliq jihatlariga eʼtibor beramiz. Nazarimda, toʻrtinchi sanoat inqilobi, uning natijasida paydo boʻlgan, bugun tobora takomillashib borayotgan tomonlari – raqamli texnologiya va sunʼiy intellekt, yuqorida qayd etganimiz kabi insoniyat hayotini mutlaqo oʻzgartirib yubordi. Yana muayyan vaqt, deylik 20-30 yildan soʻng turmush tarzimiz, jamiyatga, borliqqa nisbatan munosabatlarimiz qanday boʻlishini tasavvur qilish juda qiyin.
Biroq toʻrtinchi sanoat inqilobining hayot tarzimizni yaxshilashiga, moddiy farovonlikni yanada toʻkislashtirishiga shubha qilish mumkin emas. Haqiqatan, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiya mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi, oʻz navbatida, xalqimiz farovonligi ham tobora yaxshilanib boraveradi.
Ayni paytda bu oʻzgarishlar silsilasida tarbiya, madaniyat, maʼnaviyat masalalari qay ahvolda boʻlishini tasavvur qilish biz uchun juda muhim. Chunki toʻrtinchi sanoat inqilobi natijasida anʼanaviy shakllangan turmush tarzimiz, odamlar oʻrtasida mavjud munosabatlar, ayniqsa, milliy qadriyatlarimizga qarashlarimiz oʻzgarib ketmoqda. Buning oqibatlarini bugun ham kuzatish mumkin.
Bularning bari maʼnaviy hayotimizda turbulentlik holatini paydo qilmoqda. Shu oʻrinda maʼnaviyat, madaniyat, tarbiya borasida turbulentlik hodisasining ayrim koʻrinishlari haqida fikrlashamiz. Nazarimda, bunday holat shakllanishi inson shaxsiyati buzilishi bilan bogʻliq. Shaxsiyat insonning oʻziga xosligi, oʻziga xos xususiyatlari bilan boshqalardan ajralib turishi hisoblanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarning haddan tashqari kengayib borishi, odamlar, ayniqsa, yoshlarning unga mukkasidan ketishi, oʻz navbatida, eʼtiqodi sust, milliy qadriyatlarimizdan muayyan darajada begonalashganlarda birxillashuv jarayonini yuzaga keltirmoqda. Ularning tafakkur tarzi, fikrlashi, odamlar, jamiyatga nisbatan munosabatlarida yaxlitlik alomatlari ham kengayib, ham chuqurlashib bormoqda.
Bu esa shaxsiyati bir xil odamlar koʻpayishiga olib kelyapti. Shaxsiyatning birxillashuvi yoshlarning oʻz isteʼdodi, imkoniyatlarini namoyon etishiga toʻsqinlik qiladi, sogʻlom raqobatni, tashabbuslarni soʻndiradi. Sogʻlom shaxs esa oʻziga xos xarakteri, xislatlari orqali shaxsiyatini shakllantira olgan kishidir.
Shaxsiyatning buzilishi insonda qator salbiy holatlar paydo boʻlishiga olib keladi. Bu, birinchi navbatda, insondagi marginallik bilan bogʻliq. Marginallik biror shaxs yoki guruhning jamiyatda muayyan ijtimoiy guruh, tabaqa va qatlamiga mansub boʻlmay, ular oraligʻida oʻrin egallab turishini anglatadi. Shuningdek, marginallik deganda, mamlakat aholisining muayyan qismi “arosatda qolishi”, oʻz ijtimoiy guruhidan begonalashishini ham tushunish mumkin. Ijtimoiy-maʼnaviy hayotdagi turbulentlik ana shunday salbiy holatga olib kelishi mumkinligini aslo esdan chiqarmaslik lozim.
Bugun dunyoning koʻplab mamlakatlari aholisi ichida ana oʻsha marginallik juda kuchaymoqda. Ular oʻz shaxsiyatidan mosuvo boʻlib, jamiyat, oilasidan tobora uzoqlashib, begonalashuv jarayoni kengaymoqda. Har bir davlat oʻz tarbiya tizimida ana shu holga eʼtibor berishi lozimligini unutish ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi bugun oydek ravshan.
Texnologik inqilob oqibatida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan turbulentlik holati ayrim odamlarda ruhiy muvozanat buzilishiga olib keladi. Ruhiy muvozanat inson va turli jamoalar hayotining muhim shartidir. Afsuski, inson ruhiyati dinamik boʻlib, vaqti-vaqti bilan muvozanatni yoʻqotadi – baʼzan kamroq, baʼzan esa kattaroq darajada. Baʼzi hollarda inson ruhiyati butunlay nazoratdan chiqib ketishi ham mumkin. Bunda inson oʻzini yomon his qiladi. Notoʻgʻri oʻylangan ish yoki majburiy faoliyat, vasvasalar, ochkoʻzlik, zaiflik, beparvolik yoki adashish muvozanatni buzadi.
Albatta, inson ruhiy muvozanati buzilishi koʻp omillarga bogʻliq. Har bir davlat oʻz tarbiya tizimida, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishda, odamlar ruhiy muvozanatini barqarorlashtirishda jamiyatning ijtimoiy-maʼnaviy jihatdan qanchalar darajada barqarorligiga, mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar, davlat tomonidan olib borilayotgan barcha sohalardagi islohotlar, siyosiy jarayonlarning fuqarolar manfaatlariga qay darajada muvofiqligi kabi omillarga alohida eʼtibor berish lozim.
Biz yuqorida sanab oʻtgan omillar bugun yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida toʻliq amalga oshayotganini koʻrish qiyin emas. Jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillari tobora keng koʻlamda oʻzini namoyon etmoqda, davlatning korrupsiya holatlariga qarshi kurashi xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinmoqda, bularning bari pirovard natijada odamlarda shukronalik kayfiyatini shakllantirmoqda.
Biroq odamlarimizda ruhiy muvozanatni taʼminlashga xalaqit qilayotgan qator subyektiv omillar borki, ularni eʼtiborga olmaslik ayrim salbiy holatlarga olib kelishi mumkin. Shuni qatʼiy ravishda aytish mumkinki, bugun ayrim odamlarimizda ruhiy muvozanat buzilishi jamiyatdagi ijtimoiy muammolar emas, koʻproq ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning “kasallanishi” tufaylidir. Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni tarqalayotgan, insonning ruhiy, axloqiy, hissiy jihatlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar odamlarda ruhiy muvofiqlikni izdan chiqarmoqda. Yetarli bilimga ega boʻlmagan, ota-onalar nazoratidan chetda qolgan, milliy qadriyatlarimizni nazar-pisand qilmaydigan odamlarda ruhiy muvozanat shakllanishi juda qiyin.
Ruhiy muvozanati buzilgan shaxs odatda oʻzini oʻzi nazorat qila olmaydi, u koʻproq ijtimoiy tarmoqlarda koʻrgan, bilgan narsalarga ergashadi, ulardan andoza oladi, nojoʻya harakatlar qilayotganini sezmaydi. Bunday odamni tarbiyalash oʻta qiyin. Shuning uchun ularni tarbiya qilishdan koʻra, bu yoʻlga kirmasligining oldini olish osonroq.
Tarbiya tizimida turbulentlik holati paydo boʻlishiga ruhiy muvozanat buzilishi bilan birga “shaxsiyat burchagi” degan va Gʻarbda alohida eʼtibor beriladigan ijtimoiy hodisa ham sabab boʻladi. Gʻarb “shaxsiyat burchagi” odatda bola shaxsi, ota-ona va oʻqituvchi uchburchagidan iborat. Albatta, bunday uchburchak tom maʼnoda faoliyat koʻrsatsa, bolalarni, yoshlarni turli illatlardan xalos etish, tahdidlardan himoya qilish oson kechadi. Biroq globallashuvning tobora kengayib borishi, biz yuqorida qayd etganimiz kabi yoshlarning jamiyatdan begonalashuvi tufayli bunday uchburchak har doim ham samara beravermaydi.
Bugungi yangi Oʻzbekiston maʼnaviy hayotida turbulentlik holatining taʼsir kuchini kamaytirishda Gʻarbdagi “shaxsiyat burchagi”dan farqli oʻlaroq, “yoshlar – ota-ona – oʻqituvchi – mahalla” toʻrtburchagi koʻproq samara beradi deyish mumkin. Chunki Gʻarbdagi uchburchak, asosan, yoshlarni rasmiy holatlarda – oilada, maktab va boshqa taʼlim muassasalarida tarbiyalashni nazarda tutadi. Bunday holatda bolaning jamoatchilik orasidagi tarbiyaviy holatini nazorat qilish tizimi shakllanmagan.
Bizda esa bu jarayon yanada mukammallashgan. Yoshlarning jamoat joylari, mahallada yurish-turishi, oʻzini tuta bilishi bilan bogʻliq jarayonlar ijtimoiy nazorat ostida boʻladi. Shuning uchun davlatimiz rahbari masalaga alohida eʼtibor qaratib, “yettilik” boshqaruvidan iborat mahallani tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʻrgʻoni sifatida eʼzozlamoqda. Bugun oʻzbek mahallasi maʼnaviyatdagi turbulentlik holatini tartibga keltiruvchi maskanga aylandi.
Bugun maʼnaviyatdagi turbulentlik holati butun dunyoni oʻz domiga tortib, odamlar, jamiyatlar va davlatlarda ijtimoiy muammolarni keskinlashtirib turgan bir paytda yangi texnologik inqilobning odamlarni jamiyatdan begonalashuviga, ruhiy muvozanat va shaxsiyat buzilishiga taʼsirini kamaytirish uchun hamkorlikdagi harakatini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berish talab etiladi.
Masalaga shu taxlit munosabatda boʻlishning sabablari bor. Masalan, olimlar toʻrtinchi sanoat inqilobi sharoitida avtomatlashtirishga eng koʻp va eng kam moyil kasblarni tahlil qildi. Natijada ijtimoiy ish, madaniyat, tarbiya sohasidagi xodimlar, ruhshunoslar, arxeologlar avtomatlashtirishga eng kam moyil sohalar sifatida tan olindi.
Demak, toʻrtinchi sanoat inqilobi ortga qaytmaydigan jarayon ekan, har bir soha taraqqiyoti texnologik inqiloblar bilan chambarchas bogʻliq ekan, aytish mumkinki, avtomatlashtirishga kam moyil sohalar xodimlarining oʻz ish faoliyatini samarali tashkil qilishiga alohida eʼtibor berish talab etiladi. Maʼnaviy-tarbiyaviy, madaniy sohalardagi ishlar samarasi pastligi, ijtimoiy tarbiya sohasida ishlovchilar faoliyatining koʻpincha arxaik-konservativ mazmunga ega ekani odamlar, ayniqsa, yoshlarda bu tadbirlarga ommaviy qiziqishni susaytirayotganiga ham alohida eʼtibor berish lozim deb oʻylaymiz. Bu borada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan qator jiddiy ishlar olib borilayotganini taʼkidlash lozim.
Masalan, markaz hozirgi zamon talablaridan kelib chiqqan holda targʻibot usulini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratmoqda, raqamli formatdagi loyihalarni koʻrib, ularning taʼsirchanligiga qarab, koʻnglingiz koʻtariladi. Yaqin-yaqingacha ham markaz, asosan, anʼanaviy yigʻilishlar, turli koʻngilochar tadbirlar oʻtkazuvchiga aylanib qolgandi. Endi esa markaz faoliyatining 70 foizidan ortigʻi ijtimoiy tarmoqlar vositasida, taʼsirchan usullarda olib borilmoqda.
Oxirgi paytlarda markaz tomonidan zamonaviy, yoshlarni tashabbuslar, islohotlarga safarbar etishga undaydigan 10 dan ortiq ijtimoiy rolik, sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan animatsion roliklarni koʻrib koʻz quvonadi, ulardagi yigit-qizlarni vatanparvarlik, milliy oʻzlikka chorlaydigan gʻoyalar esa barchada koʻtarinkilik ruhini shakllantirmoqda.
Yana bir loyihani koʻrib, ochigʻi, xursand boʻldim: “Vatan” qoʻshiqlar toʻplami yaratilib, yoshlarning gadjetlaridan oʻrin olgan musiqiy platformalarga joylashtirilibdi. Sunʼiy intellekt yordamida ijtimoiy roliklar tayyorlash anʼanaga kirib borayotganini alohida qayd qilish kerak.
Ha, bu dunyo raqobatli dunyo. Zamondan ortda qolganni bugun hech kim kechirmaydi. Madaniyat va maʼnaviyat sohalarida zamonaviy, ilgʻor, innovatsion usullarda ishlayotgan mustaqil ijodiy guruhlar paydo boʻlayotgani, ular oʻz faoliyatini yoshlarning tobora oʻsib borayotgan maʼnaviy-madaniy ehtiyojini hisobga olgan holda tashkil etayotgani ham eʼtiborga molik. Ular raqamli texnologiyalardan keng foydalanyapti. Natijada davlat va nodavlat madaniyat, boshqa ijodiy tashkilotlar orasida oʻziga xos musobaqa boshlanmoqda.
Shu maʼnoda, madaniyat, maʼnaviyat, maʼrifat va tarbiya sohasida faoliyat yuritayotgan, yuqorida aytganimizdek, avtomatlashtirishga kam moyil sohalar xodimlarining yangi texnologiyalarni oʻrganishga qiziqishini kuchaytirish maqsadga muvofiq. Mazkur soha vakillari raqamli texnologiya mutaxassislari bilan oʻzaro hamkorlikda boʻlishi kerak. Kurashish, raqobat qilish emas, aynan hamkorlik gumanitar sohada kutilgan samaraga yaqinlashtiradi.
Shuni yodda saqlash kerakki, hamkorlik faqat ishlab chiqarishga taalluqli emas. Hamkorlik barcha sohalar uchun zarur. Raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt asosida qilinayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar masalaga innovatsion yondashuvi bilan odamlarni oʻziga rom qilishi mumkin. Biroq bu jarayonda sof insoniy qarashlar, oʻzaro munosabatlar, odamlarning bir-biriga dardkashligi kabi sifatlarni topish mushkul.
Boshqacha aytganda, tom maʼnodagi sunʼiy intellekt, texnologik inqilob tufayli yaratilgan turli dasturlar insoniy hissiyot, qalb kechinmalaridan muayyan maʼnoda uzoq turadi. Nazarimizda, avvalo, biz oladigan axborot, maʼlumotlar, bilimlar, shubhasiz, tafakkur tarzimizni boyitadi, bilimimizni kengaytiradi. Ammo oʻsha jarayonlar inson qalb hissiyotlari bilan uygʻunlashsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Chunki qalb his qilmay qolsa, aql kuchi ortadi. Biroq aql kuchi qalbsiz ortsa, donolik yoʻqoladi, kishi kelajagini koʻrmay qoladi. Donolik faqat his qila oladigan odamda boʻladi, lekin his qilolmagan inson uni “koʻrolmaydi”.
Shu nuqtayi nazardan, sunʼiy intellekt, texnologik inqiloblar tufayli yaratilgan asarlar, dasturlar sof insoniy hissiyotlar, qalb qoʻri bilan boyitilsa, shubhasiz, yoshlarimiz bir tomonlama “ketib qolishi”ning oldini olamiz, turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish imkoniga ega boʻlamiz.
Biz bugun tan olishimiz shart boʻlgan ijtimoiy, jahoniy haqiqat shuki, toʻrtinchi sanoat inqilobi natijasida hayotimizga jadal, shiddat bilan kirib kelayotgan sunʼiy intellekt, yangi texnologik inqilob barchamizning hayotga, turmushimiz, qadriyatlarimizga munosabatlarimizni oʻzgartirmoqda. Bu hali boshlanishi. Kelajakda yuqorida taʼkidlaganimiz kabi nima boʻlishini tasavvur qilish mumkin. Maʼnaviyatdagi turbulentlik holatini eʼtiborga olmasak, girdobga tushib qolish, tartibsiz hayot kechirish xavfidan ogoh boʻlmasak, yangi texnologik inqilob tomonidan yaratilgan dasturlar, yangiliklarni eʼtirof etmasak, pirovard natijada koʻp narsalarni yoʻqotamiz.
Shuning uchun yangi Oʻzbekistonda bu masalaga davlat tomonidan keng eʼtibor berilmoqda. Joylarda yoshlar texnoparklari, AT parklar, “Raqamli texnologiyalar” oʻquv markazlari tashkil etilib, “Bir million dasturchi” kabi oʻnlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz aytganidek, bugun yoshlarimiz ilm-fanning barcha sohalarida dadil qadam tashlab, jahonda yuz berayotgan texnologik inqilobda faol ishtirok etmoqda.
Maʼnan boy, mafkuraviy immuniteti mustahkam, har bir sohada anʼanaviylik va zamonaviylikni uygʻunlashtira olish imkoniyatiga ega yoshlar bilan texnologik inqiloblar, globallashuv tufayli muayyan maʼnoda paydo boʻlayotgan turbulentlik holatini bartaraf etish, turli mafkuraviy tahdidlardan xoli boʻlish mumkin.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2025-yil 12-dekabr, 257-son.