Transformatsiya (evrilish) jamiyatning bozor iqtisodiyotiga asoslangan taraqqiyot bosqichiga oʻtishini anglatadi. Biroq buning uchun jamiyat aʼzolarining siyosiy ongida tub oʻzgarish boʻlishi lozim, bu oʻzgarish esa, eng avvalo, milliy oʻzlikni anglashda namoyon boʻladi.

Siyosiy ong, ijtimoiy-falsafiy mohiyatiga koʻra, nazariy-konseptual va amaliy-strategik xususiyatga ega tushunchadir. U jamiyat, davlat va ijtimoiy boshqaruvning bosh yoʻnalishini ifoda etadi, kishilar hayotining fundamental ahamiyatga molik jihatlarini qay tomon yoʻnaltirish mumkinligini koʻrsatadi. Siyosiy ong ijtimoiy ongning oʻzagi sifatida jamiyat, davlat, institutlar va individlar hayoti, turmushi, dunyoqarashiga taʼsir etadi. Bugun ijtimoiy hayotni siyosiy voqelik, siyosiy ongga taalluqli omillarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Siyosiy ong jamiyat yangilanishiga beqiyos taʼsir etgani bois, milliy oʻzlikni anglash bilan chambarchas bogʻlanadi. Ijtimoiy hayot oʻz­oʻzidan transformatsiyaga uchramaydi, hatto siyosiy ong ham mazkur jarayonga befarq qolishi mumkin. Ammo u ijtimoiy ong va ijtimoiy hayotdagi oʻzgarishlarga nazariy – konseptual va amaliy-strategik yoʻnalish berishda davom etadi.

Fikrimizcha, siyosiy ong strategik maqsadni belgilab berish, sotsial boshqaruvni yoʻlga qoʻyish orqali ijtimoiy-iqtisodiy hayotga taʼsir etadi. Lekin inson faqat moddiy hayotini yaxshilash, farovonlikka erishish bilangina qanoatlanib qolmaydi, uni yon-atrofida boʻlayotgan siyosiy voqealar, davlat va jamiyat ishlari, insoniyatning taraqqiyot yoʻllari, modellari, bu boradagi turli yondashuvlar ham qiziqtiradi. Demak, siyosiy ong davlat va jamiyat hayoti taraqqiyotidagi nazariy-konseptual va amaliy-strategik maqsadlarni belgilab berish orqali barcha sohalarni oʻzida mujassamlashtiradi. Shu maʼnoda, u ijtimoiy ongning oʻzagidir.

“Siyosiy munosabatlar jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning tarkibiy qismi hisoblanadi va ushbu munosabatlarni boshqaruvchi, yoʻlga qoʻyuvchi, xarakterini belgilab beruvchi oʻzak sifatida keladi. Siyosatning integral xarakteri siyosiy munosabatlarning barcha sohalarida ishtirok etishni, ularning oʻzagi ekanini bildiradi. Shuning uchun siyosiy voqelikni oʻrganganda uning integral xarakteridan kelib chiqish talab etiladi, chunki integral konsepsiyasi yoʻq tadqiqot siyosiy voqelikni fragmentar, deskriptiv tahlil qilishga va deduktiv, metafizik mushohadalarga olib boradi” (Qoʻchqorov V. Milliy oʻzlikni anglash va ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Toshkent, “Akademiya”, 2007. 65-bet).

Siyosiy ong va milliy oʻzlikni anglashning transformatsiya jarayonlaridagi oʻzaro bogʻliqligi, ularning dialektik oʻrnini aniqlash muhim ilmiy ahamiyatga egadir. Fikrimizcha, ushbu vazifaning ijtimoiy-falsafiy mohiyatini quyidagi masalalarni muhokama qilish, tadqiq etish orqali ochib berish mumkin.

1. Siyosiy ong va milliy oʻzlikni anglash oʻrtasida etimologik, aksiologik farqlar boʻlsa-da, ularga yaxlit, strategik maqsadga yoʻnaltirilgan, mohiyatan uygʻun voqelik sifatida qarash oʻrinlidir. Oʻtgan asrning boshlarida millat kelajagi, taqdiri, istiqloli uchun kurashgan buyuk mutafakkir jadidlar faoliyatini, kurashlarini eslaylik. Ularning saʼy­harakatlari, tilak va orzulari millat intilishlariga muvofiq edi; ular tuzgan ijtimoiy-siyosiy partiyalar, maktab va nashriyotlar milliy hayotni yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan edi. Lekin mazkur intilishlar orzuligicha qolaveradi. Ayb faqat chor hukumatidami? Ijtimoiy ong yangi gʻoyalarni, istiqlol toʻgʻrisidagi fikrlarni, milliy oʻzlikni anglashga qaratilgan daʼvatlarni eshitishga tayyormidi? Siyosiy ong jadidlar faoliyatida ustuvorlik qilgan; ular milliy oʻzlikni anglash, istiqlolga erishish yoʻllarini dadil ochib bergan, lekin ijtimoiy ong, omma milliy oʻzligini namoyon qilish, istiqlol uchun kurashishga hali tayyor emas edi. Demak, jamiyatda transformatsion oʻzgarishlar sodir boʻlishining muhim omili – siyosiy ong va milliy oʻzlikni anglash, uni qatʼiy himoya qilish fenomenlarining uygʻunligidadir.

2. Siyosiy ongning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning obyektiv qonunlarini toʻgʻri anglashi mavjud vaziyatdan haqqoniy xulosa chiqarish, masʼuliyatni zimmaga olib, ijodiy, sotsiokreativ kuchlarga tayana bilish, xalqni muayyan ideal, gʻoya, mafkura tevaragida birlashtirish bilan bogʻliqdir. Tarixda taraqqiyot haqida betakror konsepsiyalar, taʼlimotlar yaratgan diniy va dunyoviy arboblar koʻp boʻlgan, ammo ularning utopik-futurologik gʻoyalari orzuligicha qolavergan (Мангейм К. Идеология и утопия // Утопия и утопичес­кое мышление. Москва, “Прогресс”, 1991. Стр.113-169). Demak, transformatsiyaning “dolzarb reallik” sifatida kelishi, minglab, millionlab kishilarni harakatga sola olishi uchun tarixiy taraqqiyotning obyektiv qonunlarini toʻgʻri anglamoq zarur.

3. Monoetnik davlatlar va jamiyatlarda transformatsiya tez va samarali amalga oshadi. Polietnik davlatlar va jamiyatlarda esa transformatsiya turli toʻsiqlar, murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Mazkur holni bartaraf etish koʻpincha etnosiyosiy omillar bilan bogʻliq. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan etnosiyosat yurtimizda hayot kechirayotgan turli xalq, millatlar vakillari ittifoqini mustahkamlash, etnomadaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgani ijobiy natija bermoqda.

4. Mustaqillik milliy oʻzlikni anglash fenomeni bilan bogʻliq. Bu oʻrinda siyosiy ong milliy oʻzlikni anglash tarzida, milliy oʻzlikni anglash esa siyosiy ong koʻrinishida boʻy koʻrsatadi. Mazkur bogʻliqlik transformatsion oʻzgarishlarning nazariy-konseptual asosi va ijtimoiy-amaliy dasturi sifatida namoyon boʻladi.

Siyosiy ong va milliy oʻzlikni anglashning ijtimoiy hayotga taʼsiri jamiyatni modernizatsiyalashda yorqin namoyon boʻladi. Mazkur muammoni professorlar Z.Islomov va A.Qodirov maxsus tadqiq qilgan. Z.Islomov ijtimoiy-huquqiy jarayonni takomillashtirish, zamonaviylashtirishning yuridik muammolariga eʼtibor qaratadi. Olimning taʼkidlashicha, “Fuqarolik jamiyatidagi oʻzgarishlar albatta yuridik shaklda boʻlishi darkor. Qabul qilinayotgan qonunlar jamiyat rivojlanishi darajasiga mos tushishi va jamiyat demokratik rivojlanishining uzoq muddatli istiqbollari uchun, fuqarolik jamiyatining tiklanishi va oʻz-oʻzini tartibga solish jarayonlarini jadallashtirish uchun, shaxs hamda jamiyatning ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratgan holda, undan bir oz oldinda bormogʻi ham shart”.

Aksar oʻzbekistonlik tadqiqotchilar siyosiy hayotga, jamiyatni modernizatsiyalashga “tizimli transformatsiya” xos deb biladi. Ularning fikriga koʻra, mazkur tizimli transformatsiya: 1) bozor iqtisodiyotiga oʻtish; 2) xususiylashtirish; 3) iqtisodni barqarorlashtirish; 4) demokratiyaning institutsionallashuvi; 5) koʻppartiyaviylikka oʻtish; 6) fuqarolik jamiyatini shakllantirishdan iboratdir. Oʻzbekistonda sharqona demokratiya prinsiplari asosida qurilayotgan fuqarolik jamiyati barcha islohotlar milliy taraqqiyotga yoʻnaltirilgani bilan ajralib turadi.

Suhrob NORQULOV,

Toshkent Tibbiyot akademiyasi dotsenti,

falsafa fanlari nomzodi

“Tafakkur” jurnali, 2016 yil 3-son