Xalqlar va davlatlar tarixidan shu narsa maʼlumki, taraqqiyotni orzu qilgan har qanday millat va mamlakat oʻz oldiga ulkan maqsadlarni qoʻyadi, muammolarini hal etishning turfa yoʻllarini izlab topadi.

Yaxshisi, bu masalani mamlakatimizning soʻnggi besh-olti yildagi oʻzgarishlari misolida koʻrib chiqaylik. Xoʻsh, mazkur qisqa tarixiy davrda erishgan yutuqlarimizning sabablari nimalarda namoyon boʻladi?

Birinchidan, endi biz yaqin tarixdan saboq chiqarib, rivojlanish niqobidagi havoyi, mavhum, odamlarni chalgʻituvchi gʻoya va chaqiriqlardan voz kechdik. Oldimizga qoʻygan maqsad va vazifalarimiz oʻzining realligi, ilmiy jihatdan toʻgʻri hisob-kitob qilingani bilan ajralib turadi.

Ikkinchidan, biz qaysi ishni boshlamaylik, hech ikkilanmasdan xalqimiz va mamlakatimizning milliy manfaatlariga jiddiy eʼtibor qaratdik.

Uchinchidan, mamlakat rahbarining oqilona siyosati; Oʻzbekistonning ham ichki, ham tashqi siyosatida xalqimiz tinchligi, osoyishtaligi, farovonligining bosh maqsadga aylanishi, yangilanishlar sari dadil va mardona qadam tashlash muhim ahamiyat kasb etdi.

Toʻrtinchidan, biz yangi Oʻzbekistonni qurishga bel bogʻlagan ekanmiz, asosiy diqqatni xalqimizning yuksak maʼnaviyati, buyuk irodasi, bitmas-tuganmas qudratiga qaratdik. Ana shu omillar tufayli bugun dunyoda oʻzimizning mustahkam oʻrnimizga, oʻzimizga munosib xalqaro nufuzga ega boʻlib bormoqdamiz.

Bu fikrlar mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yaqinda nashr etilib, mamlakatimiz va koʻplab xorijiy davlatlarda taqdimoti oʻtkazilayotgan “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida oʻzining yorqin ifodasini topgan. Kitob muallifning quyidagi soʻzlari bilan boshlanadi: “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir” (3-bet).

Kitobning oʻqishliligi hisobot tarzida emas, aksincha, muammolarni ochiq tan olish, eng muhimi, oʻsha muammolarni hal etish uchun eng toʻgʻri, ilmiy jihatdan asoslangan yoʻllarni koʻrsatib bera olganligi bilan bogʻliq.

Keling, yaxshisi masalaga qay tarzda yondashilganini kitobning “Maʼnaviy taraqqiyot” deb nomlangan beshinchi boʻlimi misolida koʻrib chiqaylik. Kitobda maʼnaviyat-maʼrifat masalalariga alohida oʻrin ajratilganining muhim ijtimoiy sabablari bor. Muallif oldimizda turgan barcha vazifa va muammolarni jiddiy tahlil qiladi. Bularni kitobda keltirilgan quyidagi boʻlimlar nomidan ham anglash mumkin: “Xalqparvar davlat”, “Adolat va qonun ustuvorligi – xalqparvar davlat poydevori”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Oʻzbekiston va umumbashariy muammolar”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat”. Gap shundaki, bu jabhalardagi masalalarni maʼnaviyat va maʼrifat vositasidagina hal qilish mumkinligiga muallif alohida eʼtibor qaratgan.

Butun insoniyat oldidagi murakkab muammolar yechimiga qaratilgan quyidagi soʻzlarga eʼtibor qilishingizni istardim: “Mening nazarimda insoniyat dunyosining buyuk bir yoritqichi – maʼnaviyat chirogʻi bor. Bu chiroqning boshqalardan farqi shuki, u insonning ongi va tafakkurini yoritadi, qalbi, vijdonini uygʻotadi, odamiylik hissini kuchaytiradi” (259-bet). Bu yerda gap eng avvalo har birimizning ongu tafakkurimiz xususida bormoqda. Qayerda ong va tafakkur qay darajada boʻlsa, jamiyat hayoti ham shu darajada boʻladi. Undan ortiqcha yo past boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun ham yurtboshimiz yangi Oʻzbekistonni barpo etishda bilim va tafakkur asos boʻlishini va bunga butun xalqimizni safarbar etish orqali erishishni niyat qilgan.

Safarbarlik esa oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Buning uchun ikki muhim narsa kerak. Birinchidan, butun jamiyat uygʻonishi, ikkinchidan, jamiyatdagi islohotlarga hammaning daxldor boʻlishi talab etiladi. Shuning uchun “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu gʻoya bugun hayotimizni harakatga keltirib turishi shart. 

Mamlakat rahbari jamiyatning uygʻonishini, barchaning islohot ishtirokchisigina emas, uning tashabbuskori ham boʻlishini istaydi. Har qanday tashabbus oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Uning uchun yuksak aql, farosat, uygʻoq qalb zarur boʻladi. Boshqacha aytganda, inson maʼnan uygʻonishi lozim. Xoʻsh, jamiyat qachon uygʻonadi? Jamiyat insonlar uygʻongandagina uygʻonadi. Ana shundagina maʼrifatli odamlar jamiyatdagi islohotlarning tashabbuskori boʻlib maydonga chiqishi mumkin.

Kitob muallifi yangi maʼnaviy makon va maʼrifatli jamiyat toʻgʻrisida muhim fikrlarni bayon etadi. Mutolaa jarayonida men ushbu ikki atamaning bir-biri bilan uzviy bogʻliqligiga amin boʻldim. Taʼkidlanishicha, maʼnaviy makon – biz orzu qilayotgan yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy qiyofasi yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan maʼrifatli jamiyatdir (266-bet).

Mamlakat rahbarining Oʻzbekistonda yangi maʼnaviy makon yaratish, maʼrifatli jamiyat barpo etish yoʻlidagi barcha ezgu ishlari va tashabbuslarini yosh avlodning tafakkur tarzini takomillashtirishga qaratilgan muhim va dadil qadam sifatida baholash kerak. Bugun biz ochiq demokratik, fuqarolik jamiyatini barpo etishga astoydil kirishdik. Bunday jamiyatni fikriy, mafkuraviy qullikdagi ojiz shaxslar bilan qurib boʻlmaydi. Boshqacha aytganda, yangi jamiyatni yangicha tafakkur qiladigan shaxslar bilangina qurish mumkin. Agar jamiyatning tafakkur tarzi takomillashmagan boʻlsa, yuksak talablarga javob beradigan maʼnaviyat va maʼrifat bilan yoʻgʻrilgan insonlarga katta ehtiyoj sezilmasa, bu vazifani ado etish mumkin emas.

Kitobning yana bir ahamiyatini men bugungi Oʻzbekiston tom maʼnodagi sifat oʻzgarishlariga intilib yashaydigan shaxslarga nechogʻli muhtoj ekanligini asoslab berishda va bu ehtiyoj yechimining eng maqbul yoʻllarini belgilab berishda koʻrdim. Haqiqiy rivojlanish jamiyatning va fuqarolarning yangilanishga nisbatan ehtiyojlari uygʻun kelganda boʻlishi mumkin.

Bu jarayonda maʼnaviyat va maʼrifat bosh rolni oʻynaydi. Insonning borligʻi uning qalbida aks etadi. Qalb esa maʼnaviyat, maʼrifat bulogʻidan quvvat olib turishi kerak. Aks holda uning oʻrnini turli yovuz mafkuralar egallaydi. Ular esa insonni yovuzlik, vahshiylik tomon boshlaydi.

Mutafakkir allomalarimiz odamlarni birlashtirib turuvchi azaliy amallar insoniylik va yuksak axloq ekanligini bot-bot taʼkidlagan. Haqiqatan ham shunday. Xoʻsh, biz qachon ana shu tom maʼnodagi insoniylig-u yuksak axloqqa ega boʻlishimiz mumkin? Kitobda ushbu vazifani jamiyat maʼnaviy qiyofasini shakllantirish orqaligina hal etish mumkinligi qayd etiladi.

Yangi maʼnaviy makon va maʼrifatli jamiyatni barpo etishdan ham ogʻirroq vazifa yoʻq. Buning uchun avvalo jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish va buning natijasida maʼnaviy hayotdagi mudroqlik, xudbinlik, fikrsizlik, nodonlik kabi illatlarni bartaraf etish kerak boʻladi.

Kitob millat va vatan  kelajagiga  raxna solishi mumkin boʻlgan har xil maʼnaviy tahdidlar va xatarlardan bizni ogoh etadi. Shu bois muallif quyidagi ikki masalaga alohida eʼtibor qaratadi.

Birinchidan, milliy gʻoya targʻiboti va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishda vatanparvarlik tarbiyasi, xalqimizning ezgu ideallari va oliyjanob maqsadlariga sadoqat gʻoyalari shior darajasida qolib ketib, milliy gʻoyaning jahon tajribasidan oʻtgan umuminsoniy qonuniyatlari va Oʻzbekistonga xos zamonaviy tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlari ishlab chiqilmagan.

Ikkinchidan, jamiyat hayotida dunyoviy va diniy omillar oʻrtasidagi muvozanatni toʻliq taʼminlashga yordam beradigan, kuchli tarbiyaviy salohiyatga ega va xalqimiz maʼnaviyatini asrlar mobaynida mustahkamlashga xizmat qilib kelgan umuminsoniy va milliy qadriyatlar, azaliy anʼana va urf-odatlarimizning qadrsizlanishiga yoʻl qoʻyish hollari uchramoqda.

Albatta, millat va mamlakatimiz taqdiri ana shu vazifalarni qay darajada bajarishimizga bogʻliq. Mazkur vazifalarni ado etish mexanizmlari ham kitobda oʻzining klassik ifodasini topgan. Shu maʼnoda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobini yoʻlimiz va taraqqiyotimizning eng ustuvor yoʻnalishlarini belgilab bergan kitob deyishga asoslarimiz bor.

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Maʼrifatli jamiyat orzusi” maqolasi