Samarqandning tashrif qogʻozi – Registon maydonining hozirgi koʻrinishini XVII asrda shahar hokimi Yalangtoʻshbiy Bahodir (1576–1656) olchin shakllantirgan.
Samarqand shahrini qaytadan tiklagan sohibqiron Temurbek davrida Registon savdo va hunarmand rastalari joylashgan markaz boʻlgan, mirzo Ulugʻbek davrida esa ilm uchogʻiga aylangan. Shu yerda Ulugʻbek salobatli madrasa, yonida karvonsaroy, qarshisida esa ulkan gumbazli sufiylarning xonaqosini bunyod ettirgan. XVII asrga kelib Registonning koʻhna imoratlari nuray boshlagach, Samarqand amiri Yalangtoʻshbiy Bahodirxon ularning oʻrniga oʻzining mablagʻi hisobidan Ulugʻbek madrasasi qarshisida 1619–1938-yillar “Yalangtoʻsh Bahodirxon” (“Sherdor”) madrasasini, yonida – karvonsaroy joylashgan yerda esa 1649–1959-yillar “Yalangtoʻshbiy kichik madrasasi” (“Tilla Kori”)ni quradi. Shu sababli bu maydon XIX asrda ham “Bahodir maydoni” deb nomlangan. Natijada bugun butun dunyo sayyohlarini ohangrabodek oʻziga jalb etib kelayotgan Amir Temur bayrogʻidagi uch halqa mazmun-mohiyatini aks ettirib turgan Registon deya atalayotgan meʼmoriy ansabl maydonga keladi.
Oʻtmishda elimiz orasida dunyoga kelgan bolaga odatda ikki – oʻzbekcha va arabcha ism berilgan. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek tugʻilganda rasmiy “Muhammad”, yaqin kishilari uchun esa oʻzbekcha “Ulugʻbek” nomi bilan atalganini, Muhammad Shayboniyxonning ham ikki ismi boʻlganini misol keltirish mumkin. Bu holat Yalangtoʻshbiy Bahodirxon ismlarida ham aks etgan. Garchand u oʻzbekcha ismi bilan mashhur boʻlgan boʻlsa-da, rasmiy manbalarda uning Abdulkarim va Nizomuddin nomlari ham boʻlgani keltiriladi. Yalangtoʻsh Bahodirxonning uch farzandi – Iqlimabonu va Oybibi ismli qizlari va otasidan 6-7 yil ilgari vafot etgan Boybek ismli oʻgʻli boʻlgan.
Yalangtoʻsh yoshligidan Buxoro hukmdori Dinmuhammad eʼtiborida boʻladi va oʻsha yerdagi madrasada diniy, dunyoviy va harbiy sohalarda tahsil oladi. 1593-yilda olchin urugʻi biyi etib tayinlanganda u oʻn yetti yoshda edi. Asta-sekin siyosiy davralarga kirib borayotgan Yalangtoʻsh Bahodir 1611-1612-yillarda Vali Muhammadxon va ashtarxoniylar hukmdori Imomqulixon oʻrtasidagi ziddiyatlarga aralashib qoladi va Imomqulixonning qoʻllashi tufayli 1612-yilda dastlab Samarqand amiri va keyinroq otaliq maqomiga erishadi.
Yalangtoʻsh Bahodirxon uch marta (1612–1632, 1633–1642, 1645–1656) Samarqand hokimi boʻlgan. Oʻz qoʻshini va boyligiga ega boʻlib, Buxoro xonligining harbiy harakatlarida faol qatnashgan va katta shuhrat qozongan. 1623-yil va 1631-yilda Forsda hukmronlik qilayotgan Safaviy turklari qoʻshini Balx viloyati ustiga yurish qilganda Balx hokimi Nadr Muhammadxonga yordam bergan. Nadr Muhammadxon Imomqulixon oʻrniga taxtga oʻtirgach, Yalangtoʻshga Kobul atrofidagi bir qator qabilalarni bergan. Xon tomonidan iqto tarzida inʼom etilgan yerlarning katta qismi hozirgi Afgʻoniston hududida boʻlgan.
Yalangtoʻshbiyning keyingi faoliyati jang-u jadallar ichida kechadi. Imomqulixon askarlariga bosh boʻlib, Toshkent, Sayram, Turkiston shahrini egallaydi, Esimxon, Tursun kabi Dashti qipchoq sultonlariga qarshi kurash olib boradi, Toshkentni turli xil koʻchmanchilar bosqinidan himoya qiladi.
XVII asrning ikkinchi choragida hozirgi Qozogʻiston hududiga Xitoyning gʻarbiy yerlaridan kelgan jungʻorlarning bosqini kuchayadi. Bu bosqin Sharqiy Turkistonda boshlanib Dashti qipchoq, Turkiston yerlarida jungʻorlar bilan turkiy xonlar avlodlari oʻrtasidagi hokimiyat uchun kurash koʻrinishida aks etdi. Gohida hudud talashib oʻzaro urushib turgan turkiy xonlar dini, tili, qondoshligi boshqa boʻlgan tashqi dushman – jungʻorlar bostirib kelganda birlashar edilar. Ashtarxoniylar qoʻshini tashqi dushman kelganda Dashti qipchoqdagi qardosh xonlarga doimo yordamga borishgan.
Jumladan, Buxoro xonligi 1640-yili qozoqlarga yordam uchun Yalangtoʻsh Bahodirxon boshchiligidagi 10 minglik qoʻshinni jungʻorlarga qarshi urushga yuboradi va dushmanni chekinishga majbur qiladi, biroq oʻz yerlariga qaytib borgan qozoqlarning tinch hayoti uzoqqa bormaydi. Samarqand qoʻshinining ortiga qaytib ketganini bilgan jungʻorlar xoni Botur-xuntayji yana katta qoʻshin bilan qozoqlar ustiga yopirilib keladi, Yettisuv yerlarigacha boʻlgan hudud Jungʻorlar hukmronligi ostiga oʻtadi.
Bu safar ham Ashtarxoniylarning 30 minglik qoʻshini qardoshlarga yordamga otlanadi. Chimkent yonida boʻlgan toʻqnashuvda ular gʻolib kelib jungʻorlarni hozirgi Almatiga qadar uloqtirishadi. Ularning omon qolgan qismi qozoqlar tomonidan yoʻq qilinadi.
1643-yili xuntayji Erdona Botur boshchiligidagi jungʻorlar qoʻshini qaytadan Dashti qipchoq yerlariga bostirib keladi. Orboʻloq daryosi yonida jungʻor qoʻshini bilan qozoq xoni Jahongir sulton qoʻshinlari oʻrtasida ayovsiz jang boʻlib oʻtadi. Buxoro xonligi bu jangga ham befarq boʻlmaydi. Savashning avj pallasida mukammal darajada qurollangan Yalangtoʻsh Bahodirxon boshchilik qilgan 20 minglik Samarqand qoʻshini qozoq qardoshlarga yordamga yetib boradi, dushman lashkarining ortidan qaqshatqich zarba berib, urush taqdirini oʻz foydasiga hal qiladi. Bu gʻalabaning qadri juda ulug‘. Dashti qipchoq, Turkiston yerlari Sharqiy Turkiston kabi jungʻorlar tomonidan bosib olinishidan omon qoladi, yurt mustaqilligi saqlab qolinadi.
Bu jangda jon olib-jon bergan koʻplab askar ajdodlarimiz Orboʻloq daryosi yonida shahid boʻlishadi. Agar ular Xitoy hududidan kelgan ushbu bosqinchilarga yurtimiz ichkarisiga kirishga imkon berilganida, elimiz kelajagi, xonliklar hududi masalalari ancha ayanchli koʻrinishga ega boʻlishi mumkin edi.
Abdulaziz Buxoro xoni sifatida tarix sahnasiga koʻtarilgach, 1646-yili Hindistondagi boshqa bir ajdodimiz Shohjahon bilan Balxda hukmronlikni oʻrnatish uchun keskin ziddiyat va keyinchalik urush kelib chiqadi. Shohjahonning kuchli qoʻshiniga bas kelish qiyin edi. Xoʻjamqulibek Balxiyning “Tarixi qipchoq xoni” manbasiga koʻra, Abdulazizxon barcha oʻzbek amir va beklarini ulug‘ qurultoyga yigʻib, qanday qilib gʻalaba qozonish maslahatini oʻrtaga soladi. Unga koʻra Toshkentda oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq beklari bir kamarga birikkandek birlashishga ahd qilishadi va Hindiston qoʻshiniga qarshi kurashga otlanishadi. Garchi Yalangtoʻsh Bahodir Abdulazizxon bilan ziddiyatda boʻlsa-da, bu yurishda unga hamroxlik qiladi. Shohjahondan Balx tortib olingach, Abdulazizxon bilan Yalangtoʻsh oʻrtasida iliqlik yuzaga keladi.
Ota yurt – Turon Shohjahon va Yalangtoʻsh Bahodirxon orasida toy-talash boʻlgan bir vaqtda Boburiy hukmdor qilich bilan boʻlmasa-da, Samarqand hukmdorini oʻziga xos tarzda yengmoqchi boʻlgan. Bu bahs dunyoni hayratda qoldiruvchi ulkan imorat koʻrinishida amalga oshishi va dovrug‘ taratishi kerak edi.
Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida keltirilganidek: “Bu Madrasa [Samarqand Registonida] Ulugʻbek madrasasining qarshisida, uning kunchiqar tomonidadir. Bu Madrasa viloyatpanoh Yalangtoʻshbiy otaliq tomonidan solingan. Yalangtoʻshbiy olchin aymoqindandir. 1028 [1618-19]-da ushbu Madrasa solindi... Qiziqi shundakim, madrasaning solinishi tarixi “Yalangtoʻsh Bahodir” topilibdir”. Yaʼni, madrasaning “Yalangtoʻsh Bahodir” deb atalishi nafaqat uning ijodkori nomini, balki arab harflari sanʼati – abjad hisobida binoning qurilish yilini – 1619 ni ham anglatgan.
1619-yili qurilishi boshlangan “Yalangtoʻsh Bahodir” (“Sherdor”) madrasasi salobati va goʻzalligi nuqtai nazaridan atrofga dong tarata boshladi. Shohjahon – imperatorlik (1628–1658) nomini olgan va jahonni sanʼat-u shijoati bilan egallashni rejalashtirgan Shahobiddin Muhammad Xurram Yalangtoʻsh Bahodirga javoban dunyoda tengsiz meʼmoriy obida qurishni niyat qiladi. 1932-yili Tojmahalni qurishga kirishadi va unga 20 yildan ortiq vaqt sarflaydi. Agra imoratining ovozasi kundan kun kuchayayotgan vaqtda samarqandlik hukmdor bunyodkorlik yalovini qoʻldan bergisi kelmaydi, birgina “Yalangtoʻsh Bahodir” (“Sherdor”) kamdek bilindi. 1646-yili Shohjahonning me’moriy javobiga javob tarzida navbatdagi, “Yalangtoʻshbiy kichik madrasasi” (“Tilla Kori”) deb atalgan yana bir goʻzal meʼmoriy binoning qurilishini boshlaydi va shu bilan bahsga yakun yasab, hozirgi Registon koʻrinishiga asos soladi.
Bu ikki hukmdor ajdodimiz mashhur Registon va Tojmahal meʼmoriy obidalari bilan insoniyat aqlini lol etishdi, tarixda ulug‘ bunyodkorlar sifatida nom qoldirishdi. Imorat solish bahsida yengilgan boʻlmadi, buni anglash va uning qadriga yetish hozirga qadar muammo boʻlib qoldi.
Erkin MUSULMONOV,
Samarqand chet tillari instituti
Qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari doktori