Til – millatning koʻzgusi. Millat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlar tilda oʻz aksini topadi. Til yoʻqolsa, oʻsha millat ham tanazzulga yuz tutadi. Bunga tarixda misollar bisyor. Jadid bobokalonimiz Abdulla Avloniyning ushbu gapi fikrimizga dalil boʻladi: “Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdir”.

Birlashgan millatlar tashkiloti maʼlumotiga koʻra dunyoda mavjud boʻlgan tillarning yarmi XXI asr oxiriga kelib butunlay yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida ekan, bu esa butun insoniyat uchun tuzatib boʻlmaydigan yoʻqotish boʻlishi mumkin. Shu bois UNESCO 2001-yildan yoʻqolib borayotgan tillarni aniqlash, ularni saqlab qolish choralari bilan shugʻullanishni boshladi.

2003-yil mart oyida tashkilot yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan tillar boʻyicha bir guruh ekspertlardan sohadagi ishlarning butun dunyo boʻylab holati toʻgʻrisida hisobot tuzishni soʻraydi. Mutaxassislar UNESCOga tilning oʻlik tilga aylanmasligi uchun tillarni saqlash boʻyicha muhim tavsiyalar berdilar.

Aslida bundan 20 yillar avval tillarning yoʻqolib borishi boʻyicha tadqiqotlar olib borayotgan juda koʻp olimlar bong urganlar. Ular noyob oʻsimlik va hayvon turlarini qayd etadigan biologlardan oʻrnak olgan holda, bir necha xalqaro jamgʻarmalar koʻmagida yoʻqolib borayotgan tillar haqida maʼlumotlar toʻplaydilar.

Dunyoda eng koʻp soʻzlashuvchisi bor 5 ta til quyidagilardir:

1. Ingliz tili – 1 milliard 137 millon kishi;

2. Xitoy tili – 1 milliard 117 million kishi;

3. Hind tili – 615 million kishi;

4. Ispan tili – 534 million kishi;

5. Fransuz tili – 280 million kishi.

Yer yuzida 6000 ga yaqin til bor boʻlsa, mavjud tillarning yarmida 10 000 nafardan kam, choraktasida esa 1000 nafardan kam odam gaplashadi. Avstraliyalik aborigen tillari va amerikalik hindu tillarining koʻpida soʻzlovchilar nisbatan ancha kam.  Amazon havzasidagi har bir tilda oʻrtacha 150 kishi soʻzlashadi.

Dunyo tillarining yarmi faqat sakkizta davlatda joylashgan: Papua-Yangi Gvineya (832 til), Indoneziya (731 til), Nigeriya (515 til), Hindiston (400 til), Meksika (295 til), Kamerun (286 til), Avstraliya (268 til) va Braziliya (234 til). Agar Yevropada 50 ga yaqin til mavjud boʻlsa, Yangi Gvineyada bu raqam atigi 6 million kishilik aholi bilan 2000 ga yaqinlashadi.

Haligacha umuman oʻrganilmagan tillar ham borki, ular haqida hech qanday maʼlumot topolmaysiz. Masalan, Amazon havzasida dunyo taraqqiyotidan uzilgan va oʻz qonun-qoidalari bilan yashaydigan qabilalar bor. Braziliyalik etnolog Sidney Possuelo hukumatga bu qabilalar hayotiga aralashmaslikni tavsiya qilgan, chunki ularning turmush tarziga aralashuv mahalliy aholining yoʻq boʻlib ketishiga olib kelgan edi. Shu sabab Braziliya hukumati mazkur hududlarga begonalarning kirishini taqiqlash orqali sivilizatsiyadan uzilgan qabilalarni himoya qilishni maqsad qilgan. Shunga oʻxshash taqiqlar allaqachon Braziliyaning shimoli-gʻarbiy qismi Javari vodiysidagi 17 qabilaga (jami 1300 dan ortiq til) qoʻyilgan boʻlib, ularning tillari haqida maʼlumot olish imkonsizdir.

Dunyo tillarining nomlanishi xususida ham noaniqliklar bor. Bunday holat baʼzi tillarning qanday nomlanishi, kimga tegishliligi masalasida muammolar keltirib chiqaradi, chunki maʼlum tilda soʻzlashuvchilar odatda ularni “bizning tilimiz” yoki “ona tilimiz” deb atashadi, baʼzi tillarga nomlar missionerlar yoki tilshunoslar tomonidan berilgan. Shuning natijasida u yoki bu nomga qancha aniq tillar mos kelishini aniqlashda qiyinchiliklar mavjud.

Baʼzi hollarda nomlar bir vaqtning oʻzida bir nechta tillarni oʻz ichiga olishi mumkin (bu, masalan, xitoy, arab va kechua tillariga tegishli).  Boshqa hollarda esa bir tilga mahalliy aholi va chet elliklar tomonidan berilgan bir nechta nomlarga duch kelinadi. Bu tendensiya siyosiy qarorlar va yangi belgilarning qabul qilinishi bilan kuchayib bormoqda: masalan, Kanadaning qutbli mintaqalarida yashovchi xalqlar endi eskimos tilida emas, balki inuktitut tilida gaplashadi; Gvatemala hindularining tili endi jakalte nomidan popti nomiga oʻzgargan.

Tillar tugʻiladi, yashaydi va rivojlanadi, kengayadi va tarqaladi yoki aksincha, soʻnadi va oʻladi. Taxmin qilinishicha, hammasi boʻlib 30 000 ga yaqin tillar hozirgacha hech qanaqa iz qoldirmasdan yoʻq boʻlib ketgan. Rim istilosi oʻnlab tillarning yoʻqolishiga sabab boʻldi, ularning oʻrnini lotin tili egalladi. Ispaniya istilochilari kelishidan oldin Inka imperiyasining kengayishi va keyinchalik ispan missionerlari tomonidan Kechua tilidan foydalanilishi natijasida And togʻlarida oʻnlab tillar yoʻq qilindi. Braziliyada 1530-yilda Portugaliya mustamlakasi boshlanganidan beri mavjud tillarning toʻrtdan uch qismi oʻlgan. Meksikada yoʻq boʻlib ketgan tillar soni maʼlum emas, ammo mustamlakachilikning birinchi oʻn yilliklarida mahalliy aholining 90 foizi qirilib ketishi natijasida tillar ham yoʻqolgan.

Tillarning oʻlishi bugun har xil surʼatlarda sodir boʻlmoqda, oxirgi oʻn yilliklarda bu jarayon barcha qitʼalarda tezlashdi. 1970-yillargacha aborigenlarga oʻz ona tillaridan foydalanishni taʼqiqlab kelgan Avstraliya oʻlik yoki yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillar soni boʻyicha rekordchi hisoblanadi. XX asr boshlarida u yerda mavjud boʻlgan 400 ta tildan hozir atigi 25 tasi qolgan. 1400 ta Afrika tillaridan kamida 250 tasi yoʻqolib ketish xavfi ostida, 500–600 tasi esa soʻzlashuvchilar soni kamayib borishi bilan passiv tilga aylanmoqda. Tayvanda 23 tilning yarmidan koʻpi xitoy tilining bosimi ostida qolgan.

Ilgari epidemiyalar, urushlar yoki tugʻilish darajasining pasayishi tufayli odamlarning jismoniy oʻlimi natijasida til yoʻqolgan. Hozirda tillarning passiv tilga aylanishida shu tilda gapiruvchilarning u yoki bu tarzda ixtiyoriy ravishda boshqa, dominant tilda soʻzlashishga oʻtishi ham katta roʻl oʻynaydi. Baʼzi hollarda esa siyosiy hokimiyat fuqarolarni oʻz ona tili qolib, rasmiy tilda gapirishga majbur qiladi. Bundan tashqari, soʻzlashuvchilar oʻzi va farzandlari jamiyat integratsiyalashuviga hissa qoʻshishi mumkin deb hisoblab, dominant til foydasiga oʻz ona tilidan voz kechishi mumkin. Biroq, bu strategiya dunyoning baʼzi qismlarida samarasiz ekanligi allaqachon isbotlagan: bolalar dominant tilni mukammal egallagan boʻlsalar ham, bu ularning muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlariga taʼsir qilmaydi. Qolaversa, shu yoʻl bilan ular oʻz ona tillarida deyarli gaplashmay, ota-onalari va qarindoshlaridan uziladilar. Bu holat sizga tanish tuyulmayaptimi?!

UNESCO tashkiloti ekspertlari tilning yoʻqolib borishiga taʼsir qiluvchi omillarni 0 dan 5 gacha boʻlgan xavflilik koeffitsiyentini ishlab chiqdilar. Bunda tilning avloddan avlodga oʻtib kelishi asosiy mezon sifatida eʼtiborga olindi.

5 koeffitsiyenti. Bunda butun avlod vakillari shu tilda soʻzlashadi. Tilning rivojiga hech qanday xavf yoʻq, deb hisoblanadi.

4 koeffitsiyenti tilga maʼlum xavf borligini anglatadi. Bunda yoshlarning bir qismi maʼlum sohalarda (masalan, taʼlim, savdo-sotiq) oʻzga tildan foydalanadi.

3 koeffitsiyenti tilga yuqori xavf borligini anglatadi, bunda jamiyatning oʻrta qatlami ona tilida gaplashadi.

2 koeffitsiyenti tilga jiddiy xavf borligini bildiradi, chunki jamiyatning faqat keksa avlod vakillarigina ona tilida soʻzlaydilar.

1 koeffitsiyenti tilning oʻlib borayotganini koʻrsatadi, chunki bunda sanoqli keksa avlod vakillarigina shu tilda gaplashadi.

0 koeffitsiyenti tilning oʻlik tilga aylanganini anglatadi, chunki bu tilda gaplashuvchi hech kim qolmagan.

Bu holat tillar misolida koʻrsatib berilgan:

1. Yoʻqolgan (oʻlik tillar) tillar – bitta tirik tashuvchisi boʻlmagan tillar, masalan, Polabskiy, janubiy Mansi, Ubix, Ainu, Slovinskiy, Pruss, Gotik, Dalmatian tillari.

1а. Yoʻq boʻlib ketishi ehtimoli boʻlgan tillar – soʻzlashuvchilar mavjudligi toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar boʻlmagan tillar. Masalan, Gʻarbiy Mansi, Kapadokiya yunonlari tillari.

2. Deyarli yoʻq boʻlib ketgan (yoʻqolish arafasidagi) tillar – oʻnlab soʻzlashuvchilari (bir necha yuztagacha yetishi mumkin) bor va ularning barchasi keksalardan iborat. Tabiiyki, ularning oʻlimi tilning ham oʻlimini anglatadi. Liv, Vod, Kerek, Yukagir, Orok tillari shunday tillardan.

3. Yoʻqolib ketgan (yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan) tillar – nisbatan koʻproq soʻzlashuvchilarga ega (ikki yuzdan oʻn minggacha), ammo yosh avlod deyarli bu tilda soʻzlashmaydi. Masalan, Izhora, Veps, Yiddish, Nivkh, Ket, Breton, Kashubian tillari.

4. Yoʻqolib ketish xavfi ostida – yosh avlodning maʼlum bir qismi (hech boʻlmaganda maʼlum yoshga qadar) shu tilda gaplashadi, lekin ularning soni kamayib borishi bilan xarakterlanadi. Tashuvchilarning umumiy soni mingdan milliongacha boʻlishi mumkin. Masalan, Selkup, Nenets, Karelian, Komi, Irland, Friz, Bask tillari.

5. Beqaror (potentsial xavf ostida) – bu til barcha yoshdagi odamlar tomonidan qoʻllaniladi, lekin u hech qanday rasmiy yoki boshqa maqomga ega emas, katta obroʻsi ham yoʻq. Misol uchun Dolgan, Chukchi, Dogʻistonning kichik tillari, Belarusiya, Galisiya tillari.

6. Rivojlangan (xavfsiz) – ingliz, xitoy, hind, ispan, fransuz tillari. Koʻrib turganingizdek, soʻzlovchilarning mutlaq soni muhim rol oʻynamaydi (Megeb tilida 200 kishi soʻzlashiga qaramay, u 5-toifaga kiradi, 60 mingdan ortiq soʻzlashuvchisi bor Gorno-Mari tili esa yoʻqolib ketgan deb hisoblanadi (3-qator). Bunda hisobga olinadigan muhim jihati – tilning kelajak avlodga qanchalik yaxshi oʻtishi, ushbu tilda soʻzlashuvchi bolalar soni, shuningdek, soʻzlashuvchilarning oʻrtacha va minimal yoshi.

Oʻzbek tili oltoy tillari oilasining turkiy tillar guruhiga kiruvchi eng qadimiy tillardan hisoblanadi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni 50 million kishiga yetdi. Bu, albatta, tilimizning rivojlanib borayotgani belgisi. Biroq axborot texnologiyalarining barcha sohalarga kirib borishi, raqamli texnologiyalar, internet tarmoqlari – axborot almashinuvining eng maqbul usuli boʻlib borayotgani tillarning rivojlanishi uchun jiddiy toʻsiqlarni yuzaga keltirmoqda.

Yuqoridagi omillar asosida Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan tillarning yoʻqolib borishiga ikkita katta sabab koʻrsatilmoqda. Asosiy sabab – oʻsha tilning internet tiliga aylanmaganligi, ikkinchisi esa oʻzidan yuqori mavqedagi til soyasida qolib ketishi.

Tilning internet tiliga aylanishi deyilganda nima nazarda tutiladi. Tilshunos olima G.Toyirova uni shunday taʼriflaydi: “Internet kompyuter texnologiyalariga tayanadi. Kompyuter lingvistikasida “kompyuterning tilni tanishi” degan tushuncha bor. Kompyuter tilni “tanishi” uchun u bu tilni “bilishi” zarur. Kompyuterning matndagi xatolarni tuzatishi, matnni qayta ishlashi, tarjima qilishi, soʻzlarga izoh bera olishi, tilni oʻrgatishi, matnni bir alifbodan ikkinchi alifboga oʻtkazib berishi, til ifodalarini tasniflashi, tartiblashi, biror tilda gapirishi, yozishi uning tilni tanishi asosida amalga oshiriladi. Demak, sunʼiy intellekt maʼlum tilni “tanisa” oʻsha til asosida ishlaydi”. Mazkur masalaga hukumat tomonidan jiddiy eʼtibor qaratilyapti, bu oʻrinda vikipediya electron ensiklopediyasida oʻzbekcha materiallarning koʻpayganini misol qilsa boʻladi.

Ikkinchi koʻrsatilgan sabab esa til uchun jiddiy xavf tugʻdiradi. Tilning eng oʻzgaruvchan sohasi uning leksikasi hisoblanadi. Jamiyat taraqqiy etib borishi bilan tilga yangi-yangi soʻzlar kirib keladi, bu tabiiy hol. Lekin xorijiy soʻzlarning kirib kelishiga maʼlum toʻsiqlar qoʻyilmasa, belgilangan meʼyorlar asosida olinmasa, bu holat tilning nufuziga jiddiy taʼsir qiladi. Masalan, XV asrda badiiy asarlarning fors tilida, ilmiy asarlarning arab tilida yozilishi natijasida oʻzbek tili nufuzini yoʻqotib, oddiy soʻzlashuv tiliga aylanib qolgan edi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy “turk nazmida alam (bayroq) tortib” oʻzbek tilining boy imkoniyatlarini oʻz asarlari orqali koʻrsatib berdi.

Oʻtgan asrning boshlarida milliy adabiy til yaratishga bel bogʻlagan jadid ziyolilari adabiy til rivoji uchun koʻp ishlarni amalga oshirdilar. Ayniqsa, Fitrat boshchiligidagi “Chigʻatoy gurungi” til posboni sifatida maydonga chiqdi. Hozirchi, tilning musaffoligini asrash, uni rivojlantirishdagi bugungi ahvolimiz qanday? Albatta, maqtanarli darajada emas. Oʻzbek tiliga shiddat bilan xorijiy soʻzlar kirib kelmoqda, buning oqibati yaxshi boʻlmasligi haqida tilshunos olimlar bong urmoqda, lekin natija yoʻq.

Qardosh mamlakat boʻlmish Turkiyada til siyosatini Turk tili qurumi tashkiloti yuritadi. Til qabul qilayotgan barcha yangi soʻzlar tahlil qilinib, adabiy til meʼyorlari boʻyicha tartibga solinadi va kichik kitobcha holida nashr qilinib tarqatiladi. Shu tariqa xorijiy soʻzning qoʻllanilishida birxillikka erishiladi. Bizda esa bir soʻz bir necha koʻrinishlarda qoʻllanilmoqda, kim qanday xohlasa, shunday ishlatadi. Bunday holat tildagi anarxiya deyiladi.

Yuqoridagi muammoni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-yanvardagi 40-sonli qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamalar komissiyasi tashkil qilingan edi. Komissiya zimmasiga ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalaridagi tushuncha va atamalarning turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda qonunchilik hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanishini taʼminlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini taʼminlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini taʼminlash, boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan nomuvofiqliklarni normativ-huquqiy hujjatlar normalariga ziyon yetkazmagan holda tahrir qilish, oʻzbek tiliga kirib kelayotgan yangi atamalarni qonunchilik hujjatlariga joriy etish va amalda qoʻllashning huquqiy muammolarini oʻrganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yoʻnalishlarini aniqlash kabi aniq vazifalar qoʻyilgan edi. Afsuski, komissiya yuqoridagi vazifalarni bajara olmadi. Departament mazkur komissiya faoliyatini muvofiqlashtirib, uni faol ishlaydigan tashkilotga aylantira olsa, yuqorida tilga olingan muammolar oʻz yechimini topgan boʻlar edi.

Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 662-sonli qarori bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlangan. Mazkur qaror boʻyicha 2023-yil 1-yanvardan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari lingvistik ekspertizadan oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan. Afsuski, hukumatning bu qarori ijrosi ham hali toʻliq taʼminlangani yoʻq. Agar mazkur qaror ijrosi taʼminlansa ham, chetdan kirib kelayotgan yangi atamalar tartibga solinar edi. Shunday ekan, “Tilimiz – gʻururimiz”, “Ona tilim – iftixorim” kabi balandparvoz gaplar bilan maqtanib yurmasdan amaliy ishga oʻtishimiz zarur. Tilimizning internet tiliga aylanishida nafaqat tilshunoslar, balki barcha soha mutaxassislarining birgalikdagi faoliyati zarur.

Shu oʻrinda muhtaram yurtboshimizning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6084-sonli farmonini alohida taʼkidlashni xohlardim. Mazkur farmon bilan oʻzbek tilini rivojlantirishning 30-yillargacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Konsepsiyada koʻzda tutulgan har bir topshiriq belgilangan muddatda bajarilsa, koʻzlangan maqsadga erishamiz va tilimiz yuqorida tilga olingan Qizil kitobga tushib qolmaydi.

Inomjon AZIMOV,
filologiya fanlari nomzodi
, dotsent