Yangi Oʻzbekistonimiz Uchinchi Renessans sari dadil odimlab, ijtimoiy, madaniy, siyosiy, iqtisodiy hayotda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishmoqda. Yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, ehtirom ruhida ulgʻaytirish, ertangi kun qiyofasini belgilab beradigan kamolot sohiblarini tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ijobiy islohotlar esa taraqqiyot yoʻlimizga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Jamiyatda ustoz-murabbiylar, oʻqituvchilarning qadr-qimmati yuksalgani, ilm-fan sohasi vakillariga oʻz ilmiy tadqiqotlarini yuzaga chiqarish uchun ikki bosqichli tizimning, fan nomzodi va falsafa doktorlariga 30 foizgacha, fan doktorlariga 60 foizgacha qoʻshimcha haq toʻlashning joriy etilgani fikrimizning yorqin isbotidir.

Ammo bemulohazalik bilan aytilgan yuzaki va quruq gaplar, yasama va sunʼiy qatʼiyat, oʻrinsiz va kemtik daʼvolarning yuzaga chiqishi nafaqat xato talqin-u tahlillarga yoʻl ochadi, balki keng ommaning fikr-qarashlarini asl haqiqatdan chalgʻitishga ham sababchi boʻladi.  Yaqinda “Oyina.uz” portalida eʼlon qilingan OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklari instituti ilmiy xodimi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Feruza Manukyanning “Ilmiy ishlardagi yolgʻonlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar tahlili” maqolasini oʻqib, koʻnglimizdan ana shunday fikrlar kechdi. Maqola muallifiga javoban esa quyidagilarni aytish mumkin:

1. Jonajon Vatanimizda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor, tayanch-doktorant va doktorantlar stipendiyalarining bir necha barobarga oshirilgani, respublikaning ilmiy salohiyati yetarli boʻlgan, oʻz sohasining yetuk mutaxassislari faoliyat yuritayotgan, qolaversa, sogʻlom ilmiy muhit shakllangan oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlarida ilmiy kengashlar ochilgani, ularda himoya jarayonlari shaffof va adolatli tashkil etilayotgani, shuningdek, talabgorlarning ortiqcha ovoragarchilikdan, turarjoy, yoʻlkira bilan bogʻliq muammolardan, ish jarayonidan uzilib, turli noqulayliklardan xalos boʻlgani davlatimizning “inson qadri uchun” tamoyiliga uygʻundir.

2. Filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev ilmda oʻz sohasini yaxshi biladigan, fidoyi va taniqli olim ekani barchaga maʼlum. Uning oʻzbek amaliy tilshunosligi maktabiga asos solgani, milliy grammatikamizni yangi gʻoya bilan boyitib, oʻzbek tilidagi ayrim grammatik shakllargina sintaktik vazifa bajaradi, degan anʼanaviy qarashlarni oʻzgartirgani, barcha grammatik shakllar sintaktik imkoniyatga egaligini isbotlab bergani, oʻzbek oʻquv leksikografiyasi nazariyasini yaratgani, uning hammuallifligidagi “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” darsligi bir necha bor “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” (2006–2011-yillar) sifatida eʼtirof etilgani fikrimizning yaqqol isbotidir.  Mutaxassis ilmiy salohiyati baland, imkoniyati keng, oʻz sohasining bilimdoni boʻlib, unda oʻnlab, yuzlab tadqiqotchilarga rahbarlik qilish qobiliyati shakllangan ekan, buning qanday salbiy oqibati boʻlishi mumkin? Ilmda har kimning oʻz qarichi, oʻz oʻlchami bor. Tafakkur mezonida tortilgan baho va mulohaza insonni har bir masalaga teran nazar tashlashga undaydiki, buni unutmaslik kerak.

3. Oʻzbek tilining izohli lugʻati oʻzbek tili lugʻat boyligini, xususan, soʻz turkumlari, birikmalari, oʻz va koʻchma maʼnoli soʻzlar, boshqa tillardan oʻzlashgan qatlamni ham toʻla qamrab oladi. Amalga oshirilayotgan monografik tadqiqotlar, birinchidan, kelgusida lugʻatning yanada mukammal boʻlishini taʼminlashga, ikkinchidan, tilimizning oʻziga xos fazilatlarini ilmiy jihatdan dalillashga ham yordam beradi. Demak, Oʻzbek tilining izohli lugʻati yuzasidan bir-ikkita yoki oʻnlab emas, yuzlab dissertatsiyalar yozilishi, himoya qilinishi kerakki, bu oʻzbek tilining hali ilm-fanga nomaʼlum boʻlgan imkoniyatlarini ilmiy jihatdan tadqiq etish, asoslash imkonini beradi, deb oʻylaymiz.

4. “Avval oʻzingga boq...” deydi dono xalqimiz. Boshqalarga baho berishda oʻz xatti-harakatlarimizni, tabiatimizdagi qusurlarni ham unutmasligimiz kerak. Hayot yoʻlimizda kimgadir ergashganmiz, kimdandir taʼsirlanganmiz, yana kimdandir andaza olganmiz. Bilib-bilmay, anglab-anglamay, masalaning mohiyatiga chuqur yetmasdan, turli taxminlarning oʻrtaga chiqishi nafaqat jamoatchilik fikri, balki xalqaro maydonning ham notoʻgʻri xulosalariga sababchi boʻlmoqda. Oʻzbek ilm-fanining ibratli sohalaridan biri sanalgan filologiya borasidagi asossiz bahs-munozaralarni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, Suvonov Zavqiddin Norqulovichning “Oʻzbek badiiy matnlarini filologik ekspertiza qilishning nazariy-metodologik asoslari” mavzusidagi fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasidan maqolada misol tariqasida olingan barcha iqtiboslarga havolalar keltirilgan, “Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati”da manbalarning hammasi koʻrsatilgan, inson omili aralashuvisiz koʻchirmachilik mavjud yoki mavjud emasligini aniqlaydigan antiplagiat dasturi ishda plagiatlik holati yoʻqligini isbotlagan. Uch-toʻrt jumladagi oʻxshashlik, fikriy yaqinlik yoki juzʼiy takrorlar dissertatsiyaning umumiy saviyasiga sezilarli taʼsir koʻrsatmaydi. Yana bir maqol esimizga tushdi: “Oʻynab gapirsang ham, oʻylab gapir!”

Maʼlum boʻladiki, Feruza Manukyanning maqolasida bayon qilingan muvozanatsiz fikrlar Oʻzbekiston ilm-fani, jumladan, filologiya sohasidagi ijobiy yutuqlarning salmogʻiga aslo soya sola olmaydi. Ayni paytda, yurt ravnaqi, Vatan taraqqiyoti, ilm-fan rivoji yoʻlida oʻzaro hamfikrlilik, birdamlik va yakdillik bilan harakat qilish har birimizning muqaddas burchimiz ekanini unutmaylik.

                                      Nizomiddin MAHMUDOV,

OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,

filologiya fanlari doktori, professor

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!