Yaldo kechasi arafasida moʻl-koʻl qor yogʻdi. Chang-u gʻubordan zada poytaxt osmoni tozarib, toza havodan entikib nafas olayotgandek. Anchadan beri toʻzon pardasi ortida deyarli koʻrinish bermay qoʻygan Chotqol tizmalari ham nihoyat chinniday yaraqlab koʻzga tashlandi. Oppoq libosga burkangan shaharda koʻngilga xush yoqadigan ajib bir sokinlik. Yakshanba boʻlgani uchun koʻchada mashinalar siyrak. Qorning zalvoridan shoxi egilgan daraxtlar ham koʻpdan buyon intiq kutilgan baxtdan jilmayayotganga oʻxshaydi...

Boʻzsuv sohilidagi “Shahidlar xotirasi” majmuasiga ancha barvaqt keldim. Tadbirgacha hali koʻp vaqt boʻlsa-da, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondining binosiga bir qancha ijodkor, ziyolilar kelib ulgurgan ekan. Barchaning kayfiyati chog‘, foyedagi stollar tegrasida qahva, choy hoʻplab, suhbatlashib turishibdi. Telejurnalistlar yelib-yugurib kameralarini oʻrnatayapti.

Mashʼum qatagʻonda qanchadan qancha ulug‘ bobolarimiz qatl qilingan bu maskanda oʻzgacha ruh hukmron. Hademay bu yerda “Yaldo kechasi” nomli yangi roman taqdimoti boshlanadi.

Bundan bir necha kun oldin bir doʻstim hayajon bilan shunday dedi: “Oʻtkan kunlar” romanining davomi topilibdi. Shu choqqacha koʻzdan pana arxivlarda saqlab kelingan ekan. Otabekning oʻgʻli va nabiralari qismati haqida. Kecha oʻqib tugatdim. Til, uslub aynan Qodiriyniki. Haligacha shuning taʼsirida yuribman. Bobo hammadan yashirib yozib ketgan ekan-da”.

Bunday kutilmagan gapga ishonish-ishonmaslikni bilmay hang-mang boʻlib qoldim. Hartugul, tez orada sir ochildi – doʻstimizni shoshirib qoʻygan oʻsha asar ustoz adibimiz “Oʻtkan kunlar” romani ohanglarida bitgan “Yaldo kechasi” romani ekan. Oʻzimcha bu asarda ham oʻtli sevgi qissasiga urgʻu berilgan boʻlsa kerak deb oʻylagandim. Biroq mutolaa asnosida tasavvurim ostin-ustun boʻlib ketdi.

Hech shubhasiz, “Yaldo kechasi” romani milliy adabiyotimizdagi favqulodda ajoyib asardir. U nafis badiiy ifoda uslubi, qodiriycha goʻzal tili, turfa feʼl va murakkab taqdir egasi boʻlmish qahramonlari bilan meni rom qildi. Shu bois ikki kecha-kunduz bosh koʻtarmay oʻqidim.

Mashhur “Oʻtkan kunlar” romani motivlari asosida yozilgan asarda yaldo tuni yanglig‘ choʻzilgan “tariximizning eng kirlik, qora kunlari boʻlgʻan” mustamlaka davrining dahshatlari, jafokash xalqimizning boshiga tushgan adoqsiz kulfatlar chuqur dard va iztirob bilan ochib berilgan. Romanda Rossiya imperiyasi bosqini arafasidagi va undan keyingi davrda oʻlkamizda hukm surgan ayanchli vaziyat juda ishonarli tasvirlangan. Ayniqsa, Otabekning el-yurt boshiga soya solib turgan mustamlaka balosining oldini olish ilinjidagi harakatlari, adoqsiz iztirob-u oʻkinchlari menga qattiq taʼsir qildi. Qodiriy hazratlari “Oʻtkan kunlar”da Otabekni maʼrifatli, vatanparvar shaxs sifatida tasvirlagan edi. Yangi asarda Otabek boshiga tushgan sinovlarni yengib oʻtib, el-yurt ozodligi yoʻlida chinakam kurashchiga aylanadi. Abdulla Qodiriyning oʻzi romanning davomini yozganida, u ham Otabekni aynan shu yoʻsinda tasvirlagan boʻlardi degan oʻy kechdi xayolimdan.

Shuningdek, maʼrifatni oʻziga maslak tutgan Yodgorbekning yangi usul maktabi ochishi, gazeta chop etishi ham chuqur mantiqqa asoslangan. Biz bilgan Otabekning zurriyodi ana shunday yoʻl tutishi muqarrar edi.

“Yaldo kechasi”da taraqqiyparvar bobolarimizning mashaqqatli kechmishi, jadidlar va qadimchilarning gʻoyaviy kurashi, mustamlakachilarning kirdikorlari tarixiy dalillar asosida ochib berilgan. Davrning haqqoniy manzarasini aks ettirish uchun muallif qanchadan qancha arxiv va manbalarni oʻrganib chiqqanini tasavvur qilish qiyin emas.

Asarda Yodgorbekning farzandlari boʻlmish Ozodbek va Odilbekni oʻzaro gʻanimga aylantirib, oxiri ikkovini ham halokat chohiga uloqtirgan shoʻro tuzumining yovuz mohiyati haqqoniy tasvirlangan.

Xullas, ustoz adibimiz Xayriddin Sultonning koʻp yillik izlanishlari, yuksak isteʼdodi va teran tafakkuri mahsuli sifatida dunyoga kelgan roman zamonaviy adabiyotimizning katta yutugʻi boʻlganiga shubha yoʻq. Ushbu asarning fazilatlari toʻgʻrisida hali koʻp va xoʻp yozilishiga ham ishonchim komil.

Har qanday asarning qoʻlyozmasini oʻqish oʻz yoʻliga, biroq uni kitob holida mutolaa qilish boshqacha. Ana shunda taassurot va tasavvur ham toʻliqroq boʻladi. Mana, nihoyat koʻpchilik orziqib kutgan kun keldi.

“Yaldo kechasi” asarining taqdimoti aynan ulug‘ bobolarimizning barhayot ruhlari kezib yurgan “Shahidlar xotirasi” majmuasida, yaldo kechasi arafasida tashkil qilingani zamirida ham chuqur ramziy maʼno bor.

Taqdimotdan keyin kitob bilan ortiga qaytayotgan odamlarni kuzata turib, ularning koʻpchiligi yangi asar mutolaasidan bosh koʻtarolmay, bugungi yaldo kechasini bedor oʻtkazishi tayin degan oʻy kechdi xayolimdan.

Shu kuni uyga qaytayotib, koʻp narsalarni oʻyladim. Ustoz bilan bogʻliq voqealar birin-ketin tasavvurimda jonlandi...

“Qachon yozib ulgurdingiz, ustoz?”

Kamina sakkiz yildan koʻproq Xayriddin Sulton bilan yonma-yon ishlab, oʻzimcha ulkan adibning tabiatida jam boʻlgan qator fazilatlarni kashf etdim. Avvalo u kishi doimo qatʼiy ijodiy intizomga rioya qilishiga amin boʻlganman. Vazifa nuqtayi nazaridan zimmasida qay darajada katta masʼuliyat borligi, har kuni qanchadan qancha matn va hujjatlarni oʻqib, tahrirdan oʻtkazishini aytmasam ham koʻpchilik yaxshi biladi.

Ana shunday sharoitda ham u kishi kitob oʻqish va ijod qilishga vaqt topadi. Odatda Yozuvchilar uyushmasida chop qilingan yangi kitoblarni Xayriddin akaga ham beramiz. Yashirib nima qildim, bu kitoblarning aksariyati bizning stolda oʻqilmasdan qolib ketadi. Biroq u kishi bir necha kundan soʻng satrlar tagiga chizib, allaqanday belgilar qoʻyilgan tanish asarni varaqlab, u haqda oʻz fikrini bayon qiladi.

– Qashqadaryolik Nafas Shodmon yaxshi dramaturg ekan-ku, – dedi u kishi bir kuni Nafas Shodmonning “Saylanma”sini koʻrsatib. – Tarixiy mavzularda yozarkan. Dramalarining badiiyati baland, mazmunli, teatrlarda ham qoʻyilibdi. Nega shu paytgacha hech kim unga eʼtibor bermagan?

Boshqa gal Xayriddin aka bir nechta qalin kitobni qoʻlimga tutqazdi.

– Samarqandning chekka qishlogʻida Xayriddin Begmatov degan keksa ijodkor yasharkan. Bir umr maktabda dars berish bilan birga, Amir Temur haqida uchta tarixiy roman bitibdi. Asarlarini oʻqidim. Yaxshi yozilgan. Mana shunday kamsuqum yozuvchilarga ham eʼtibor berish kerak.

Xayriddin Sultonning ijod olami oʻzga bir dunyo. U kishining soʻnggi yillarda nashr qilingan “Haqiqat jamoli”, “Navoiy – 30”, “Ishonch telefoni”, “Odamlardan tinglab hikoya”, “Uch yuz oltmish toʻrt kun”, “Osmoni falaklarda” singari kitoblari, bir nechta drama va kinoqissalarini adabiy jamoatchilik katta qiziqish bilan qabul qildi. Barchasi ijodkorlar orasida shov-shuv boʻlgan betakror, magʻzi toʻq asarlar.

Bir safar Xayriddin aka yangi kitobini sovgʻa qilganida hayratimni yashirolmay, “Bu asarni qachon yozib ulgurdingiz, ustoz?” deb soʻradim.

– Ikkinchi smenada – kechasi, – dedi u kishi. – Ijod uchun alohida vaqt, sharoit kerak deb qoʻl qovushtirib oʻtirsak, umr oʻtib ketadi. Sizlar ham shunga harakat qiling. Har kuni bir qogʻozdan yozib borsangiz, bir yilda 365 sahifali kitob paydo boʻladi.

Koʻpincha ustozning navbatdagi ijodiy yutuqlari va joʻyali maslahatlaridan kuch olib, biz ham bir-ikki kun qogʻoz qitirlatib qolamiz. Biroq tez orada bunday zahmatga qoʻl siltaymiz. Chunki “bizning ishimiz koʻp”, oʻzgalar tugul, oʻzimiz ham chippa-chin ishonadigan bahonalarimiz bisyor.

Charogʻon koʻchalar, maroqli suhbatlar

Xayriddin Sulton boshchiligida Namangan viloyatiga xizmat safariga bordik. Kun boʻyi zimmamizga yuklatilgan ishlar bilan andarmon boʻlamiz. Kechqurun esa u kishiga ergashib shahar koʻchalarida bir muddat sayr qilamiz.

Bunday chogʻlarda Xayriddin akaning qulfi dili ochilib, bizga oʻzi koʻrgan, taniqli arboblardan eshitgan ajoyib-gʻaroyib hangomalarni soʻzlab beradi. Oʻshanda ustozning roviylik mahoratiga ham tan berganman. Chunki tilga olingan har bir voqea juda jonli, taʼsirli edi. Yengil yumor, kinoya va qochirimlar bilan zeb berilgan hikoyalarda turfa tabiatli odamlarning gʻalati kechmishi, koʻngil kechinmalari yaqqol aks etib turardi.

– Bu voqealarni qogʻozga tushirsangiz, har biri ajoyib hikoya boʻlarkan, – dedim bir gal.

 – Koʻramiz, – u kishi qisqagina javob qildi.

Koʻp oʻtmay Xayriddin akaning “Odamlardan tinglab hikoya” degan kitobi nashr qilindi. Uni oʻqib hayron qoldim. Axir bu kitobda biz Namangan koʻchalarida maroq bilan tinglagan tanish voqealar jamlangan edi. Soʻng bilsam, u kishi oʻshanda yozayotgan hikoyalari mazmunini soʻzlab bergan, sayrdan qaytgach, mehmonxonada tongga qadar qogʻoz qoralagan ekan.

Maʼnaviy bedorlikka daʼvat

2025-yil may oyi oxirida Xayriddin Sulton boshchiligida bir guruh taniqli ijodkor va ziyolilar bilan Qarshi shahriga bordik. Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida adibning asari asosida Oʻzbekiston sanʼat arbobi, mashhur rejissyor Olimjon Salimov sahnalashtirgan “Uygʻon, bolam!” spektaklining taqdimoti boʻldi.

Qishloqda yashaydigan bir tanbal va notavon insonni kambagʻallik botqogʻidan xalos qilish bilan bogʻliq goh kulgili, goh mahzun kechadigan voqealar juda tanish edi. Darrov esladim, sahna asari “Odamlardan tinglab hikoya” kitobidagi hikoyalardan biri asosida yaratilgan. Qizigʻi, muallif oʻsha ixchamgina hikoyada tilga olingan voqealarni har tomonlama rivojlantirib, sahna sanʼati talablariga ustalik bilan moslashtirgan.

Muallif asarning gʻoyasini kuchaytirish, taʼsirchanligini oshirish maqsadida grotesk usulidan mohirona foydalangan, turli kinoya va qochirimlarni ustalik bilan joy-joyiga qoʻygan. Teatr sanʼatida muhim sanalgan voqealarning izchil rivoji, konflikt, kulminatsiya va yechim ham joyida. Albatta, bu oʻrinda Olimjon Salimovning xizmatlari ham katta boʻlgan.

Biz, poytaxtdan borgan mehmonlar uchun uncha tanish boʻlmagan sanʼatkorlar asosiy obrazlardan tortib, epizodik rollargacha qoyillatib oʻynadi. Baʼzilar viloyat teatrlarining ijodiy salohiyatiga shubha bilan qaraydi. Biroq asar zoʻr boʻlsa, ana shu maskanlarda ishlayotgan kamtarin, kamsuqum sanʼatkorlar isteʼdodining qirralari ochilib ketar ekan.

Qariyb bir yarim soat davom etgan namoyish chogʻida ulkan zalda bot-bot qahqaha va qarsaklar yangrab turdi. Parda tushirilgach, tomoshabinlar ancha vaqtgacha tik turib ijodkorlarni olqishladi.

Shu kuni biz ustozimiz isteʼdodining yana bir qirrasini kashf qilib, Qarshidan yorqin taassurotlar bilan ortga qaytdik.

Klavixo bilan  uchrashuv

Har yili sohibqiron Amir Temur tavallud topgan 9-aprel sanasida ul zotning poytaxtimizdagi muazzam haykali poyida ommaviy anjuman uyushtiriladi. Oʻtgan yili ana shu tadbirning dasturini ustozning nazaridan oʻtkazib olish uchun huzuriga kirdim.

– Hamma maʼruza oʻqiyversa, odamlar zerikib qoladi, – dedi u kishi dastur bilan tanishgach. – Bu galgi tadbirga ispan elchisi Klavixoning monologini kiritsak, yaxshi boʻlardi. Sizning dramaturgiyadan xabaringiz bor, shu monologni oʻzingiz yozing.

Bu endi maslahat emas, topshiriq edi. Bajarmasdan boshqa chora yoʻq. Xullas, Klavixoning asarini sinchiklab oʻqib, uning soʻzlarini qoraladim. Monolog Xayriddin akaga maʼqul boʻldi. Olimjon Salimov shu moʻjaz parchani sahnalashtirib berdi. Isteʼdodli aktyor Ilhom Berdiyev mahorat bilan ijro etgan Klavixo monologi tadbirda koʻpchilikka manzur boʻldi.

– Qarang, baʼzilar Amir Temur saroyiga Ispaniyadan elchi kelganini bilmas ekan, – dedi ertasi kuni Xayriddin aka. – Shu mavzuda spektakl yaratilsa yomon boʻlmaydi. Endi bu monologni pyesaga aylantirasiz.

Ustozning shu undovi sabab boʻlib “Klavixo” dramasi yozildi. Aniqrogʻi, pyesaning qoralamasi paydo boʻldi. Qoʻlyozmaning asarga aylanishida ham ustozning ijodiy ragʻbati, maʼnan qoʻllovi bor.

Ijod ahliga yelkadoshlik

Xayriddin Sultonning eng katta fazilatlaridan biri – Yozuvchilar uyushmasi, ijodkorlarga xayrixohligida, gʻamxoʻrligida desam adashmayman.

U kishi hech qachon adabiyotimiz ravnaqi yoʻlida maslahat va koʻmagini ayamaydi.

Uch yilcha burun yuz bergan bir voqeani eslasam, haligacha mutaassir boʻlaman. Kunlardan birida “Nosir Fozilovning oilasi uysiz, koʻchada qolibdi” degan noxush xabar yetib keldi. Maʼlum boʻlishicha, rahmatli Nosir ogʻaning oʻgʻli tadbirkorlik bilan shugʻullanar ekan. Biroq pandemiya sabab kasodga uchrab, qarzlarini toʻlash uchun otameros uyni sotishga majbur boʻlibdi. Shundan soʻng ular Yozuvchilar uyushmasining Doʻrmondagi ijod uyidan ajratilgan kottejda bir muddat yashagan. Afsuski, qirq yoshning nari-berisidagi yigit ham kutilmaganda ogʻir dardga chalinib, vafot etadi.

Keksaygan chogʻida yolgʻiz oʻgʻlidan ham judo boʻlgan Muborak ayaning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Buning ustiga, uning Chilonzor tumanidagi poliklinikalardan birida ishlaydigan kelini va oʻsha yerdagi maktabda oʻqiydigan ikki nabirasi yoʻlda qiynala boshlaydi. Shu bois kelin farzandlarini olib ota-onasinikiga ketibdi. Muborak aya esa uzoqroq qarindoshinikidan qoʻnim topgan emish. U umr yoʻldoshining ikkita qopga joylangan kitob va qoʻlyozmalarini oʻzi bilan olib ketibdi.

Xayriddin aka Nosir Fozilovni juda hurmat qilardi. Bot-bot u bilan bogʻliq xotiralarini tilga olib, oqsoqol adibning tanti va bagʻrikeng inson boʻlganini taʼkidlar edi.

Shunday taniqli yozuvchining oilasi kutilmaganda parokanda boʻlib ketgani u kishiga qattiq taʼsir qilib, bir muddat oʻylanib qoldi.

– Sirojiddin aka shu masalada Muborak opaning nomidan rahbariyatga xat yoʻllanganini aytayapti, – dedim men.

– Prezidentimiz ham Nosir ogʻani juda hurmat qilardi, – dedi Xayriddin Sulton. – Xatni oʻqisa, albatta eʼtiborsiz qoldirmaydi.

Oradan bir-ikki kun oʻtgach, Xayriddin aka meni oldiga chaqirdi. Hozirgina rahbarning qabulidan chiqqan, xonasida juda taʼsirlanib oʻtirgan ekan.

– Ijodkorlarning baxtiga shunday bagʻrikeng Prezidentimiz bor, – dedi u kishi. – Xatni oʻqishi bilan mutasaddilarga Nosir ogʻaning oilasiga uy ajratish haqida topshiriq berdi. Muborak opa bilan Yozuvchilar uyushmasiga aytib qoʻying, erta-indin bu muammo hal boʻladi.

Bu gapdan mening ham koʻnglim yumshab, koʻzlarimga yosh keldi.

Chindan ham tez orada Muborak Fozilovaga Shayxontohur tumanidagi yangi qurilgan uyning birinchi qavatidan ikki xonali kvartira berildi. ...Muborak aya umrining oxirigacha Oʻzbekiston Prezidentidan minnatdor boʻlib yashadi. Mushfiq onaxon vafotidan ikki kun burun ham menga qoʻngʻiroq qilib, davlatimiz rahbarini duo qilgan edi...

Bu oʻrinda Xayriddin Sultonning qalamkashlar va ularning oilasiga eʼtibori bilan bogʻliq birgina holatni tilga oldim. Bunday voqealar juda koʻp. Kezi kelganda oʻnlab isteʼdodli yosh ijodkorlarga uy ajratilishi hamda davlat rahbarining poytaxtimizning soʻlim goʻshasida ijod ahli uchun yuzdan ziyod xonadon barpo etish haqidagi ezgu tashabbusini amalga oshirishda u kishining ham xizmatlari borligini yaxshi bilaman.

Qaysidir adib xastalanib, shifoxonaga tushib qolsa yoki boshqa biron qiyinchilikka duch kelsa, albatta Xayriddin akadan madad kutamiz. U kishi ham yoʻq demasdan kimlargadir qoʻngʻiroq qilib, muammoni hal qilib beradi. Lekin hech qachon yordamini minnat qilmaydi.

Turkiy ulusga yoʻllangan devon

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti yigʻilishlaridan birida qardosh xalqlar adabiyotining eng sara namunalari asosida yuz jildlik majmuani nashr qilish tashabbusini ilgari surdi. Shundan soʻng Xayriddin Sulton rahbarligida ana shu ezgu gʻoyani roʻyobga chiqarish uchun yeng shimarib ishga kirishib ketdik.

Yozuvchilar uyushmasida taniqli ijodkorlar, olim va tarjimonlardan iborat katta ijodiy guruh tuzildi. Davlatimiz rahbarining bu gʻoyasi ularni ham juda ruhlantirib yuborgan edi. Shu bois barcha sidqidildan harakat qildi. Natijada yarim yil nari-berisida oʻzbek, turk, qozoq, ozarboyjon, qirgʻiz, turkman, venger adabiyotining oʻzbek tiliga oʻgirilgan asarlari bir joyga jamlandi. Baʼzi ixchamroq asarlar tezlik bilan tarjima qilindi.

Biz bot-bot Yozuvchilar uyushmasida yigʻilib, ishning borishini muhokama qilamiz. Shundan soʻng ijodiy guruh tomonidan tuzilgan asarlar roʻyxatini ustozga koʻrsatamiz. U kishi roʻyxatni sinchiklab koʻrib chiqib, joʻyali taklif va tavsiyalar beradi. Qozoq, qirgʻiz va boshqa qardoshlarimizning shu choqqacha biz nomini ham eshitmagan baʼzi adib va shoirlarining ancha yillar burun adabiy nashrlarda bosilgan asarlarini eslaydi. Bir necha kunlik izlanishdan soʻng nihoyat kutubxona yoki qaysidir ijodkorning shaxsiy arxividan oʻsha asarlar ham topiladi.

– Uch-toʻrt oydan soʻng Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti oʻtkaziladi, – dedi Xayriddin aka bir kuni. – Oʻshangacha majmuaning hech boʻlmaganda yigirma-oʻttiz jildini nashr qilib, taqdimotini oʻtkazsak yaxshi boʻlardi.

Ishlarimiz jadal kechgani bois sammit arafasida “Turkiy adabiyot durdonalari” adabiy toʻplami toʻliq nashrdan chiqarildi. Zarif Mirzaqulov ikkovimiz ertasi kuni barvaqt ishga kelib, naq oltita kattagina baxmal sandiqqa joylangan yuzta kitobni u kishining xonasiga olib kirdik. Xayriddin aka keng-moʻl stolda qator qilib terib qoʻyilgan yashil muqovali bejirim kitoblarni koʻrib nihoyatda xursand boʻldi.

– Bu tarixiy ish boʻldi, – dedi u kishi asarlarni birma-bir varaqlab. – Bir vaqtlar Navoiy hazratlari “Ne mulk ichraki bir farmon yubordim, aning zabtigʻa bir devon yubordim” deb lutf qilgan edi. Bu majmua ham oʻzbeklarning qardoshlarga yoʻllagan devoni boʻladi. Siz-u bizdan qolsa, mana shu kitoblar qoladi. Bu ishga bosh qoʻshgan barcha ijodkorlarga rahmat...

Shundan soʻng Xayriddin aka yordamchisi Nurali Ulugʻovga qoʻl telefonini tutqazdi.

– Bizni mana shu kitoblar oldida suratga olib qoʻying. Hali sizlar bu kunni eslab, qilgan ishingizdan quvonib yurasizlar.

Sammit arafasida Xayriddin aka boshchiligida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasining xalqaro taqdimoti uyushtirildi. Qardosh mamlakatlarning elchilari qatnashgan anjuman juda fayzli oʻtdi. Asosiysi, yuz jildlik majmua Samarqanddagi sammitda Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlariga sovgʻa qilindi.

Xayriddin aka bir guruh ijodkorlar bilan ikki yilcha burun Turkiyadagi mashhur kutubxonada ushbu toʻplamning taqdimotini oʻtkazib keldi. Keyingi yili u kishining topshirigʻi bilan biz Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Gʻayrat Majid bilan birgalikda Boku shahrida uyushtirilgan shunday tadbirda qatnashdik. Ozar doʻstlarimiz majmuaga yuqori baho berishdi. Taqdimotda Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi rahbari, atoqli adib Anor ushbu majmuani ozarboyjon tilida nashr qilish tashabbusini bildirganida koʻnglimiz togʻday koʻtarildi.

“Oʻzbek adiblariga havasim keladi”

2023-yil mart oyida Navoiy viloyatida yuksak saviyada oʻtkazilgan “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro adabiy festivali yaqin-yiroq yurtlarda ham ovoza boʻldi. Biroq bu tadbirga tayyorgarlik jarayoni juda qiyin kechgan. Bu gal ham soʻnggi pallalarda Xayriddin Sulton jonimizga ora kirgan.

Taomilga koʻra bunday muhim tadbirlar haqida rahbariyatni xabardor qilish lozim. Biroq kutilmaganda shu ish ortga surilib ketdi. Anjumanga atigi ikki-uch kun vaqt qolgan boʻlsa-da, tayyorgarlik juda sust.

Oxiri anjuman hujjatlarini Xayriddin akaga olib kirib, vaziyatni tushuntirdim. Shu paytgacha nima qilib yuribsizlar deb urishsa kerak deb oʻylagan edim. Ammo u kishi maʼnoli bosh chayqab qoʻyish bilan kifoyalandi.

– Anor muallim ham kelarkanmi? – deb soʻradi ustoz mehmonlar roʻyxatini koʻrib chiqqach ajablanib.

– Ha, kelishga vaʼda bergan. Samolyotga chipta ham olingan.

– Vaqt juda oz qolibdi, – dedi Xayriddin aka. – Siz Yozuvchilar uyushmasidan odam olib, bugunoq Navoiyga joʻnang. Tadbirlar oʻtadigan joylarni yaxshilab tayyorlanglar. Mehmonlarni kutib olish, mehmonxonaga joylashtirishdan tortib, transport, ovqatlanish masalalarigacha birma-bir koʻrib chiqinglar.

Ustozning huzuridan yelkamdan tog‘ agʻdarilgandek yengil tortib chiqdim. Kechga yaqin Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, taniqli shoirimiz Nodir Jonuzoq bilan poyezdda Navoiyga yoʻl oldik.

Manzilga yaqinlashganimizda ikkovimizning ham qoʻl telefonimiz ketma-ket jiringlashga tushdi. Qator vazirliklar, Navoiy viloyati hokimligidan qoʻngʻiroq qilishdi. Maʼlum boʻlishicha, Xayriddin aka Oʻzbekiston Prezidentini “Mumtoz sheʼriyat” festivali haqida xabardor qilgan, u kishi mutasaddi rahbarlarga anjumanni yuqori darajada oʻtkazish boʻyicha topshiriq beribdi.

Xullas, anjuman juda baland saviyada tashkil qilindi. Bunday marosimlarda qatnashaverib koʻzi pishib ketgan mehmonlar ham yurtimizda adabiyotga, hazrat Alisher Navoiy merosiga berilayotgan yuksak eʼtibordan cheksiz hayratlanishdi.

Ayniqsa, Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida oʻtkazilgan ochilish marosimida Xayriddin aka davlatimiz rahbarining “Mumtoz sheʼriyat” festivali ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigi va Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi raisi Anorni “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlash haqidagi farmonini oʻqib berganida zalda ancha vaqtgacha qarsaklar tinmadi.

Shundan soʻng saroyda “Vatan manzumasi” adabiy-maʼrifiy kompozitsiyasi namoyish etildi. Oʻsha kezlarda Xayriddin Sulton tashabbusi bilan sanʼat va adabiyot uygʻunligida sahnalashtirilib, respublika boʻylab oʻtkazilayotgan harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi ushbu ajoyib dasturni mehmonlar katta hayajon bilan tomosha qilishdi.

– Yurtingizga kelganimdan buyon nuqul hayratlanib yuribman, – dedi Nurota ziyoratidan qaytayotganimizda mehmonlardan biri. – Toshkentdagi Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosini koʻrganimda Oʻzbekiston Prezidentining adabiyotga eʼtiboridan koʻnglim yorishgan edi. Bugungi anjuman davomida oʻzbek qardoshlarimizga havasim yanayam ziyoda boʻldi. Biz ham shunday darajaga yetishni orzu qilamiz.

Ijod va shaxsiyat

Shubhasiz, Xayriddin Sulton oʻzining yuksak isteʼdodi va keng qamrovli ijodi bilan allaqachon xalqimizning peshqadam adiblaridan biriga aylangan. U kishining sof oʻzbekona hikoyalari, qissa va romanlari adabiyotimiz xazinasidan joy olib ulgurgan.

Yaqinda Oʻzbekiston Prezidentining farmoni bilan ustoz adibimizga “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni berilgani bu fikrning eng katta tasdigʻi boʻldi. Shu bois adabiyot muxlislari ushbu yangilikni mamnuniyat bilan kutib oldi.

Shu oʻrinda TURKSOY bosh kotibi, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi Sulton Rayevning Xayriddin Sulton ijodiga bagʻishlab chop etilgan “Inson yuragiga yoʻl qurayotgan adib” nomli maqolasidan ayrim fikrlarni siz bilan boʻlishgim keldi:

“Xayriddin Sulton zamonaviy oʻzbek adabiyotining nufuzli namoyandasi, butun qalb qoʻri bilan adabiyotga, oʻzbek maʼnaviyatiga sodiq siymolardan biridir...

Xayriddin Sulton Abdulla Qodiriydan tortib Gʻafur Gʻulom, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovgacha boʻlgan oʻzbek estetik dunyoqarashi va adabiy tafakkurini yanada teranlashtirdi. Shu bilan bir qatorda, u original obrazlar galereyasini yaratib, oʻzgacha bir yoʻnalishda, oʻzgacha bir temperamentda – aynan oʻziga xos uslub va badiiy ohangda ijod etib kelmoqda...

Uni nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasi badiiy tafakkurining dargʻalaridan biri sifatida eʼtirof etish mumkin. Hozirgi oʻzbek adabiyotining yuksakligi ham u kabi yetuk soʻz sanʼatkorlarining ijodiy salohiyati bilan oʻlchanadi desak, yanglishmaymiz”.

Mashhur adib Chingiz Aytmatovning munosib shogirdi, zamonaviy qirgʻiz adabiyotining peshqadam vakili hisoblangan Sulton ogʻaning bunday xolis va haqqoniy eʼtirofi Xayriddin Sulton adabiy olamining koʻlami va ahamiyati haqida yetarlicha tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Oʻylashimcha, ijodkorning isteʼdodi, ijodi uning shaxsiyati bilan chambarchas bogʻliq. Shu maʼnoda, Xayriddin Sultonning qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilayotgan har bir asarida avvalo uning oʻziga xos maʼnaviy dunyosi, samimiyati akslanib turadi.

Gʻafur SHERMUHAMMAD

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.

“Ezgulik saboqlari” maqolasi