Biz yashayotgan asr insoniyat uchun siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan va texnologiyalarda salmoqli yutuqlar davri boʻldi. Shu bilan bir qatorda, davlat va jamiyat barqarorligi, insoniyat erkinligi, hayoti uchun turli koʻrinishdagi tahdidlar soni koʻpaydi. Mana shunday murakkab vaziyat va globallashuv sharoitida mamlakatlar rivoji, ulardagi xalqlar turmush sharoitlarini yaxshilash, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashda davlat tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar koʻlami, dolzarbligi ortdi. Nafaqat siyosiy, iqtisodiy sohalarni, shuningdek, gumanitar, maʼnaviy, maʼrifiy, madaniy sohalarni ham takomillashtirish, tegishli maʼmuriy islohotlar olib borish aktual vazifa ekanligi ayon boʻldi.

Yangi davrdagi siyosat, iqtisod, jamiyat siyosiy, mafkuraviy, harbiy tahdidlar kabi turli ijtimoiy fenomenlar bilan yuzlashmoqda. Dunyoning geosiyosiy modeli shunday murakkab, muvozanatsiz, oʻziga xos oʻtish davridaki, har qanday ijtimoiy hodisalar siyosiy-ijtimoiy jarayonlar dinamikasiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Oxirgi yillarda radikalizmga qarshi kurashish masalasi global masshtablarda muhimligi jihatidan har qachongidan koʻra dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jahon hamjamiyati davlatlarida sodir boʻlayotgan notinchlik, davlat va jamiyat beqarorligi, terrorizm xurujlari bu illatlarga qarshi kurashishda yanada faolroq va oqilona harakat qilishni taqozo etadi.

Joriy yilning mart oyida Moskva shahrida joylashgan Krokus markazidagi terroristik xuruj jahon hamjamiyatchiligini dahshatga soldi. Bu birgina Rossiya uchun musibat emas, balki butun insoniyat uchun tahdid sifatida koʻrilishi lozim boʻlgan fojia. Bugungi globalizatsiya sharoitida bir mamlakat hududida yuz bergan terroristik hujumlar boshqa davlatlar jamiyatida ham oʻziga xos aks-sado beradi. Bugungi kun terrorizmi zamon va makon, hudud bilan chegaralanmaydi. Uning tahdid kuchi har qanday chegaralarni oshib oʻtish imkoniyatiga ega boʻlib bormoqda. Ushbu tahdidga befarqlik koʻplab jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Xalqaro hamjamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tugʻdirayotgan zamonaviy tahdidlardan biri radikalizm hisoblansa, uning eng ayanchli koʻrinishi terrorizmdir. “Tahdidning yana bir manbai – terrorchilar va boshqa jinoiy guruhlarning harakatlaridir. Soʻnggi yillarda sodir etilgan terrorchilik harakatlari bunday tahdidlarning tobora jiddiy tus olayotganini koʻrsatmoqda”, deya taʼkidlagan edi Prezidentimiz oʻzining “Yangi Oʻzbekiston – taraqqiyot strategiyasi” asarida. Bundan bir necha yillar oldin aytilgan boʻlishiga qaramasdan, bu taʼrif bugungi kunda ham oʻzining aktualligiga ega.

Har bir terroristik akt ekstremistik faoliyat natijasi, radikalizmning gʻoyaviy asosiga tayanadi. Shu jihatdan terror harakatlarini radikalizm bilan bogʻlash odat tusiga aylangan. Biroq, uni diniy motivlar bilan bogʻlash doim ham mantiqan toʻgʻri boʻlavermaydi. Krokus markazidagi terror hujumlari borasida turlicha talqinlar berildi va berilmoqda. Shunday boʻlsa-da, ushbu hujumlarning diniy motivlarga asoslanganligi hanuz isbotini topganicha yoʻq.

Millat, hudud, zamon bilmas terrorizmga qarshi goh muvaffaqiyatli, baʼzan samarasiz kurash davom etmoqda. Uning turli koʻrinishlari zamonaviy siyosiy jarayonlar va tendensiyalarga mos ravishda turlanib, moslashib, takomillashib bormoqda.

Terrorizm – oʻta murakkab, oqibati ayanchli ijtimoiy fenomen. U buzgʻunchilik, zoʻravonlik, insonlar hayotini barbod qilish, davlatlar va jamiyatlar barqarorligi va xavfsizligini izdan chiqaruvchi illat. Turli mintaqalarda, koʻplab vaziyatlarda, terrorchi kuchlarga nisbatan turlicha munosabatning mavjudligi jihatidan unga aniq ijtimoiy hodisa sifatida umumiy taʼrif berish murakkab. Terror usullaridan konservativ, siyosiy, diniy, millatchi ruhdagi kuchlar ham foydalanishi mumkin, lekin ularning asosiy mazmuni, mohiyati va muddaolari aniq maqsad va siyosiy tusga ega boʻladi.

Terrorizmning eng xavfli jihati – zamonaviy globalizatsiya sharoitida hudud bilmasligi, uning uchun yopiq yoki daxlsiz hududning mavjud emasligidir. Dunyo hamjamiyatining barcha davlatlari mazkur illat bilan yuzlashishi ehtimoli juda yuqori.

Taʼqib, zoʻravonlik, qoʻporuvchilik va qotillik terrorizmning har qanday koʻrinishi uchun umumiy xususiyat boʻlib, bularning barchasi insonparvarlik gʻoyalari, bagʻrikenglik, demokratiya, adolat tamoyillariga ziddir. Shu jihatdan, qanday niqob va maqsad ostida amalga oshirilmasin, mohiyatan, terrorizm – butun bashariyatga, taraqqiyotga, barqarorlikka, ezgulik va tinchlikka qarshi ijtimoiy xarakterdagi jinoyatdir.

Muayyan muddat oʻtib Krokus fojiasining asl ijrochilari, ularning maqsad va muddaolari ayon boʻladi. Lekin, bundan kimga qanday foyda bor. Teraktda qurbon boʻlganlar oilalarining musibati yengil boʻlib qolmaydi. Vaqt har qanday dardni davolaydi. Biroq insonlar qalbidagi maʼnaviy, ruhiy jarohat asoratlari uzoq muddat saqlanib qoladi. Rossiya xalqi boshidan kechirgan fojianing mazkur asoratlari osonlikcha barham topadimi...

Oʻzbekiston rahbariyati birinchilardan boʻlib Rossiya xalqiga oʻzining hamdardligini bildirishi ham ramziy maʼnoda katta ahamiyatga ega. Oʻzbekiston doimo tinchlik, barqarorlik tarafdori boʻlib kelgan. Oʻzbekiston hech qachon jahon hamjamiyatida yuz berayotgan siyosiy, harbiy, maʼnaviy tazyiqlarni qoʻllash siyosati tarafdori boʻlmagan. Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi doimo bagʻrikenglik, insoniylik, tinchlik va birdamlikni qoʻllab kelgan. Bugungi global muammolarni hal etish va uning samarasi dunyo hamjamiyatining birgalikdagi saʼyi-harakatlariga bogʻliq ekanligini taʼkidlash – Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim doktrinalaridan biridir.

Krokus fojiasi insoniyat xavfsizligini taʼminlashning zamonaviy yondashuvlarini ishlab chiqish zaruratini koʻrsatdi. Hech bir hudud, davlat, jamiyat, millat bu kabi tahdidlardan xoli deb boʻlmaydi. Bugungi kun haqiqati hushyorlikni, hamjihatlikni, birdamlikni talab qiladi.

Sarvarjon GʻAFUROV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar

instituti boʻlim boshligʻi,

siyosiy fanlar doktori, professor