Azaldan jahongirlarning bir qoidasi bor: “Boʻlib tashla va hukmdorlik qil!”. Bu shafqatsiz qoida davrlar oʻtsa-da, oʻz ahamiyatini yoʻqotmay keladi. Koʻpincha oʻz xalqimiz vakillari orasidan “shaharlik va qishloqlik”, “vodiylik va vohalik” singari ayirmachilik kayfiyatidagi gap-soʻzlar quloqqa chalinganda, yuqoridagi mashʼum qoida esimga tushaveradi.
Yaqinda bir qizning oʻylaymay-netmay gapirgan soʻzlari ortidan ijtimoiy tarmoqlarda yana “sobit-u sayyoralar” haqida bahslar bolaladi. Bir tomon “shaharliklar oʻzi shunaqa, viloyatdan kelganlarni koʻrolmaydi” deb chiransa, ikkinchi tomon “oʻsha hurliqoning ota-onasiyam gʻirt kelgindi ekan-ku” deb luqma tashlaydi.
Toʻgʻri, bu ikki toifa orasida bir-biriga noxush qaraydiganlar koʻp. Shaharliklar orasida viloyatdan kelib, oʻqib, ishlab yurganlarga past nazar bilan qarash bugun yo kecha paydo boʻlmagan. Poytaxtga kelib, shu yerning non-tuzini yeb, tub aholini xushlamaydiganlar ham topiladi. Shu bilan birga qishloqdan kecha kelib, ikki-uch kunda “shaharlashib” olgach, qolganlarga koʻz qirini tashlagisi kelmaydiganlar ham...
Shu oʻrinda ikki voqeani eslab oʻtsam.
Birinchi voqea: Talabalik paytimizda bir kursdoshimiz boshqa toshkentlik doʻstlarimizga qaraganda oʻta kalondimogʻligi bilan ajralib turardi. Yurish-turishi, soch turmagi, kiyim-kechak, xullas oʻsha yillarning eng soʻnggi “moda”sida. Boshqalarni, ayniqsa, viloyatliklarni nazariga ilmaydi. Koʻpgina kursdoshlarga qarab “sanlani viloyatingdayam institut bor-u, oʻshatta oʻqimiysanlami?” deb ochiq mazammat qilgan paytlari ham boʻlgan. Uning ayirmachiligi hatto boshqa toshkentliklarning ham gʻashiga tegardi. Ikkinchi kursda bir tahririyatga ishga kirdim. Boʻlim boshligʻimiz biz bilan bir tumandan ekan, otamni, qarindoshlarimizni ham tanirkan. Qayerda oʻqishimni bilgach, “Iye, ulimdi kursdoshi ekansan-ku” deb qoldi. Bilsam, boʻlim boshligʻi oʻsha “gʻirt toshkanlik” kursdoshimizning otasi ekan. Juda samimiy, jaydari inson. Qizigʻi, bu ustozimiz umuman odam ajratmas, hamma bilan birdek chiqishib ketaverar, hech kimdan yordamini ayamasdi (Koʻpchilik tanishi mumkin boʻlgani uchun ustozimizning ismlarini yozmadim). Xullas, ertasi kuni oʻsha “krutoy” kursdoshimiz meni bir chetga chaqirib “О‘rtoq, adam silani tumaniyladan ekanla, sani adeyniyam bilarkanla, faqat iltimos, buni boshqalaga etib yurmagin” deb shipshib ketgani haligacha esimda...
Ikkinchi voqea: Hali oʻqishni tugatmay uylanganman. Darsdan chiqib, ishga boraman. Koʻpayish arafasidagi yosh oilamiz, Qoraqamishdagi bir onaxonning uyida ijarada turamiz. Xonadon bekasining ismlari esimda yoʻq, ammo koʻrinishlari, boʻy-bastlari rahmatli buvimga juda oʻxsharkan. Bitta oʻgʻli qamoqda, qizi xorijda boʻlgani uchun bizni oʻz bolalaridek koʻrardi. Ikki xonali uyning balkonida kechki payt rosa gurunglashardik, Yoshlik chogʻlaridagi “Eski shahar hangomalari”ni kula-kula bizga aytib berar, uning hikoya aytish uslubi menga juda manzur edi. Onaxon kechasi bilan xamir qorar, ertalab somsa pishirib, Chorsuga sotgani olib ketar, bizga ham ikkitaginasini tashlab ketar, pulini bersak olmasdi. Ijara puli ham gohida oylarga choʻzilib ketar, “Xola, uzr sal xarajatlar koʻpayib qoldi” desam, “E bolam, man sanladan pul soʻravommanmi, topganingda berarsan” deb qoʻyardi. Bir kuni ishdan kechroq qaytsam, uy qulf. Toʻlgʻoq ertalab boshlangan ekan. Onaxon oʻzi “skoriy” chaqirib, oʻzi birga olib ketibdi... Tugʻruqxonaga yetib borsam, xolamiz xuddi oʻzi nabira koʻrgandek quvonch bilan qarshi oldi: “Moro boʻsin, bolaginam, qizchali boʻldilaring, umri bilan, rizqi bilan bergan boʻlsin...”
...Oradan yillar oʻtib, oʻsha fayzli xonadonga xolamizni koʻrgani bordim. Uyni oʻrta yoshli erkak ochdi. Onaxonning oʻgʻli qamoqdan qaytibdi. Ammo oʻzi bir yilcha avval bandalikni bajo keltiribdi.
Xullas, nima demoqchiman? Bitta bemaʼni odamning gap-guftoriga qarab, u tugʻilgan hududning hamma odamlariga baho berish ham bemaʼnilik aslida. Insoniylikning “propiskasi” boʻlmaydi, mehr-oqibat joy tanlamaydi. Shu bilan birga nodonlik, jaholat ham... Faqat ojiz, xudbin, kaltafaxm insonlargina oʻz tugʻilgan joyi, zot-u zuryodi bilan faxrlanadi, boshqalarni yerga urib, oʻzini osmon chogʻlaydi. Bunday kimsalar qancha koʻpaysa, millat shuncha maydalashadi, boshqalarning qoʻlida oʻyinchoq boʻladi.
Oʻtmishda ana shu boʻlinishlar, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik sabab xalqimiz boshiga ne-ne koʻrgiliklar tushmadi. Uchta oʻzbek davlatiga boʻlingan bir butun millat, xonlar-u amirlar uzoq yillar qirpichoq boʻldi. Oqposhsho Turkiston tomon ot choptirgan kezlarda Buxoro amiri Qoʻqonni qonga botirdi. Buxoro amiri Samarqandni oʻrislarga boy bergan onda, Qoʻqon xoni Oqposhshoga maktub bitib, uni gʻalaba bilan qutladi. Bu ikki oʻzbek davlati erkini qoʻldan berayozgan damda, uchinchi davlat xoni oʻz xobgohida maishatdan boʻshamadi. Natija esa maʼlum – bir yuz-u oʻttiz yillik istibdod.
Ammo hanuz koʻzimiz ochilmayapti. Talablik paytimizda yotoqxonada “SurQash”, “SamBux”, “FAN” singari guruhlarga boʻlinib, bir-biriga tish qayraydiganlarni koʻp uchratganmiz. Afsus, bu illatlar hamon yoʻqolmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda “quruq”, “harip”, “indeyets” singari haqoratomuz soʻzlar bilan bir-biriga tosh otayotganlar ham aslida bir-biri bilan qirpichoq boʻlib, oxir-oqibat oʻris bosqinchisiga qul boʻlgan bobolarimizning bugungi avlodlari-da?
Dunyoning eng qudratli davlatlaridagi taraqqiyot siri ham shunday illatlarning yoʻqligida emasmikin? Germaniyada nemislar “men berlinlikman”, “sen myunxenliksan” deya yoqa boʻgʻishishini, Fransiyada parijlik marsellikka dushman koʻzi bilan qarashini, Yaponiyada tokiolik prefekturadan kelgan hamyurtini “harip” deb kamsitishini tasavvur qilolmayman. Aksincha, bunday illatlar bizga oʻxshagan qoʻshni va qardosh oʻlkalarda koʻzga tashlanadi va ular ham bu nuqsonning azobini koʻp tortishgan.
Tojikistonda olti yil davom etgan birodarkushlik urushi ham asosan mahalliychilik tufayli, “gʻarmlik, “koʻloblik”, “pomirlik”, “xoʻjandlik” singari qarashlar ortidan kelib chiqqan, natijada oʻn minglab begunoh odamlarning qoni toʻkilgandi. Afgʻonistonda qirq yildan ortiq davom etgan qirgʻinbarot zamirida nafaqat siyosiy, milliy yoki diniy, balki hududiy qarama-qarshiliklar, mahalliychilik unsurlari ham bor edi. Alloh koʻrsatmasin...
“Es borida etakni yop”, deydi xalqimiz. Bitta xalq, bitta yurt vakilimiz. Qorni toʻq, kallasi boʻsh oliftalarning oʻrinsiz valdirashlariga ergashib, bir-birimizga tosh otishdan maʼni yoʻq. Birlashmas ekanmiz, bizni chetda turib, har qadamimizni poylayotgan qashqirlarga yem boʻlish qismati kutadi, xolos.
Rustam JABBOROV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori