Jahon tamaddunining muazzam beshigi boʻlgan tabarruk zaminimizdan koʻplab buyuk daholar yetishib chiqqan. Barcha zamonlarning mutafakkir shoiri Hazrat Mir Alisher Navoiy ona tili, adabiyot, sanʼat, madaniyat va tarix fanlari qatorida falsafa va tafakkur taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ulug‘ donishmand va alloma boʻlgan. Uning buyuk davlat arbobi sifatida amalga oshirgan insonparvarlik va bunyodkorlik ishlari hamon bashariyatni hayratga soladi. Ulug‘ shoirning komil inson haqidagi qarashlari doimo asosli, xalqchil va nihoyatda teran boʻlgan.
Prezidentimiz aytganidek, “Alisher Navoiy bobomizning “Odamiy ersang demagil odami, onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami” degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor. Yaʼni, bu dunyoda insonlarning dard-u tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir, xalqning gʻamidan uzoq boʻlgan insonni odam qatoriga qoʻshib boʻlmaydi, deb taʼkidlamoqda ulug‘ bobomiz”.
Tarix saboqlari insonning irodasini sinaydi va chiniqtiradi. Alisher Navoiy umrini xalqni maʼrifatli qilishga bagʻishlagan ulug‘ donishmand sifatida adolat, diyonat va iymon-eʼtiqodning kuchiga ishonadi, eng ogʻir, eng murakkab sharoitda ham hukmdorlarni adolatli boʻlishga chaqiradi. Oʻsib kelayotgan yosh avlod ulug‘ shoirning komillik tarbiyasi haqidagi qarashlarini qanchalik chuqur va puxta bilsa, jamiyatda oʻzining mustaqil oʻrnini topishi shunchalik oson kechadi. Uning barcha asarlarida taʼlim-tarbiya masalalariga alohida oʻrin berilgan. U umr boʻyi butun dunyoda tenglik, adolat, iymon, mehr-oqibat, tafakkur va maʼrifat hukm surishini orzu qildi. Farzandni oilaga baxt va saodat keltiruvchi ziyo, “hayot chirogʻi” deb taʼriflaydi, bola tarbiyasi va uni shaxs sifatida shakllantirish masalasini jamiyatning muhim muammosi, deb biladi.
Professor I.Haqqulning fikricha, “Alisher Navoiyning buyukligini bilmaslik oʻzbek millatining madaniyati tarixi, milliy-maʼnaviy kuch-quvvati va jahon badiiy tafakkuriga qoʻshgan buyuk hissasini anglamaslik bilan barobar. Alisher Navoiyning ulug‘ siymosi ul zotning ruhoniyati, benazir shaxsiyati va soʻzni sanʼat darajasiga koʻtargan ijodkor ekanligi bilan belgilanadi. Uning shu zamonda – yangi asrda ham zamonaviy shoir sifatida yodga olinayotgani behikmat boʻlmasa kerak”.
Darhaqiqat, Navoiy asarlaridagi halollik va pokdomonlik mohiyati, milliy oʻzlik tuygʻusi va falsafiy tushunchalar yangi asrda ham mudom insoniyatni ogohlikka chorlamoqda:
Demonkim koʻngli pok-u ham koʻzi pok,
Tili pok-u, soʻzi pok-u, oʻzi pok.
Dedi: Har ishki qilmish odamizod,
Tafakkur birla bilmish odamizod.
Allomaning inson haqidagi diniy-ilohiy qarashlari islomiy tamoyillar taʼsirida shakllangan. U insoniyatni komillik saodati sari chorlar ekan, uning maʼnaviyati, tafakkuri, odobi va axloqiy goʻzalligiga alohida eʼtibor beradi. Hazrat Navoiy iymonli boʻlishni insoniylikning eng birinchi va eng asosiy belgisi deb biladi:
Kimki jahon ahlida inson erur,
Balki nishoni anga iymon erur.
Iymon – faqat insonning vujudini emas, balki ruhini, koʻnglini ham poklaydi. Inson oʻzini va oʻzligini iymon orqali anglaydi, iymon orqali yetuk maʼrifatga erishadi. Komillik – iymonga sadoqatda, iymon-eʼtiqod mustahkamligida yuzaga chiqadi.
Shoirning fikricha, insonning ota-onasiga, atrofidagi odamlarga munosabatida uning iymon-eʼtiqodi, jamiyatga munosabati, oʻzligi, axloqiy goʻzalligi namoyon boʻladi:
Boshni fido ayla, ato qoshigʻa,
Jismni qil sadqa, ano boshiga.
Boʻlsun adab birla bori xizmating,
Ham qil adab “dol”i kibi qomating.
“Hayrat ul-abror” dostonidan olingan mazkur parchada ota-ona xizmatini muhabbat bilan ado etish insonning burchi ekanligi taʼkidlanmoqda. Shoir ota-onadan keyin aka-uka va opa-singillarga oqibatli boʻlish borasida ham toʻxtalib oʻtgan. Uning nazdida oʻz yaqinlariga rahmdil boʻlmagan odam boshqalarga ham mehr-shafqat koʻrsata olmaydi. Ulugʻlarga xizmat, kichiklarga shafqatli boʻlish yuksak maʼnaviyat belgisi ekanligini taʼkidlaydi:
Soʻngra rahming oilasin qarz bil,
Rahm oʻshul toifaga farz bil.
Kimki ulugʻroq anga xizmat kerak,
Ulki kichikroq anga shafqat kerak.
Atoqli navoiyshunos olim N.Mallayev toʻgʻri taʼkidlagan, “Navoiy ijodiyoti u yashagan muhitning badiiy qomusi, murakkab xalq tarixining ravshan koʻzgusidir. Unda inson hayoti va faoliyatining rang-barang sohalari oʻz ifodasini topgan. Binobarin, Navoiy merosi turli ilm sohalari uchun boy va qimmatli manbadir”.
Ulug‘ shoirning falsafiy fikr qamrovi juda keng – u iymon bilan bir qatorda ilmga intilishni, ilmli boʻlishni komillikning muhim shartlaridan biri deb hisoblaydi. Jaholat va nodonlikdan oʻzini asragan inson ilm orqali dunyoni va oʻzligini taniydi, kasb-u kor va hunar oʻrganadi, oq-u qorani ajratadi. Ilm olishga daʼvat, aql va zakovatni ulugʻlash fazilati uning barcha asarlarida rang-barang koʻrinishda namoyon boʻladi. Koʻngilni poklab, uni yaxshi amallarga makon aylagan ilm hayot chirogʻi, insonni boshqa maxluqotlardan ajratadigan asosiy sifat. Ilm insonni gʻaflatdan uygʻotadi, dunyoqarashini boyitadi, tafakkurini charxlaydi. Davlatmand boʻlish yoki amaldorlik ilinjida ilm oʻrganish gumrohlikdir. Faqat komillikka, ezgulikka intilganlarga ilm saodati yor boʻladi. “Saddi Iskandariy” dostonida aytilganidek:
Bori ilm aro, oʻyla, sohib kamol,
Ki komil aningdek topilmoq mahol.
Bilik kasbini qildi to joni bor.
Hunar bildi onchaki imkoni bor.
Ulug‘ shoir “Hayrat ul-abror” dostonida inson umrning oʻtkinchi ekanligini tushunishini, tushunibgina qolmay, uni besamar oʻtkazmasligi, foydali ishlarga sarflashi kerakligini uqtiradi. Yaxshilik va ezgulikni, sadoqatni, mehr-u muruvvatni umrining mazmuni deb bilgan insonlarga hammaning havasi keladi. Ular feʼlining olijanobligi hayotining farovon boʻlishini taʼminlaydi. Oʻtgan ishlarga achinish befoyda, insonning salomatligi, tafakkurining kengligi, koʻngli xotirjamligining oʻzi oliy saodatdir:
Umrki xorij durur oʻtgan ishi,
Har neki oʻtti anga yetmas kishi
Kelmaganidin dogʻi oqil demas,
Ne desun ul ishniki, maʼlum emas.
Hazrat Navoiyning dostonlari, gʻazallari va nasriy asarlarida doʻst tutish, doʻst oldidagi masʼuliyat, doʻst sadoqati insonning eng oliy qadr-qimmati sifatida ulugʻlanadi. Zero, “Jonajon Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻyib, yangi Uygʻonish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida oʻzbek adabiyoti va madaniyatini chuqur oʻrganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mashhur “Xazoyin ul-maoniy”da ulug‘ shoir shunday deydi:
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.
Yaʼni, inson dunyoga kelgan ekan, bir-biri bilan doʻst-u birodar boʻlgani, doʻstlik rishtalarini bogʻlagani va asragani maʼqul. Dushmanlik esa hech kimga hech qachon yaxshilik, baraka olib kelmagan. Doʻstlik shafoati va sadoqati juda ulug‘ tuygʻu. Xususan, “Hayrat ul-abror”da doʻstlik va uning shartlari, doʻstlikning inson taqdiridagi oʻrni va qadri borasida alohida maqolat va hikoyat berilgan. Unda shunday satrlar bor:
Bas, kishiga umr xushi yor emish,
Umr degan yori vafodor emish.
Yorki, oyini vafo yoʻq anga,
Sham’ kibidurki, ziyo yoʻq anga.
Shamki yoʻq anda ziyo toʻshasi,
Oʻtsiz erur oʻylaki muz shoʻshasi.
Yorki, bor anda vafo – yor bil,
Umr degan yori vafodor bil.
Qadim Sharqda azal-azaldan haqiqiy doʻstlik eng bebaho neʼmat, umrning mazmuni sifatida ulugʻlangan. Ulug‘ shoirning fikricha, doʻst mehri va sadoqati inson qalbini yorug‘, umr yoʻllarini munavvar qiladi. Doʻstlik shartlariga amal qilmaydigan kishi oʻzidan yorugʻlik taratmaydigan sham kabi qadrsizdir. Doʻstlikni ixtiyor etgan qalb, unga vafodor boʻlishi, bu oliy tuygʻuni asrashi shart. Maʼnaviy jihatdan eng boy odam – doʻsti koʻp, doʻstlik qoidalarini anglagan insonlardir. Ularga hamma havas qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusida “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan sammitida ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shaxslarni ragʻbatlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusimiz qabul qilinib, Turkiy kengashning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti taʼsis etildi. Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxr-u iftixori boʻlgan hazrat Alisher Navoiy bobomizga, shunday ulug‘ zotlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimizga boʻlgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz”, deya alohida taʼkidladi.
Hazrat Navoiyning purmaʼno asarlari turkiy tilli davlatlar bilan bir qatorda butun dunyo ahlini buyuk insonparvarlik gʻoyalari ostida birlashtirishga xizmat qilmoqda. Uning donishmandligi zamirida adolat tushunchasi, doʻstlik va birodarlik tuygʻusi mujassam. Ulug‘ shoir nazdida chin doʻstlik ham komillik belgisidir. Shoir, “Aylasalar ikki tarafdin vafo, yetgay alar jonigʻa oncha safo”, deydi. Habiblik, birodarlik odobini ulugʻlaydi, doʻst zimmasidagi burchlarni va haqlarni sidqidildan ado etmoqqa daʼvat etadi. Bu borada mamlakatimizda ulugʻvor islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Alisher Navoiy dahosi ne-ne boʻshliqlarni madaniy-maʼnaviy xazinalar, aforizmlar, insonparvarlik gʻoyalari bilan toʻldirmoqda. Yosh avlod ong-u shuurida milliy oʻzlik, vatanparvarlik tuygʻularini singdirishda, zamon ziddiyatlarini bartaraf etishda, turmush mashaqqatlarini yengishda hazrat Navoiyning insonparvarlik, millatparvarlik gʻoyalari maʼnaviy-ruhiy quvvat vazifasini oʻtamoqda.
Marhabo PARDAYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Buxoro viloyati boʻlimi rahbari,
falsafa fanlari nomzodi, dotsent