Eski qogʻozlarimni titkilashni yaxshi koʻraman. Bu meni

bosar-tusarni bilmay, kekkayib ketishdan saqlaydi, hovurimni bosadi.

“Anov mavzuda birinchi boʻlib men yozganman, manov gaplarni shu vaqtgacha hech kim aytmagan” qabilidagi oʻylarimni puchga chiqarib, kaminani soxta qahramonlikdan asraydi. Ilgari hozirgidan aqlliroq boʻlganmanmi, bilmayman, men yangi deb hisoblagan mavzuni bir vaqtlar yoritgan, bu gaplarni oʻttiz-qirq yil muqaddam aytgan boʻlib chiqaveraman. “Har qanday yangilik – unutilgan eskilikdir” deganlari toʻgʻri shekilli. Oʻttiz yil avval yozganlarimni “Moziydan saboq” deb atadim. Chunki oʻtmishdagi xatolardan kerakli

xulosalar chiqara olish – fazilatdir.

Muallif

Buyuk maqtanchoqlik

Taqdiri azal qitʼa, mamlakat va oʻlkalarni taraqqiyot yoʻlining turli bekatlariga sochib yuborgan – birov oldinroqda, birov keyinroqda. Xudo haqqi, juda-juda bilgim keladi: biz qayerdamiz? Qayoqdan keldig-u qayoqqa ketyapmiz? Biz kimmiz oʻzi?..

Bizda hamma narsa buyuk: mamlakatimiz – buyuk, dohiylarimiz – buyuk, ogʻa xalq – buyuk, maqsad va vazifalarimiz – buyuk…

Maqtanchoqligimiz ham buyuk. Dunyodagi birorta mamlakatda hech kim bizchalik ogʻiz koʻpirtirib maqtanolmasa kerak! Bitta-ikkita odam emas, butun jamiyat, mamlakat maqtanadi! Hushidan ketib qolguncha maqtanadi!

Hammasi oʻshanda boshlandi: “Biz dunyodagi eng insonparvar, eng adolatli jamiyat quramiz!” deb olamga jar soldik. “Bugungi avlod kommunizmda yashaydi!” deb bong urdik. Avval sotsializm qurdik, keyin uning “rivojlangan”, “juda rivojlangan”, “juda-juda rivojlangan”, “chidab boʻlmas darajada rivojlangan” bosqichlarini bosib oʻtdik. Endi “qayta qurish”ni quryapmiz...

Xullas, maqtanish bobida hech kim oldimizga tusholmay qoldi. Chatoq joyi shundaki, biz maqtanishga koʻnikib ketdik. Nima ham boʻlib bir kun maqtanmay qoʻysak, oʻzimiz ham hayron boʻlamiz...

Maqtanishning turlari koʻp va rang-barang boʻlarkan. Masalan, “Bizning zavodda muncha millat vakili yagona oila farzandlaridek mehnat qiladi”, deymiz. Qiziq, shu zavodda falon millat vakili mehnat qilayotganidan biron amaliy foyda bormi? Shu bilan mehnat unumdorligi oshib qoladimi? Yoki mahsuloti boshqa zavodlarnikiga qaraganda sifatliroq boʻladimi? Yoʻq, albatta. Unda nega maqtanamiz? Amerikada ham, Germaniyada ham, Fransiyada ham har xil millat vakillari ishlaydi, lekin hech kim maqtanmaydi. Qiziq...

“Chayqovchi va yulgʻichlarga jamiyatimizda oʻrin yoʻq!” deymiz. Bir tasavvur qiling, chayqovchilar boʻlmasa qay ahvolga tushar edik. Shularning boriga shukr, butun mamlakatni zarur buyumlar bilan taʼminlab turibdi. Sovet iqtisodiyotini shular yelkasida koʻtarib yuribdi-ku! Odamlar u yoʻq-bu yoʻq deb noligani noligan. Nima kerak? Masalan, yapon apparatlari-yu Belgiya paltosi, fin etigi-yu Eron gilami, xorij mashinalarining qaysi turidan boʻlsin? “Volvo”mi, “Toyota”mi, “Mersedes”mi? Oʻzingiz minib ketasizmi, uyingizga olib borib beraylikmi? Gap yoʻq!.. Bu qadar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan taʼminot yana qayerda bor? Otasiga rahmat, hukumat qilolmagan ishni shular eplayapti. Toʻgʻri, “shapka”si bor. (Qarang, “doʻppisi” emas, “shapkasi” deyiladi. Chunki shapka doʻppidan ancha keyin paydo boʻlgan-da!) Nima qipti, boriga xursand boʻlaversangiz-chi! Xoʻp, ularga qarshi kurashdik, Oloy bozorida melisa reyd oʻtkazdi ham deylik. Oqibati nima boʻladi? Chayqovchi ham yoʻq boʻladi (vaqtincha, albatta), oʻsha topilmas mol ham. Yoʻq qilishga hamma usta, bor qilish qiyin. Chayqovchilarni bozorma-bozor quvib yurguncha, ularni bir joyga yigʻib, shartnoma tuzilsa boʻlmaydimi? Chayqovchilar oliy maktabi ochib, zarur boʻlsa chet ellarga tajriba almashishga yuborsak bormi, hammayoq toʻkin-sochin boʻpketardi!

Maqtanchoqligimiz bilan hayot haqiqati oʻrtasidagi tafovutni chuqurroq his qilish uchun xoʻjaliklarimiz nomlarini eslab oʻtish kifoya: “Kommunizm”, “Sotsializm”, “Lenin yoʻli”, “Pobeda” (“Gʻalaba” emas!), “Oktabr” va hokazo. Hozir bormi-yoʻqmi, bilmayman, bolaligimizda “Lenin vasiyati” degan xoʻjalik boʻlardi. Odamlar u yoqda tursin, hatto sichqonlar ham hassa tayanib yurguvchi edi. Beixtiyor, Lenin shunaqa hayotni vasiyat qilib ketgan ekan-da, degan oʻyga boradi kishi. Qiziq, xorijda xoʻjaliklarga nom qoʻyilmas ekan: yo raqami boʻladi, yo egasining nomi bilan ataladi. Qarang, nomi yoʻq – puli koʻp! Bizda puli yoʻq – nomi falakda: “Gagarin”, “Titov”, “Tereshkova”, “Uch qahramon”!.. Sirdaryoni Boyqoʻngʻirning filiali boʻpqopti, deb oʻylaysiz. Samarqand viloyatining Jomboy tumanida Ishtonsiz degan qishloq bor. Tarixan shunday atalib kelgan, odamlar ham koʻnikib ketgan, hech kim ajablanmaydi. Yoʻl boʻyida mashina poylayotganlar qoʻl koʻtarib baqiradi: “Ho‘, shopir bola, Ishtonsizga opket!” Ana, kolxoz-sovxozlarga shunaqa nomlar berish kerak. Chunki koʻpchilik xoʻjaliklar qulogʻigacha qarzga botib, toʻlagani ishtoniyam qolmagan.

Mos nom qoʻyishda hikmat koʻp. Men, masalan, shunday nomlarni taklif qilgan boʻlardim: “Yalangoyoq”, “Shoʻrlik”, “Yalangʻoch”, “Bechora”, “Gʻarib”, “Faqir” va hokazo. Gadoy degan qishloq bor. Nega endi “Gadoy sovxoz” yoki “Gadoy kolxoz” deyish mumkin emas? Odamlarga ham qulay. “Marks” kolxozi desangiz, savol tugʻiladi: qaysi tumanda u? Toʻgʻri-da, “Marks”dan koʻpi bormi! “Gadoy sovxoz” – hammaga tushunarli.

Partiya syezdlari nomi bilan atalgan kolxoz va sovxozlarni-ku gapirib oʻtirmayman. Har bir shunaqa anjumandan keyin xalq boshiga qanday kulfatlar yogʻilajagining isbotiday “XX partsyezd”, “XXI part­syezd”, “XXII partsyezd” degan bir-biridan qashshoq xoʻjaliklar bodroqday potirlab ketadi. Butun dunyoga kulgi boʻlmaymizmi?! Oʻylab koʻringlar, Voroshilov, Kalinin, Kuybishev, Frunze, Gorkiy (Oʻzbekistonda Gorkiy nomidagi uchta teatr kamlik qilganday!), Dzerjinskiy, Sverdlov, Pushkin kabi nomlarning oʻsha xoʻjalikka nima aloqasi bor? Oʻzbeklar tomonidan nomi abadiylashtirilmagan faqat Kremlning oshpazi qoldi, xolos!

Baʼzan shu darajaga yetamizki, maqtanish aljirashga aylanib ketadi. Ilm ahli Lisenko degan irsiyat (genetika) fanining kushandasini yaxshi biladi. Qirqinchi-elliginchi yillarda shu odam bir qancha almoyi-aljoyi “kashfiyot”lar qilgan. Qarang, hatto tabiatni ham “sotsialistik yoʻl”dan yurishga majburlamoqchi boʻldi-ya! Yo qudratingdan!.. Oqibatda bu fan ellik yillar ortda qoldi. Boʻrttiribroq bir misol keltiraman: mana, oshqovoq urugʻi. Shuni kapitalistik mamlakat tuprogʻiga eksangiz ham oshqovoq chiqadi, sotsialistik zaminda ham. Toʻgʻrimi? Notoʻgʻri! Sotsialistik tuproqda undan nok oʻsib chiqishi kerak! Bu – fanda ishchi-dehqon jamiyati manfaatiga boʻysundirilgan yangi yoʻnalish emish!..

Maktabda bizning miyamizga tinmay quyishardi: “Sotsializmda inqiroz boʻlmaydi, chunki iqtisodiyot rejali rivojlanadi” deb. Toʻgʻri, ularda iqtisodiyot rejasiz rivojlanadi, bizda besh yilliklarga boʻlinib, qatʼiy reja asosida... inqirozga yuz tutadi! Amerikani quvib yetib, oʻzib ham ketmoqchi boʻldik. Endi bilsak, ular toʻxtab, bizni kutib tursa ham yetolmas ekanmiz… Lekin qasam ichganmizmi, bilmayman, maqtanishdan oʻzimizni sira toʻxtatolmaymiz: “Bizning yer maydonimiz ularnikidan muncha barobar koʻp!”

Moskvalik hamkasbim bir voqeani gapirib berdi. Amerikaga borganida uch-toʻrt kishi itlarga moʻljallangan doʻkonga kirib qolishibdi. Bir yoqda – qishlik, yozlik, bahorlik, kuzlik liboslar (itlarga-ya!). Narigi boʻlimda uy jihozlari – yotoq, dam olish xonasi, oshxona, bolalar xonasi uchun moʻljallangan mebellar. Bir tomonda maxsus sartaroshxona, sauna, bufet. Yeguliklarni-ku qoʻyaverasiz. Oʻyinchoqlarning son-sanogʻi yoʻq emish. Shunda sheriklaridan biri Gorkiy qahramonining mashhur iborasini bir oz tahrir bilan aytib yuborganini oʻzi ham bilmay qolibdi: “Собака – это звучит гордо!”

Biz baribir boʻsh kelmaymiz! Itga doʻkon ochish ham gapmi! Istasak biz ham ochib tashlaymiz, agar peshtaxtaga qoʻyadigan suyak topolsak...

Gazetada oʻqib qolamiz: Hollandiyada bir marta foydalanadigan emlash ignalari ishlab chiqarilayotgan emish. Qonda bor emasmi, darrov ogʻziga uramiz: “Nima boʻpti? Bizda ham, masalan, bir marta ishlatiladigan kombaynlar ishlab chiqarilyapti!” Radiodan eshitib qolamiz: “Yaponiyada olimlar oʻta mustahkam maʼdan oʻylab topibdi”. Yana maqtanamiz: “Kech qolishibdi! Biz allaqachon ixtiro qilib qoʻyganmiz. Ikki ming daraja issiqqa ham chidaydi, kislota ham taʼsir qilmaydi, har qanday yemiruvchi zarralarning oʻzini yemirib tashlaydi. U – sovet kishisining oshqozoni! Hozir kosmonavtikada ishlatyapmiz!”

Jiddiy gapiradigan boʻlsak, “chirib borayotgan” kapitalizmga qarab turib, odamning biram “chirigisi” kelib ketadi-yey!..

Yaqinda ikki farzandimning bahslashayotganini tasodifan eshitib qoldim: “Bizning maktabimiz zoʻr!” “Bekorlarni aytibsan, bizniki zoʻr – besh qavatli!” E xudo! Bu norasidalarga qachon yuqaqoldi maqtanchoqlik?! Qoʻrqib ketdim…

Agar sinchkov oʻquvchi ahamiyat bergan boʻlsa, ushbu maqolada ham maqtanchoqlik bor. “Juda koʻp illatlarimiz haqida gapirishim mumkin edi-yu, lekin aytmadim – boshqalarning oldida obroʻyimiz toʻkilmasin dedim. Koʻrdingizmi, men qanday vatanparvarman!” degan maʼno seziladi. Nima qilay, men ham shu maqtanchoq jamiyatning bir maqtanchoq aʼzosiman-da. Undan ortib qayerga ham borardim!..

Buyuk qoʻrqoqlik

Bizda hamma narsa buyuk. Mamlakatimiz – buyuk, dohiylarimiz – buyuk, ogʻa xalq – buyuk, BAM – buyuk, doʻstligimiz – buyuk, vazifalarimiz – buyuk…

Qoʻrqoqligimiz ham buyuk.

Bir kuni yer qattiq qimirlab qoldi. Katta-yu kichik ur-toʻpolon bilan tashqariga otildi. Jumladan, kamina ham. Kim baqirgan, kim chaqirgan – it egasini tanimaydi. Vahimaning zoʻrligini qarangki, kichkinamiz uyda qolib ketibdi. Hamma chiqib boʻlgan, deb oʻylaganmiz-da. Zilzila toʻxtab, hammayoq tinchiganidan keyin uyga kirsak, kichkintoyimiz qiqirlab kulib oʻtiribdi. “Ha, qoʻrqmadingmi?” desak, “Yoʻq, kataysa boʻldi” deydi. Menga u xuddi bizning ustimizdan kulayotgandek tuyuldi. Oʻshanda men – kap-katta odam – shu norasidaga qanchalik havas qilganimni bilsangiz edi! U qoʻrqmadi! U kuldi! Kattalarning qoʻrqoqlikka yoʻgʻrilgan dunyosidan kuldi...

Nurotalik doʻstimning hikoya qilishicha, yoshi saksondan oshgan Aliqul degan choʻpon bor ekan. Shu cholning nevarasi chegara qoʻshinida xizmat qilibdi. Uni itboqar qilib qoʻyishibdi. Bilasiz, chegarada itning xizmati beqiyos. Nimayam boʻlib, zobitlardan biri kayf ustida bitta kuchukvachchani bosib olibdi. Yigit kuchukvachchaning singan oyogʻini davolabdi, boqib parvarish qilibdi. It tuzalib ketibdi-yu, lekin baribir oqsoq boʻlib qolibdi. Shuning uchun hisobdan chiqarib tashlanibdi. Yigit boʻlsa unga oʻz ovqatidan berib boqaveribdi. Ikki yil ichida itmisan – it boʻlibdi. Xizmat tugab, yigit uyga otlansa, it ham unga ergashibdi. Haydasa ham ketmasmish. Yigit, xullas, yoʻlovchi-yu provodniklar bilan janjallasha-janjallasha itni Nurotaga olib kelibdi. Aliqul bobo qaraydiki, abjir, chaqqon, hushyor it. Xursand boʻlib, otarga poyloqchi qilib qoʻyib­di. Hammasi yaxshi-yu, bitta chatoq joyi bor ekan-da: koʻppak oʻzbek tilini mutlaqo “tushunmasmish”! (Harbiyda faqat oʻrischa gaplashiladi-da.) Aliqul bobo tajang. Keyin oʻylab-oʻylab, nevaralari yordamida qoʻlbola lugʻat tuzib olibdi: “yot – ложись”, “tur – встань”, “qayt – назад”, “yugur   –    бегом”, “olgʻa – вперёд”, “bas qil   –    кончай” va hokazo. Shunda doʻstim “Qariganda oʻzingizni qiynab nima qilasiz, ovqat-povqat berib oʻzbekchaga oʻrgatib olsangiz boʻlmaydimi?” debdi. Aliqul bobo aybdorona kulimsirab, “Qoʻyaver, bolam, oʻzi uch-toʻrt ogʻiz gap ekan, shuni deb it bilan teng boʻlib yuramanmi”, deganmish. Hozir zamon boshqa, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan, qoʻrqmay oʻzbekcha gaplashavering, deyishsa ham bobosi tushmagur sira unamasmish. Qarang, chol bechora oʻris tiliga hurmatsizlik qilib qoʻyamanmi, deb qoʻrqadi...

Ha, qoʻrqoqlik qon-qonimizga singib ketganini oʻzimiz ham endi-endi anglab yetyapmiz. Anglashga anglayapmiz-u, lekin oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas deganlaridek, hamon bilib-bilmay qoʻrqaveramiz. Hatto qoʻrqishga koʻnikib ham ketganmiz. Bir misol keltiraman, oʻzingiz ham toʻppa-toʻgʻri deb yuborasiz. Agar muhimroq gapimiz boʻlsa, telefondagi suhbatdoshimizga “Bir uchrashaylik, bu telefonda aytiladigan gap emas” deymiz. Vaholanki, yonimizda hech kim yoʻq. Gapimizni devorning naryogʻidagi qoʻshnimiz ham eshitolmaydi. Kimdan qoʻrqamiz? Ha, barakalla! Suhbatimizni uchinchi bir odam eshitib turishi mumkinligidan qoʻrqamiz. Kim bilsin, balki hech kim eshitmas, lekin baribir qoʻrqaveramiz…

Idora dahlizida bir yozuvchi doʻstim bilan gaplashib turibmiz. Boshqa hamkasbimiz kelib, biz bilan soʻrashdi. Men bilan suhbatlashib turgan odam gapidan taqqa toʻxtab, to u ketgunicha indamay turdi, soʻng ogohlantiruvchi ohangda shivirladi: “Odamni bilib boʻlmaydi, kim bilsin, balki “quda tomon”dandir...” Tanishimizdan qoʻrqamiz – chunki u tanish; begonadan qoʻrqamiz – chunki u notanish. Ne-ne chaquvlarni, ne-ne “dumaloq xat”larni koʻrgan xalqmiz. Qoʻrquv yillar davomida, asta-sekin ongimizga singdirildi. Natijada koʻzlarimiz olazarak boʻlib, tizzalarimiz qaltirashga moslashdi…

Ichkilikbozlikka qarshi kurash yillari. Xalqlar doʻstligi shohkoʻchasidagi bir doʻkonda aroq shundoq turibdi; navbat ham yoʻq, ur-toʻpolon ham. Bu sotiladimi, deb soʻrasam, yoqimtoygina sotuvchi qiz “Ha, faqat toʻy va dafn marosimi uchun sotiladi!” dedi. Yo qudratingdan, shunaqasi ham bor ekanmi?! Oʻzbekning janozasiga oddiy surp kafanlik sotiladigan bitta ham doʻkon yoʻq, “katta ogʻamiz”ning dafn marosimiga aroq – marhamat! Nega axir, nega?! Chunki qoʻrqamiz!.. Evoh, murdani kafanlashga qoʻrqsak, chaqaloqni beshikka belashga qoʻrqsak – bu qandoq koʻrgilik oʻzi?!

Dafn marosimiga aroq sotiladigan doʻkondan chiqar ekanman, bundan toʻrt-besh yil muqaddam boʻlib oʻtgan bir voqea yodimga tushib ketdi. Ichkilikbozlikka qarshi kurash ayni avjiga mingan, bir hoʻplam pivo ichganniyam qora mashinaga tiqib olib ketib qoladigan vaqtlar. Taniqli oʻris yozuvchisining dafn marosimidan qaytayotgan edik. Odamlar ham “chanqab yurgan” emasmi, araq moʻl – yaxshigina “xotirlagan”miz. Yurak qurgʻur taka-puka. Aksiga olib biz kelayotgan koʻcha boshida mirshab turibdi-da! Roʻparamizga kelib “Nima gap?” deb oʻdagʻayladi. Unga bir gap aytdik. Ishonasizmi, shu zahotiyoq mirshabning yuzi oʻzgardi, birpasda xushmuomala boʻlib qoldi. Hatto chorrahada moshina toʻxtatib, bizni oʻtqazib yubordi. Agar Oʻzbekiston Oliy Kengashining guvohnomasini koʻrsatganimizda ham mirshabga bunchalik taʼsir qilmagan boʻlardi. Bu sehrli soʻz nima ekan deb hayron boʻlayotgandirsiz? Unga “Falonchining pominkasidan kelyapmiz” degan edik, xolos. Qarang, oʻsha vaqtda ham bizga taqiqlangan narsa ularga bemalol edi, oʻz urf-odatlarini hech siqilmay ado etib kelishardi. Qiziq, biz oʻzbekmiz, mirshab oʻzbek, qoʻrqishimiz ham oʻzbekona...

Qoʻrqish bizga yoʻrgakda tekkan. Oʻzimizning beshikdami, inqilob beshigidami, ammo esimizni tanigandan beri qoʻrqib yashayapmiz. Baʼzan qoʻrqishni sogʻinib ham qolamiz: “Zamon aynib ketdi, bitta Stalin kerak”. Gohida qoʻrqqanimizdan faxrlanib ham qoʻyamiz: “Brejnev davri yaxshi edi, doʻkonlarda hamma narsa moʻl-koʻl boʻlardi”. Bu darddan qandoq qutulsak ekan-a? Ochigʻi, undan qutulishdan ham qoʻrqamiz…

Nega, masalan, mahallamizning tuppa-tuzuk Koʻkdala degan nomini oʻzgartirib, Vodorodnaya qilib qoʻyishadi, deb soʻragani qoʻrqamiz. Vodorod bombasining ustida oʻtirganday qaltirab yashayveramiz. Boksyorskaya deb qoʻyishadi – indayolmaymiz. Keyingi yetti-sakkiz yil ichida xalqimiz shimoldan kelgan ne-ne “bokschilar”ni koʻrmadi, ularning ne-ne zarbalariga dosh bermadi! Nega barcha jumhuriyat va viloyatlardagi bosh maydon albatta Lenin nomi bilan atalishi kerak? Bu gapni aytishga ham qoʻrqamiz. Deylik, shu nomdagi maydon bitta, Moskvadagina boʻlsa nima qiladi?!

Bizni madaniyatsiz hisoblashlaridan qoʻrqdik. Shuning uchun bolalarimizni gʻijjak, dutor, chang, rubob emas, madaniyatli boʻladi deb pianino, skripka, klarnet chalishga oʻrgatdik. Xohlamasa ham urib-soʻkib majbur qildik. Dunyoni hayratga solgudek sozanda chiqmasa-da, baholiqudrat “gʻita-gʻita” qilib yurishibdi, asosiysi – “madaniyatli” boʻldik! Xontaxta atrofiga koʻrpacha tashlab, yostiqqa yonboshlash oʻrniga stol-stulga oʻtiradigan boʻldik – qoloq deyishlaridan qoʻrqdik. Ming yillik urf-odatlarimizga rioya qilishdan uyaldik. Madaniyatni qoshiq-sanchqi, qandilda deb bildik. U qanday madaniyatki, istasangiz sotib olib, yoqmasa yana sotib yuborish mumkin boʻlsa?! Tariximizni xolis baholashga qoʻrqdik. Buyuk bobolarimiz bilan faxrlanishdan qoʻrqdik.

Shaharning u yer-bu yerida toʻrt-besh qavatli bino qadar ulkan shiorlarga koʻzingiz tushgandir: “KPSS – davrimizning aqli, vijdoni va nomusidir!” Voy, bu vijdonning kattaligini-yey! Har bir harfi naqd fazo kemasiday keladi-ya! Aqlini aytmaysizmi, aqlini!.. Bu shiorlar ishonch-u eʼtiqoddan bitilgan deb oʻylaysizmi? Adashasiz. Shiorning orqasiga oʻtib qarang – axlatxona boʻlib yotibdi, oʻshani bekitish uchun toʻsiq sifatida osilgan. Qoʻrqamiz-da. Shu sababdan ham uyat joyimizni “aql, vijdon va nomus” bilan bekitamiz. Qoʻrqoqlik odamni ne koʻylarga solmaydi deysiz...

Qiziq joyi shundaki, faqat biz qoʻrqayotganimiz yoʻq, bizdan ham qoʻrqishadi. Kim xorijga safar qilgan boʻlsa hujjatlarni rasmiylashtirish-u turli idoralarga qatnash, chegaradagi xoʻrliklarni yaxshi biladi. Insonni tahqirlashning bundan mukammalroq usulini hali hech kim kashf etolmagan boʻlsa kerak. Yoʻq, ularga yoqmaganingiz yoki sizni yomon koʻrgani uchun qiynayotgani yoʻq – sizdan qoʻrqishadi! Xuddi chamadoningizga davlat sirini bosib ketayotgandek qarashadi. Bir narsa olib ketmasin deb qoʻrqishadi (xuddi opketadigan narsa borday!), kelayotganda bir narsa olib kelmasin deb...

Hujjatimizni uyda unutib qoldirganda gazeta-jurnal redaksiyalariga kirolmay ovora boʻlishlar-chi? Xoʻp, radio-televideniyeda qimmatbaho apparatlar bor, lekin redaksiyalarda biz, yozuvchilar oʻgʻirlab ketadigan nima bor? Hech vaqo yoʻq – nuqul qogʻoz, lekin baribir qoʻrqishadi. Qadimda doʻkonlar qulflanmas ekan deb eshitganmiz. Bizda esa farrosh pol lattani ham qulflab ketadi...

Hech oʻylab koʻrganmisiz, nega “Sovet Oʻzbekistoni”, “Sovet Qozogʻistoni” deyiladi? Oddiygina qilib Oʻzbekiston yoki Qozogʻiston deyilsa boʻlmaydimi? Yo odamlar bu qaysi Oʻzbekistonligini bilmay adashib qoladimi? Yoʻq, albatta. Qoʻrqiladi. Shuning uchun ham yuragi yorilguday hovliqib Oʻzbekistondan oldin “sovet” aytib qolinadi.

Gazetalarimizning nomi ham bir qaynovi ichida: “Sirdaryo haqiqati”, “Toshkent haqiqati”, “Jizzax haqiqati”; yetmaganiga   –   “Правда Востока”! Qarang, har bir viloyatga alohida-alohida haqiqat nasib qilibdi! Namanganning haqiqati Jizzaxga toʻgʻri kelmaydi, Andijonniki – Toshkentga va hokazo. Qishloqqa alohida haqiqat tegibdi (“Qishloq haqiqati”). Aholini goʻsht, sut, tuxum va haqiqat bilan oʻz vaqtida taʼminlashga astoydil bel bogʻlangan koʻrinadi. Yo odamlar haqiqatsiz qolib ketishidan qoʻrqiladimi? Ehtimol... “Sovet Oʻzbekistoni” degan hurmatli gazetamizning nomidan ham jasorat, dadillik hidi kelayotgani yoʻq. “Hur Oʻzbekiston” deb nomlansa ham boʻlardi, biroq chindan hur boʻlib ketishimizdan qoʻrqiladi.

Millatlar oʻz zaminidan oziqlanib, oʻzligini tanib, aql-hushini anglab qolmasin deb har bir respublikada opera va balet teatrlari ochib qoʻyilgan, degan oʻyga borasan kishi. Yoʻqsa, ular oʻzbek milliy teatrlarini siqib qoʻyish evaziga tashkil etilganini qandoq tushunmoq kerak? Sanʼat va madaniyat sohasida tenglik boʻlsa, nega Estoniya yoki Ukrainada “Shashmaqom” ansambllari tuzilmaydi? Axir, maqom sanʼati operaga nisbatan qadimiyroq, musiqiy boʻyoqlarga ancha boyroq-ku! Umuman, bunday teatrlar kerakmi-yoʻqmi, degan masalani qoʻyishga biz qoʻrqamiz, eshitgani – mutasaddilar. Oʻzbekistonda bitta emas, bunday koshonadan ikkitasi bor. Eng yaxshi binolar ularga ajratilgan. Masalan, Samarqand opera va balet teatrini oling – binomisan bino! Vaholanki, boshqa oʻzbek milliy teatrlarining moddiy ahvoli nihoyatda nochor, koʻplari gadolarcha kun koʻryapti... Ammo milliy madaniyati uchun qaygʻuradigan har bir insonni “Nega? Nega?” degan savol qiynamaydimi? Qiynaydi. Lekin aytgani yurak qurgʻur dov bermaydi…

Nega odamlar turli katta-kichik yigʻin va anjumanlarga oʻz milliy kiyimimizda, aytaylik, xrom etik, oq yaktak yoki toʻnda kelmaydi? Kiygani biz qoʻrqamiz; kiysa nima boʻladi, deb ular qoʻrqadi…

Shu tobda milliy libos bilan bogʻliq bir voqea esimga tushib ketdi. Mashhur XVI plenumdan keyin bitta rahbar (xonim) Samarqandga boribdi. Talabalar yotoqxonasida oʻzbekcha lozim kiyib yurgan qizlarni koʻrib tutaqib ketibdi va… yechishni buyuribdi! Qayta qurish boshlanganiga shuncha vaqt boʻlibdi-yu, lekin nega ishimiz olgʻa siljimayapti, deb koʻp oʻylayman. Endi angladimki, biz qayta qurishni... ishtondan boshlagan ekanmiz!..

Ha, qoʻrqoqlik – dahshatli kuch! U kishini har qanday tubanlikka yetaklay oladi. Qoʻrqoqlik hukm surgan zamonda muqaddas narsalar oyoqosti qilinadi, iymon darz ketadi, eʼtiqod parchalanadi! Qoʻrqoqlik sharmandali afgʻon urushi, halokatli Chernobilga olib keladi. Uning koʻlami, dahshatli oqibatlari qoʻrqoqlarcha bekitiladi. Xalq – hokimiyatdan, hokimiyat – xalqdan qoʻrqadi. Bu – Yer oʻz oʻqidan chiqib ketishi, Quyoshning soʻnishi, olamni zulmat qoplashi bilan barobardir!

Ming afsuski, biz baribir qoʻrqishdan charchamayapmiz. Oʻngga qarashga qoʻrqamiz, soʻlga qarashga qoʻrqamiz. Qoʻrqib­uyalib, qoʻrqib-faxrlanib, qoʻrqib-shodlanib, qoʻrqib-maqtanib, qoʻrqib-qiynalib, qoʻrqib-kulib, qoʻrqib-yigʻlab yashayveramiz… Shunisi alam qiladi...

Tan olish kerak, ushbu maqolada ham qoʻrqoqlik sezilib turibdi. Nega desangiz, juda koʻp boshqa qoʻrqoqliklarimiz ham borki, ular haqida ochiq, baralla aytishga qoʻrqdim. Nima qilay, men ham shu qoʻrqoq jamiyatning qoʻrqoq aʼzosiman-da...

Buyuk baxtiyorlik

Bizda hamma narsa buyuk. Baxtiyorligimiz ham...

Menimcha, dunyoda biron mamlakat rahbari yoʻqki, bizday yuvosh, beozor va eng asosiysi, sal narsaga baxtiyor boʻlib ketaveradigan xalqni orzu qilmagan boʻlsin! Axir, oʻzingiz oʻylang, xotinimiz ikki yumaloq kirsovun topganiga oʻzida yoʻq shod. Hamkasbimiz bolasini bogʻchaga joylashtirganidan shunaqa baxtiyorki, bir togʻora somsa qilib anchadan beri xafalashib yurgan qarindoshinikiga borib keladi. Boʻsh avtobusni koʻrsak ham baxtli boʻlib ketaveramiz. Biron idoraga ilk borishda ishimiz bitsa xursandmiz. Sotuvchi jilmayib kutib olsa sevinib ketamiz. Mayli, hech nima bermasin, hech nima olmaylik, qaytimiyam sadaqa, lekin jilmaydi-ku! Uni aytasiz, bir kilo mix olsak ham baxtlimiz. Toʻgʻri, mix jonivorning ikki tomonidayam “qalpogʻi” bor, lekin topildi-ku bu zormanda! Shungayam doʻppimizni osmonga otamiz. Albatta, boshqa yurt rahbarlari havas qiladi-da. Bunaqa fuqaroning boshidan suv oʻgirib ichsa arziydi.

U yoq-bu yoqqa safarga chiqqanda, oshna-ogʻayniga nima sovgʻa olsam ekan, deb bosh qotirib oʻtirmaymiz. Xotinga bitta suvarak oʻldiradigan dori olib kelsangiz boʻldi – sevinganidan boʻyningizga osilib oladi. Maktabda oʻqiydiganiga bitta qalam, bogʻchadagisiga toʻgʻnogʻich, beshikdagisiga bir shoda koʻzmunchoq olib kelsangiz hamma shod, hamma baxtiyor! Doʻstingizga bir quti sigaret sovgʻa qilsangiz, evaziga choyxonada osh qilib beradi. Men, masalan, ish bilan Moskvaga borganimda boshligʻimizga bir quti qogʻoz qistirgich (skrepka) olib kelib, ikki oydan keyin boʻlim boshligʻi boʻpketganman.

Urush nogironi qonunda belgilangan “Zaporojes”ni porasiz olganiga xursand. “Tez yordam” vaqtida kelsa, dorixonadan tumovdori topolsak, qassob goʻshtni suyaksiz tortib bersa ham baxtli boʻlib ketaveramiz. Yuz soʻmlik, ellik soʻmlik qogʻoz pullar almashganda “Menda pul yoʻq!” deb xursandligidan sakraganlarni koʻrganman...

Pionerlik boʻyinbogʻini taqib qoʻyishganda juda baxtiyor boʻlib ketganim esimda. Endi hayron boʻlaman – nega sevindim? Nima, boshqacha boʻlib qoldimmi, menga atrofdagilarning munosabati oʻzgardimi, yaxshi kiyinib, yaxshi yeb-ichadigan boʻpqoldimmi? Yoki qoʻshni partada oʻtiradigan qiz menga muloyimroq qaraydigan boʻldimi? Nima oʻzgardi? Hech nima. Unda nega xursand boʻlaman?..

Bolaligimizda samolyot paxtaga dori sepsa, sevinib ketidan yugurardik. Talabalikda “Brejnev kelarmish!” deb darslar taqa-taq toʻxtatilardi. Koʻchaning ikki betida qaldirgʻochday tizilib, qoʻlimizda bayroqchalarni silkitgancha shod hayqirar edik. “Ura” deb baqiraverib, bir haftacha ovozim boʻgʻilab yurganman. Otalarimiz Stalinni koʻzida yosh bilan olqishlagan, buvalarimiz Nikolay poshshoni duo qilgan. Ular boshimizga ne-ne kulfatlar yogʻdirsa-da, xursand boʻlaverganmiz.

Juda gʻaroyib xalqmiz-da. Inqilob yillari otalarimiz qoʻlida qurol bilan bobolarimizga qarshi kurashganida ham xursand boʻlganmiz. Pavlik Morozov degan zumrasha oʻzini dunyoga keltirgan, hayot bergan padarini sotganida ham qalbimiz faxrga toʻlgan. Buxoroi sharifni Frunze aeroplanlari bombalaganida ham “Hur zamon keldi!” deb sevinganmiz. Bizning baxtiyor boʻlishimiz bunchalik oson boʻlmasa-ya!..

Voy, tavba qildim, bizni oqposhsho bosib olganiga xursand boʻladiganlar ham bor ekan-ey! Bir oʻtirishda tuppa-tuzuk odamga oʻxshagan bir tanishim falsafa soʻqa boshladi: “Turkistonni Oʻrisiya bosib olgani yaxshi boʻlgan. Boʻlmasa, Angliya-pangliya bosib olardi, Xudo biladi, biz hozir kimning uyida xizmatkor boʻlib yurardik”. Hamma hayron. Ogʻzimga kelgan gap shu boʻldi: “Shu kallang boʻladigan boʻlsa, sen mening uyimda xizmatkor boʻlib yurarding”.

Bir vaqtlar traktorchi boʻlganman. Odam yetishmay qolganda chopiq ham qilib ketaverardim. Begona oʻtdan tozalash bormi, yaganasi bormi, suvi bormi – nima ish toʻgʻri kelsa, bosh tortmasdim. Ayniqsa, yagana degani doʻzax azobining oʻzi edi! Tik turib yagana qilolmaysiz, engashsangiz – bel chidamaydi, oʻtirsangiz – oldinga siljish uchun baribir yana turishga majbursiz. Hadeb oʻtirib-turaverishning oʻzi boʻlmaydi. Eng oson yoʻli – choʻk tushib emaklash! Ha, ha, tizzalab emaklash – boshqa iloj yoʻq. Eh-he, berilgan normani bajarish uchun kuniga necha chaqirim emaklash kerak. Bir tasavvur qiling-a, Hadradan to Lenin maydonigacha emaklab borsangiz-da, qoʻlingizga arzimagan chaqa tashlasalar?! Insonni bunday xoʻrlash dunyoning yana qayerida bor?

Bugun qayta qurish, oshkoralik, demokratiya deb sevinyapmiz. Boshida men ham quvongan edim. SSSR Oliy Kengashi majlislarini televizor orqali butun vujudim bilan berilib tomosha qilganman. Keyin-keyin... ochigʻi, hafsalam pir boʻldi. Qachon qarama – gap, gap, gap... Bular muncha sergap boʻlmasa, deyman oʻzimga oʻzim. Keyin bilsam, sababi ho‘-o‘ yetmish yillar narida ekan. Shoʻro tuzumining ilk yillarida komsomollar katta-kichik yigʻinlarida shunday masalalarni muhokama qilgan ekan: “Sovet yoshlari atirdan foydalansa boʻladimi yoki u faqat burjua sinfi vakillariga xos narsami?”, “Shoʻro qizlari rangli uzun paypoq kiyishi mumkinmi-yoʻqmi?” Katta anjumanlarda, agar bugunga qiyos qilsak, syezdlarda shunday masalalar koʻtarilgan. Bu yoqda xalq qiynalib yotibdi, bular paypoq masalasini hal qilyapti! E, paypoqqa oʻt tushsin, shunchalik muhim masala ekanmi?! Bugun Kremlda bir-biriga gal bermay gap sotayotganlar ham oʻshalarning avlodi-da.

Lekin biz baribir xursand boʻlaveramiz…

Maʼlumki, hech narsa bordan – yoʻq, yoʻqdan – bor boʻlmaydi. Faqat moddalar bir turdan ikkinchi turga aylanadi, xolos: muz suv boʻladi, suv – bug‘, bug‘ yomgʻir boʻladi... Maʼnaviyatda ham xuddi shunday. Olloh taolo koʻzyoshi-yu kulgini, shodlig-u gʻamni, baxt-u baxtsizlikni teppa-teng qilib qoʻygan. Birov qamoqdan chiqdi, deylik. Albatta xursand boʻladi. Lekin, bilasizmi, bu xursandchilikning miqdori u qamalganidagi qaygʻu miqdoriga teng. Yoki pulini yoʻqotgan odamning xafachiligi pulini topib olgandagi sevinch miqdori bilan barobardir. Unda biz nega doim xursandmiz? Nega qachon qaramang – “dalada bayram”? Koʻzyosh-u alamlarimiz qayga ketdi? Hammangiz hind filmlarini koʻrgansiz, qahramonlar taqdiriga achinib yigʻlagansiz. Men kinoteatrda koʻpincha tomoshabinni kuzatib oʻtiraman. Qiziq, shunchaki maʼyuslanib, uh tortib qoʻysa ham boʻlaveradigan voqealarga hoʻng-hoʻng yigʻlashadi. Yevropa tomoshabinlari hind filmlarini koʻrib bizchalik yigʻlamas ekan. Biz nega shundaymiz? Negaki, biz film qahramonlarining achchiq taqdiriga qoʻshib, ikki yumaloq kirsovun topganimiz-u bolamizni bogʻchaga joylagandagi, bir kilo mix topganimiz-u boʻsh avtobusni koʻrgandagi, sotuvchining jilmayib qaragani-yu biron idoraga bir borishda ishimiz bitgandagi xursandchilikning, baxtiyorlikning “oʻrnini toʻldirish” uchun ham yigʻlaymiz. Hisobli dunyo-da – hech nima bordan yoʻq boʻlmaydi… Chalgan chapaklarimiz, qichqirgan “ura”larimiz uchun ham entikib-entikib yigʻlaymiz, shu bilan yengil tortamiz... Soʻng kuch toʻplaymiz-da, kinoteatrdan chiqib yana oʻsha xursandchilikka limmo-lim “baxtiyor” hayotga singib ketamiz...

Men bugungi qayta qurish, oshkoralik, demokratiyadan qanday xursandligimni aytaymi? Boʻlmasa, eshiting.

Bir kambagʻal odam xotini, besh-olti bolasi, qari va kasalmand ota-onasi bilan katalakday bir xonali uyda yashar ekan. Jonidan toʻyibdi-yu, bir kuni oqsoqolning huzuriga maslahatga boribdi.

– Ha, chindan ham sharoiting ogʻir ekan, –    debdi oqsoqol uning arz-dodini eshitgach. – Lekin oʻlimdan boshqa hamma narsaning iloji bor. Maslahat shuki, bir echki sotib olib, oʻsha katalakday uyingda boqasan.

– Iye, men nima deyapman-u, siz nima deyapsiz?! – deb shoʻrlik kambagʻalning figʻoni falakka koʻtarilibdi. – Uyim tor, kunduzi oʻtirganda yoki tik turganda bir amallab chidasa boʻladi-yu, kechasi joy yetmaganidan hammamiz yonboshlab yotamiz – u yoq-bu yoqqa agʻdarilish ham yoʻq! Oʻlganning ustiga tepgan qilib, siz “Echki sotib ol” deysiz!..

– Mendan kengash soʻrab kelding, – debdi oqsoqol nasihatomuz, – aqlim yetgan maslahatni aytdim. Qilsang qil, boʻlmasa – oʻzing bilasan.

Xalq bekorga oqsoqol qilib saylamagandir, bir baloni bilsa kerak, deb oʻylabdi kambagʻal va echki sotib olibdi-da, uyiga bogʻlab qoʻyibdi. Shu kundan boshlab ahvol doʻzaxdan ham battar boʻlibdi.  Ilgari joy yetmagan boʻlsa, endi hatto havo ham yetmaydigan boʻlib, kambagʻal aqldan ozay debdi. Bir kuni jahl bilan yana oqsoqolning huzuriga otlanibdi.

– Bergan maslahatingizni pishirib yeng!  – debdi u dunyosi qorongʻi boʻlib. – Endi yonboshlab emas, otga oʻxshab tik turib uxlayapmiz.

– Juda qiynalib ketgan boʻlsang, – debdi oqsoqol pinagini buzmay, – oʻsha laʼnati echkini sotib yubor, qutulasan-qoʻyasan.

Kambagʻal echkini bozorga olib chiqib sotibdi. Bir necha kun oʻtib, u yana oqsoqolning oldiga kelibdi. Xursand, oʻzida yoʻq shod emish.

– Rahmat sizga, muhtaram zot! – debdi u taʼzim bajo keltirib. – Echkini sotganimizdan keyin uyimiz kengayib, ja-a bemalol boʻpqoldik. Harqalay, yonboshlab boʻlsayam, odamga oʻxshab yerga joy solib uxlayapmiz. Bola-chaqaning sevinganini aytmaysizmi! Iloyo, umringiz uzoq boʻlsin, farzandlaringizning rohatini koʻring!..

Men qayta qurishdan oʻsha echkisini sotib yuborgan kambagʻalday xursandman. Yaxshi boʻlib qoldi, erkinmiz, bola-chaqamiz ham xursand. Yolgʻiz men emas, salkam uch yuz millionli sovet xalqi oqsoqolning maslahati bilan “echkisini sotib”, cheksiz baxtiyor boʻlib yuribdi.

Sinchkov oʻquvchi ushbu maqoladan “Qanday erkin, hur zamonda yashayapmiz, yoʻqsa bu gaplarni matbuotda chiqarish qayoqda edi” degan baxtiyorlikni sezishi mumkin. Aziz mushtariy, nima qilay, takror aytaman, men ham siz kabi “echkisini sotib yuborganlar”dan biriman-da...

1991-yil

Sharof BOSHBEKOV

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 1-son.

“Moziydan saboq (Istehzoli oʻylar)” maqolasi