Ushbu maqola tatar farzandi – Olimjan ogʻa Qulmametov xotirasiga bagʻishlanadi.
Din
Tatarlarning 90% dan ortigʻi islom diniga eʼtiqod qiladi. Nufusi 100 atrofida boʻlgan kerashenlar va noʻgʻaybaqlar nasroniylik dinining pravoslov oqimida. Ammo ularning eʼtiqodida ham islom taʼsiri koʻzga tashlanadi[1]. Tatarlar islom dinini dastlab IX asrdan qabul qila boshlagan. XIV asrda Oʻzbekxon oʻtkazgan diniy islohotlardan keyin islomni toʻliq qabul qilishgan. XV asrda vujudga kelgan Qozon, Astraxan, Sibir xonliklarida islom asosiy mafkura vazifasini oʻtagan. Xonliklarning turkiy, slavyan, fin-ugor, somodiy qavmlari baqamti yashaydigan hududlarida musulmonlar yashaydigan aholi punktlari ajaralib turgan va ular mahalla deb atalgan. Xonliklarda islom dinini oʻqitish uchun yuzlab madrasalar ochilgan. Ularda Misr, Buxoro va boshqa ilm markazlaridan kelgan domlalar dars berishgan. Sayyidlarga, olimlar va qorilarga alohida hurmat koʻrsatilgan. Dinning Sibir va boshqa shimoliy hududlarda tarqalishida naqshbandiya tariqati soʻfiylari ishtirok etgan.
XVI asrda Ivan Grozniy Qozon xonligini toʻliq bosib oladi. Bosqin davrida asosiy qarshilik musulmonlar tomonidan koʻrsatiladi. Shuning uchun Rus-tatar urushlari tarixda xristian-islom urushi sifatida qayd etiladi. Oʻsha davr madaniyati hayot tasvirlaridan koʻrinadiki, tatarlarning liboslari Markaziy Osiyo musulmonlarining kiyimlaridan mutlaqo farq qilmagan.
Sayyid Qul Sharif masjidi oldida jang.
Janglarda xonlikning muftiysi Said Qulsharif bosh boʻlib islom bayrogʻi ostida Grozniy qoʻshinlari bilan kurashadi. Ammo Qozon xonligi magʻlubiyatga uchragandan soʻng vaziyat oʻzgaradi. Ivan Grozniy Qozonni olgani sharafiga bagʻishlab Moskvada Vasiliy Blajenniy soborini qurdiradi. Bu esa amalda xristianlarning gʻalabasini anglatgan.
Rossiya tarkibiga kirgach islom diniga taʼqib boshlanadi. Islom olimlarining katta qismi Turkiy, Markaziy Osiyo va Xitoyga qochib keta boshlaydi. Tatar va boshqirdlarning maʼlum bir qismi nasroniylikka oʻtib ketadi. Ayrim boylar mol-mulkini va mavqeʼini saqlab qolish uchun nasroniylikka oʻtadi. Kerashenlar va noʻgʻaybaqlar shu jarayonlarda shakllangan boʻlishi mumkin[2].
Tatarlar va kerashenlar ikki xil dinga eʼtiqod qilishsa-da, ularning eʼtiqodida umumiyliklar kuzatiladi. Jumladan, oʻlikni uch kun saqlash, “xalos-xalos”, mayitning koʻksiga pichoq qoʻyish, 3, 9, 20, 40, yil marosimlarini oʻtkazish, oʻlgan qarindoshlariga atab jonliq soʻyish, is chiqarish, tabikmek (chalpak) pishirish kabi tangrichilik elementlari har ikkisida ham saqlangan.
Kerashenlar va shimol tatarlarida urin saqlau (oʻrin saqlov) odati bor. Unga koʻra mayit qabrga qoʻyib kelingach qarindoshlar uning oʻrnini bildirmaslik uchun uyida tunashgan. Oʻlgan kishining toʻshagi yigʻishtirilmagan, narsalari oʻz oʻrnida turgan. Yettinchi kunigacha aqiret beyete (oxirat bayati) deb ataladigan yoʻqlov qoʻshiqlari aytilgan. Ular qirq kungacha oʻlikning ruhi oʻz uyiga kelib turishiga ishonishgan. Yil toʻlganda “olo ash itu” (ulug‘ osh berish) marosimi oʻtkazilib, shu bilan aza tugagan. Qirqi va yili kuni yaqinlari mayitning ruhini chaqirib kelish uchun qabristonga borishgan. Keyin uyiga kelib dasturxon yoyib, atrofida mayitning ruhi uchun joy, idishlar, ovqatlar qoʻyilgan. Ovqatdan soʻng “baxit jitte ozatugʻa” (kuzatish vaqti yetdi) deb koʻchaga chiqishgan va toʻgʻri sharqqa qarab yurishgan. Bu odatlar tangrichilik dini bilan bogʻliq boʻlib, “ruhlarni oziqlantirish” yoki “is chiqarish” deb atalgan.
Kerashenlarda bir odat saqlanganki, bu barcha tatarlarga xos boʻlib, unga koʻra biror oilada bolasi chaqaloqlik davrida vafot etsa buni yovuz ruhlar bilan bogʻlashgan. Shuning uchun keyingi tugʻilgan bolasini asrab qolish uchun “Boʻbak (chaqaloq) sotish” marosimi oʻtkazilgan. Bola tugʻilgach uni biron qarindosh ayol derazadan kelib “sotib olgan”. Shu yerda yigʻilgan odamlar esa “sotdi, sotib oldi, koʻrdik” deb baqirishgan. Ammo chaqaloq oʻz uyida ota-onasi bilan qolavergan. Bolaga esa oʻgʻil yo qizligiga qarab marosimga mos ismlardan qoʻyilgan: Satuqay, Satiy, Satqin, Satibaldi.
Tatar tili
Tatar tili oʻrta asrlarda juda mashhur boʻlgan. Yevropaliklar shuning uchun, barcha qipchoq tillarini tatar tili, deb atashgan. Oltin Oʻrda rasmiy tili tatar tiliga yaqin boʻlgan. Hatto, “Kodeks Kumanikus” ham tatar tilida yozilgan[3].
Hozirgi tatar tili qipchoq tillarining volgaboʻyi-qipchoq til guruhiga mansub. Rasmiy manbalarga koʻra hozirgi kunda 5 milliondan ortiq kishi ushbu tilda soʻzlashadi. Ammo yuqorida aytilganidek, bu maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Tatar tili hozirgi kunda rus tili bilan bir qatorda Tatariston Respublikasining davlat tili sanaladi. Polshaning Podlyaskoye voyevodasida va Xitoyning Dasyuan-Tatar milliy volostida muloqot tili maqomiga ega. Xitoyda tatarlar arab alifbosidan foydalanadi.
Tatar tilining lahjalarga tasniflanishi boʻyicha ikki xil versiya bor. XX asrning birinchi yarmida uchta lahja koʻrsatilgan:
Mishar (kunbatish) lahjasi;
Qozon (oʻzak(markaziy) lahjasi;
Sibir (kunchigʻish) lahjasi[4].
Ammo 70-yillardan keyin sharqiy lahjaning oʻzi uchga boʻlinib tasniflana boshlangan:
Tobol-irtish lahjasi;
Barabin lahjasi;
Tomsk lahjasi.
Bu oʻzgarishlar asosan sharqiy lahjasi ustida ilmiy tadqiqot olib borgan Gabdulxay Ahatovning talqiqotlari bilan bogʻliq boʻlib, u Sibir (sharqiy) lahjasini alohida lahjalarga ajratgan[5]. Ayrim olimlar Sibir (kunchigʻish) lahjasini “Sibir tili” nomi bilan alohida til sifatida isbotlashga ham urinishgan[6]. Ammo bu tilshunoslar tomonidan maʼqullangan emas va Sibir (kunchigʻish) lahjasi Tobol-irtish, Barabin, Tomsk shevalari bilan tatar tili tarkibiga kiradi.
Negizi qipchoq hozirgi tatar tiliga bulgʻor tilidan soʻzlar oʻzlashgan. Adabiyot orqali esa chigʻatoy turkchasidan ham koʻplab soʻzlar, iboralar kirib kelgan. Ana shu uch omil tatar adabiy tiliga asos boʻlgan.
Adabiy til qozon-tatar shevasi doirasida shakllangan. Qozon shevasi Qozon va Astraxon xonliklari davrida qoʻllanilgan “eski tatar tili” bazasida vujudga kelgan. Ungacha Oltin Oʻrda davrida oʻgʻuz-qipchoq shevasi tatar tili deb atalgan. Aynan shu davrda til tarkibiga soʻfizm adabiyoti orqali chigʻatoy tili kirib kela boshlagan.
Eski tatar tiliga arab tili oʻzlashishi davrida arabcha ayn (ع) tovushini talaffuz qilish qiyin kechgani uchun, uning oʻrniga g qoʻllanilgan. Natijada barcha ayn bilan boshlanadigan soʻzlarga g qoʻshilgan: Abbas – Gabbas, Abdulla – Gabdulla, Abdurahman – Gabduraxman, Aysha – Gaysha, oila – gaile, avf – gafu va h.k. Ayrim shevalarda ayn (g) gʻayn (g‘) bilan ham talaffuz qilinadi: Gʻabbas, Gʻalim, mugʻallim, magʻana. Ayni holat boshqird tilida ham bor. Chunki Oltin Oʻrda davrida ular madrasalarda yagona qolipdagi dasturlar bilan oʻqitilgan.
Tatar tilining hozirgi alfaviti 13 ta unli, 26 ta undosh tovushdan tashkil topgan. Bu tarkib, tatar tilini boshqa turkiy tillardan uzoqlashtiradi. Ayniqsa i tovushining “ye”, ye va e tovushlarining esa “i” shaklida yozilishi keyinchalik fonetikaga katta taʼsir oʻtkazgan.
|
Oʻzbekcha |
bir |
biz |
kishi |
men |
ber |
er |
eshik |
|
Tatarcha |
ber |
bez |
keshe |
min |
bir |
ir |
ishek |
Ayni farqlar u tovushining o‘ va o‘ tovushining u shaklida talaffuz qilinishida ham koʻrinadi.
|
Oʻzbekcha |
un |
ulov |
uzun |
qoʻl |
oʻquv |
boʻri |
toʻrt |
|
Tatarcha |
oʻn |
oʻlav |
oʻzыn |
qul |
uquv |
bure |
turt |
Poloves-qipchoq tillari va boshqird tilidagi kabi tatar tilida ham h harfini tushurib qoldirish kuzatiladi: Haybat – aybat, halak – alak va h.k.
Oʻzbeklar tatarlar bilan tarjimonsiz gaplashishi mumkin. Tasavvuf adabiyoti taʼsirida Oltin Oʻrda davridan boshlab til y-lashgan va yetarli darajada arabcha-forscha soʻzlarni singdirgan. Bu oʻzaro muloqotda aniq koʻzga tashlanadi:
|
Assalomu alaykum! |
Isenmesez! |
|
Xush keldingiz! |
Rexim itegez (xush kildegez)! |
|
Bizga mehmonlar keldi |
Bezge qunaqlar kilde |
|
Xayrli tong! |
Xeyerle irte! |
|
Xayrli kun! |
Xeyerle kon! |
|
Xayrli kech! |
Xeyerle kich! |
|
Tanishing |
Tanish bulig‘iz (tanishig‘iz) |
|
Mening otim Ali |
Mining atim Ali |
|
Siz bilan tanishganimdan xursandmiz! |
Seznen belen tanishuibizg‘a shatbiz! |
|
Tanishing bu mening oilam: |
Tanish bulig‘iz, bu minem gailem: |
|
Xotinim, erim |
Xatinim, irem |
|
Bolalarimiz |
Balalaribiz |
|
Buvimiz va bobomiz |
Ebiebez, bababiz |
|
Ishlaringiz qalay? |
Eshleregez nichek? |
|
Rahmat, yaxshi |
Rexmet, eybet |
|
Min tatarcha soyleshmim. |
|
|
Siz tatarcha gaplashasizmi? |
Sez tatarcha soyleshesezme? |
|
Govorite, pojaluysta, pomedlennee. |
Zinxar, erkenrek eytegez. |
|
Bizga tarjimon kerak |
Bezge terjemeche kirek. |
|
Siz meni tushanayapsizmi? |
Sez mine anliysizmi? |
|
Siz tez gapirayapsiz |
Sez artiq tiz soylisez |
|
Siz nim dedingiz? |
Sez ni didegez? |
|
Bu soʻzni qanday aytsa boʻladi? |
Bu suzne nichek eyterge? |
|
Bu soʻzni tatarcha yozing qani |
Bu suzne tatarcha yazig‘iz ele |
Tatarlar yil fasllarini sof turkiy shaklda qoʻllashadi: Yaz (bahor), jey (yoz), kuz, qish.
Hafta kunlari oʻzbek tilidagi bilan bir xil: Dushembe, sishembe, chershembe, penjeshembe, jomgʻa, shembe, yakshembe. Faqat hafta soʻzi oʻrniga atna ishlatiladi. Faqat soʻzi oʻrniga -gina affiksi qoʻllaniladi: tatarchagena soyleybiz, Tigezlegezgene (faqat tuzalib keting). Bundan koʻrinadiki, oʻzbek tiliga fors tilidan “faqat” soʻzi oʻzlashgach bir muddat -gina qoʻshilib faqatgina shaklida ishlatilgan, keyinchalik faqat soʻzining oʻzi qoʻllanila boshlagan. Ammo hanuzgacha qipchoq oʻzbeklari bu soʻzni affiks sifatida qoʻllab keladi: birgina, sengina, shugina...
Tatar tilida juda koʻplab turkiy oʻz qatlam soʻzlar saqlangan: Eshigoldi (hovli), basqich (zina), jay (yoz), qunaq (mehmon), jayli (qulay), ashyavliq (dasturxon), oʻram (koʻcha), aqcha (pul), urugʻdash (ota tomondan qarindosh), buruch (qarz), ikmek (non), agʻach (daraxt), mugez (shox), toʻpas (qoʻpol), yaralgʻi (homila).
Kerashen lahjasi qozon lahjasidan j-lovchiligi bilan farqlanadi. Maʼlumki, qozon lahjasiga arab va chigʻatoy tilining taʼsiri katta boʻlgan, shu sabab adabiy tildagi aksariyat soʻzlarda j oʻrniga y qoʻllanilidi:
|
Qozon lahjasi |
yul |
Yefәk (ipak) |
yashel |
Yatim (yetim) |
yaz |
yomыrqa |
|
Kerashen lahjasi |
jul |
jepak |
jәshel |
jitim |
jaz |
jomrqa |
Kerashen tatarlarida slavyanlar qoʻllaydigan nasroniy soʻzlar oʻzlashish jarayonida goʻzal tarzda turkiy qolipga keltirilgan:
Arkadiy – Erkey;
Ivan – Ibiy;
Grigoriy – Gorey;
Filipp – Piley;
Tatyana – Tatiy;
Irina – Uriy;
Akulina – Uksi;
Anyuta – Atna;
Fekla – Pikla;
Timofey – Tapiy/Timey.
J-lash bu yerda hamkoʻzga tashlanadi:
Yevgeniya – Jaulich;
Yelena – Jәnkә;
Darya – Darjiy;
Mariya – Marjiy;
Yevdokiya – Jaydiy.
Shuningdek, kerashen tatarlarida arxaik va boshqa turkiy tillarda uchramaydigan soʻzlar ham koʻp:
Bashqaziq – qabrboshiga qoʻyiladigan taxtakach;
kulpa tas – qabrtosh;
tash bilge – yozuvli qabrtosh;
chardugʻan – maqbara;
Sanaq – ayri (panshaxa). Öch jyaple syanyak – uch sixli panshaxa;
Chibiq – shox, butoq.
Sibir tatarlarida s-lovchi va ch-lovchi, yaʼni ch oʻrniga s, s oʻrniga ch tovushini ishlatuvchi shevalar uchraydi: pichaq – pitchaq, pitsax; urchiq – ursix. Sharqiy qismida xakas tiliga xos oʻzgarishlar, xususan b tovushining p shaklida talaffuzi kuzatiladi: boru – poru, bau (bog‘) – pau, bala – pala va h.k.
Sibir tatarlari tiliga oʻzbek tilidan ham koʻplab soʻzlar oʻzlashgan, chunki madrasalarda asosan Xiva va Buxorodan borgan mudarrislar dars berishgan.
Sabantoʻy va folklor
Tatarlar madaniyati va sanʼatini butun dunyoda nishonlanadigan “Sabantoʻy” bayramisiz tasavvur qilish qiyin. Turkiyda “saban” – omoch, “Sabantoʻy” esa – omoch toʻyi. Tatarlar har yili ekin ekishdan oldin Sabantoʻy oʻtkazishgan. Bugungi kunda esa bu bayram ramziy koʻrinishga ega boʻlib, aslida chinakam folklor bayramiga aylangan. Unda tatar millatining butun borligʻi: tarixi, mentaliteti, madaniyati, sanʼati, xalq oʻyinlari namoyish etiladi.
Tatar xalq ijodiyoti asosan dostonlar, ertaklar, afsonalar, bayotlar, qoʻshiqlar, maqollar, topishmoqlar va tezaytishlardan tarkib topgan. Shubhasiz, folklorda dostonlar birinchi oʻrinda turadi. Ular orasida “Idegey”, “Yirtyushlek”, “Jik Mergen”, “Qoʻzi-Koʻrpyach belyan Bayan-silu”, “Chura batir”, “Yastay Munke”, “Aq qubek” kabi dostonlar juda mashhur.
Tatarlar ham doʻmbira va “Alpomish”ni saqlab qolgan xalqlardan biri. Qozon tatarlarida “Alpomish”ning “Alpamsha va dovyurak Sandugʻach”[7], Gʻarbiy Sibir tatarlarida “Alp Myamshyan” varianti saqlangan. “Alpamsha va dovyurak Sandugʻach” varianti maqola muallifi tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan[8]. “Alp Myamshyan” dostoni tarjima qilinmagan. Bu ikkala versiya ham kichik hajmli asar boʻlib, bu epos uslubi va tuzilishiga koʻra ertak yoki rivoyat janriga yaqinroq sanaladi.
Sibir tatarlarida “Ataqli qiz Tuqbikә”, “Timer batir”, “Ildan belәn Gөldan”, “Altain Sain Sөmә”, “Ak kүbek”, “Yastәy Мөңkә”, “Mejek alip”, “Yelәk batir” dostonlari saqlangan. Sibir tatarlarining dostonlari faqat turkiy qolipdagi qahramonlik dostonlaridan iborat emas. V.V.Radlov oqinlardan “Yusuf va Zulayho”, “Tohir va Zuhra”, “Sayfulmulk”, “Shohsanam va Gʻarib” dostonlarini ham yozi olgan[9].
Misharlar folklorida tangrichilik elementlari koʻp saqlangan. Afsonalarida Suv babasi, Suv anasi kabi ilohalar, Ubir, Albasta kabi obrazlar koʻp uchraydi.
Kerashenlarning folklorida xristianlik dinining personajlari, jumladan avliyolar obrazlari koʻp uchraydi. Kerashenlarning folklori asosan Qachmanu (choʻqintirish) marosimi, Rashtau (rojdestvo), May chabu (maslennitsa), dekabrning 24-sanasida oʻtkaziladigan “Nordoʻgʻon” bayramlarida namoyish etiladi.
Maqollar
Tatarlarning, xususan kerashenlarning maqollari ham boshqa turkiylarniki bilan bir xil. Ular orasida umumiyliklar juda koʻp:
Әytkәn sүz – atkan uq.
Aytilgan soʻz – otilgan oʻq.
***
Jil ismi, yafrak selkenmi.
Shamol esmasa, yaproq silkinmas.
***
Әyberneң yaңasi yaxshi, dusniң iskese yaxshi.
Har narsaning yangisi, doʻstning eskisi yaxshi.
***
Eshlәp ashasaң, arыsh ikmәge dә tәmle.
Ishlab topsang, zogʻora nom ham totli.
***
Agach – jimeshe belәn, keshe – eshe belәn.
Daraxt mevasi, kishi – ishi bilan aziz.
***
Kergәnche chigʻuiңni uyla.
Kirguningcha chiqishingni oʻyla.
***
Berdәmlektә kөch.
Kuch birlikda.
***
Timerne kizuinda suq.
Temirni qizigʻida suq.
***
Ni chәchsәң, shuni urirsiң.
Nimani sochsang shuni oʻrasan.
***
Tamchi tama-tama tash tishә.
Tomchi toma-toma tosh teshar.
Tatarlar boshqa turkiylarga nisbatan ertaroq oʻtroqlashgani, qolaversa koʻproq shaharlashgani uchun koʻchmanchilar hayoti bilan bogʻliq maqollar kam uchraydi. Ammo kam boʻlsa-da saqlangan:
Өrә belmәgәn et avilga bүre kiterer.
Hurmaydigan it ovulga boʻri keltirar.
***
Aziqli at arimas.
Ozuqli ot horimas.
***
Siyer dulasa attan yaman.
Sigir boʻshalsa otdan yomon.
***
Taviq tөshenә tari kerә, ashamasa – tag‘i kerә.
Tovuqning tushiga tariq kirar, yemasa tagʻin kirar.
Tatarlar ilmni qadrlaydigan, farzandlarini ilmga daʼvat qiladigan el. Bu ularning maqollarida ham aks etadi:
Belemdә kөch.
Kuch bilimda.
***
Belәktәn belem kөchle.
Bilakdan bilim kuchli.
***
Belem-nur, belmәү-xur.
Bilim – nur, bilmagan – xor.
***
Ber galim yөz nadanni җiңәr.
Bir olim ming nodonni yengar.
***
Galimneң ber kөne nadanniң bөten gөmerenә tora.
Olimning bir kuni, nodonning butun umriga teng.
Tatarlardan bekorga amaliyotchi olimlar chiqmas ekan. Chunki empirik ruhdagi maqollar ham ijod etishgan:
Belem tәjribәdәn tua.
Bilim tajribadan tugʻiladi.
***
Plansiz esh – tozsiz ash.
Rejasiz ish – tuzsiz osh.
***
Teleң belәn uzma,
Belem belәn uz.
Tiling bilan oʻzma,
Bilim bilan oʻz.
Tatar maqollarida xalqning xarakteri aks etadi. Ularda maqtovlar emas, tanqidiy yondashuvlar ham koʻzga tashlanadi:
Tatar aqili tөshtәn soң.
Tatarning aqli tushdan soʻng.
Musulmon tatarlarda islomiy maqollar ham juda koʻp uchraydi:
Iman – kөch, din – һәva.
Iymon kuch, din – havo.
***
Imanli keshe – җilgә totashmiy.
Iymonli kishi – havoga (kibrga) uchmaydi.
***
Tilsimli su – Allaһniң tәңgәre.
Muqaddas suv – Allohning moʻjizasi.
***
Allaһniң tәүfigi bulsa, barisi da җiңel.
Allohning tavfigʻi boʻlsa, bari ish yengil koʻchar.
***
Imanli kesheң bush qalmiy.
Iymonli kishi bekorchi boʻlmas.
***
Araqы – shaytan sidege.
Aroq – shaytonning siydigi.
***
Sin dә mulla, min dә mulla – atka pechәn kem sala?
Sen ham mulla, men ham mulla – otga pichanni kim soladi?
***
Gaep mulla qizinda da bulla.
Ayb mullaning qizida ham boʻladi.
Tatarlar etnopedagogikasining asosi boʻlgan maqollarda tarbiya muhim oʻrin tutadi, shuning uchun pand-nasihat koʻp:
Bala kүzdәn, adәm sүzdәn ziyanliy.
Bola koʻzda, odam soʻzdan ziyon topadi.
***
Ana sөte belәn kermәsә, tana sөte belәn kermәs.
Ona suti bilan kirmasa, tana (sigir) suti bilan kirmas.
***
Xaliq әytsә hak әyter.
Xalq aytsa, haq aytar.
***
Chaqirgan җirgә bar, kugʻan җirdәn kit.
Chaqirgan joyga bor, quvgan yerdan ket.
***
Ayag‘in belen abin, telen belen abinma.
Oyogʻing bilan qoqilsang ham, tiling bilan qoqilma.
***
Tellәr belgәn – illәr belgәn.
Tillarni bilgan – ellarni bilgan.
***
Tug‘an telne kaderlәgәn xalik qaderle bulir.
Ona tilini qadrlagan xalq qadr topadi
***
Sөydergәn dә tel, bizdergәn dә tel.
Suydirgan ham, bezdirgan ham til.
***
Eshle keshegә iң zur җәza – tik toru.
Ishlaydigan odamga eng katta jazo – ishsizlik.
***
Va alabatta tatarlarning pand-nasihat janridagi maqollarini tozalik mavzusisiz tasavvur qilib boʻlmaydi:
Chistalik – iң yaxshi maturliq!
Tozalik – eng yaxshi goʻzallik!
***
Chistalik yaratuchi, sәlamәtlekne yarata.
Tozalikni sevgan, salomatlikni sevar.
Xulosa oʻrnida
Tatarlar toʻgʻrisida yozish oson ish emas...
Guvohi boʻlganingizdek tatarlarning tarixi va kelib chiqishi oʻta murakkab. Qolaversa, ularning dunyo boʻylab tarqalish geografiyasi shunchalar kengki, jamlab olishning imkoni yoʻq. Til va shevalar murakkab, eʼtiqodlar turlicha, tahlil qilish qiyin. Ularni umumplanda oʻrganish katta-katta xatoliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun tatar millatiga mansub tarixchi, etnolog, tilshunos va folklorshunoslarning manbalariga tayangan holda bu elning tavsifini yozishga harakat qildim. Koʻproq oʻzimdagi maʼlumotlarga tayandim. Tatarlar “Alpomish”ini tarjima qilganim ozroq boʻlsa-da kuch berib turdi.
Qolaversa, 90-yillar, talabalik davrimda qadarning yozigʻi bilan tatar olimi – Olimjan Qulmametovning uyida ijaraga turishimga toʻgʻri kelgan. Olimjan aka qarib qolgani uchun Chilonzordagi toʻrtinchi qavatda joylashgan uyidan ayoli bilan boshqa dahadagi birinchi qavatdagi uyiga koʻchib oʻtayotgan ekan. 4-qavatdagi uyida kitoblar juda koʻp edi. Men shu kitoblar bilan besh yil yashaganman.
Olimjan aka asli Sibir tatar murzalarining Qulmametovlar sulolasidan boʻlib, ular Kutumovlardan keyin tarxon (graf) unvoni bilan Tobol guberniyasini boshqargan. Qulmametovlar XVIII asrning oxirlarida Oqposhshodan dvoryan unvonini olishgan[10]. Sulola faqat tarxon yoki dvoryan unvoniga ega boʻlib qolmay, balki harbiy sanʼat, texnika va islom ilmida ham oldinda boʻlgan. Ular buxoriylar bilan birlashib, Chor Rossiyasining Sibir turklarini xristianlashtirishiga qarshi siyosat yurgizishgan. Aniqrogʻi, “tatarlar agar oʻzi istamasa nasroniylikka majburlab oʻtkazmaslik” boʻyicha Moskva mitropolit va Oqposhsha bilan doimiy muzokaralar olib borgan. XX asrning boshlarida Qulmametovlarga ham qiyin kelgan. Avvalo, dinni saqlab turish, qolaversa farzandlar taqdiri oʻylantirib qoʻygan Olimjon akaning otasi Amin Xitoyga ketishga qaror qilgan. Shu tariqa, Olimjon aka 1920-yilda Shinjonda tugʻilgan. Avval Shinjonda maktabda, keyin Pekin universitetida oʻqigan. Xrushchev davrida oilasi Sibirga qaytishga ruxsat soʻraganda, ularga Toshkentga qaytish uchun ruxsat berilgan ekan.
Olimjon aka tatar, rus, xitoy, ingliz tillarida erkin gapiradigan, bilga inson edi. U turkiylar tarixi, ayniqsa tatarlar tarixi bilan qiziqar, bu borada menga ham koʻp narsalarni oʻrgatar edi. Tatarlar haqida koʻp maʼlumotlarni, xususan Xitoy, Avstraliya, Amerika tatarlari haqida ham Olimjon aka va uning kitoblaridan oʻrganganman. Ustozning qarindoshlarining bir nechtasini taniyman, yaqinda ushbu maqola bahonasida Tobolsk va boshqa davlatdagilari bilan ham tanishdim.
Aniqlashimcha, Tobolsk tarixiy-meʼmoriy muzeyidagi eng asosiy qimmatbaho ashyolar va artefaktlar Qulmametovlarga tegishli ekan. Olimjon akaning otasi va boshqa qarindoshlari chet elga ketgach, Sibirda qolgan qarindoshlari butun mol-mulkini muzey fondiga topshirgan. Qulmametovlarning shajarasi va tarixi haqida hozir ham koʻplab maʼlumotlar saqlangan, kitoblar yozilgan. Ulardan birida, xususan, tarixchi Zaytuna Aptrashitovna Tichinskixning yozishicha, Qulmametovlar asli Buxorolik boʻlishi mumkin[11]. Men ham Olimjon akaning yuz tuzilishida koʻproq oʻzbek qiyofasini koʻrar edim.
Shu bilan tatarlar toʻgʻrisidagi maqola nihoyasiga yetdi. Unda imkon qadar oʻzbek oʻquvchisi uchun qiziqarli boʻlgan maʼlumotlarni jamlashga harakat qildim.
Anvar BOʻRONOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
[1] Исхаков Р. Р. Культ мусульманских святых в религиозно-обрядовой традиции татаркряшен Волго-Уралья (XIX начало хх в.). https://www.gramota.net/article/hss20152920/fulltext
[2] Ислаев Ф. Г. Православные миссионеры в Поволжье. – Казань: Татарское книжное издательство, − 1999.
[3] Гаркавец А. Н. Codex Cumanicus: Половецкие молитвы, гимны и загадки XIII–XIV веков // Кыпчакское письменное наследие. – Алматы: КАСЕАН; Баур, 2007. – Т. II. – С. 63–120.
[4] Залялетдинов Л. З. Татар теле диалектларын өйрәнү өчен кыскача программа // Совет мәктәбе. – 1940. – № 9. 33–37 стр.
[5] Ахатов. Г.Х. Диалекты западносибирских татар. Дисс. на соиск. учен. степени докт. филолог. наук. Ташкент, 1965.
[6] Алишина Х.Ч. Как нам сохранить язык сибирских татар? // Языки, духовная культура и история тюрков: традиция и современность. Т. 1. – Казань, 1992. – С. 24-26; Тумашева Д.Г. Көнбатыш Себер татарлары теле: Грамматик очерк һəм сүзлек / Д.Г.Тумашева – Казан: Казан дəүлəт ун-ты нəшрияты, 1961. – Б. 182.
[7] Tatar tilida “Alpamsha һәm qiyu sandugach” deb nomlanadi.
[8] Boʻronov A. Alpomish dostoni (turkiy xalqlar versiyalari). – Toshkent: Muharrir nashriyoti, 2020. 180 b. file:///C:/Users/admin/Downloads/Alpomishdostoni.pdf.
[9] Радлов, 1872 – Радлов В.В. Образцы народной литературы тюркских племен, живущих в Южной Сибири и Дзунгарской степи, собраны В.В. Радловым. Часть IY. Наречия барабинцев, тарских, тобольских и тюменских татар». – СПб.: Тип. Императ. Акад. наук, 1872. 411 с.
[10] Татарские мурзы и дворяне: история и современность: Сборник статей. Выпуск. 1. –. Казань: Институт истории им. Ш. Марджани АН РТ, 2010. – 376 с.
[11] Тычинских З.А. Мурзы Кульмаметьевы. Книга 1. Власть и могущество (XVII–XVIII вв.). – Тюмень: ТюмГУ-Press, 2024. – 208 с.
Maqolaning birinchi qismini bu yerda oʻqing.