Oʻrta asrlarda Buyuk Ipak yoʻlining chorrahasi boʻlgan Movarounnahrda pul munosabatlari va tanga zarb qilish tizimi yuqori darajada rivojlangan edi. Hudud iqtisodiyotining barqarorligi muomaladagi tangalarning asilligiga bogʻliq boʻlib, pul siyosati davlatning bosh ustunlaridan biri hisoblangan.
Arab bosqiniga qadar mintaqada Kushon, Eftaliy, Turk xoqonligi va Sosoniy tangalari muomalada boʻlgan boʻlsa, VIII–IX asrlardan boshlab yagona islomiy pul tizimi kirib keldi va mahalliy anʼanalar bilan uygʻunlashdi.
Movarounnahr pul tizimi oltin, kumush va misdan foydalanishga asoslangan klassik trimetallizm tamoyiliga tayangan. Ular maʼlum iqtisodiy qatlam doirasiga xizmat qilgan. Jumladan, dinor (oltin) islomiy anʼanaga koʻra, ogʻirligi 1 misqol (taxminan 4,25 g) sof oltindan iborat boʻlgan. Biroq Movarounnahrda, xususan, Xorazmshohlar va moʻgʻullar istilosi arafasida vazni 6-7 grammdan 12–15 grammgacha yetadigan yirik oltin dinorlar ham zarb qilingan, ular oddiy bozorlarda deyarli aylanmagan. Yirik ulgurji savdo bitimlari, xalqaro karvon savdosi, soliq va oʻlponlarni toʻlash, shuningdek, davlat gʻaznasini shakllantirish uchun qoʻllanilgan.
Asosi kumushdan boʻlgan dirham tanga-puli Movarounnahr iqtisodiyotining haqiqiy “harakatlantiruvchi kuchi” hisoblangan. IX-X asrlarda Somoniylar davrida zarb etilgan sof kumush dirhamlar dunyo miqyosida “Ismoiliy dirhamlar” nomi bilan shuhrat qozongan. Ularning ogʻirligi qariyb 3 gramm (2,97 g) boʻlib, asillik darajasi 90-95% dan yuqori boʻlgan. Movarounnahrda ichki bozor kumush tanqisligi yoki savdo talablaridan kelib chiqib, bir necha oʻziga xos dirham turlaridan iborat boʻlgan. Xususan, ismoiliy dirhamlari – xalqaro valyuta rolini oʻynagan sof kumush tanga-pullar hisoblangan. Musayyabiy va muhammadiy dirhamlari esa kumushga mis aralashtirib yasalgan pastroq sifatli tanga-pullar boʻlib, ularning qiymati davlat tomonidan majburiy kurs asosida belgilangan. Faqat Movarounnahrning ichki bozorida amal qilgan, hududdan tashqariga olib chiqilishiga esa ruxsat berilmagan.
Fals misdan zarb qilingan mayda tanga-chaqalar boʻlib, asosan kundalik hayotdagi ehtiyojlar – non, goʻsht, sabzavotlar sotib olish, hammom va hunarmandlar xizmati uchun toʻlovlarni amalga oshirishda ishlatilgan. Mis pullar mahalliy xarakterga ega boʻlib, odatda asosan oʻzi zarb etilgan shahar yoki viloyat (masalan, Termiz, Fargʻona, Shosh falslari) hududlaridagina qabul qilingan. Boshqa shaharga borganda savdogarlar uni mahalliy falslarga ayirboshlashlari shart edi.
Movarounnahrda tanga zarb qilish toʻliq davlat monopoliyasi boʻlib, tangalarga hukmdor nomi, unvonlari, zarb etilgan yil, shahar nomi va Qurʼon oyatlari bitilgan. Buxoro, Samarqand, Toshkent, Oʻsh, Termiz, Urganch va Kat shaharlarining zarbxonalari eng yiriklari hisoblangan.
Zarb texnologiyasi quyidagicha ishlagan: konlardan olib kelingan metall maxsus sexlarda eritib, kislotalar yordamida tozalangan; maʼlum oʻlchamdagi list holatiga keltirilib, undan bir xil ogʻirlikdagi doirachalar qirqib olingan. Har bir tanganing ogʻirligi gʻaznachilik tarozilarida oʻlchangan. Tayyor metall doiracha ikki qolip orasiga qoʻyilib, ustidan ogʻir bolgʻa bilan urilgan (bu jarayon “sikka zarb qilish” deb atalgan).
Movarounnahr iqtisodiyoti shunchalik kengayganki, naqd pul bilan hisob-kitob qilish noqulay va xavfli boʻlib qolgan. Bu esa oʻrta asrlarning oʻziga xos bank tizimi – “Sarroflik tizimi”ni yuzaga keltiradi. Sarroflik tizimida turli viloyatlar va xorijiy davlatlar tangalarining tarkibidagi sof metall miqdorini tahlil qilish va ularning mahalliy pulga nisbatan kursini aniqlash muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Boy savdogarlar va amaldorlar oʻz mablagʻlarini xavfsiz saqlash uchun sarroflarga omonat sifatida topshirishgan.
Sarroflik tizimida chek (maxsus muhrlangan pul hujjati) hujjatlaridan keng foydalanilgan va bu tizim Buyuk Ipak yoʻlidagi inqilobiy yangilik hisoblangan. Masalan, Buxorodan Xitoyga yoki Bagʻdodga otlangan savdogar oʻzi bilan tonnalab ogʻir kumush, oltin pullarni olib yurishi noqulay va juda xavfli edi. Negaki, yoʻllarda qaroqchilar xavfi yuqori boʻlgan. Savdogar Buxorodagi sarrofga naqd pulni topshirib, evaziga chek olgan. Belgilangan manzilga, masalan, Nishopur yoki Marvga yetib borganida, u yerdagi sherik sarrofga oʻsha hujjatni koʻrsatib, naqd pullarini toʻliq qaytarib olgan. Sarroflar oʻzaro xat yozishmalari va ishonchli kuryerlik tarmoqlari orqali hisob-kitob qilishgan.
X asrning oxiridan boshlab to XIII asrning boshlariga qadar butun Yaqin va Oʻrta Sharq mintaqasini, xususan, Movarounnahrni qamrab olgan yirik iqtisodiy hodisa – “kumush inqirozi” yuzaga keladi. Buxoro, Samarqand, Marv va Urganch bozorlarida yuqori asillik darajasiga ega boʻlgan kumush dirhamlar keskin kamayib ketadi. Bu esa ichki va tashqi tovar ayirboshlash tizimini inqiroz yoqasiga olib keladi.
Tanga-pul qadrsizlanishini keltirib chiqargan asosiy omillardan biri konlarning kamayib borishi ham edi. Mintaqadagi eng yirik, xususan, Shosh (Iloq) tog‘-kon hududlari va Badaxshon konlari asrlar davomida muttasil foydalanilishi oqibatida zaxiralarini tugatadi. Davlat uchun avvalgi hajmdagi sof kumush tangalarni zarb etish imkonsiz boʻlib qoladi. Bundan tashqari mavjud tanga-pullarning tashqi savdo tufayli chetga chiqib ketishi ham vaziyatni murakkablashtiradi. Xususan, Somoniylar davrida zarb etilgan yuqori sifatli dirhamlar (Ismoiliy dirhamlari) butun Yevropada yuqori ishonchga ega edi. Volga savdo yoʻli orqali millionlab Movarounnahr tangalari Skandinaviya, Boltiqboʻyi va qadimgi Rus yerlariga oqib ketadi va u yerda xazina sifatida koʻmiladi. Shu tariqa, mintaqa oʻzining qimmatbaho metall bazasini xorijga “eksport” qilib yuboradi.
Qoraxoniylar davriga kelib hukmdorlar kumush taqchilligini sunʼiy yoʻl bilan hal qilmoqchi boʻladilar. Rasmiy zarbxonalar “kumushsimon mis tangalar” chiqara boshlashadi. Bu tangalar aslida misdan quyilib, ustiga yupqa qatlamda kumush suvi yuritilgan yoki tarkibidagi sof kumush miqdori 5-10% gacha tushirib yuborilgandi. Savdogar va hunarmandlar yangi dirhamlarning aslida misdan iborat ekanini anglagach, bozorda tabiiy himoya mexanizmi ishga tushadi va non, goʻsht, kiyim-kechak, chorva mollari narxi 5-10 baravargacha koʻtarilib ketadi. Savdogarlar mahsulotni nominal qiymatda qabul qilishdan bosh tortib, toʻlovni faqat tanganing mavjud vazni (taroziga qoʻygan holda) va undagi sof kumush miqdoriga qarab talab qila boshlashadi. Natijada, “yomon pul yaxshi pulni muomaladan siqib chiqaradi” degan iqtisodiy qonuniyat oʻrta asrlar misolida yaqqol oʻz isbotini topadi. Aholi qoʻlidagi eski, sof kumush tangalarni xazina sifatida uylariga yashira boshlashadi. Bozorlarda esa asosan qadrsiz, sifati buzilgan mis-kumush aralashma tangalar muomalada qoladi.
Moʻgʻullar istilosi arafasida, Anushtegin-Xorazmshohlar sulolasi sultonlari Takash va Alauddin Muhammad davrida davlat hududi ancha kengayadi. Ammo bu harbiy qudrat ichki iqtisodiyotda inqirozni yuzaga keltiradi. Negaki, ulkan armiyani taʼminlash, mudofaa inshootlarini qurish gʻaznadan behisob mablag‘ talab qilardi. Sultonlar katta hajmdagi oltin dinorlarni ommaviy zarb qilishga oʻtadilar. Biroq shoshilinch va xomashyo yetishmovchiligi sababli oltinning asillik darajasi keskin pasayib ketadi, tangalar vazni esa aniq standartga ega boʻlmay, 4 grammdan 12 grammgacha oʻynab turadi. Bu holat Movarounnahr valyuta bozorida tartibsizlikni keltirib chiqaradi. Buxoro va Samarqand sarroflari Xorazmshohlar dinorlarini maxsus “mihak toshi” yordamida tekshirmasdan qabul qilmaydigan boʻladilar. Bu esa chakana savdoni sekinlashtirib, pul qadrini yanada tushirib yuboradi.
Moʻgʻullar istilosidan soʻng Chigʻatoy ulusi uzoq vaqt iqtisodiy va siyosiy tarqoqlikda yashaydi. Har bir mahalliy amir yoki noib oʻz hududida oʻzboshimchalik bilan har xil vazndagi tanga-pullarni zarb qila boshlaydi. Bu tartibsizlikka Chigʻatoy ulusi hukmdori Kebekxon (1318–1326) chek qoʻyadi. U Markaziy Osiyo tarixidagi eng mukammal va tizimli pul islohotini amalga oshiradi. Kebekxon muomaladagi barcha qalbaki, sifatsiz va mis aralashgan pullarni taʼqiqlaydi, qatʼiy kumush tanga-pulini joriy etadi. Muomalaga chiqarilgan yangi sifatli tanga-pullar xalq orasida “Kebekiy” nomi bilan mashhur boʻlgan. Tarixiy anʼanaga koʻra “dinor” atamasi oltin pulga nisbatan ishlatilgan boʻlsa-da, Kebekxon ham oʻzining yirik kumush tangalarini shu nom bilan ataydi. Uning ogʻirligi qariyb 8 gramm sof kumushdan iborat boʻlgan. “Dirham” dinorning kichik bir boʻlagi boʻlib, qiymat jihatidan dinorning 1/6 qismiga teng edi.
Kebekxonning pul islohati natijasida mahalliy hukmdorlarning oʻzboshimchalik bilan pul chiqarish huquqi tugatiladi. Barcha zarbxonalar yagona davlat andozasiga boʻysundiriladi va markaziy nazorat Samarqand hamda Buxoro shaharlariga beriladi. Davlat tomonidan kafolatlangan sof kumush pullarning muomalaga kiritilishi xalq va savdogarlarning pulga boʻlgan ishonchini qaytaradi. Narx-navo barqarorlashadi va sunʼiy qimmatchilikka chek qoʻyiladi. Natijada “kebekiy” dinor va dirhamlari Buyuk Ipak yoʻli boʻylab Xitoy chegaralaridan to Oltin Oʻrda va Eron hududlarigacha boʻlgan ulkan hududda “xalqaro valyuta”ga aylanadi. Mazkur muvaffaqiyatli tizim keyinchalik Amir Temur va Temuriylar davri moliya tizimi uchun ham asos boʻlib xizmat qiladi. Temuriylar Kebekxonning vazn oʻlchovlarini deyarli oʻzgarishsiz saqlab qolgan holda, yirik kumush dinorni butun jahonga mashhur boʻlgan tanga nomi bilan atay boshlaydilar.
Oʻrta asrlarda Movarounnahr iqtisodiyoti rivojlanib, pul muomalasi kengaygani sari davlat pul tizimiga putur yetkazuvchi yashirin jinoiy guruhlar – soxta pul yasovchilar faoliyati ham kuchayib boradi. Bu toifa jinoyatchilar oʻsha davr manbalarida “qallob”, “muzavvir” (“soxtalashtiruvchi”) yoki “zabbof” nomlari bilan tilga olinadi. Ularning faoliyati davlatning moliyaviy barqarorligiga toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid hisoblangan.
Movarounnahrning yashirin ustaxonalarida qalloblar pullarni soxtalashtirishning bir necha murakkab va ustamonlikka asoslangan usullarini qoʻllashgan. Xususan, “tanga qirqish” usuli eng keng tarqalgan usul boʻlib, bunda muomaladagi qonuniy va sof oltin dinor yoki kumush dirhamlarning chetlari maxsus qaychi yoki egovlar bilan sezdirmasdan qirqib olingan. Tanganing markaziy qismidagi hukmdor ismi, unvoni va Qurʼon oyatlari bitilgan qismi shikastlanmagani sababli, qalloblar uni bozorda oʻz nominal qiymatida ishlatishga urinishgan. Qirqib olingan qimmatbaho metall parchalari esa eritilib, yangi qalbaki tangalar yasash uchun ishlatilgan. Bu jarayon bozorda pullarning umumiy vazni kamayishiga va moliya tizimining tanazzulga uchrashiga olib kelgan.
Shuningdek, baʼzi davlat zarbxonalarining sotqin xodimlari yoki qonunbuzar zargarlar oltin va kumush tangalar tarkibiga mis, qoʻrgʻoshin, rux, qalay kabi arzon metallarni belgilangan meʼyordan bir necha barobar koʻp qoʻshib yuborishgan. Bunday tangalar tashqi koʻrinishidan aslidan farq qilmasa-da, ularning mavjud qiymati va asillik darajasi juda past boʻlgan. Shuningdek, soxta tangalarni koʻpaytirishda metall suvi yuritish usuli ham qoʻllanilgan. Bu usul oʻrta asrlarda eng keng tarqalgan firgarlik turi hisoblanib, arzon mis, qalay yoki qoʻrgʻoshindan tayyorlangan tanga qoliplari ustiga yupqa qatlamda sof oltin yoki kumush suvi yuritilgan. Bunday tangalar manbalarda “muzavvir tangalar” deb atalgan. Ularni bir qarashda haqiqiysidan ajratish juda qiyin boʻlgan.
Movarounnahr davlatlari ichki bozorni qalbaki pullardan himoya qilish va valyuta barqarorligini taʼminlash uchun qatʼiy davlat nazorati tizimini joriy etgan. Bozorlardagi iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash bevosita “muhtasib” zimmasiga yuklatilgan. Muhtasib va uning maxsus yordamchilari har kuni bozor rastalarini, baqqollar, dorishunoslar va zargarlarning faoliyatini nazorat qilgan. Ular tarozilarning toʻgʻriligi bilan birga savdogarlar qoʻlidagi pullarning asilligini ham tekshirishgan. Agar biror kimsaning yonidan soxta pul topilsa, muhtasib uni hibsga olish, mollarini musodara qilish va qoziga topshirish vakolatiga ega boʻlgan.
Bozor maydonlarida joylashgan sarrofxonalar qalbaki pullarga qarshi kurashda davlatning asosiy koʻmakchisi hisoblangan. Tajribali sarroflar tanganing yerga tashlangandagi jarangidan yoki rangi va metall hididan soxtaligini darhol payqashgan. Ular shuningdek, har bir tanganing tarkibini maxsus “mihak toshi” ustiga ishqab koʻrish va gʻaznachilik tarozilarida oʻlchash orqali aniqlashgan. Soxta pul aniqlangan taqdirda, u muomaladan darhol chiqarilgan va yoʻq qilingan.
Oʻrta asrlar ijtimoiy-huquqiy ongida soxta pul yasash davlat xavfsizligiga daxl qilish, hukmdor nomiga tajovuz va iqtisodiy isyon sifatida baholangan. Chunki muomaladagi har bir rasmiy tangada hukmdorning ismi, unvonlari va muqaddas kalimalar bitilgan edi. Shu sabab qalloblarga nisbatan shafqatsiz jazolar qoʻllanilgan. Shariat qonunlariga koʻra, oʻgʻrilik va firibgarlikning eng ogʻir koʻrinishi sifatida qoʻl kesish jazosi keng qoʻllanilgan. Birinchi marta qoʻlga tushgan soxtakorning oʻng qoʻli (panjalari) asosan jamoat oldida kesib tashlangan. Agar u chap qoʻli bilan yana mazkur jinoyatga qoʻl ursa, chap oyogʻi ham kesilgan. Bu jazo qallobni jismoniy jihatdan qayta metall bilan ishlay olmaydigan majruh holatiga keltirgan.
Shuningdek, tomoqqa yoki quloqqa qaynoq metal quyish bilan bogʻliq jazo ham mavjud boʻlib, bu jazo turi oʻrta asrlarning eng mudhish ramziy jazolaridan hisoblangan. Jinoyatchi qaysi metalldan (mis, qoʻrgʻoshin yoki rux) qalbaki tanga yasab xalqni va davlatni aldagan boʻlsa, oʻsha metall bozor maydonida xalq koʻz oʻngida maxsus idishda eritilgan. Qaynoq, suyuq holatdagi metall qallobning tomogʻiga yoki quloqlariga quyilgan. Jinoyatchi ichki aʼzolarining fojiali kuyishi oqibatida dahshatli azoblar bilan vafot etgan. Xorazmshohlar davrida va moʻgʻullar istilosidan keyingi Chigʻatoy ulusi davrida yirik iqtisodiy zarar keltirgan qalloblar toʻdasiga nisbatan “qaynab turgan qozonga tashlash” bilan bogʻliq jazo turi ham qoʻllanilgan. Shahar markaziy maydonida yirik qozonlarda suv, oʻsimlik moyi yoki qoramoy qaynatilib, jinoyatchilar tiriklayin qozon ichiga tashlangan.
Temuriylar va ulardan keyingi oʻzbek xonliklari davrida soxta pul yasovchi jinoiy guruhlar asosan dorga osilgan. Boshqalarga ibrat va ogohlantirish boʻlishi uchun, ularning jasadlari boʻlaklarga boʻlinib, shahar darvozalariga va markaziy bozor rastalariga osib qoʻyilgan. Bu aholida davlat qonunlariga nisbatan soʻzsiz itoatkorlik hissini uygʻotish maqsadida qilingan.
Oʻrta asrlarda Movarounnahrning valyuta bozori davrining eng taraqqiy etgan moliya tizimlaridan biri boʻlib, sarroflik va chek kabi xalqaro toʻlov vositalari mintaqaning iqtisodiy qudratini namoyon etgan. Davlat iqtisodiyotining asosi boʻlgan pul tizimini qadrsizlanishdan asrash, bozorda tartib oʻrnatish va pul soxtakorligiga chek qoʻyish uchun qoʻllanilgan shafqatsiz jazolar tizimi oʻsha davr talablaridan kelib chiqqan qatʼiy choralar hisoblangan. Bu keskin nazorat Buyuk Ipak yoʻlidagi xalqaro savdogarlarning Movarounnahr bozorlariga boʻlgan ishonchini oshirishga va mintaqada asrlar davomida iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilgan.
Shahlo MAXAMOVA,
Pedagogika va iqtisodiyot universiteti oʻqituvchisi