Munosabat
Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutida boʻlib oʻtgan ochiq dars koʻrinishidagi davra suhbatida toʻy va marosimlarimizdagi isrofgarchilik va ortiqcha dabdabavozliklarning salbiy oqibatlari haqida fikr - mulohazalar bildirildi.
Nurmurod CHINNIQULOV
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
Oʻzgalarga maqtanish uchun toʻy qilamizmi?
– Maʼlumki, mamlakatimizda toʻy va boshqa marosimlarni oʻtkazishda yoʻl qoʻyilayotgan salbiy holatlarga qarshi maʼrifat bilan kurashish maqsadida respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi, Mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan “Maromiylik” tartibi imzolanib, dolzarb 90 kunlik eʼlon qilindi. Albatta, bu saʼy - harakat bejiz emas. Toʻylar haqida gapirar ekanmiz, bir narsa odamni oʻylantirib qoʻyadi. Bu muammo yuz yildirki hali hanuz eng ogʻriqli mavzu boʻlib kelmoqda.
Oʻtgan asrning boshlarida jadid maʼrifatparvarlari ham bu haqda koʻplab ibratli maqolalar eʼlon qilishgan. Xususan, jadidlar toʻylardagi ortiqcha xarajatlarni jamiyatning eng katta muammolaridan biri deb hisoblashgan. Mahmudxoʻja Behbudiy “Toʻy va marosimlarimizda isrof juda koʻp, bu xalqni qashshoqlashtiradi”, - degan hamda toʻyni xalqning iqtisodiy yukiga emas, maʼnaviyatiga xizmat qiladigan tarzda tartibga solishni taklif qilgan. Abdulla Avloniy toʻylardagi isrofni “millatning jonini soʻrib oluvchi ofat” deb atagan. Toʻylar “...gʻurur va mansab uchun emas, xayr va baraka uchun” boʻlishi kerakligini taʼkidlagan. Oradan shuncha yillar oʻtsa-da, bu muammo hanuz bartaraf etilmagani ogʻriqli hol... Hozir ham ayrim hududlarda kim oʻzarga toʻygacha va toʻydan keyingi turfa xil marosimlar avjiga chiqqan.
Keyingi yillarda toʻy qilish uchun kredit va qarzga pul olish ham koʻpaydi. Bu oʻz navbatida toʻy qilganlarga keyingi bir necha yil iqtisodiy qiyinchiliklarga olib keladi. Qarz davlatdan olinadimi, biror tanishdan olinadimi, bu oʻz nomimi bilan qarz uni vaʼda berilgan muddatlarda toʻlash kerak.
Katta orzu havaslar bilan toʻy qilindi, bir kunlik toʻy oʻtdi ketdi. Endi toʻydan keyingi muammolar olingan qarzlarni oyma oy toʻlash yuki boshda turibdi. Bu qarzlarni toʻlash uchun koʻpchilik yigitlar yosh kelinni tashlab Rossiyaga ishga ketishadi. Yoshlar oʻrtasida ajrashishlarga sabab boʻladigan yana bir omil oilani tashlab, bir necha oy yoki yillar muxojirlikda yurish ham sabab boʻlishi tabiiy.
Savol tugʻiladi; shartmi shuncha katta xarajat qilib, qarzga botib dabdabali toʻy qilish? Choʻntagida puli bor uchun bunday toʻy qilish iqtisodiy muammo tugʻdirmaydi. Biroq ayrimlarga taqlid qilib kim oʻzarga toʻy qiladiganlar ham jamiyatimizda talaygina.
Men bir necha yil Rossiyada ishlab pul topib kelib, topganini dabdabali toʻy qilishga sarflab, yana xorijga pul topish uchun ravona boʻlganlarni koʻrganman. Ikki xonali uyda 3 oʻgʻil, ikki qiz bilan yashaydigan bir tanishim katta qizini uzatdi, biroq oʻgʻlini uylantirayotganda qarz va yana kredit olib toʻy qildi. Undan shuncha dabdaba shartmidi deb soʻrasam, qudalar oldida yuzim yorug‘ boʻlsin deb qildim dedi. Mana muammoning yana bir tomoni qayerda doʻst yoronlar, qarindosh urug‘, quda anda oldida uyalib qolmaylik deb ortiqcha xarajatli toʻy qilinayotgani ham hech kimga sir emas.
Qoʻchqor NORQOBIL, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, yozuvchi va dramaturg:
Iqtisodiy imkonim balandu, lekin maʼnaviy darajam past degani emasmi bu?
– Toʻy - marosimlarni ixchamlashtirish, kamchiqim holda oʻtkazish albatta, oʻzimizga bogʻliq. Bizni hech kim majburlamayapti, yoqamizdan olib Sen butun elga dovrugʻi ketgan toʻy qilishing shart, deb dagʻdagʻa ham qilmaydi. Xoʻsh, shunday ekan, koʻpchilligimiz nega bugun toʻy - marosimlarimizni “hammakoʻrsin” tarzda dabdaba-yu – dovruq bilan oʻtishi uchun oʻzimizni oʻtga - choʻqqa uramiz. Ochigʻi, iqtisodiy imkoniyatimizni koʻrsatib qoʻyishga, shuning ortida obro‘ olishga urinamiz. Lekin shu bilan birga maʼnaviy darajamiz oʻta pastligini ham namoyon etamiz.
Toʻgʻri, toʻy milliy qadriyatimizning qadimiy koʻrinishlaridan biri. Biroq, manmanlik, maqtanchoqlik, molu davlatni koʻz - koʻzlash uchun toʻy qilishni, ayniqsa, bunday qusurlar ortidan isrofgarchilik yuzaga kelishini sira oqlab boʻlmaydi. Hatto dinimizda ham isrofgarchilik qoralanadi. Qurʼoni Karimda ham: “Isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga nisbatan oʻta noshukur edi” (Isro surasi 27-oyat) deyilgan.
Xullas, mazkur mavzu bugun mutasaddi idoralar oldida ogʻriqli muammodan biri sifatida bejiz paydo boʻlgani yoʻq. Toʻy va marosimlardagi quyuqonga sigʻmagan holatlar, toʻydan keyingi tang oqibatlar borasida guvoh boʻlib turibmiz. Bu borada juda koʻp misollar keltirishimiz mumkin.
Hurmatli yoshlar, mana, hammamiz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanovning “Daryo. Oʻz” muxbiri bilan shu mavzuda qilgan suhbatini koʻrib tingladik. Bu galgi ochiq darsimiz mana shu suhbat atrofida kechsa, asosan yoshlarimiz, sizlar oʻz fikr - mulohazalarini bildirsangiz yaxshi boʻlardi.
Aziza DAVRONOVA, magistr:
Chiqimlarning chaqimi bor
– “Uy koʻrar” yoki “mol yoyar”, yaʼni, kelin tomonidan kuyovning uyiga keladigan mebel va jihozlar hozirda bu anʼanaga aylanib boʻldi. Bunda kelin tarafdan biror vakil kuyovning uyini toʻydan oldin borib koʻrib keladi. Xullas, kuyov yashaydigan xonadonni mebel, maishiy texnika va hakoza narsalar bilan toʻldirish koʻzda tutiladi. Toʻgʻridan toʻgʻri nima olishlari-yu, nima olmasliklari, nima yoqishiyu nima yoqmasligini ham aytib, kerak boʻlsa, tanlab ham berishmoqda. Qiziq, bu oʻrinda kuyovlik gʻururi yerga urilmayaptimikin, degan alamli savol tugʻiladi.
Toʻydan oldin yoki keyingi kunda oʻtkaziladigan kortej uchun ham 1000 dollarlik harajatga nima deysiz?
Merry me – Love store , yaʼni nikohdan oʻtish marosimi ham avj nuqtada hashamat kasb etmoqda. Bunda kuyov tomonidan FHDYo yoki birorta restoran gaplashiladi. Unda ham qimmat foto - video, restoran, boshlovchi haqqi singari narsalarga mablag‘ sarflanadi.
Qishloq joylarida esa toʻydan bir kun oldin kelinnikiga kuyov navkar boradi. Quruq emas, sarpo va togʻoralar bilan. Bu mashmashaga ham kamida 1000 dollarlik xarajat qilinadi. Xullas, bu chiqimlarning chaqimi toʻydan keyin oʻz asoratini qoldiradi, albatta.
Roʻzimbek TOLLIYEV, magistr:
Uvolning zavoli...
– Ayrim qishloqlarda boʻlib oʻtadigan toʻylar ham shahardagi “kimoʻzarlik”dan kam boʻlmayapti. Toʻyga chaqiruvchilar soni eng kamida 800 kishidan boshlanib 3000 nafarga yetadi, baʼzan undan ham koʻp boʻladi...
Shaharda boʻladigan ayrim toʻylarga, asosan, Samarqand va Toshkent shahrida 10 mingdan 20 ming dollargacha sarf - harajat qilinadi.
Ayrim qishloq joylarida ham birgina sunnat toʻyi nahor oshi uchun 1 tonnaga yaqin goʻsht ketarkan, oʻnlab qozonlarda osh damlanadi. Toʻgʻri, bu xolat hamma qishloqlarda ham uchrayvermaydi. Bu hol asosan vohaning juda koʻp joylarida odat tusiga aylanmoqda.
Shu taxlit sarf harajatlar, meni koʻrib qoʻyinglar, deb, haddan ziyod ortiqcha isrofgarchilik qilish oʻrniga, qurbi baland toʻy egalari, qoʻli kalta, roʻzgʻori kamxarj qishloqdoshlari, yetim - yesir, ehtiyojmand oilalarga shu harajatlarning oz misqolini sarflasa ham savob boʻladi-ku... Albatta, ortiqcha harajat uvol, uvolning esa zavoli bor.
Malika PIRMATOVA, magistr:
Oilada faqat baraka va mehr - muhabbat ustun boʻladi
– Toʻylar bizning hayotimizda shunchaki marosim emas qadriyat, madaniyat va quvonch ramzi sifatida qaraladi.
Biroq oxirgi yillarda bu qutlug‘ hodisa kim oʻzaro musobaqaga aylanib qolayotgani yaqqol koʻzga tashlanayapti. Bazan odamlar toʻyda oʻzining imkoniyatidan ortiqcha sarf harajat qilib qiyin ahvolga tushib qolayotgani sir emas. Toʻy insonga keyinchalik aziyat yetkazadigan marosim emas, aksincha baxt va quvoch ulashadigan shodyonalik tantanasi boʻlmogʻi lozim. Toʻy qanchallik ixcham, samimiy oʻtsa uning taʼsiri shunchalik iliq, va esda qolarli boʻladi. Koʻp odamning koʻz oʻngida emas, yaqinlar davrasida oʻtgan marosim koʻproq oila ruhi bilan uygʻunlashadi. Bugun jamiyatda toʻylarni ixchamlashtirish haqida koʻp fikirlar aytilmoqda. Bu fikirlar anʼanallarni cheklashga qaratilgan emas, aksincha, ularni hayotga mos, oqilona shaklda saqlab qolishga intilishdir. Toʻylar sodda oʻtgan taqdirda ham oilada quvonch va mehr ildiz otadi, roʻzgʻorga baraka inadi.
Gulnoza ISKANDAROVA, magistr:
Yolgʻon va soxta obro‘ kimga kerak?
– Toʻy aslida qarindoshlar toʻplanib, diydorlashishga sabab boʻladigan marosim. Ikki yoshning nikohi eʼlon qilinadigan kun.
Agar toʻylarimizdagi haddan ziyod hashamu ortiqcha orzu havaslar boʻlmasa, koʻpgina roʻzgʻorlar iqtisodiy nachor ahvolga tushib qolmasdi. Dasturxondagi toʻkin - sochinlikdan tashqari, marosimning boshqa jihatlaridagi ortiqchalik va aytish joiz boʻlsa, aqlsizlik kishini oʻylantirib qoʻyadi.
Masalan, toʻy liboslari haqida gapirsam: Bir marotaba kiyiladigan liboslarga ayollar ming dollargacha pul sarflaydi.Oʻzlarini goʻyo modalar namoyishiga kelgandek tutishadi. Shu toʻy bahona qarindoshlar davrasida eri olib bergan oltinu durlarni koʻrsatib maqtanishadi.
Farovonlik darajasiga butun insoniyat havas qiladigan Amerikada ham bizning toʻylarimizdagi ortiqcha chiqimni tushuna olishmaydi. Taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev bundan 10-15 yil oldingi Amerika tassuroltlari bilan bogʻliq maqolasida: “... Bitta oʻzbekning ertalab soat yettida 400-500 kishiga tekin osh berishini odiiy amerikalikka tushuntirish mumkin emas. Chunki, ularning turmushi va amallari hayotiy mantiq qoidalariga asoslangan. Eng yomoni, mehmonga bor buduni toʻkib solgan oʻzbek oilasi farzandiga kitob sotib olib berishga, ularni sport va turli toʻgaraklarlarga berish uchun chiqimga kelganda ogʻrinib qolishadi. Tushunarsiz mantiq. Aslida hech qanday ahamiyatga ega boʻlmagan narsalarga mol - mulkimizni sovuramiz, kelajagimiz kafolati uchun mablagʻimiz yoʻq, bunga... soxta hurmat va yolgʻon obro‘ qozonishga boʻlgan intilishimiz sabab boʻlmoqda...” , deb yozgandi.
Isoqxon Toʻra Ibrat oʻzining tugallanmay qolgan kitobi “Zamon tarozisi” asarida toʻy bilan bogʻliq isrofgarchilik haqida yozib oxirida shunday deydi: “Mana bu balolar ustimizda ogʻir bir yukdir”.
Marjona ABDUOLIMOVA, magistr:
“ Tarqat- tarqat” oʻyini...
– Oʻzbek xalqi juda boy xalq bizning milliy urf-odatlarimiz kabi toʻy va toʻy oldi marosimlarimiz koʻp. Duolarimizda: “Toʻylarga yetkazsin...” deyilganidek, topganimiz toʻylardan ortmaydi. Hayotimiz beshik toʻydan boshlanib aza bilan tugaydi. Aza ham bir toʻydek oʻtadi. Bir xil koʻk kiy yoki qora kiy, osh damlab tarqat, Latta – putta tarqat... kimga kerak bu odatlar?
Keling men bir voqayeni aytib beray, bir qarindoshimiz toʻy qildi qarangki ona niyat qilgan ekan, toʻyni uyda qilish uchun toʻydan oldin uy qaytadan buzib qurildi. Va, yangi kelin uchun qilingan sarpolar tillarda doston boʻldi. Mehmonlarning esa sovgʻa-salom va dasturxondan koʻngli toʻldi. Ikki oy oʻtib dangʻillma uy va mashiani sotildi. Kuyov Rossiyaga ketdi, qolganlar ijaraga chiqdi. Oradan bir yil oʻtar oʻtmas kelin bu yoʻqchilikka chiday olmadi va oʻsha dangʻillama toʻy va u bilan bogʻliq mashmashalar koʻtarilib bir yosh oila buzildi. Aslida toʻyga sabab ikki yoshni birlashtirish ammo bu toʻyga ketgan sarf-xarajatlar va undan keyingi qarzlar yoshlarni ayirdi.
Oʻsha katta toʻyga ketadigan pulga yosh kelin - kuyovga yangi uy mashina yokida sayohat uyushtirsa koʻproq boʻladi menimcha.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, kimdan kamimiz bor ketsa toʻyga ketar deb, oʻzi bir marta toʻy qilamiz orzu-havas kabi tushunchalar xalqimizni qarz botqogʻiga botirib qoʻyayapti.
Sanoat BOBOQULOVA, magistr:
Qovun qovundan rang olmoqda
–
- Isrofgarchilik maʼnaviy qadriyatlarimizga ters hodisa aslida. Toʻylar yoshlar taqdirida yangicha hayot boshlanishi, ota - onalarning duosini olish, jamiyatda oila muqaddasligi va uning qadrini ulugʻlovchi marosimdir.
Ammo dabdaba ortib borishi bilan bu maʼnaviy mazmun yoʻqolib bormoqda. Axborot texnalogiyalar taʼsiri oshgan bizning zamonimizda ijtimoiy tarmoqlarda quyushqondan chiqqan toʻy videolarini koʻrgan odamlar oʻz toʻyini ham aynan shunday boʻlishiga harakat qilmoqda. Natijada qovun qovundan rang oladi, deganlaridek, dabdabavozlik odatiy hol kasb etib, raqobatga aylanib bormoqda.
Aslida kamtarona va madaniyatli toʻy oʻtkazish aql hamda masʼuliyat belgisidir.
Kamtarona ammo esda qolarli toʻylar oʻtkazish uchun mahallalarda imtiyozli sharoitlar yaratish payti keldi. Masalan toʻy va marosimlar oʻtkazish uchun kichik zallar imtiyozi, bepul fotohududlar, boshqa arzon xizmatlar turi yaratilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.
Maftuna ABDURAHMONOVA, magistr:
Pulingiz koʻp boʻlsa, farzandingiz kelajagi uchun sarflang
– Faqatgina nikoh toʻylari emas, boshqa marosimlarga ham eʼtibor qaratsak, ularda sarf boʻlayotgan aqlga sigʻmas mablagʻlar yaqqol koʻzga tashlanadi. Yubileylar, beshik toʻy, sunnat toʻy, muchal toʻy, va hokazolar uchun haddan tashqari oshiqcha mablag‘ isrof qilinyapti. Bu nima degan gap axir, qachongacha odamlarga bu narsalar notoʻgʻri, bunisi toʻgʻri deb qaror va qonunlar bilan chora koʻriladi? Insonlarning oʻta ketgan oʻzbilarmonligi kelajak avlodga, qolaversa, oʻziga ziyon qilmayaptimikan? Nechi millionlab ishlatilayotgan pullarni oʻz farzandlarining kelajagi uchun, salomatligi uchun, oʻqish va bilim olishi uchun yoki dunyo koʻrishlari uchun sarflashsa boʻlmasmikan? Roʻzgʻorida yetishmovchilik, bolalari yoki ayoli kasal boʻlsa ham yon atrofdagilarni yedirib - ichirishga pul topgan kimsalar oʻz oila aʼzolarining rizqini qiyishganini anglarmikanlar?
Kamilla ABDUHALIMOVA, magistr:
Toʻylar yaqinlarimiz davrasida boʻlgani yaxshi
–
- Bizda hammasi sovchilikdan boshlanadi. Undan keyin oq oʻrar, fotiha toʻy, chaqirdi, ota koʻrdi, kelin koʻrdi, kuyov koʻrdi oʻrtada bayramliklar... Agar hammasiga ketdigan xarajatlarni hisoblasak, chindan ham bizning xalqimiz faqat toʻy uchun yashaydi. Eng yomoni, toʻydan keyingi qarzlar... Yosh kelin kuyov qarz toʻlash uchun ishlab boshlshadi.
Menga qolsa, toʻy soddaroq tarzda kam odam, eng yaqinlar bilan oʻtgani maʼqul, toʻydan oldingi ada - qada, oldi -berdilar shunchaki bosh ogʻrigʻidan oʻzga narsa emas.
Gulnaz ABATOVA, magistr:
Yarashmagan qiliqlar...
– Oʻzbek xalqi urf-odatlarga marosimlarga boy xalq. Eng katta marosimlaridan biri bu toʻy hisoblanadi. Toʻylarniyam turlari koʻp; beshik toʻy, chilla chiqdi toʻyi, sunnat toʻyi, qiz koʻrdi, fotiha toʻyi, kelin salom, qiz chaqirish , kelin kuyov toʻyi yana toʻylardan tashqari bir nechta marosimlar bor. Suyunchi berish bola emizish, ism qoʻyish marosimi, nikoh oʻqitish, kelin salom, kelin qoʻyish, yangi kelin osh berishi, motamga oid marosimlar, janoza marosimi, 3 kunlik 7 kunlik 20 kunlik 40 kunlik yillik xotira marosimi.
Toʻy va marosimlarda boʻladigan eng katta muommolar quyidagicha: Ortiqcha dabdaba va isrofgarchilik. Bu eng koʻp uchraydigan muommo, haddan tashqari katta toʻylar (500-1000 kishi) qimmat bezaklar, qimmat katta restoranlar, xizmatlar, lyuks kortej mashinalar, qimmat foto vedio studiyalar qarzdor boʻlib toʻy qilish holatlariga olib keladi. Odamlar ongida boshqalar gap - soʻz qilmasin, degan tushuncha qotib qolgan. Bu omilikdan boshqa narsa emas....
Toʻylarda keraksiz rasmiyatchilik va protokollar: Toʻylarda uzoq davom etadigan tabriklar navbati, rasmiy va takrorlanuvchi gaplar, nokerak, oʻylab topilgan marosimlarga ortiqcha vaqt sarf qilinadi. Yana toʻy tashkilotchilari boshlovchilar tarafidan mehmonlarni “majburiy tabrik” uchun “sahnaga chiqish”ga undashlari ham bachkanilikdir aslida..
Ortiqcha shovqin, raqslar va tartibsizlik: juda baland ovozli musiqa... bular sogʻlikka zarar va mehmonlarda noxushlik toʻgʻdiradi. Quyushqonga sigʻmaydigan telbonama raqslar, hayosizlik ufirgan qiypanglashlar, tashqaridan kuzatgan aqli raso odamga sharmandalik boʻlib tuyuladi. Ijtimoiy tarmoqlarda bunday hollarga koʻp bora duch kelayapmiz
Mahliyo NOʻMONOVA, magistr:
Koʻrpangga qarab oyoq uzat, degan maqol bor
– Juda koʻp davlatlarda toʻylar bizning yurtimizdagi kabi haddan ziyod dabdaba bilan oʻtmaydi. Dunyonirn boy, rivojlangan mamlakatlarida ham bizchalik topgan – tutganini bir kunda sochib, keyin turmush qiyinchiliklari oldida gandiraklab qoladigan xalq boʻlmasa kerak. Taqqoslash jarayonida shuni koʻramizki, birgina Koreya davlatidagi toʻylarida qisqa vaqt, kam mehmon, iqtisodiy tejamkorlik ustuvorligini kuzatishimiz mumkin. Ularning toʻylaridagi sarf - harajatlar bizdagi dabdabalarning yarmining yarmiga ham teng kelmaydi. “Koʻrpangga qarab oyoq uzat...”, degan kamtarlikni yaxshi fazilat bilgan xalqimizning bunday maqtanchoqlik qutqusiga tushib qolgani achinarli hol, albatta.
Koreyadagi ixcham, iqtisodiy va qisqa marosimlardan biz ham andoza olsak boʻladi, albatta.
Fikrimni oʻzbekning buyuk shoiri Erkin Vohidovning “Nega yapon yuz yil yashar?” sheʼri bilan yakunlashni maʼqul topdim:
Nega yapon yuz yil yashar-u,
Oʻzbek buncha yoshga bormaydi?
Chunki yapon bizdek qorongʻu
Sahar turib oshga bormaydi.
Taʼziyada el koʻzi uchun
Ming kishilik ziyofat qurmas.
Hayiti yoʻq, bel bogʻlab uch kun
Shamday qotib koʻchada turmas.
Garchi bizdan yuz bor farovon,
Garchi bizdan yuz karra toʻqdir.
Toʻy xarjida yuzta boy yapon
Bir kambagʻal oʻzbekcha yoʻqdir.
Bu soʻzimni yaponga aytsam
Dedi battar qisib koʻzini:
– Yapon bundoq yasholmas hech ham,
Xarakiri qilar oʻzini!
Mohigul HASANOVA, magistr:
Havoga sovrulgan millardlab mablag‘
– Bugungi kunda toʻy, maʼraka va marosimlarda meʼyor, milliy urf-odat
va dinimiz belgilab bergan chegaradan chiqib, kim oʻzarga poyga oʻynayotgan holatlar sodir boʻlmoqda. Jumladan, kelinlarning gʻarb modalari asosida tikilgan qimmatbaho kiyimlarni ijaraga olishlari, turnaqator toʻy kartejlarining yoʻllardagi harakatlari, kelin-kuyovlarning milliyligimiz va qadriyatlarimizga umuman toʻgʻri kelmaydigan sevgi qissalariyu, vals tushishlari, toʻy va maʼrakalarga haddan ziyod koʻp insonlar taklif etilishi kabi koʻplab misollarni keltirish mumkin. Bularning barchasi dinimiz nuqtayi nazaridan ham isrof deb ataladi. Bu holat faqatgina toʻy marosimlaridagina emas, balki musibat boʻlgan joylarda ham bundan-da ayanchliroq isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganini kuzatishimiz mumkin.
Bu illatlar jamiyatimizni tag - tubidan yemiruvchi illatlar boʻlib, bugungi kunda ushbu dabdababozlik, hashamatbozlik, ichkilikbozlik va shu kabi ishlarga ketayotgan mablagʻlarni hisoblab koʻradigan boʻlsak milliardlab mablag‘ nafaqat havoga sovurlayapti, balki kelajagimizga salbiy taʼsir qiladigan ishlar uchun sarf qilayotganligimiz ayon boʻladi. Shu mablagʻlarni farzandlarimizning ilmu-maʼrifat hosil qilishlari uchun, ularni kasbi-hunarli qilish uchun, ishlab-chiqarish tashkil qilib, xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, yoʻllarni obod qilish, beva-bechoralarga yordam berish kabi xayrli ishlarga sarf qilinsa, savob ustiga savob yozilgan boʻlar edi.