Oʻtgan asrning 90-yillari oʻzbek sheʼriyatida mustaqillik yoʻlida oʻz-oʻzini safarbar etgan avlodning kurashlari bilan eslanadi. Bu avlod orasida bir nom borki, uni bugun kitobxonlar maʼrifiy mavzulardagi ijodi bilan tilga oladi. Bu eslov uning lirikasini, boʻlganda ham jangovar lirikasini biroz soyada qoldirgandek. Mirzo Kenjabek – ijodi ana shunday keskin burilishlarga, sokinlig-u suronlarga, kurashlar, yengilishlar va Haqqa taslim boʻlishlarga boy adib...
“Razil qahqahaga boqa oldim tik...”
Mirzo Kenjabek sheʼriyatini uch alohida yoʻnalishga boʻlib oʻrganish maqsadga muvofiq. Bular: lirik sheʼriyat, ijtimoiy sheʼriyat va maʼrifiy sheʼriyat. Biz shoirning doim ham eʼtibor berilavermaydigan, ayniqsa bugungi avlod oʻquvchilari uchun sirli boʻlgan ijtimoiy sheʼriyati haqida soʻz yuritamiz.
Mirzo Kenjabekning ijodida shunday bir lirik qahramon bor – u doim kurashda: askar, ogʻa, ini, oʻgʻil, shoir, inson sifatida mudom jangga yoʻl olaveradi. Ana shu qahramonning badiiy qiyofasi bugungi adabiyot uchun zarur. Xoʻsh, u nimani qoyillatganki, yarim asr ortga qaytib, uni 2025-yilga olib kelishga jazm qildik (Bu savolga maqola oxirida javob topasiz)?
Haqiqat va badiiyat adabiyotning asosi boʻlib kelgan. U hayot haqiqatini badiiyat libosida insonlarga taqdim etadi. Shunday davrlar boʻladiki, millat haqiqatga koʻproq muhtojlik sezadi. Haqiqat boʻgʻilayotgan chogʻlarda odamlar uni adabiyotdan izlay boshlaydi. Shunda ijod kurash maydoniga, ijodkor jangchiga aylanadi.
Xalqimizning oʻktam shoiri Shavkat Rahmonning:
“Men jangchi emasdim, men shoir edim,
Nihoyat, shoirdan koʻra zobitman”,
degan satrlarida shunga ishora bor.
Ustoz shoir Mirzo Kenjabek esa ijodining bu davriga “qurbonlikka soʻydim isteʼdodimni” deb baho beradi. Uning bu ahdini tushungich zamonlar kelishiga umid qiladi. Kurash millat erki, hurligi, insonlarning haq-huquqlari uchun, zulmga “bas” deyish uchun boʻlsa, oʻzini millat taqdiriga masʼul deb bilgan har bir uygʻoq ziyoli bu yoʻlda isteʼdodini ham qurbon qilishga tayyor kurashchiga aylanadi.
Bu kurashlar ham xuddi asarlar kabi tarixda qolishi shubhasiz. Zero, muallif bir sheʼrida: “Derlar: “Kurash qolar”. Jang ham qolgusi”, deya ishonchini yashirmaydi. Shoir biladiki, kelgusi avlodlarda bu kurashlar haqida koʻp savollar tugʻiladi. Shunda muallif oʻz avlodining bu qurbonligini:
Bolam, men zolimlar dunyosi ichra
Razil qahqahaga boqa oldim tik...
– deya izohlaydi.
Otilmagan oʻq
XX asrning 80-yillari... Mustamlaka tuzumi hali qonli qamchisini oʻynatib turgan bir davr. Millatning boshiga “paxta ishi”, “oʻzbek ishi” kabi balolar hali kelib ulgurmagan boʻlsa-da, bir shoir yigit yuragi bilan bu qattol zulmning keyingi darajasini sezib turar edi. Bu uning Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi boʻlgan Ulash boboga xat tarzida bitilgan “Oʻq” sheʼrida ayon boʻladi:
Ishongil,
Yolgʻiz sen emassan, otam,
Vujuddagi oʻqdan qiynalib tolgan.
Ishongil,
Jismimda oʻq bor mening ham –
Koʻkrak qafasimni larzaga solgan...
Sheʼr kompozitsiyasi shundayki, muallif lirik qahramon “jismidagi oʻq” va Ulash boboning oyogʻida qolib ketgan oʻq bilan bogʻliq tafsilotlarni parallel berib boradi: biri tinch zamonning notinch sharpasi boʻlsa, boshqasi 40-yillarning qirgʻinlarini eslatib turadi; biri aeroport nazoratidan oʻtayotganda magnit uskunalar ovozidan seskanib ketsa, bunisining butun umri ana shunday ogʻriqda oʻtadi; biri tunlarda jang maydonidagi dahshatlarni eslab uyqusiz boʻlsa, boshqasi pul, aldov va xiyonat kabi bugungi dushmanlarini koʻzlab tong ottiradi. Sheʼrda lirik qahramon oʻzining dardini Ulash boboning ogʻriqlari bilan taqqoslar ekan, bunda faqat bitta farqni taʼkidlaydi. Bu farq esa sheʼrning kulminatsiyasi va finalini belgilab beradi. Agar buni ilmiy til bilan izohlash zarur boʻlsa, butun sheʼr tanosub sanʼati asosida (oʻzaro mutanosib jihatlar taʼkidi) bilan qurilgan-u, oxirgi ikki misra tazod (qarama-qarshilik)ga aylanmoqda:
Ikkimiz ham shundoq bezovta, bedor,
Senda ham, menda ham tunlar orom yoʻq:
Sening vujudingda otilgan oʻq bor,
Mening vujudimda – otilajak oʻq!..
Xoʻsh, bu oʻq qachon otiladi?! Qachon shoir oʻz ijodiy ambitsiyalarini namoyon qiladi?! “Oʻq” sheʼri 1980-yilda yozilgan boʻlsa, koʻp oʻtmay oʻzbek sheʼriyatida oshkoralik shamollari esa boshlaydi. Barcha shoirlar birvarakayiga ijtimoiy haqiqatlarni qalamga ola boshladi. Bu davrda Mirzo Kenjabek sheʼriyatida oʻsha 80-yilda aytilgan oʻqning otiladigan davri boʻldi deya olamiz. Shoirning Mustaqillik davriga qadar yozilgan sheʼrlari uning ijodida alohida davr boʻlib qoldi. Adabiyotga muhabbat va samimiy tuygʻular kuychisi boʻlib kirib kelgan shoir oʻz ijodiy rakursini oʻzgartirdi. Bu jarayon ongli ravishda qilinganini shoirning sheʼrlaridan anglash mumkin.
“Qurbonlikka soʻydim isteʼdodimni...”
“Ijtimoiy dard” sheʼri oʻsha davr haqidagi shoirning iqrorlaridir. Tengdoshlari goʻzal sheʼrlar bilan muxlislar qalbidan joy talashib yurgan bir pallada Mirzo Kenjabek “Men esa kurashchan nutqlar bilan, maqolalar bilan boʻldim andarmon” deb yozadi. Lekin bu afsus emas. Bu – sharh. Shoir nega bunday qilish kerakligini, oʻzi tayangan haqiqatni oʻquvchiga sharhlaydi.
Jamiki shoir zoti boshida shunday kun borki, butun yozganlari aslida hech narsaga arzimasdek koʻrina boshlaydi. Bu davrda shoir oʻz ijodini qayta sintez qilayotgan, “mening yozganlarim nimani oʻzgartiradi?”, “sheʼr yozmasam bu dunyoda nima oʻzgaradi?”, “men umrimni sarflayotgan ijodim kimga kerak?” degan savollarga javob izlayotgan boʻladi. Oʻsha paytda Choʻlpon “Oʻzimni topshirdim muhitning erkiga” deb yozadi, Rauf Parfi “sindirdim sinmas sozimni” deydi, Abdulla Orif “Nimanidir axtaraman sheʼrdan ham ulug‘” deya iztirobga tushadi, Shavkat Rahmon “Bir yaproq qolmabdir shivirlaydurgʻon” deb afsus chekadi. “Ijtimoiy dard” sheʼri Mirzo Kenjabek ijodidagi ana shunday davrning izohidir.
Kelgaydir meni ham tushungich zamon:
Yellarga sovurdim qonli dodimni,
Istiqboling uchun, yurtim, onajon,
Qurbonlikka soʻydim isteʼdodimni!
Ibrohim alayhissalom oʻgʻli Ismoilni Haq yoʻliga qurbonlik qilganidek, shoir ham oʻz isteʼdodini millat ertasi uchun fido qilishga jazm qiladi. Bundan esa shoirning isteʼdodi yana bir karra yorqinlikka erishadi.
Butkul sabil qolsin mening ijodim,
Faqat ozod boʻlsin shu xalq, shu Vatan!..
– deya yozilgan palladan boshlab Mirzo Kenjabek sheʼriyatida millat mavzusi birinchi darajaga chiqqan edi. Shundan soʻng yozilgan barcha sheʼrlarda bu konsepsiya oʻzgarmas koʻrinishga keldi.
Bu davrda barcha shoirlar ijtimoiylikka yuz burgani haqida aytdik. Lekin bu kurashlardan chetda turganlar ham yoʻq emas edi. Ular “men ijodim bilan kurashaman”, “mendan ijod qoladi” degan tamoyilga tayangan edilar. Ular orasida “Mirzo qolib ketdi” deya malomat qilguvchilar ham uchrar edi. Ana shunday millatning fojialari qarshisida gul va bulbul haqida ashʼor bitib turgan chekkagir qalamkashlarga qarata Mirzo Kenjabek achchiq istehzo bilan shunday savol beradi:
Nahotki, quyondan farqing qolmasa,
Ijod kimga qolur, xalqing qolmasa?!
Yaʼni, shoir biladiki, ularning chekkagirligiga bois ijod emas, qoʻrqoqlikdir. Qoʻrqoq odamning isteʼdodi chegarasi uning jasorati chegarasi bilan oʻlchanadi. Isteʼdod barcha zamonlarda jasoratdir. Va barcha davrlarda haqiqatni kuylayotgan isteʼdod mustabidlarning eng ashaddiy dushmanidir. Mirzo Kenjabek Avaz Oʻtarga bagʻishlangan “Avaz hasrati” sheʼrida ana shunday mustabidlarga xitob qiladi. Bu sheʼrda shoir:
Vatanparvar, fidoyi firqalar to boʻlmayin paydo,
Na mumkin topmogʻi, oʻlgan taniga toza jon millat?
– deb yozgan Avaz Oʻtarning chekkan jabr-u zulmining hisobini soʻraydi. Bunda lirik qahramon “men” pozitsiyasidan “u” pozitsiyasiga oʻtadi va oʻz dardini xuddi oynaga qarab soʻzlagandek bayon qiladi. Avaz Oʻtar – haqparast shoirlarning umumlashma obrazi. Mirzo Kenjabek ularga muxolif boʻlgan mustabid saltanatga qarata shunday savol qoʻyadi:
Yo Rab!..
Qanday saltanatdirsan! –
Dunyo kon-ku xatarga, sirga:
Sen dushmanga qandoq chidarsan,
Chidolmasang bitta shoirga?!
“Shoirga chidash” – haqiqatga chidash. Haqiqatga dosh bera olmaganlar yolgʻonga boʻyin egishga mahkum. Shu sababdan ham muallif shoirga chiday olmagan saltanatning dushman qarshisiga chiqa olmasligini uqtirmoqda.
“Men xalqman, onajon...”
Mirzo Kenjabek biz tahlil qilayotgan oʻsha 80-yillar oxirida yozilgan bir maqolasiga “Xalq nomidan yolgʻon soʻzlamang!” deya nom qoʻygan edi. Shoir ijodida lirik qahramon xalqning umumlashma obraziga aylanishi holatlari koʻzga tashlanadi. Ayrim oʻrinlarda muallif bunga ochiq ishora qilib ham oʻtadi.
Garchi quyosh koʻtargan Sharqman,
Nurmas, hasrat qoniga gʻarqman.
Sen shohsan-u, xalqsiz saroysan,
Men boʻlsam-chi, saroysiz xalqman.
1990-yilda yozilgan bu toʻrtlikda Sharq – Turkiston zaminini, hasrat qoni – mustamlaka zulmini, xalqsiz saroy – kommunistik tuzumni, saroysiz xalq – oʻz yurtida qul qilingan millatni anglatib kelayotganini zukko oʻquvchi anglab olgan boʻlsa kerak. Oʻsha yillarda yozilgan boshqa bir toʻrtligida muallif “Kishanni bizchalik sevgan xalq bormi?” deb yozgʻiradi.
Mirzo Kenjabekning “Shoirning onasi” sheʼrida ona obrazi orqali shoirning iztiroblari bayon qilingani bilan eʼtibor tortadi. Chunki shoirning yuragini ezgan har bir alam bevosita onaning ham qalbiga borib yetadi. Muallif ana shu bogʻliqlikni shoirning ijtimoiy pozitsiyasini ochib berish uchun qoʻllaydi.
Shoir kun koʻrmagan qitmir zamonda
Shoirning onasi nima koʻradi?
Shoirning ijtimoiy pozitsiyasi masalasi – Mirzo Kenjabekning ijtimoiy sheʼriyatining sterjeni. Bu yoʻnalishdagi barcha mavzular ana shuning atrofida birlashadi. Yuqoridagi sheʼrda ham ona siymosiga boʻlgan lirik munosabat va shoirning ijtimoiy qiyofasi oʻzaro yuzma-yuz kelgan:
“Sen haqsan, bolajon, nur menga ato!”
Men – xalqman, onajon, gʻanimlik xato!
Meni gazet urar, ularni Xudo!..
Shoirning onasi nima koʻradi?
Farzand onadan taskin izlaydi. Lirik qahramon “men xalqman” deyishi orqali ona siymosi shoirning onasi darajasidan yuksalib, millat onasi darajasiga yetmoqda. Band oxiridagi savol ham endi boshqacha yangraydi: “Millatning onasi nima koʻradi?” – Qanday kun koʻradi? Bolalarining ertasidan nima kutadi? Zaharlanayotgan irsiyat, toptalayotgan insonlik huquqi sabab oʻziga oʻt qoʻyaveradimi?
Bu savollar oʻsha – biz soʻzlab turgan 90-yillarning eng aktual ijtimoiy muammolari edi. Bu kabi oʻtli savollar Mirzo Kenjabekning “Qoʻqon yigitlariga bagʻishlov”, “Oshkoralik muxoliflariga”, “Katta martabali kichik odamga”, “Tarixiy ismlar” kabi oʻnlab sheʼrlaridan chiqib kelaveradi. Ularning aksariyati hanuz oʻz javobini kutib turibdi. Bu savollarga javob izlash missiyasini shoir keyingi avlod vakillariga qoldiradi...
“Koʻzlaringiz mening koʻzimdan oʻtkir!”
Mirzo Kenjabekning “Avlod” sheʼri oʻzidan keyin adabiyotga kirib kelgan shoirlarga xitobidir. Shoir bu sheʼri bilan maʼnaviy kurash estafetasini ularga uzatadi?
Shukr, siz keldingiz,
Gʻam yoʻq kamimdan,
Nomus janggohida emassiz chetgir.
Gʻamingiz gʻamliroq mening gʻamimdan,
Koʻzlaringiz mening koʻzimdan oʻtkir!
Shoir oʻzi yetmagan ijodiy ufqlarga yetishni keyingi avloddan kutadi. Bu adabiyot maydoni “nomus janggohi” ekanini, bu janggohda chekkagirlik bilan nom qozonib boʻlmasligini taʼkidlar ekan:
Derlar: “Ijod qolar...”
Jang ham qolgʻusi!
Kishanband johilning ojiz sasi bu!
Turgach xalq boshida jallod chalgʻisi,
Qoʻrqoq qochqinlarning falsafasi bu!
Keyingi avloddan shoir jasorat talab qiladi. Chunki ularning imkonini oʻzidan baland koʻradi. Asli katta avlodning keyingilarni tan olishi noyob hodisa. Buning uchun oʻz ijodini beshafqat taftish etish va adolat tarozisini mahkam ushlash zarur. Aslini olganda “Qurbonlikka soʻydim isteʼdodimni” deya olgan shoir uchun yosh shoirlarni eʼtirof etishni noyob hodisa deb boʻlmaydi. Bunda eʼtirof bilan birga mehr va ruhiy qoʻllov ham boʻy koʻrsatib turadi.
Kurash bizdan boʻlsa,
Umid – Xudoydan!
Kunchiqar yurtini koʻringiz ozod,
Ey, salaf ovozi yetmagan joydan
Vatan turkusini boshlagan avlod!
Mirzo Kenjabek sheʼriyati ana shunday samimiyati va rost tuygʻulari bilan adabiyotga daxldordir. Aynan shuning uchun ham ijtimoiy muammolarni yalangʻoch tarzda ifodalash urf boʻlgan zamonda yozilgan sheʼrlari ham koʻngilga yaqin, badiiyati jihatdan lirik sheʼrlar bilan boʻylasha oladi. Buning sababi, shoir ana shu muammolarni, fojialarni oʻz qalbidan oʻtkaza olgan. Ularning koʻlamini bir shoir emas, bir millat darajasida talqin qila olgan. Bugungi oʻzbek oʻquvchisi ana shunday kurashchan, samimiy bir sheʼriyatdan bahramand boʻlishlari zarur deb oʻyladik. Zero, bugun ham adabiyot maydoni – nomus janggohidir. Bu janggohga chin jangchilar kerak!
Suhrob ZIYO