“Maʼnaviyat” soʻzi, mening nazarimda, “iymon”, “vijdon”, “madaniy ong” tushunchalari bilan bir xil maʼnoga ega. Biz qachon maʼnaviyat haqida gapirsak bevosita yoki bilvosita onglilik va iymon haqida gapirgan boʻlamiz. Avval ham aytganman, men iymon deganda uning diniy ulamolar talqin qiladigan jihatlaridan koʻra koʻproq maʼnolarni tushunaman. “Iymonli odam”, mening nazarimda, botinida Alloh tajalli qilgan, koʻngli bilan hamma vaqt Allohga yuzma-yuz turgan madaniyatli, ongli odam. U shaklan emas, mazmunan Alloh bilan yuzma-yuz turibdi. Bunday odam xoinlik, ikkiyuzlamachilik, munofiqlik, vatanfurushlik, vijdonfurushlik qilolmaydi. Va aynan shu jihati bilan u biz nazarda tutayotgan “maʼnaviyatli odam” sanaladi. Tiynatida Alloh boʻlmagan odam esa hech qachon maʼnaviyatli boʻlolmaydi. Bugun biz tushunadigan maʼrifat ana oʻsha oʻzlikni anglash va idrok qilish, oʻziniki qilish jarayonidir. Bu jarayon oʻta murakkab, uni shakllar bilan oʻzlashtirib boʻlmaydi. Uni his qilib, yuzma-yuz kelib, oʻzini ming marta qatl qilib va yana qayta tiriltirib anglanadi, bu manzilga yetib boriladi. Shu anglash jarayoni odamni oʻzligiga yetaklaydi, uni esgan har bir shabadaga qarab turlanishdan, koʻr-koʻronalikdan, eng asosiysi, iymonsizlikdan asraydi.

Biroq “maʼnaviyat”, “maʼrifat”, “oʻzlik”, “menlik” soʻzlari qanchalar teran va ulug‘ boʻlmasin, keyingi oʻn yilliklarda ancha qadrsizlanib qoldi. Toʻgʻrisini aytsam, insonning mohiyati haqida gapirganda imkon qadar ushbu atamalardan kamroq foydalanish kerak degan bir istihola paydo boʻladi. Bunga sabab bu istilohlar bugun gʻirt ikkiyuzlamachi, tovlamachi, umuman, tiynati yuqoridagi soʻzlarning maʼnosiga yaqin kelmaydigan kimsalarning ham kundalik isrof lugʻatidan joy olib ulgurdi. Ular shu muqaddas soʻzlardan qalqon sifatida foydalanadilar, oʻzlarining chirkin manfaati yoʻlida bu soʻzlarni tanaffussiz navbatchiga aylantirib, xoʻrlashdan qaytmaydilar. Shu sabab yana bu soʻzlar atrofida gaplashish odamga malol keladi. Soʻzbozlik – xudbinlikning eng yumshoq, beozor koʻrinishi. Garchi oʻzimizni xudojoʻy koʻrsatsak-da, amalda soʻzbozlikka ruju qoʻyganimiz bor gap. Soʻzni isrof qilishdan, uni yolgʻonga aylantirishdan qoʻrqmayapmizmi, demak, munofiqlikdan ham qoʻrqmaymiz. Xullas, bugungi maʼnaviy tiynatimiz soʻzbozlikka qurilmasligi kerak. Aslida xuddi yaralishimiz kabi ilohiy, tabiat-u jamiyat qonunlari va ularning taraqqiyotida eng birlamchi asos baribir mohiyat, uni aks ettiradigan fikr. Biroq bir narsani tan olish oʻrinli: kimlardir siyqalashtirgani, bezdirgani bu soʻzlarni tilga olmasligimizga aslo asos boʻla olmaydi.

Maʼrifat, eng avvalo, tafakkurga, fikrga yetaklaydi. Maʼrifatlilik bilish va anglash, xulosa qilish bilan bogʻliq jarayon. Ilm boʻlmasa anglash, fikr qilish boʻlmaydi, fikr boʻlmasa xulosada hamisha adashiladi. Shuning uchun maʼrifat fikrlashning koʻlami bilan ham belgilanadi.

Muqaddas kitoblarga tatabbu qilib, “Avval soʻz paydo boʻlgan” deb nutqimizga hasham bagʻishlaymiz. Ammo buning maʼnosiga koʻpam eʼtibor bermaymiz.

Shaxsan menga soʻzdan ham avval fikr paydo boʻlgandek tuyuladi. Soʻz – kiyim. Oʻzingiz oʻylab koʻring. Kiyim kiyish uchun oldin tana paydo boʻlishi kerakmi yoki avval kiyim tikilib, soʻng shunga mos tana izlanadimi? Aslida soʻz paydo boʻlishi uchun avval u ifodalaydigan maʼno paydo boʻlishi zarurligini ortiqcha asoslab oʻtirish, ehtimol, shart ham emasdir. Xoʻsh, oʻsha maʼno nimaga suyanib turadi?

Alloh – olim, bilgich. U “Yaral!” degan soʻzni aytishdan avval yaraladigan mavjudlik haqida tasavvur, fikrga ega boʻlgan. Aks holda yaratishda mantiq boʻlmas edi. “Yaral”dan oldin yaratilajak borliq borasidagi tasavvur yoki joʻnroq aytilsa yaratilmish xilqatning mohiyati haqida idrok paydo boʻlgan.

“Maʼnaviyat” haqida betinim gapiramiz, ammo “maʼnaviyat” oʻzi nima, u qanday boʻladi, qanday amalga oshiriladi, amal qilinadi, nimaga asoslanib “maʼnaviyatli” yo “maʼnaviyatsiz” deymiz, biz intilayotgan “maʼnaviy choʻqqi” oʻzi nimadan iborat? Qaysi fazilatlarimiz maʼnaviyatga xizmat qilsa, qaysilari zid keladi? Maʼnaviyat haqida vaʼz oʻqiyotgan odam ikkiyuzlamachi boʻlib, yolgʻon bilan birga yashashga, qullik va mutelik, soxtalik va adolatsizlikka toqat qila oladimi? Maʼnaviyat jaholat va mutaassiblik bilan birga yashay oladimi? Agar yoʻq desangiz, hammamiz oʻzimizga shu savolni vijdonni oʻrtaga qoʻyib berib koʻraylik. Ana shunda kimligimiz, “maʼnaviyat” soʻzi biz uchun mohiyatdan uzilib, koʻproq shunchaki kundalik isrof soʻziga aylanib qolayotgani kunday ayon boʻladi.

Fikrni ifodalamaydigan, maʼnoga ega boʻlmagan soʻz – shunchaki tovushlar yigʻindisi. Agar shu mantiq bilan atrofimizga, tiynatimizga razm solsak, biz fikrdan koʻra shaklga oʻralashib qolganimizni, shakl birlamchiga aylangan borliqda yashayotganimizni teran anglagan boʻlar edik. Axir, maʼnosi idrok qilinmagan soʻz – maʼnosi yoʻq boʻshliqday gap.

Savodsiz odamga “oʻqi” deyish uni bir qadam oldinga undaydi, ammo savodli va shusiz ham oʻqib yurganga “oʻqi” deyish maʼnoni siyqalashtiradi. Ehtimol ming yillar oldin “oʻqi” eng toʻgʻri yoʻl boʻlgandir, ammo bugungi savodli dunyoda oʻqishning oʻzi kamlik qiladi, bugun borliqni anglash, unga munosabat bildirish uchun idrok, tafakkur, anglam birinchi vazifa sanaladi. Oʻqilgan, ammo anglanmagan narsaning oʻqilmagan narsadan hech qanday farqi yoʻq. Oʻqish – soʻzni oʻrgatadi, uqish – anglashni, dunyo, jamiyat, borliq bilan munosabatga kirishishni, butun olam uygʻunligini his qilish va shu uygʻunlik qonunlariga amal qilib, anglab yashashni oʻrgatadi.

“Iqra” shu paytgacha “oʻqi” deb talqin qilindi. Biroq uni “idrok et”, “angla”, “fikr qil” deb tushunish ham mumkin, menimcha. Shuning uchun chiroyli gapirgan, chiroyli alday olgan (bu gaplarimning notiqlik sanʼatiga aloqasi yoʻq) emas, chiroyli vaʼz oʻqigan, soʻzbozlik qilgan emas, fikrlagan odam hurmat va eʼzoz topsa, u yerda taraqqiyot uygʻunligi sodir boʻladi. Bugungi bashariyatning eng katta fojeasi ham fikrga hurmat yoʻqolib borayotganida. Chunki ayrim eski tushunchalarning ish bermay qolgani, aksincha, koʻplab savollar tugʻdirayotgani, bu savollarga javob topish oʻrniga insoniyatning koʻr-koʻrona ishonishga, amal qilishga berilib ketayotgani – oʻta yomon alomat. Axir zamonaviy dunyodagi intellektual yolgʻonlarning mohiyatini, jimjimali jilvalar ortidagi munofiqlik va ikkiyuzlamachilikni, yovuzlik va qabohatni faqat fikr qilib anglash va keyin unga barham berish mumkin. Anglanish jarayonidan oʻtmagan barcha xatti-harakat – koʻr-koʻronalik. Koʻr-koʻronalikda anglash boʻlmaydi, faqat qabul qilish va boʻysunish boʻladi. Maʼnaviyat va maʼrifat esa odamni boʻysunishga, mute boʻlishga va koʻr-koʻrona ishonishga emas, anglashga, idrok qilishga undaydi, umrning har lahzasini, har bir savolga javobni idrokning qudugʻiga tushib, misqollab yigʻib olish orqali erishiladigan oʻta uzun va mashaqqatli jarayonga yetaklaydi. Bu jarayondan oʻtmagan oʻzlikni ham, maʼnaviyatni ham, maʼrifatni ham yoqlab boʻlmaydi. Bizning bobolarimiz maʼnaviyat va maʼrifat haqida vaʼz oʻqishmagan, balki uni hayot tarziga aylantirishgan, amalda qoʻllashgan...

Odam oʻzining kimligini anglagandan soʻnggina fikri oʻsadi. Oʻzini anglash uchun, bobolarimiz aytganidek, maʼrifatga bir marta boʻlsa-da choʻmilib koʻrish kerak. Fikrni maʼrifat uygʻotadi. Maʼrifat oʻstiradi. Maʼrifat yangilaydi. Keraksiz boʻlib qolganda almashtiradi. Faqat idrokka qurilgan maʼrifatgina, bilimgina, kitobgina, kitobga boʻlgan muhabbatgina bizni quyunday bostirib kelayotgan, ongimiz va shuurimizni sayozlashtirayotgan, sanʼat, goʻzallik, did haqidagi qarashlarimizni, shu paytgacha ajdodlarimiz poydevor qoʻyib bergan va oʻzimiz shakllantirgan tushunchalarni yemirishga kirishgan olomon madaniyati hamda dididan, boshqacha aytganda, fikrsizlik va didsizlikday balodan asray oladi.

XXI asrda biz katta taraqqiyotga erishish barobarida olomon madaniyati chohiga butunlay qulab tushish xatari bilan yuzma-yuz turibmiz. Muxtasar qilib aytganda, bizni mazkur xatardan maʼrifat, did va fikrgina qutqarishi mumkin.

Gʻarb falsafasi, unga manba beruvchi adabiyoti bashariyatning urbanizatsiya erasidagi inson tanazzulini tahlil qila boshladi. Bu, eng avvalo, maʼnaviy tanazzullar bilan bogʻliq. Xuddi oʻrmon va chakalakzorlarda yovvoyi qonunlar bilan yashagan ajdodlarimizdek, urbanizatsiya oʻrmonida ham oʻsha qonunlar bugun ustuvorlikka intilmoqda. Oʻn millionlab odam yashayotgan shaharlarga borib qolsangiz, oʻzingizni dinozavrlar erasidagi qadim oʻrmonda yurgandek his qilasiz. Tanazzullar yaqqolroq namoyon boʻladi. Mana shu tanazzuldan bizni maʼnaviyat saqlab qola oladi. Maʼnaviyatlilik faqatgina inson manfaatini oʻzida aks ettirmaydi. U jami tiriklik, borliq uchun masʼuliyatli boʻlish degani ham.

Aslida bizga ancha begona boʻlgan yovvoyi bozor munosabatlari kirib kelayotgan, barcha fazilatlarni chetga surib, faqat boyib qolishni, kissani qappaytirishni oʻylashga tushgan, bir soʻz bilan aytganda moddiyat birinchi oʻringa chiqqan pallada maʼnaviyat masalasi oʻz vaqtida toʻgʻri kun tartibiga qoʻyilgan. Buni inkor qilish oʻta adolatsizlik boʻladi. Ammo muammo boshqa yoqda. Mumtoz adabiyotimizda shirinlikka oʻch bolasiga nasihat qilib qoʻysin deb donishmand pirning huzuriga bolasini olib kelgan ona haqida rivoyat bor. Oʻsha rivoyatda pir ona-bolani “Sizlar bir haftadan soʻng kelinglar” deb ortiga qaytarib yuboradi. Bir hafatadan soʻng esa pir bolaga shirinlikning zarari, uni meʼyorida isteʼmol qilish kerakligi haqida bir-ikki ogʻiz nasihat qiladi. Boʻldi. Ona ajablanadi: “Shu nasihatni bir hafta oldin ham qilsangiz boʻlardi-ku?”. Shunda pir “Hafta oldin, sizlar kelishlaringdan avval men novvot choy ichib oʻtirgandim. Ogʻzimda shirinlik taʼmi boʻla turib shirinlikning zarari haqida gapirishim munofiqlik boʻlardi” deb javob beradi. Mana shu rivoyat menga maʼnaviyat targʻiboti nega oqsaganini, nega keng miqyosda yuqmaganini oydinlashtiradi. Tasavvur qilingki, baʼzi mansabdorlar “novvot choy” ichib, majlislarda maʼnaviy fazilatlar haqida lof urib, “Pora olish – jinoyat”, “Birovning haqini yeyish – gunoh”, “Adolatli odam kuchli boʻladi”, “Ojizlarni himoya qilish kerak”, “Hamisha oqni oq, qorani qora deyish shart” deb tursa-yu, oʻzi bunga tirnoqcha amal qilmasa, bunaqa targʻibot kimga yuqadi va hammasini koʻrib, guvoh boʻlib turganlarga qanday taʼsir qiladi? Oqibat aniq: bu faqat ikkiyuzlamachi, tili boshqa, amali boshqa avlodni tarbiyalaydi, xolos. Shuning uchun maʼnaviyatni targʻib qilayotgan va uni boshqalardan talab qilayotganlar pirning nasihat qilish uslubiga amal qilishsa bu sohada qilayotgan ishlarimiz allaqachon ommaviy tarzda meva bergan boʻlardi.

Shu oʻrinda dunyo “katta qishloq”qa aylanayotgan bir paytda talay bahs-u munozaralarga mavzu boʻlayotgan milliy mentalitet va umuminsoniylik haqida toʻxtalmoqchiman. Milliy mentalitet va umumbashariylik aslida bitta narsa. Uni faqat biz turli madaniyat, turli din, turli tarbiya anʼanalaridan turib turlicha deb oʻylaymiz. Biz “milliy mentalitet” deb yopishib olgan xususiyatlar tagiga, mazmuniga qarasangiz, baribir insonga boʻlgan munosabat yotadi. Umumbashariylikda ham shunday. Milliylik men uchun mazmundan koʻra koʻproq shaklga oʻxshaydi. Toʻgʻri, har bir millatning yashash tarzi, oʻz odob-axloqi, olamni idrok etish va munosabat qilish anʼanalari bor. Ammo bu anʼanalarning hech biri insoniylikka zid emas. Agar u zid boʻlsa, demak milliy emas. Milliylik – oʻz shaklida turib oʻzini namoyon qila olish degani. Hazrat Navoiy aruz janrida insoniylikni qanchalar baland darajada madh etgan boʻlsa, u shunchalar umumbashariy siymoga aylangan. Demak, shakldan qatʼi nazar, adabiyot insonga va insonparvarlikka qarab intiladi.

Bugun milliylik bilan umuminsoniylik orasida farqlar tobora qisqarib bormoqda. Olamga boʻlgan munosabatda milliy shakllar chegarasi buzilib ketayapti. Bu xavotirli holatmi yoki insoniyat kelajakda faqat bir millat yoki bir vatan doirasida emas, butun zamin miqyosida oʻzini namoyon qilish uchun zamin tayyorlanayaptimi, buni hozircha bilmaymiz. Mening bilganim shuki, insonning millati, tili, dinidan qatʼi nazar, insonning ekzistensial holati va kechinmalari, olamni qabul qilish va munosabatga kirishishi bir-biriga yaqinlashayapti. Lekin, ochigʻi, men bunda tanazzul ham, umid ham koʻrayotganim yoʻq.

Bugun jahon adabiyoti insonning olamdagi oʻrnini, uning tiynatini, oʻzidan, olamdan, tabiiy ildizlaridan, oʻtmishidan, qadriyatlardan uzilib qolgan inson mohiyatini ishonchli tarzda aks ettirishda oqsayapti. Jumladan, milliy adabiyotimizda ham eʼtirof va talabimiz  davrning ommaviy didiga bogʻlanib qolayotgani bor gap, zamonasozlikdan tortib olomonchilik didi asoratlariga qadar adabiy muhitda oʻzini namoyish qilayapti. Bu keksa avlod adabiyotidan tortib yoshlar ijodigacha umumiy qusurimiz. Keksa avlodda soʻz sanʼatidagi hafsalasizlik yaqqol koʻzga tashlana boshladi. Ular bugun koʻproq oʻzlarining texnik mahoratlarini koʻz-koʻz qilishayapti. Yoshlar esa, garchi keskinroq mavzular koʻtarayotgan boʻlsa-da, voqelikka baribir ommaviylik nigohi bilan nazar solishdan, ommaviylik bilan hisoblashishdan qutulib olgani yoʻq.

Shu sababli, menimcha, adabiyot bugun oʻzining xaloskorlik mavqeidan ancha pastga tushgan palla.

Sanʼat, xususan, soʻz sanʼati boʻlgan adabiyotni insonshunoslik deb bot-bot gapiramiz. Lekin koʻpincha uning maʼnisini toʻlaligicha anglab yetavermaymiz. Insonshunoslik – faqat tahlil qiluvchi degani emas, bu insoniylikni himoya qiluvchi, insoniylikka zid narsalardan asrovchi degani. Dunyoda dinlar koʻp, bu dinlarda mazhablar, yoʻnalishlar bisyor, ularning daʼvolari ham, himoya qiluvchi, suyanuvchi tayanchlari ham har xil. Ayni paytda, insonning mohiyatiga munosabatlari-da turlicha. Adabiyot mana shu barcha tillarda, barcha mintaqalarda, barcha irqlarda insoniylikni himoya qiladi, insoniylikka suyanadi, insonga insoniylik mohiyatidan turib baho beradi. U shu jihati bilan umuminsoniydir. Faqat milliylik emas, balki umumbashariy milliylikni aks ettira olgan sanʼat asarlarini umumbashariy deyish mumkin. Fyodor Dostoyevskiy buyuk adib, ammo uning faqat umumbashariy mohiyatga ega asarlari qadrlanadi, rus qoʻshinining Oʻrta Osiyodagi bosqinini madh qilganlari emas. Bizda koʻpincha milliylik va umumbashariylikni bir-biriga zid deb qarash hanuzgacha saqlanib qolgan. Biz milliy deb biladigan narsalar aslida oʻsha umuminsoniylikning bir qismi, zinhor alohida emas. “Qancha milliy boʻlsa – shuncha umuminsoniydir” degan gapni toʻgʻridan-toʻgʻri tushunmaslik kerak. Milliy dard badiiy jihatdan nechogʻli chuqur va keng badiiy ifoda qilinsa, u shuncha umumbashariy boʻladi. Biz koʻpincha mahorat borasidagi noʻnoqligimizni milliylik niqobi ostiga yashiramiz. Men mahorat bilan aks ettirilgan har qanday milliylik bu umuminsoniylik, universallikdir deb bilaman. Masala milliylik yoki umuminsoniylikda emas, oʻsha milliy dard, milliy mentalitet qay darajada badiiy mahorat bilan aks etganida. Badiiy mahoratgina har qanday milliy dardni umumbashariy dardga aylantira oladi. Menga milliyligimiz inʼikosi koʻproq bugungi soʻz sanʼatidagi mahoratimizning oqsayotgani bilan bogʻliqday tuyuladi.

Fikr – botiniy qiyofa, odamning, shaxsning ichki qiyofasini koʻrsatib turuvchi koʻzgu. Fikri yoʻq odamning qiyofasi ham yoʻq. Fikr odamning oʻzligini, oʻziga xosligini bildirib, mavjudligini koʻrsatib, kerak boʻlsa, talab qilib turadi. Fikr aslida “men mavjudman” degani. Fikr yoʻq joyda olomonchilik va johillik koʻpchiydi. Fikr odamning barmoq izlari kabi oʻta xususiy, oʻta shaxsiydir. Biz uni oʻz muhitimiz va yashash tarzimizga moslab ifoda etamiz, shu muhitni fikrimiz bilan yangilashni, oʻzgartirishni, moslashtirishni, ommalashtirishni istaymiz. Ammo yoʻq fikrni ommalashtirish imkonsiz. Ommalashishi va jamiyatning eʼtirofiga erishishi uchun oldin shu fikrning oʻzi boʻlishi kerak. Fikr toʻxtagan jamiyatda botiniy tanazzul boshlanadi. Fikr va qalb – Xudo ichimizga solgan ruhning oʻzini namoyon qilishi. Qalb his etish va muhabbat orqali namoyon boʻlsa, fikr bilim va bilishga intilish orqali tajalli topadi. Fikrning boshi ham Yaratgan edi, oxiri ham Yaratgan. Biz ana shu oraliqda darajamizga mos idrok jilvalarini hosil qilamiz. U toki Yaratgandan boshlanib, Yaratgan bilan tugar ekan, oʻziga erkinlik talab qilishi tabiiy. Bir soʻz bilan aytganda, fikr erkinligi Yaratganga boʻlgan eʼtiqod va ishonch erkinligidir. Xuddi biz kabi boshqaning ham fikri va haqqi borligini bilish Yaratgan oldidagi masʼullikni qabul qilish bilan barobar. Bizga hayot deb atalgan soʻqmoqda oʻzimizni tanish va oʻzlikka erishish imkoniyati berilgan. Qalb va fikr muvozanatiga erishish komillik hisoblanadi. Shu paytgacha oʻtgan falsafiy va fikriy oqimlar oʻsha komillikka erishishning turli yoʻllarini targʻib qilib keldi. Fuqarolarining ana shu birligi – muvozanati haqida qaygʻursagina jamiyat maʼrifiy jamiyat boʻladi.

“Soʻz erkinligi” degan salmoqdor talab tagida aslida “fikr erkinligi” yotadi. Fikr erkin boʻlmas ekan, fikrni ifoda qilish imkoni berilmas ekan, u yerni yolgʻon toʻlaligicha oʻziniki qilib oladi. Fikr – shaxslarning borligini namoyon qiluvchi sahna. Shaxsni tasdiqlovchi dalil. Jamiyatni olomonchilik xohishi emas, shaxslarning fikri, ularning aql-u idroki yangilaydi. Faqat fikrgina yangilanishga poydevor boʻladi. Fikr yoʻq joyda yangilanishga sharoit yoʻq.

Shu bois fikrsiz, fikr erkinligisiz sodir boʻlgan taraqqiyotlar hamisha moʻrt va omonat boʻlgan. Bunga uzoq tarix emas, yaqin oʻtmishimiz ham guvohlik beradi. Fikr rang-barangligi shaxslar, ular tavsiya qilayotgan tanlovlar rang-barangligidir. Qayerda tanlov koʻp boʻlsa, yangilanishga, oʻsishga, taraqqiyotga yoʻl ham koʻp boʻladi. Soʻzni yolgʻonga xizmat qildirish oson, ammo fikrni yolgʻonga xizmat qildirib boʻlmaydi. Chunki fikr, agar u rostdanam fikr boʻlsa, har qanday vaziyatda tafakkurga, idrokka suyanadi. Soʻz qanchalik bejalgan boʻlmasin, idrok yolgʻonni his qilib turadi. Shuning uchun dunyo idrokni yashash tarziga aylantirgan yoki idrokdan, fikrdan mahrum qilingan jamiyatlarga boʻlinadi.

Fikrsizlik faqat ijtimoiy plyuralizm kushandasigina emas. Fikrsizlik madaniyatning ham kushandasidir. Fikr yoʻq joyda madaniyat yaratilmaydi, faqat madaniyat yaratgan mahsulotlar isteʼmol qilinadi, xolos. Fikr boʻlmagan joyda oʻzigacha boʻlgan madaniyat meva bermaydigina emas, balki taraqqiyotning qachondir fikr tufayli qad koʻtargan qoʻrgʻonlari ham qulay boshlaydi.

Millat isteʼdodlar hisobiga yashaydi. Isteʼdod – milliy mulk. Har qanday xalq isteʼdodlar evaziga gullaydi, yashnaydi, ravnaq topadi. Isteʼdodlari xor boʻlgan davlatlarning ertangi kuni qorongʻi, soʻroq ostida qolaveradi. Bu isbotlangan haqiqat. Agar dunyoga bir eʼtibor bersangiz, ilgʻorlik taʼmini va hadisini olgan davlatlar boshqa xalqlarning isteʼdodlariga yoʻl berish, ularni qoʻllash orqali mamlakatlarining maqomini baland ushlab turishga katta eʼtibor berishayapti. Shu maʼnoda yosh isteʼdodlarni izlash va yuzaga chiqarish tashabbusi ehtiromga loyiq. Mening fikrimcha, agar haqiqiy isteʼdodlar qoʻllanayotgan va yuzaga chiqarilayotgan boʻlsa, marraning oson yoki mashaqqatli boʻlishi muhim emas. Isteʼdod bu – isteʼdod. Oʻzini har qanday vaziyatda oqlaydi. Toki u haqiqiy isteʼdod boʻlsa... Ammo savol tugʻiladi. Qoʻllanayotgan, yoʻllari ochilayotganlar haqiqatan ham isteʼdodmi yoki?.. Mana shu juda muhim. Marrani oson va yo qiyinchilik bilan egallash muammo emas. Muammo haqiqiy isteʼdodni topish, unga yoʻl berishda. Biz isteʼdodlarning mashaqqat bilan yuzaga chiqishiga koʻnikib qoldik. Shuning uchun bugun osongina kitobi chiqayotgan, osongina matbuotni egallayotganlar sal gʻashimizni keltiradi. Bugungi yoshlar eʼtirof etilish borasida imkoniyati keng va koʻp boʻlsa ham, lekin oʻzlarining ichidagi oʻzliklarini toʻla shakllantirib boʻlganlari yoʻq. Isteʼdodni qadrlash va unga yoʻl berishni faqat targʻibot yoki imkon berilayotgani bilan baholab boʻlmaydi. Isteʼod ommaviy tarzda qadrlansa hamda isteʼdodni qadrlash butun boshli jamiyatning fazilatiga aylansa, u oʻzini milliy boylik, milliy qudrat sifatida namoyon eta oladi. Xoʻjakoʻrsinga yoki shunchaki tadbirbozlik bilan isteʼdod kashf qilinmaydi, aksincha, faqat xashakilar kashf etiladi. Xashakilar esa hech qachon hech narsaning qadriga yetmagan. U qanday tugʻilgan boʻlsa, shunday oʻlimga mahkum. Xoʻjakoʻrsinga kashf qilingan isteʼdodlar ana shu xoʻjakoʻrsinlikning qurboni boʻladi, uning targʻibotchisiga aylanadi.

* * *

Kitobning fazilati haqida koʻp va xoʻp yozilgan. Men ham yozganman. Yozganlarim bilan reallik hamisha bir-biriga mos boʻlavermagan. Men u yerda kitob haqidagi orzularimni yozganman, real voqelikni emas...

Bitta qiyos. Oʻzbekistonda bir yilda qancha kitob oʻqilayapti va qancha goʻsht yeyilayapti? Raqamlarni taqqoslasangiz, savolingizga oʻzingiz javob topasiz. Bu qiyosdan goʻsht yemaslik kerakmi degan aksil maʼno izlanmasin. Agar oilada goʻsht tugasa, uning oʻrnini toʻldirishning yoʻli izlanadi, qarz olib boʻlsa ham biror chorasi qilinadi. Kitobga-chi? Men ana shunga ishora qilmoqdaman.

Aslida esa kitob insoniyatning eng ulug‘ obidasi. Kitob boʻlmasa, na bugungi taraqqiyot, na tafakkur, na odamning oʻzi boʻlur edi. Kitob – inson qalbi haqidagi eng ulkan bilim, eng ulkan tadqiqot. Har qanday jamiyatni kitobga boʻlgan munosabatidan bilib olish va xulosa qilish mumkin. Kitobi, kitob yaratuvchisi xor jamiyat oʻzini qanchalik gumanist qilib koʻrsatmasin, baribir bir kuni tanazzulga yuz tutadi. Bunga biz insoniyat tarixida koʻp marta guvoh boʻldik. Insonni hech qaysi fan kitobchalik aks ettirolmaydi, hech qaysi sanʼat kitobchalik chuqur va keng tasvirlay olmaydi, hech qaysi vosita inson ruhi va xayoliga kitobchalik erk berolmaydi. Kitobdan bir marta lazzat olib koʻrgan odamning yovuzlik qila olishiga men ishonmayman. Madaniyatsiz, kitobsiz kishigina yovuzlik va zulm qila oladi. Yovuzlik kitobgacha boʻlgan manzildir. Kitobdan soʻng ruhiyat, ruh sari va ruh bilan birga safar boshlanadi... Har qalay bizning avlod shunday qarash bilan ulgʻaydi, shakllandi, hamon shu qarashda turibmiz. Ammo bugungi global toʻfon davrida qarashlar oʻzgardi. Jumladan, kitobning oʻrni ham, unga munosabat ham. Virtual dunyo kitobni ham virtual shaklga aylantirayapti. Buni tan olmasdan ilojimiz yoʻq. Virtual avlod dunyoni virtual koʻrishni istayapti. Shunday ekan, bizga ham kitobning shakli haqidagi tasavvurimizni oʻzgartirish davri kelganga oʻxshaydi. Ammo kitobning mohiyati haqidagi qarashlar hech qachon oʻzgarmaydi. Men shunday oʻylayman. Shakli oʻzgarishi mumkin, mohiyati oʻzgarmaydi. Oʻsha virtual dunyoda ham shakli boshqacha tus olgan kitob insonni va insoniylikni himoya qilaveradi. Chunki u kitob, chunki u adabiyot.

Koʻp kitob oʻqish emlashga oʻxshaydi. Ammo bu kasallikdan toʻla himoya qiladi degani emas. Chunki hamma narsani belgilovchi inson va millat tabiati ham bor. Inson orzusi va istaklari hamisha oʻzining tabiati bilan qarama-qarshi keladi. Hamisha kurashda boʻladi. Qaysi xalqni kitob tarbiyalay olgan, tabiatini oʻzgartirgan boʻlsa, demak u madaniyatli, oʻzgartirolmagan boʻlsa, unda kitob mutolaasi borasida hali koʻp ishlar qilish kerak. Harqalay, keyingi besh yuz yillik tarixda kitob orqali oʻzini oʻzgartirgan yoki oʻzgartirmagan xalqlarning dunyoqarashlari orasida juda katta farq bor. Xususan, kitob tarbiyalashga ulgurmagan xalqni qoliplar, stereotiplar tarbiyalaydi, tafakkur tarzini, shunga mos ravishda yashash tarzini, hatto kitobni ham stereotiplashtiradi. Stereotip tafakkur tarzi jamiyatning barcha sohasida oʻzini koʻrsatadi. Bunday jamiyatda ravnaq va yangiliklar yuz berishi juda qiyin va ogʻir kechadi. Bunday jamiyat isteʼdoddan koʻra oʻzi koʻnikkan yashash tarzi va qarashlarini koʻproq qadrlaydi. Bunday tafakkur tarzi mutelikka moyillashgan, mutelikka moslashgan tafakkur tarzidir. Kitob oʻzgartirgan ong esa bu qoliplarni buzadi. U bugun va erta uchun oʻzini yangilay oladi, oʻzgartirish va oʻzgarish uchun oʻzida quvvat topa oladi.

Nazar ESHONQUL

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Fikrni maʼrifat uygʻotadi” maqolasi