XX asr boshlarida Turkiston taraqqiyoti uchun jon kuydirib, islohotlar olib borgan jadidlar jamiyatning har bir boʻgʻiniga eʼtibor qaratib, jumladan oilaning muqaddasligi, uning bola tarbiyasidagi ahamiyatini yozib oʻtganlar. Maʼrifatparvar Abdulla Avaloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, deb ta’kidlashi bejizga emasdi [1,13]. Jadid ziyolilari uzoqni oʻylab, Turkistonning oʻtmishiga nazar solgan. Davlatlarning yutuq va kamchiliklarini oʻrganib, jamiyatning har bir boʻgʻinini tahlil qilganlar. Shu bois ham ular birinchi navbatda islohotni taʼlim va tarbiyadan boshlagan. Bu oʻrinda oilaning oʻrniga ham urgʻu berganlar.
Jadidlar oila asosini toʻgʻri qurish orqaligina jamiyatni isloh qilish, tarqqiyot sari yoʻnaltirish mumkin deb bilgan. “Sadoi Turkiston” gazetasi 1914-yil 6-may sonida Xolid Saidxoʻjayevning “Jim oʻtir, juvonmarg, gapirma, haromi” nomli maqolasi nashr etiladi. Sarlavhada qoʻpol soʻzlardan foydalanilgani beʼjizga emas. Muallif oilada maʼnaviy tarbiya bolaning kelajagi, kamolotini oʻylab dasturlanishi lozimligini targʻib qiladi. Unda yosh avlodning isteʼdodi, dunyoqarashi, erkin va mantiqiy fikrlashi uchun toʻsqinlik qiluvchi muammolar haqida fikr yuritadi. Tarbiyani maʼlum bir muassasaga bogʻlab qoʻymay, jamiyatning har bir boʻgʻini masʼulligini koʻrsatadi. Bolani yoshligidan tarbiya etish, taʼlim berish lozimligini uqtiradi. Xolid Sayid tili bilan aytganda: “Bir millatning bolasi ul millatning baqoi nomi uchun dunyo bogʻchasigʻa oʻtkazgan niholidir” [2].
Taraqqiyparvar Obidjon Mahmudov tashabbusi bilan Qoʻqonda nashr etilgan “Sadoi Fargʻona” gazetasida Holid Said “Tarbiyat iksiri azimdur” nomli maqolasida ham tarbiya masalasini koʻtarib, oʻz zamonasining tarbiyaviy ahvolidan xabar beradi va uning oqibatini aytadi. Yaʼni, “Bizlar sarishta tarbiyatni yoʻqotdik, bu sharafdan mahrum boʻldik, haqiqatni ketmon qilmoqgʻa vijdonim qabul qilmadi. Vujudimda bor nido qilurman kim bizda na asoslik tarbiya ahloqiya qoldi, na tarbiya ilmiya qoldi, butun mahv boʻldi. Ey millat, inoning va muqarrar bilingkim, siz bu hol bilan ketsangiz mahsharda yuzingizga ajdod islofingiz ham tupurur, avlodingiz ham tupurur”, deb yozadi [3].
Xolid Said ushbu maqolasida “Biz millatning vujud va baqosi uchun lozim boʻlgan tarbiya ahloqiya va tarbiya ilmiyasi boʻlmasa u millatning holi nima boʻlur?”, deb savol berarkan, javob sifatida tarbiyaning etagidan tutishni tavsiya etadi. Oiladan boshlangan tarbiya toʻgʻri boʻlmas ekan, farzandning kamoloti qanday kechishi barchamizga ayon. Maʼrifatparvar oʻz davrida ana shu jihatlarni toʻgʻri anglagan holda hamisha tarbiya masalasini oldingi oʻringa qoʻygan.
Maʼrifatparvar Hoji Muin ham oʻz zamonasi kishilari tarbiyasiga nazar tashlab: “Butun Turkiston avomlarining koʻbisi adabsizdur. Muning sababi, avval oʻz uyida, soʻngra maktabda lozimincha tarbiya koʻrmasligi va jaholatdur”, deb yozadi. Koʻrib turganimizdek, birinchi ayb oiladagi tarbiyaga yuklanmoqda. Bugun jamiyatimizda maktabdagi taʼlim-tarbiyaga koʻp tanqid toshlari otilyapti. Bu borada ziyolilarimiz kabi fikrlash oqilroq yoʻl boʻlardi. Oilada yaxshi tarbiya bermay turib, bolaning kelajagidan buyuk orzular kutish unchalik toʻgʻri emas. Oiladagi tarbiyaning yaxshiligi oʻquvchining maktabdagi taʼlimiga ijobiy taʼsir etadi. Aks holda, Luqmon (hakim boʻlgan dono bir shaxs)ning bolasi ham zolim boʻlib voyaga yetishi hech gapmasligidan dalolat beradi. Bu borada Abdulla Avloniyning quyidagi toʻrtligi oʻrinlidir:
“Tugʻib tashlash bilan boʻlmas bola, boʻlgʻay balo sizga,
Vujudi tarbiyat topsa boʻlur ul rahnamoq sizga.
Temirchining bolasi tarbiyat topsa, boʻlur olim,
Buzilsa xulqi, Luqmon oʻgʻli boʻlsa, boʻlgʻusi zolim” [4,12].
Mazkur mavzuda Abdurauf Fitratning ushbu soʻzlari ham muhimdir: “Xalqning davlatmand va baxtli boʻlib, izzat-hurmat topishi, jahongir boʻlishi yoki zaif boʻlib, xorlikka tushishi, faqirlik jomasini kiyib, oʻzgalarga tobe’, qul va asir boʻlishi bolalikdan oʻz ota-onalaridan olgan tarbiyalarigʻa bogʻliq” [5,262]. Bu fikrlar muallifning uzoq kuzatishlari va tahlili xulosasi boʻlib, u shular asosida “Oila” (1915) asarini yaratdi. Asar chin maʼnoda yosh avlod uchun hayotiy qoʻllanma. U tarbiyaning bosh qismini oiladan boshlanadi deb koʻrsatadi. Yaʼni, “Tarbiyaning har bir qismi tugʻilishdan yetti yoshgacha avval ota-ona zimmasiga tushadi. Sakkiz yoshdan yigirma yoshgacha maktab va madrasa zimmasiga, keying umrining oxirigacha odamning oʻz boshiga tushadi” [6,62]. Muallif oiladagi muhit va tarbiya farzandning keyingi kamolotida muhim rol oʻynashini, qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va qudratli boʻlishini taʼkidlaydi.
Bugun jamoat orasida yoshlarning kichik boʻlsa-da axloqiy yoki muomala madaniyati, xatti-harakatidagi nuqsonlarga koʻzimiz tushadi. “Ommaviy madaniyat” niqobi ostida butun dunyoga keng tarqalayotgan axloqiy buzuqlik, zoʻravonlik, individualizm, egotsentrizm kabi buzgʻunchi gʻoyalar targʻiboti internet orqali kuchayib bormoqda. Zamonaviy texnalogiyani cheklab boʻlmaydi, albatta. Ammo ulardan toʻgʻri maqsadlarda foydalanishni yoʻlga solish uchun, birinchi navbatda, oiladagi maʼnaiy tarbiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻysak, har bir ota-ona farzandining qiziqishlariga eʼtibor berib, ularning fikrini tinglasa, ijobiy va salbiy jihatlarni koʻrsatib, axloqiy tarbiyasiga jiddiy yondashsa, bola kamoloti ham oʻzgacha tusga kiradi. Bolaning qornini toʻq, ustini but, darsidan berilgan vazifalarini nazorat qilish, kundaligidagi baholaridan xursand boʻlish bilan cheklanmay, uning maʼnaviy tarbiyasiga ham vaqt ajratilishi shart. Bu borada Fitrat shunday yozadi: “Axloqiy tarbiya talab darajasida boʻlmasa, aqliy hamda jismoniy kuch oʻzi yoki atrofdagilar zarariga ishlaydi” [7,83]. Bolaning aqliy va jismoniy tarbiyasi habada bo‘lmasligi uchun farzandning axloqiy tarbiyasi bilan jiddiy shugʻullanish lozim. Maʼrifatparvar Abdurauf Fitrat nazarida hayotning farzandlar shaklida davom etishi, faqat oila emas, balki millatning ham kuch-qudratini, shaʼn-shavkatini bildiruvchi omil hisoblanadi.
Fitratning “Najot yoʻli” asaridagi quyidagi fikrni xulosa oʻrnida keltirsak: “Farzandining baxtsiz boʻlishini istamagan har bir ota-ona uni mustaqil hayotga qoʻyib yuborishdan oldin jismonan sogʻlom, solim fikr va chiroyli xulq bilan qurollantirib qoʻyishi kerak”. Sanab oʻtilgan jihatlar toʻkis qilinar ekan, oʻylaymizki, jamiyatda hech ham yomonlikka oʻrin qolmaydi. Buning asosini esa oiladan boshlash zarur.
Abduvali YOʻLDASHEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Foydalanilgan manba va adabiyotlar
1. Maʼrifatparvar shoir. A.Avloniy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan. Toshkent. 2003. – B. 13.
2. Xolid Said. “Jim oʻtir, juvonmarg, gapirma, haromi” // Sadoi Turkiston. 1914-yil 6-may.
3. Xolid Said. Tarbiyat iksiri azimdur // “Sadoi Fargʻona” gazetasi. 1915-yil 15-may.
4. Maʼrifatparvar shoir. A.Avloniy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan. Toshkent. 2003. – B. 12.
5. Abdurauf Fitrat. Oila yoki oilani boshqarish tartiblari. Tanlangan asarlar. 4-jild. Toshkent. 2006. – B. 262.
6. Fitrat A. Oila yoki oila boshqarish tartiblari. Masʼul muharrir D.A.Alimova. 2-nashr. Toshkent: Maʼnaviyat, 2000. – B. 62.
7. Fitrat A. Oila yoki oila boshqarish tartiblari. Masʼul muharrir D.A.Alimova. 2-nashr. Toshkent: Maʼnaviyat, 2000. – B. 83-84.