Akademik Akbar HAKIMOV bilan suhbat

– Akbar Abdullayevich, sizning ilmiy faoliyatingiz Oʻzbekiston amaliy va tasviriy sanʼatiga bagʻishlanganini bilamiz. Ayni mavzuda yozgan maqola va kitoblaringiz nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham yaxshi maʼlum. Keling, musohabani amaliy sanʼat mavzusidan boshlasak. Ushbu sanʼat oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra sanoyi nafisaning boshqa turlaridan tubdan farqlanadi: yaʼni u odam bolasining nainki maʼnaviy, balki moddiy ehtiyojlari sabab ham vujudga kelgan. Aytaylik, oʻtmishda choy qaynatish uchun choydish, qumgʻon, oftoba va yana oʻnlab ashyolardan foydalanilgan; ajabki, bularning bari hozir koʻzga surtiladigan noyob eksponat sifatida qadrlanadi. Xuddi shu fikrni gilamdoʻzlik, kashtachilik, kandakorlik, pichoqchilik, zargarlik va boshqa yoʻnalishlar borasida ham aytish mumkin. Bundan tashqari, amaliy sanʼat – iqtisodiyot degani hamdir: har bir moddiy yaratiq bozorga chiqadi, tovarga aylanib, kimningdir ehtiyojiga yaraydi. Demak, ikki qutb oʻrtasidagi bu nozik sanʼatga turfa rakurslardan qarasa boʻladi. Koʻp yillardan buyon shu sohani chuqur oʻrganayotgan olim nazdida bu sanʼatning asl mohiyati nimada koʻrinadi?

– Savolingizga javob berish uchun dastlab olis oʻtmishga nazar tashlasak. Mamlakatimizning janubiy hududlarida joylashgan Sopollitepa, Jarqoʻton singari tepaliklardan qadimgi mis davriga oid – ikki ming yilcha muqaddam yaratilgan amaliy sanʼat ashyolari topilgan. Milliy amaliy sanʼat muqaddimasi oʻsha davrlardan boshlanadi, desak xato boʻlmaydi. Umuman olganda, Oʻzbekiston sanʼati tarixida qadimgi asrlardan to bugungacha mansub boʻlgan ashyolarning qariyb 70–80 foizini amaliy sanʼat buyumlari tashkil etadi. Demak, azaldan bu sanʼat insoniyatning turmush tarzi, maishiy hayotida gʻoyat muhim oʻrin tutgan.

Toʻgʻri, amaliy sanʼat anʼanalari bizda qadimgi davrlarga borib taqaladi. Lekin badiiy hunarmandchilikning hozirgi asosiy maktablari va markazlari xonliklar zamonida shakllangan. Oʻtgan vaqt mobaynida turfa tuzumlar, ijtimoiy-madaniy evrilishlar sanʼatning bu turiga ham maʼlum tahrirlar kiritdi. Xususan, XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonda Chor Rusiyasi hukmronligi oʻrnatilgach, kundalik hayotga fabrika mahsulotlari kirib keladi. Bozorlarda chinni idishlar, turli gazlamalar paydo boʻladi; matosozlar, ustalar sunʼiy boʻyoqlardan foydalana boshlaydi, natijada, amaliy sanʼatning tabiiy jozibasiga putur yetadi.

Bundan oʻttiz yillar burun Londonga safar qilgan edim. Esimda, yuzlab galereyalar joylashgan mashhur Bond koʻchasini kezar ekanmiz, hamrohim boʻlmish ingliz olimidan “Bu yerda Markaziy Osiyoga bagʻishlangan galereya bormi?” deb soʻradim. U tasdiq ishorasini qildi va meni bir joyga boshlab bordi. U yerda sotilayotgan amaliy sanʼat asarlari xorijlik sayyohlar oʻrtasida ancha talabgir ekan. Oldi-sotdi jarayonini zimdan kuzatarkanman, bir ingliz ayoli sotuvchidan XIX asrning 70-yillariga qadar ishlatilgan Buxoro soʻzanasini qidirayotganini aytdi. Sotuvchi sakkiz ming funtli soʻzanani koʻrsatdi. Ayol savdolashib oʻtirmay shartta pulni sanadi-da, matohni olib yoʻliga ravona boʻldi. Men haligi tujjorni sekin savolga tutdim: “Nega savdolashmay olib ketdi? Chakana pul bermadi-ku, axir!” Savdogar miyigʻida kulgancha javob qildi: “Janob, bu ayol ham biz kabi sotuvchi. U mendan sakkiz mingga olgan soʻzanani asli buxorolik boʻlgan arab shayxlariga ikki barobar narxga pullaydi”. “Nega aynan XIX asrning 70-yillarigacha boʻlganini oldi?” deya soʻroqni davom ettirdim. Tujjorning javobi baayni kutganimdek boʻldi: “Chunki oʻsha davrgacha Buxoro kashtalari tabiiy boʻlgan, rus mustamlakasidan keyin sunʼiy boʻyoqlar urfga kirgan. Ovrupoliklar va arablar esa doimo asl narsalarni qadrlaydi”.

Ayon boʻladiki, oʻzbek amaliy sanʼati xonliklar zamonida mumtoz darajaga yetgan. Hatto ruslar kirib kelgach ham, to oʻtgan asrning sovet hukumati oʻrnatilgan 20-yillarigacha milliy xususiyatlar va mahalliy oʻchoqlar saqlanib qolgan. Sovet davriga kelib, xususiy mulkchilikka barham beriladi, natijada usta-yu hunarmandlar yasagan buyumlarini bozorga olib chiqish imkonidan mahrum boʻladi. Fabrikalar ishga tushadi. Shu tariqa amaliy sanʼatning milliy maktablari barham topadi. Ushbu sanʼatga berilgan navbatdagi zarba shu boʻldiki, 1961-yili mamlakatimizda biryoʻla uch idora: yengil sanoat, mahalliy sanoat va maishiy xizmat vazirliklari tashkil etiladi. Bu tashkilotlar respublika hududida qoʻl mehnati ila yaratilgan barcha ashyolarni toʻliq nazoratga oladi. Xususan, Toshkentda faoliyat koʻrsatgan Badiiy dizayn konstruktorlik byurosi degan hukmfarmo organ amaliy sanʼat buyumlarini bir xil standartga soladi; ne tongki, ijodiy individuallik va oʻziga xoslik yoʻqoladi.

Istiqlol yillarida mustabid tuzum davrida boy berilgan milliy qadriyatlar qatori amaliy sanʼatning ham mumtoz anʼanalarini tiklash, hunarmandlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga jiddiy ahamiyat qaratildi. Avvalo, sohaga iqtisodiy poydevor qoʻyildi; soʻng ijtimoiy himoyaga eʼtibor berildi, Badiiy akademiya tashkil topdi. Xususiy mulkchilikka keng yoʻl ochildi: marhamat, bozor seniki – oʻzing yasab, oʻzing sotaver! Biroq hamma zamonning ham past-balandi boʻlganidek, berilgan imkoniyatlarni suiisteʼmol qiluvchi hunarmandlar ham topildi. Azbaroyi sayyohlarga yoqish, moʻmay daromad orttirish ilinjida milliy brendni shior qilib, bachkana buyumlar yasash urchib ketdi. Amaliy sanʼatning tijoratga doʻnishi muayyan darajada badiiyat, estetik nafosatning yoʻqolishiga sabab boʻldi.

Endi savolning ikkinchi qismiga kelsak, darhaqiqat, sanʼatning bu turi ham ijodiy, ham tijoriy jabhani oʻz ichiga oladi. Bu borada sanʼat va hunarmandchilikni bir-biridan farqlash lozim: masalan, kundalik turmushda ishlatiladigan bolta, ketmon kabi ashyolar shunchaki hunarning natijasi, xolos. Lekin taom tortiladigan laganga chiroyli ishlov berib, naqsh-u nigorlar ila bezatilsa sanʼat asariga aylanadi. Roʻzgʻor uchun zarur dov-dastgohlarni yasaydigan usta-yu kosib, duradgor-u temirchilarning mehnatini kamsitish fikridan yiroqmiz. Biroq har qanday moddiy yaratiq sanʼatga aylana olmasligini tushunmogʻimiz kerak. Shu bois badiiy hunarmandchilik istilohini ishlatamiz, yaʼni hunarda badiiy did zuhur etsagina ijodiy asar sanaladi.

Hozirgi globallashuv davrida millatning oʻziga xos qiyofasini saqlab qolish, uni dunyo madaniy jamoatchiligiga koʻrsata bilishda ushbu sanʼat beqiyos oʻrin tutadi. Qolaversa, amaliy sanʼat oʻtmishdagi goʻzal qadriyatlarni kelajak avlodga bezavol yetkazadi, mamlakatning moddiy va maʼnaviy farovonligiga xizmat qiladi.

2019-yili yurtimizda ilk bor xalqaro miqyosdagi amaliy sanʼat festivali oʻtkazildi. Jahonning oʻnlab mamlakatlaridan kelgan sayyohlar, sanʼatshunoslar Oʻzbekistonda sohaning barcha turlari mumtoz anʼanalar ruhida qayta rivojlanayotgani, bu borada ham iqtisodiy, ham ijodiy poydevor qoʻyilganini qayd etishdi.

– Yaqinda “Sanʼatda gedonizm falsafasi” nomli tadqiqotingizni qiziqish bilan oʻqib chiqdim. Mazkur istiloh chinakam sanʼat asarlaridan zavqlanish, rohatlanish, tom maʼnoda goʻzallikni tuyish maʼnosini anglatar ekan. Hodisaning ikki koʻrinishini farqlagansiz: inja hissiyotlarni uygʻotuvchi etik va uning ziddi boʻlgan qoʻpol gedonizm. Sanʼatning elitaga moʻljallangan klassik janrlari – opera, balet, simfonik musiqa, teatr, mualliflik kinosidan olinajak hayrat-u hissiyotlar etik gedonizmga xos. Keyingisi sanoyi nafisaning tijoriylashuvi, bozor talablari va omma ehtiyojlariga moslashuvi bilan bogʻliq boʻlib, bu hol allaqachon kurrai zaminni ostin-ustun etayotir. Taassufki, bugungi omma turfa seriallar, kliplar, shoular, “xontaxta” filmlarga, yaʼni gedonizmning dagʻal shakliga tutqun. Foydaxoʻr tujjorlar esa insoniyatning estetik did-tamizini oʻldiradigan “asar”lar oldi-sotdisi bilan ovora. Nima ham derdik, bir yogʻi ijod erkinligi, ikkinchi tomondan bozor qonuniyati! Boz ustiga, haqiqiy sanʼat – ommaviy hodisa emas; “sanʼat – sanʼat uchun” degan koʻhna aqidada jon bor. Jamiyatda, yoppasiga boʻlmasa-da, asl sanʼatdan lazzatlanadigan, saviyasi baland insonlar ulushini koʻpaytirish uchun nima qilmoq lozim? Bu borada sanʼatshunoslarning vazifasi nimalardan iborat?

– Gedonizm atamasi qadimgi Yunonistonda paydo boʻlgan. Koʻpgina ijtimoiy-gumanitar fanlar singari sanʼatshunoslikdagi asosiy tushuncha va mezonlarning shakllanishiga ham yunon faylasuflari, xususan, Pifagor, Heraklit, Demokrit, Arastu, Suqrot va boshqalarning qarashlari katta taʼsir koʻrsatgan. “Gedonizm”ni “maishat estetikasi” deb tarjima qilsak toʻgʻri boʻladi. Kengroq sharhlaydigan boʻlsak, bani odam azal-abaddan ruhiy iztiroblar, azob-u qiynoqlardan xalos qiladigan, taskin beradigan taʼlimotlar, ilohiy kuchlarga ehtiyoj sezgan va bunda din asosiy omilga aylangan. Masalan, buddaviylik dinida “Dard haqida toʻrt buyuk haqiqat” degan tushuncha mavjud. Buddaning fikricha, botindagi azobu ogʻriqlar xohish-u hissiyotlardan tugʻiladi; odam bolasida avvalo nedir istak uygʻonadi va u shunga erishmoq uchun mashaqqat chekadi, dard yuqtiradi. Bundan forigʻlanishning yagona yoʻli – hissiyotlarni oʻldirishdir.

Haykaltaroshlikda Budda uch xil tasvirlangan: birinchisida, u tik turgan holda qoʻlini baland koʻtarib, gʻoyalarini ommaga yetkazmoqda; keyingisida oʻtirgan, yaʼni yoga pozasida namoyon boʻladi (“yoga” soʻzining lugʻaviy maʼnosi zoʻrlik, zoʻravonlik ila hissiyotlarni mahv etish demakdir); yana birida esa uni yotgan holatda koʻramiz – buni baʼzilar jonsiz vujud deb talqin qiladi, aslida hislarini oʻldirgan Budda barcha azoblardan forigʻlanib, yengil tin olmoqda. Oʻzbekistonning janubiy hududlaridan topilgan haykallarga eʼtibor qaratsak, ularning nigohi, qiyofasida ifoda koʻrinmaydi – bu, shubhasiz, Buddaning tuygʻularni yengish haqidagi falsafasiga asoslanadi. Ellinizm davri madaniyatida esa buning aksi: bu davrga mansub haykaltaroshlik asarlarida kulgi, yigʻi va boshqa holatlar aks etadi. Xususan, qah-qah urib kulayotgan masxaraboz haykali fikrimizning yorqin dalilidir.

Buddaviylikdagi falsafiy qarashlar yunon mutafakkirlari gʻoyalariga ham mos keladi. Masalan, Epikurning “ataraksiya” (“dardsiz hayot”) degan taʼlimotiga koʻra, inson chinakam sanʼat asarlaridan rohatlanib, estetik zavq tuyganida, ruhini ezayotgan qiynoqlardan qutuladi, qalbida sakinat paydo boʻladi. Yuragida goʻzallik nish urgan odamdan esa yomonlik chiqmasligi ayon.

Islom dinida ham bu kategoriya muhim oʻrin tutadi. “Olloh goʻzal va goʻzallikni sevadi” degan mashhur hadisni eslang. Gedonizm sanoyi nafisa orqali inson botini, shuurida nozik kechinmalarni uygʻotadi; goʻzallikning oliy darajasiga oshno etadi.

Bu – etik gedonizmga xos holat. Biroq qalbdan koʻra nafsi ammorani qitiqlaydigan, estetik diddan koʻra oʻtkinchi mayllar-u chuchmal tuygʻularga erk beradigan ikkinchi tur ham borki, tarozi pallasida u ogʻir kelsa, maʼnaviy-maʼrifiy muvozanat izdan chiqdi deyavering.

Mashhur aktyor Al Pachino ishtirok etgan “Chorak” filmini koʻrgandirsiz. Qariyaning huzuriga poʻrimgina nabirasi kelib, “Bobo, yigirma besh sent bering, kinoga boraman”, deydi. Chol bu pulni topish uchun mehnat qilish lozimligini aytib, nabirasiga bir talay topshiriq beradi. Bola oyogʻini qoʻliga olib, hamma aytilganlarni bajaradi va vaʼda qilingan aqchani oliboq kinoteatrga chopadi. Ammo kassir soatga ishora qilib deydi: “Soat beshdan keyin chipta narxi ellik sentga chiqqan, bu puling yetmaydi”. Bola boʻshashib-shalvirab qaytib keladi va boʻlgan gapni bobosiga aytadi. Shunda donishmand qariya (Al Pachino) bunday deydi: “Sening kinoga talpinishing istak emas, xohish natijasi edi. Odamning istagi belidan yuqorida, xohishi esa belidan pastida boʻladi”.  Gedonizmning ikki turini farqlab olish uchun ajoyib misol bu. Yuksak sanʼat qalb-u shuurga quvvat beradi; tuban tomoshalar esa, qariya aytmoqchi, beldan pastga taʼsir qiladi, xolos.

Taassufki, dunyo sahnasi tiyiqsiz mayllarga xizmat qilayotgan konsert, shou, klip kabi sanʼat niqobidagi tomoshalarga toʻlib yotibdi. Katta bir industriya pichiritqi istag-u ehtiroslarni qoʻzgʻaydigan beparda narsalarni pullayotir. Shu oʻrinda Jeyms Joysning “Ikki narsa sanʼat emas: didaktika va pornografiya” degan fikri yodga keladi. Ziyoli inson-ku haqiqiy sanʼat nimaligini biladi, omma-chi? Bir necha yil burun “xontaxta” deb ataluvchi xususiy filmlar urchib, asablarimizni egovlagan, maʼnaviyat daryolarini yetarlicha loyqalatgan edi. Ular-ku kamaydi-ya, lekin oʻrnini seriallar egalladi. Kecha tijoriy kinolardan yozgʻirib, arz-u dod qilgan boʻlsak, bugun turfa seriallar qutqusidan himoyalanish masalasi kun tartibiga chiqdi. Ijtimoiy, tarixiy mavzudagi jiddiy seriallar yaratilsa, nur ustiga nur boʻlardi. Chunki xalqimiz hozircha turk, koreys seriallarini qiziqish ila tomosha qilyapti. Achinarlisi, oʻsha millatlar tarixini oʻzimizning tarixdan yaxshiroq biladi. Biz olimlarning asosiy vazifamiz – birinchi navbatda, xalqqa buyuk oʻtmishimizni anglatishdir, chunki tarixiy xotirasiz na adabiyot, na sanʼatni targʻib qilish mumkin. Men Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi dasturi va konsepsiyasini ishlab chiqishda qatnashyapman. Islom sivilizatsiyasi deyilgan boʻlsa-da, islomgacha boʻlgan davrlar madaniy yodgorliklarini oʻrganish ham maqsad qilingan. Bu juda muhim loyiha, chunki keyingi vaqtlarda biz tariximizni ancha chegaralab qoʻydik. Yoshlarga qadim oʻtmishdan soʻzlasangiz, “Ustoz, tariximiz masjid-u madrasalar qurilgan davrdan boshlangan deb yurardik”, deyishadi hayratga tushib. Avvalo, yoshlar ongidagi ana shu boʻshliqni toʻldirish lozim.

Kamina badiiy ijod bilan ham shugʻullanaman. Yaqinda “Ipak saltanatlari” nomli tarixiy romanim nashrdan chiqdi. Kitobda Buyuk ipak yoʻli tutashtirgan Xitoy, Soʻgʻd, Vizantiya, Eftaliylar mamlakati va Turk xoqonligi bilan bogʻliq voqealar tasvirlanadi. Maqsadim – xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga naqadar boy va uzoq oʻtmish, madaniy sivilizatsiyaga ega ekanimizni anglatish...

– Adabiyot va tasviriy sanʼat ahli azaldan bir-birini qoʻllab-quvvatlagan, doʻst-u birodar tutingan. Hazrat Alisher Navoiy bu borada ham yuksak namuna koʻrsatganlar. Ulug‘ shoirning murabbiy va muqavviyligi ostida Hirot miniatyura maktabining taniqli vakillari yetishib chiqqan. Hazrat kabi himmat koʻrsatib, musavvirlarga pushtipanoh boʻlmoqqa har kim ham qodir emas-ku, ammo bugun adibning rassom, rassomning esa adib ijodiga qiziqmasligi, bu ikki sanʼat oʻrtasida tushuniksiz toʻsiq paydo boʻlganiga nima deysiz? Deylik, badiiy asar taqdimotiga moʻyqalam ustalari kelmaydi va aksincha – tasviriy sanʼat koʻrgazma-yu tadbirlarida adabiyot ahlini uchratmaysiz. Koʻzga koʻringan musavvirlarimizdan biri Shavkat Rahmonning “Aylanar koʻk osmon yoyilmasida / Bahaybat suvlarning gulduroslari” misralarini oʻqib, “Eh, tasvirning tiniqligini qarang, shunday goʻzal peyzaj ishlasa boʻladi-ya! Taassuf, biz bir-birimizning ijodimizni kuzatmay qoʻydik” deya oʻkingan edi. Domla, soʻz va rang sanʼatining ayro tushishi qanchalik fojiali?

–   Katta avlod vakillari yaxshi eslaydi, oʻtgan asrning 70–80-yillarida yozuvchi, kinochi, kompozitor va rassomlar oʻrtasidagi ijodiy aloqalar ancha mustahkam edi. Goʻzal davralar, ijodiy gurunglar boʻlardi. Bir-biridan ilhomlanib, yangi asarlar yaratishardi... Oʻsha damlarni xotirga olsam, benazir Rauf Parfi, yozuvchi va sanʼatshunos Nodir Normatovlarning nurli siymosi koʻz oldimdan oʻtadi. Nodirjon adabiyot-u tasviriy sanʼatni birdek tushunar, ikki sohani bogʻlovchi jonli robita edi goʻyo. Nazarimda, oʻshanda adabiyotda ham, sanʼatda ham jahon madaniyati bilan boʻylashish, dunyo sheʼriyati, rangtasvirining ilgʻor oqim-u tendensiyalarini oʻzlashtirish ruhi kuchli edi.

Albatta, adabiyot va tasviriy sanʼatning xos tabiati, ijodiy tutumlarini hisobga olish lozim. Ularning shakl-u shamoyili, ifoda vositalari farqli. Rassomlik asari moddiy namoyon boʻlish xossasiga ega. Boʻyoq hidi dimogʻingizga uradi, izoh-u tarjimonga ehtiyoj sezmaysiz. Moʻyqalam ahlini “markazdan chetga intiluvchilar” ham deyishadi – ular milliy zaminda turib, jahon madaniyati bilan robitaga kirishadi. Bu borada adabiyotning imkoniyati birmuncha cheklangan. Yuksak sanʼat namunasi boʻlgan adabiy asar malakali mutarjimning qoʻliga tushib, xorijiy tillarga tarjima qilinmas ekan, milliy qobiqni yorib chiqishi amrimahol. Buni oʻz tajribamda ham kuzatganman. Chingiz Ahmarov ijodiga bagʻishlangan monografiyani yozish jarayonida rassomning ruhiy olamini teranroq ochish uchun sheʼrlar ham qoraladim. Kitob rus tilida yozilayotgan edi, sheʼrlar esa oʻzbekchada quyilib keldi. Shunda “Nedur armon?” deya boshlanuvchi misrani ruschaga oʻgirish uchun koʻplab shoir-u tarjimonlarga murojaat qildim, biroq hech kimning oʻgirmasi koʻnglimga oʻtirmadi. Noiloj sheʼrni kitobga kiritmadim. Oʻzimcha oʻyladim: agar rassom boʻlganimda, armonning suratini chizardim va u hammaga birdek tushunarli boʻlardi. Ha, soʻz sanʼati ila bashar maydoniga chiqish hazilakam ish emas. Jahoniy adib Chingiz Aytmatov nafaqat asarlaridagi miqyos va koʻlam, fazoviy kenglik tufayli, balki rus tilida yozgani sababli ham dunyo darajasidagi yozuvchi sifatida eʼtirof qozongan, deb oʻylayman.

Ayni choqda, adib va rassomlar bir-birining ijodini mutlaqo kuzatmaydi desak, insofsizlik boʻlar. Masalan, musavvir Akmal Nurning koʻrgazmalari shoir-u yozuvchilar bilan gavjum oʻtadi. Sababi, uning ijodida poetik ruh, lirik ifoda, shoirona obrazlar yetakchilik qiladi. Xuddi shu fikrni Oʻzbekiston xalq rassomi Alisher Mirzo ijodiga nisbatan ham aytish mumkin. Bugun soʻz va rang sanʼati parallel rivojlanayotganiga qaramay, takror aytish ortiqcha emas: ikki soha vakillarining bir-biriga talpinishi, xayrixohligi nihoyatda sust. Buning natijasida esa ne-ne goʻzal asarlar tugʻilmay turib nobud ham boʻlayotgandir balki...  Axir, jahon adabiyotida rangtasvir asarlaridan, tasviriy sanʼatda esa adabiyotdan ilhomlanib yaratilgan oʻnlab durdonalar bor-ku!

Masalaning yechimi qanday, dersiz. Ularning boshini qovushtirish uchun qandaydir majburiy chora-tadbirlar koʻrish yoki rasmiy idoralarni ishga solish noravo. Koʻngil odamlarini bu taxlit birlashtirib boʻlmaydi. Ijod ahli fikr doirasini kengaytirmas, biqiq qarashlarini oʻzgartirmas ekan, vaziyat oʻzgarmay qolaveradi...

– “Rangtasvir adabiyotdan yuz yil ilgarilab ketdi”, deb yozadi abstraksionizmning taniqli namoyandasi Jan Dyubyuffe. Unga koʻra, “Rangtasvirda shakl boshdan-oyoq yangilanib boʻldi, adabiyotda esa bu jarayon sezilarli emas. Tasviriy sanʼat mudom shakliy yangilanish bilan uzviylikda rivojlangan”. Toʻgʻri, farang rassomi oʻz sohasiga birmuncha yon bosgandek. Shu bois bu xulosaga aksariyat shoir-u adiblar qoʻshilmasligi mumkin. Milliy va jahon tasviriy sanʼati tarixi, zamonaviy jarayonlarini puxta biladigan olim oʻlaroq bu masalaga munosabatingiz qanday? Tasviriy sanʼat adabiyotdan shu qadar ildamlab ketgani rostmi?

– Bu savolga javob berish uchun ham qadimgi Yunonistonga qaytishga toʻgʻri keladi. Arastuning “mimesis” – “tabiatga taqlid” nazariyasi XX asrning boshlariga qadar jahon sanʼatida hukmronlik qildi. Ijodkor tabiatdagi bor narsani yaratadi, istaydimi-yoʻqmi, unga taqlid qiladi, degan qarash ustuvor edi. Arastuning sigir haqidagi mashhur misolini eslaylik: bu jonivor uzunligi 200 stadiya (4 kilometr) boʻlishi mumkin emas, sanʼatda bor hodisani boricha tasvirlash kerak – bu fikr realizmning ibtidosi boʻlib, turli davrlarda bunga qarshi chiquvchilar topilsa-da, sanoyi nafisaning mohiyati shunday tasavvur qilindi.

XX asr boshida Yevropa ilmiy va badiiy tafakkurida inqilobiy oʻzgarishlar sodir boʻladi. Buning oʻziga xos sabablari bor edi: ilk jahon urushining boshlanishi, atomning parchalanishi...  XIX asr oxirigacha Gʻarb musavvirlari atomni boʻlinmas zarra deb hisoblagan. Yangi asr boshida bu qarash oʻz kuchini yoʻqotgach, rangtasvirda shiddatli “sakrash” kuzatildi: Pablo Pikasso, Salvador Dali, Jorj Brak kabi rassomlar ijodi tasviriy sanʼatda tub yangilanish yasadi. Atomning parchalanishi – borliq, dunyoning parchalanishiga oʻxshardi. Demak, birbutun, yaxlit hodisa yoʻq, hamma narsa vaqti kelib yemirilishga mahkum. Natijada, “parchalangan ong” degan qarash vujudga keladi. Bu, taʼkidlaganimizdek, tasviriy sanʼatning shakl borasida ancha ildamlab ketishiga sabab boʻladi. Jan Dyubyuffe ham boyagi fikrlarni, ehtimol, shu nuqtayi nazarga tayanib aytgandir.

Shundan buyon rangtasvir shakliy yangilanishdan toʻxtagani yoʻq. Chunki insoniyat fikratida parchalanish jarayoni davom etmoqda. Atrof-javonibdagi talotumlar, qirgʻin-u muhorabalar, balo-yu ofatlar tufayli bani odamning birdamlik, yaxlitlik haqidagi qarashlari, estetik ideallari tanazzulga uchramoqda. Hozir koʻp insonlarning oʻy-xayollari tarqoq, assotsiativ fikrlash yoʻqolib boryapti. Psixologiyada geshtalt degan tushuncha bor, bu – shuurimizdagi narsalarni yaxlit obraz sifatida tasavvur qilish koʻnikmasini anglatadi. Masalan, men sizga “sabzi, piyoz, guruch, yog‘” desam, osh nazarda tutilayotganini darhol fahmlaysiz. Demak, siz olmoncha ibora ila aytganda, geshtaltni yopa oldingiz. Kimdadir bu xususiyat yoʻq.  Aytmoqchimanki, fikr, ongdagi evrilishlar zamonaviy jahon rangtasvirining ilgʻor harakatini yuzaga keltirmoqda. Balki shu jihati sabab adabiyot bilan poygada gʻolib chiqayotgandir.

Barcha sanʼatlarning mohiyatida mazmun turadi, adabiyot va tasviriy sanʼatning “kurash”i esa shaklga asoslanadi. Bu borada turfa xil qarashlar mavjud. Xususan, Yevropa va Rossiya postmodernizm sanʼati shaklni inkor etadi, ular uchun gʻoya birlamchi. Zamonaviy oʻzbek musavvirlari Bobur Ismoilov, Jamol Usmonov, Murod Qoraboyevlar garchi Sharq postmodernizmi anʼanalaridan ilhomlanib ijod qilayotgan boʻlsa-da, badiiy shakldan voz kechmaydi. Demak, shakl ham milliy mentalitet, xarakter bilan bogʻliq ekan. Fikrimcha, sanʼat turlari oʻrtasida bunday raqobatning boʻlishi tabiiy hol. Bir sanʼat muayyan zamonda boshqasidan oʻzib ketsa, bundan fojia yasamaslik kerak.

– Bilamizki, ahli ilm tabiatan ogʻirkarvon, vazmin keladi, behuda piar-u olashovurlardan qochadi – aslida shunday boʻlgani maʼqul. Zotan, olimning rutbasi ana shu jiddiyatida ham aks etadi. Olomonning uzundan-uzoq mantiqsiz vaysashi bitta fozilning sukutiga teng kelmaydi. Biroq shunday zamon yetdiki, indamay turish – oqillik emas, qoʻrqoqlik sanala boshladi. Ijtimoiy tarmoq degich hodisa hammani minbarga chiqardi. Qoʻyib bersangiz, oʻz sohangizdan “dars” oʻtishadi sizga; kezi kelganda “Falonchi olim nega munosabat bildirmayapti?” deya ayyuhannos solishadi...

– Bugun aksariyat yoshlar dunyoqarashi, ongi ijtimoiy tarmoqlar taʼsirida shakllanayotgani haqiqat. Achinarlisi, tuzukroq kitob oʻqimay, oʻsha saytlardagi uzuq-yuluq, tagi puch maʼlumotlarni ilm deb qabul qilayotganlar koʻpayib ketdi. Inchunin, sanʼat sohasida ham. Lekin bilasizki, tarmoqda asosan teatr, kino, televideniye singari ommabop sanʼatlar tegrasida fikr bildiriladi, chunki bunga hammaning “tishi oʻtadi”.  Ilmiy kengashlar, dissertatsiya himoyalarida ham kuzatgansiz: sahna yo ekran bilan bogʻliq tadqiqotlar boʻlsa, zal toʻlib ketadi, savollar yogʻiladi, munozaratalab mardum koʻpayadi. Sanʼat tarixi, Ilk va Oʻrta asrlar, temuriylar davri madaniyati yoinki simfoniya, opera, maqom sanʼati bilan bogʻliq murakkab mavzular boʻlsa-chi? Hamma mum tishlab oladi, aqli yetmagan narsaga aralashib, muztar boʻlib qolishdan qoʻrqadi. Demak, bu masalada oʻziga xos iyerarxiya bor.

Kamina xalqqa fikr yetkazishning muhim minbari – televideniyeda faolman. Biror koʻrsatuvga taklif qilishsa, bajonidil rozi boʻlaman, fikrlarimga ehtiyoj borligidan quvonaman. Tarmoqlarga juda xayrixoh boʻlmasam-da, bir jihat koʻngilga taskin beradi: yoshlarning sanʼat haqida fikr bildirayotgani, unga befarq emasligi baribir yaxshi. Mayli, xato boʻlsin; mayli, zaif, bahsli boʻlsin; harqalay, goʻzallik, nafosat dunyosi atrofidagi munozaralar nekbinroq xulosaga undaydi. Eng yomoni – sanʼatga loqaydlik. Jamiyatda badiiy did, estetik tafakkur haminqadar boʻlsa, millat hech qachon yuksalmaydi. Sanʼat barcha zamonlarda inson maʼnaviyati uchun zarur vosita boʻlib kelgan... Darvoqe, Aflotun “Rassomlar, sanʼatkorlarni mamlakatdan haydash kerak, ular absolyut haqiqatni yaratmayapti”, deya maydonga chiqqan, ammo bu daʼvatga hech kim ergashmagan. Aniqki, sanʼatsiz odam bolasi hayvonga aylanadi. Nafis sanʼat odam bolasini ezgu gʻoyalar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalabgina qolmay, balki kutilayotgan fojialar, ulkan mahrumiyatlardan ogoh ham etadi. Pablo Pikassoning “Gernika” asari insoniyatga ogohlik qoʻngʻirogʻi edi. Kamoliddin Behzod ham oʻz asarlarida devlar, iblislarga koʻp murojaat qiladi va ommani nafs qutqusiga qarshi sergak turmoqqa chaqiradi. Ayon boʻladiki, sanʼatning zimmasida gʻoyat zalvorli vazifalar bor. Shunday ekan, olamga qiziqish bildirayotgan, baland-past mulohazalar aytayotgan yoshlarni malomat qilmaganimiz maʼqul.

– Olimning til bilmogʻi – koni fazilat. Ayniqsa, mahalliy qobiqni yorib, jahon ilm-fani bilan boʻylashmoq uchun xorijiy tillarni puxta bilish gʻoyat zarur. Biroq bu – ona tilingga bepisand boʻl, degani emas. Ona tilini yaxshi bilgan odam dunyo lisonlarini ham puxta oʻzlashtirishi sinovdan oʻtgan haqiqat. Keyingi yillarda davlat tili masalasi kun tartibidan tushmadi. Qonun loyihasi tayyorlanib, hamon muhokama etilayotganidan xabaringiz bor. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyat koʻrsatayotgani, targʻibot ishlari olib borilayotgani eʼtiborga molik. Hukumat darajasidagi ishlar, shaksiz, natija berar. Ammo til masalasi umummilliy harakatga aylanib, har bir fuqaro bu ishga oʻzini daxldor sanamagunicha, arz-u dod qilmoqda davom etaveramiz, chogʻi. Domla, ona tilimizning maqom-u martabasini oshirish, jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash uchun yana qanday saʼy-harakatlar qilmoq lozim, sizningcha?

– Yaqinda Abu Ali ibn Sinoning bir risolasini varaqlay turib, allomaning tirnoq haqidagi qiziq fikriga duch keldim. Unga koʻra, tirnoqning toʻrtta vazifasi bor: 1) barmoqlarni siqqanda kuch, muvozanatni saqlab turish; 2) yerdagi mayda-chuyda narsalarni olish; 3) yuz yoki tananing boshqa qismlarini qashish; 4) qurol. Alloma shu toʻrt funksiyani sanaydi-da, quyidagi xulosaga keladi: tirnoqning dastlabki uch vazifasi insonga, toʻrtinchisi esa hayvonga xosdir. Bu misolni keltirishdan maqsad shuki, biz baʼzida tarixdan qurol sifatida foydalanishga odatlanganmiz. Yon-atrofdagi qoʻshnilardan oʻtmishimiz buyuk, qadimiy, millat oʻlaroq boshqalardan erta oyoqqa turganmiz, jahon tamaddunidagi oʻrnimiz katta degan va hokazo daʼvolar ila koʻkrak keramiz. Vaholanki, oʻzbekning tarixiy ildizlari yaxshi maʼlum, bu borada bahsga hojat yoʻq. Til ham xuddi shunday hodisa. Ona tilimizning buyukligi, qudratiga hech qanday shubha boʻlishi mumkin emas. Bu tilni oʻzicha mensimay, haqir koʻrguvchilarga birgina hazrat Navoiyning ijodi kifoya qiladi.

Til shundayin nozik, qalb-ruhiyat bilan bogʻliq maʼnaviy hodisaki, uni koʻr-koʻrona targʻib qilish, majburlab sevdirish mumkin emas. Qoʻshni mamlakatda til patrullari paydo boʻlib, mahalliy tilni bilmagan odamlarni yoqasidan tutib, urib-kaltaklaganini qaysi aql yo mantiq bilan oqlab boʻladi? Bu – tilni himoya qilish emas, shunchaki – milliy gʻurur niqobida millatni mahdudlik botqogʻiga itqitish, Ibn Sino aytmoqchi, tirnoqni hayvonga xos tarzda ishlatishdir.

Pandemiya kunlari bir dissertatsiya himoyasida masofaviy shaklda ishtirok etdim. Ish rus tilida yozilgan, OAK ham himoyaning rus tilida oʻtkazilishiga ruxsat bergan. Tadqiqotchi soʻzini yakunlab, munozara qismiga oʻtilgach, kuzatuvchilardan birining “millatparast”ligi tutib qoldi: oʻzbekcha savol berilsin, deya oʻshqira ketdi. Virtual jarayon emasmi, quloqlar shangʻillab, shoʻrlik dissertant ham talmovsirab qoldi. Xoʻsh, shu yoʻl bilan tilimizning obroʻsini necha gaz oʻstira oldik? Oʻzbek tilini astoydil oʻrganishga intilayotgan rus millatiga mansub tanishlarim bor. Toʻgʻri, mutlaqo boshqa oilaga mansub tilni oʻzlashtirish oson emas, baʼzi soʻzlarni talaffuz qilolmay qiynalishadi. Shunda ustidan kulish oʻrniga yordam berib, qoʻllab-quvvatlasak, tilimiz rivoji, targʻibi uchun amaliy ish qilgan boʻlmaymizmi? Takror aytaman, shu zaminda yashovchi har bir fuqaro oʻzbek tilini hurmat qilishi shart. Ammo buni izchillik bilan, doʻstona ruhda amalga oshirish kerakki, hech bir millat ozor chekmasin.

– Uygʻonish (Renessans) davrlarida ilm-u fan, adabiyot-u sanʼat favqulodda taraqqiy etgani, oʻsha asrlar bani odam tafakkurining eng yuksak choʻqqisi boʻlib qolayotgani sir emas. Xossatan, bizda Xorazmi-yu Beruniylar asos solgan birinchi, Temur va temuriylar madaniyati bilan bogʻliq ikkinchi Renessans ne-ne buyuk kashfiyotlarni maydonga qoʻydi. Ikki yil burun davlatimiz rahbari yaxshi niyat ila Uchinchi Renessans gʻoyasini ilgari surdi. Bu tashabbus voqelikka aylanib, jamiyat hayotining barcha sohalari Uygʻonish fasliga yuz bursa, jahon ayvonida bizdan baxtli millat boʻlmaydi, albatta. Bu ezgu gʻoyani roʻyobga chiqarishda zamonaviy sanʼatning oʻrni qanday boʻlmogʻi kerak?

– Maʼlumki, “renessans” soʻzi “qaytish, qayta tiklash” maʼnolarini anglatadi. Agar Gʻarb Uygʻonish davriga nazar tashlasak, asosiy maqsad – antik madaniyatning mumtoz anʼanalari, estetikasini qayta tiklash boʻlganini koʻramiz. Ushbu atamani “gullab-yashnash, taraqqiy etish” sifatida ham istifoda etsa boʻladi. Zotan, bashariyat badiiy tafakkuri, ilm-u ijodi Magʻrib-u Mashriq Renessansida birdek yuksaklikka erishganini takrorlashga hojat yoʻq. Shuningdek, baʼzi soha mutaxassislari oʻz yoʻnalishlarida muayyan Renessanslar sodir boʻlganini yozishadi. Masalan, meʼmorchilikda bu hodisa oʻn bir bor kuzatilgan degan xulosa bor. Davlat rahbari nazarda tutayotgan Uchinchi Renessans esa universal tushuncha, uni biror soha bilan bogʻlab talqin etish notoʻgʻri, nazarimda. Bu uygʻonish, taraqqiyot hamma sohalar – siyosat, iqtisodiyot, adabiyot, sanʼat, fan, taʼlim, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, sud-huquq tizimi, madaniyat va boshqa jabhalarda yuz bermogʻi lozim, ana shunda koʻzlangan marraga erishiladi. Prezidentimiz yana bir jihatga eʼtibor qaratdi: Uchinchi Renessans – maqsad emas, vosita; biz barpo etishni orzu qilayotgan mamlakat sari olib boruvchi vosita. Renessans – ulugʻvor hodisa, huda-behuda soʻzlar, balandparvoz vaʼdalar ila uning qadrini tushirib qoʻymasligimiz kerak. Uni real hodisaga aylantirish uchun har birimiz oʻz sohamizda yeng shimarib, jidd-u jahd ila mehnat qilsak kifoya.

Amaliy sanʼat misolida oladigan boʻlsak, bu sohada koʻhna qadriyat-u anʼanalarni tiklash bosqichi davom etmoqda. Endi yangi tamoyillar, ijodiy izlanishlarga kirishib, oʻzbek badiiy hunarmandchiligini dunyo brendi darajasiga olib chiqish darkor. Tasviriy sanʼatga kelsak, afsuski, zamonaviy oʻzbek rangtasvirida turgʻunlik kayfiyati kuchaygan. Uchinchi Renessansning talab-u mezonlariga javob berish uchun bu sohada ham jiddiy ijodiy islohotlar qilinishi, favqulodda sanʼat asarlari yaratilishi lozim. Muxtasar aytganda, Uygʻonish davriga yana bir karra guvoh boʻlmoq uchun bajarilajak vazifalar bisyor. Shunisi ayonki, ezgu niyatlar, ulugʻvor maqsadlarning roʻyoga yoki roʻyobga aylanish-aylanmasligi oʻzimizga bogʻliq.

Shohrux ABDURASULOV suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Chin sanʼatni izlab” suhbati