27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Bayram sanasi barchaga maʼlum, ammo uning tarixini hamma ham yaxshi bilavermaydi.
XIX asr oxirida Turkistonda yuzaga kelgan siyosiy vaziyat, turgʻunlik, mazlum xalq qalbidagi isyonlar, hurlikka boʻlgan intilishlar yangi bir davrni boshlab berdi. Asrlar davomida ezgin hayot sharoitida ezilib kelgan xalq inqilobdan keyin har qanday zulm kishanlarini parchalab, yangi hayot qurish mumkin ekaniga ishonch hosil qildi. Munavvarqori Abdurashidxonov “...ezilgan millatning haqiqiy dushmani jaholatdir. Bir millat jaholatdan qutulmaguncha oyogʻlar ostindan turolmas”, degan achchiq haqiqatni aytdi. Abdulhamid Choʻlpon “Millatni uygʻotish –uygʻonganlarning vazifasidir”, deya burch koʻproq jadidlar zimmasida ekanini taʼkidladi.
Milliy uygʻonish – jadidchilik ijtimoiy, siyosiy, maʼrifiy harakat sifatida ana shunday bir vaziyatga hamohang tarzda vujudga keldi. XX asr boshida millatni uygʻotish, haq-huquqlarini tanitish orqali hurlik gʻoyalarini targʻib etish, asriy zulmatdan xalos etishda yangicha fikrlarini Abdulla Qodiriy tili bilan aytganda “turlik yoʻsunda” yetkazishni koʻzladilar. Uygʻotishning asosiy vositasi etib maktab, teatr, adabiyot va matbuotni belgiladi. Jadidlarning soʻzda, fikrda, ishda birlik gʻoyasi va maqsadda sobitlik tamoyili ayni shu davrda yuzaga kelgan edi.
1906-yil 27-iyunda oʻzbek milliy matbuotining ilk namunasi “Taraqqiy” gazetasi dunyo yuzini koʻrdi. Tahririyatning maqsadi millatni taraqqiyotga olib chiqish edi. Bu haqda ilk sonda shunday taʼkidlanadi: “Gazetamiz “Taraqqiy” nominda oʻlub, bora-bora jismi ham ismiga muvofiq oʻlub, millatimizni “keyin” bormogʻiga aslo rozi emasdurmiz. Baqadri imkon millati islomni oliy darajada oʻlmogʻiga va millati islomdagi tijorat, kasb va korning ortmogʻiga yoʻl izlab ijtihod qilur”. Muharrir va noshiri Ismoil Obidiy tatar boʻlib, gazetani chop etishda jadidlarning maʼnaviy otasi hisoblangan Ismoil Gaspirali va uning “Tarjimon” gazetasi ish tajribasiga tayangan. Ilk son Ismoil Gaspiraliga ham yetkazilgan. Tahririyat oʻsha vaqtda Toshkent shahar, Oʻratepa koʻchasi 97-uyda joylashgan. Obunasi bir yilliga 5 soʻm, olti oyligi 2 soʻm 50 tiyin, 3 oyligi 1 soʻm 50 tiyin, bir oyligi 50 tiyin boʻlib, donasi 5 tiyindan sotilgan. Oʻsha paytda ham gazeta chop etishdagi eng katta muammo mablag‘ edi. Natijada gazetada turli eʼlonlar ham bosilgan: birinchi sahifada joylashtirilsa 40 tiyin, oxirgisida 20 tiyindan hisoblangan. Gazetaning shiori: “Najot: maslakda sabot; toʻgʻrilikda ijobat” boʻlib, “ilmiy, adabiy, siyosiy, faniy, tijoriy gazeta” hisoblangan. Gazetada bosilgan maqola va xabarlarning asosiy mazmuni jaholatga botgan Turkiston uchun suv va havodek zarur – milliy uygʻonish, ilgʻor gʻoyalarni targʻib etish, mustamlakachi hokimiyat tomonidan mahalliy aholining kamsitilishi oqibatlarini koʻrsatish va Turkistonni taraqqiyotga boshlash yoʻllaridan iborat edi.
“Taraqqiy” gazetasi haqida maʼrifatparvar Abdulla Avloniy shunday yozgan: “Bu gazeta elning sevib oʻqiy turgʻan bir gazetasi boʻla oldi. Bu gazeta oʻsha zamon musulmon gazetalari ichida eng soʻli boʻlib, hukumatga va uning maʼmuriyatiga qarshi oʻt ochdi. Bu gazeta yerli yosh yozuvchilargʻa sahifalaridan keng oʻrin berdi”. Afsuski, bunday fidoyilik, vatanparvarlik oʻsha davr “senzor”lariga yoqmasdi. Natijada gazetaning 20-soni chiqqach, hukumat tomonidan “mahalliy aholini revolyutsion harakatga qatnashishga daʼvat etuvchi maqolalar chop etgani uchun” ayblovi bilan toʻxtatib qoʻyiladi. Kamiga, muharrir Ismoil Obidiyga jarima solinib, oʻlkadan chiqarib yuborishga qaror qilinadi. Ilk gazetaning taqdiri shu tarzda yakun topadi.
Oradan koʻp oʻtmay, 1906-yil 6-sentyabrdan jadidlarning yangi bir nashri – “Xurshid” tashkil etildi. Gazeta haftada bir marta, toshbosma, litografiya usulida chop etilgan. Muharriri “Toshkent jadidlari yetakchisi” Munavvar qori Abdurashidxonov edi. “Xurshid” gazetasi ham “Taraqqiy” kabi millat va yurt manfaatini himoya qilishni, uni taraqqiyotga olib chiqishni maqsad qilgan. Tahririyat xodimlari “hech partiyaga mansub emasmiz, milliy betaraf, toʻgʻri – haqqoniyatchimiz” degan shiorga amal qilgan. “Felyeton”, “Axbori doxiliya”, “Axbori xorijiya” ruknlari ostida kundalik muammolar, siyosiy ahvol, xalqaro vaziyat, milliy turmush masalalari haqida maʼlumot berib borgan. Ismoil Gaspirali rahbarligidagi “Tarjimon” gazetasi jamoasi Turkistondagi bunday maʼnaviy yuksalishni eʼtirof etib, “Oʻrta Osiyoliklar tushunadigan mahalliy shevada boʻlishi bilan birga ochiq turkcha tilda chiqqani”ni yuksak baholaydi. Darhaqiqat, gazetaning maqsadi moliyaviy foyda emas, balki millatni uygʻotishdan iborat edi. Ammo gazetaning 10 ta soni chiqqach, 1906-yilning 16-noyabrida hukumatga qarshi maqolalar chop etganlikda ayblanib, faoliyati toʻxtatilgan.
Oradan salkam 1 yil oʻtgach, 1907-yilning 21-avgustidan boshlab “Tujjor” nomli haftanoma chiqa boshladi. Tahririyat ilk sonida eʼlon qilingan “Matbuot olami” (“Tujjor” gazetasining taʼsis sababi) maqolasida oʻz maqsadlarini sodda tilda oʻquvchilarga bayon qiladi. Unda taʼsischi Saidkarim Saidazimboyev: “Tujjor” yolgʻiz men uchun boʻlmay, balki jami dindorlarimning oʻz huquq, milliy va moliyalarini talab qilmoqliklari uchun buyuk bir advokatdir. “Taraqqiy” va “Xurshid”lar kabi “Tujjor”ni ham hukumat toʻxtatur, deb hech bir xavf etmasin. Chunki “Tujjor”ning siyosiy va maishiy maslagi hukumatga xilof va qarshi emasdur”, deb yozadi. Afsuski, ushbu gazeta mushtariylari yoʻqligi uchun 36 ta son chiqqanidan keyin toʻxtagan.
Xalqning maʼnaviy ehtiyoji, jamiyatda yuz berayotgan voqealar, ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarni bilish uchun gazeta yoki jurnal zarur edi. Buni chuqur anglagan jadidlar 1907-yilning 1-dekabridan Abdulla Avloniy muharrirligida “Shuhrat” gazetasini chiqara boshlaydi. Gazeta haftada ikki marta nashr etilib, sahifalarida xurofotga qarshi kurash, zamona talabiga javob beradigan kadrlar tayyorlash kerakligi targʻib qilingan. Gazetaning birinchi sonida “Xurshid” gazetasi muharriri Munavvar qori Abdurashidxonovning maqolasi ham bosilgan. Unda “Xurshid” gazetasi yopilganidan keyin yuz bergan ayrim voqea-hodisalarning tafsilotlari haqida soʻz yuritilib, har qanday katta muammolar va bosimlarga qaramasdan jadid maʼrifatparvarlari oʻz maslagidan chekinmagani ochiq-oydin koʻrsatib berilgan. Gazetada Mahmudxoʻja Behbudiy, Tursunxoʻja Hamidxoʻja, Miskin kabi taraqqiyparvarlar ham ishtirok etib, xalqni maʼrifatga undovchi maqolalar eʼlon qilingan. Shunga qaramay gazetaning mushtariylari kam edi – dastlab 1000, keyinchalik 300 nusxada haftada bir marta chop etilgan. Afsuski, gazeta 1908-yil 14-fevralgacha, jami ikki yarim oygina faoliyat yuritgan.
Oradan ikki oy oʻtib, 1908-yilning 9-aprelidan Ahmadjon Bektemirov muharrirligida “Osiyo” gazetasi nashr etila boshlaydi. Unda maorif sohasidagi islohotlar, dunyoviy ilmlarni oʻrganish zarurligi, maʼnaviy va iqtisodiy masala-muammolar toʻgʻrisida yozilgan maqolalar hamda sheʼriyatga keng oʻrin ajratiladi. Abdurashid Ibrohimov, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy va boshqa jadidlarining maqolalari eʼlon qilingan. Taassufki, gazetaning 5 ta soni chiqqach, “zararli yoʻnalish”da degan ayblov bilan yopilgan.
Milliy matbuotimizning ilk qaldirgʻochlari, gazetchilikning maqsad-muddaolarini koʻrsatib, mualliflar burchini anglata olgan ushbu nashrlarning umri juda qisqa boʻldi. Buning sababi moddiy va maʼnaviy jihatdan taʼminlanmaganida edi. Maʼrifatparvar Abdurauf Muzaffarzoda keyinchalik “Sadoi Turkiston” gazetasining 1914-yil 44-sonida bu haqda shunday xotirlagan edi: “Boylarimiz himoya va yordam etmadilar, muharrirlar yozmadilar, xalq oʻqimadi. Ul vaqtlarda milliy jaridalarimiz butun Turkiston shaharlariga bir ming miqdorda tarqalur edi...” (Afsuski, 100 yil oldin koʻtarilgan masala bugun ham dolzarb) Oqibatda xalq bir necha yil matbuotsiz yashadi. Ammo jadidlar bu holga koʻnikolmasdi.
Oradan 5 yil oʻtib, 1913-yilning 16-aprelida jadidlaring Samarqanddagi dastlabki gazetasi – “Samarqand” chiqa boshladi. Muharriri jadidlar rahnamosi Mahmudxoʻja Behbudiy edi. Gazeta uchta tilda chop etilgan. Behbudiy oʻzining “Na uchun iltifot etmaydurlar” maqolasida gazetaning maqsadi haqida yozarkan: “Samarqand” jaridasi oʻzbek, forsiy, rus tillarida va Turkistonning oʻrta shevasida taʼsis etilib edi. Mundan maqsad shul ediki, Rusiya kulturi, ilmi, hunari va sanoatiga oshina boʻlishlarida ojizona tashviq etmoqdin iboratdir. Maktab boʻlsun, madrasa boʻlsun, isloh va taraqqiyotga yordam uchun xalqni daʼvat qilmoq edi”, deydi.
“Samarqand” gazetasi haftada 2 marta, dastlab 2, keyinchalik 4 sahifadan 600–800 nusxada chop etilgan. Saidrizo Alizoda, Hoji Muin, Siddiqiy Ajziy, Akobir Shomansur, Tavallo singari maʼrifatparvarlar asosiy mualliflar boʻlishgan. Xabar va maqolalar yuborishda ziyolilarning sustligi sababli materiallarning aksariyatini Behbudiyning oʻzi yozishga majbur boʻlgan. Gazetaning iqtisoiy ahvoli ham havas qilarlik emas edi. Buning oldini olish maqsadida reklamalar berilgan, ammo oʻquvchilarning kamligi, moliyaviy muammolar sabab 45 ta soni chiqqach 1000 soʻm zarar bilan yopilgan. Obunachilarga “Oyina” jurnali yetkazib berilgan.
1913-yilning 12-dekabrida Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayevga “Sadoi Turkiston” gazetasini chop etishga ruxsat beriladi, ammo moliyaviy muammolar sabab gazeta kechikib, 1914-yilning 1-aprelidan Toshkentda chiqa boshlaydi. Gazeta yangiliklarga urgʻu berib, jamiyatdagi eskirgan urf-odatlarni, illatlarni qattiq tanqid eta olgani uchun samimiy qarshi olingan. Unda Abdulla Avloniy, Tavallo, Saidnosir Mirjalilov, Hamza, Xolid Said, Choʻlpon, Lutfulla Olimiy, Saidahmad Vasliy, Hoji Muin, Abdurauf Muzaffarzoda kabi yetuk maʼrifatparvarlar dolzarb mavzudagi maqolalari, sheʼr va hikoyalari bilan muntazam qatnashib turgan. Ammo ushbu nashr ham moliyaviy tanazzulda edi. Dastlab kundalik gazeta hisoblangan “Sadoi Turkiston” tez fursatda haftada bir marta chiqishga majbur boʻlgan. Oxir-oqibat, 1915-yilning 10-aprelida mablag‘ yetishmasligi sababli 66-sonidan soʻng toʻxtatilgan.
1914-yil 3-aprelda “Sadoi Fargʻona” gazetasi tashkil etildi. Obidjon Mahmudov (Obid chatoq) muharrirligidagi gazeta haftada 3 marta 500-600 nusxada chop etilgan. Ammo u ham 1915-yilning 26-apreligacha, atigi 1 yilgina faoliyat koʻrsatgan. (Bundan tashqari, “Buxoroi sharif” va “Turon” gazetalari, “Oyina” (1913-yil 20-avgustdan 1915-yilgacha, jami 68 ta son), “Al-isloh” (1914-yil 14-yanvardan 1918-yil 15-martgacha, jami 77 ta son) jurnallari ham bir muddat faoliyat yuritgan.)
Ilk gazetalarning faoliyati qisqaligi “Туркестанские ведомости” gazetasining 1916-yil 36-sonida shunday izohlangan: “Ularning bir qismi davrning qarashlariga toʻgʻri kelmaganligi uchun hukumat tomonidan, lekin aksariyat qismi mushtariylar yoʻqligidan oʻz-oʻzidan faoliyatini toʻxtatgan”. Ammo xolis xulosa qiladigan boʻlsak, gazetalar haq soʻzni ayta olgani va bu jonsoʻzlar mustabid tuzum rahnamolarining maqsadlarini aytib qoʻyayotgani uchun toʻxtatilgan... Bu holat haqida Abdurauf Muzaffarzoda “Sadoi Turkiston” gazetasining 1914-yil 44-sonida eʼlon qilingan “Bizda ziyolilar va milliy matbuot” maqolasida “Taraqqiy”dan soʻng yopilgan jaridalar yigʻilsa, juda katta “jarida mozori” hosil boʻlishi mumkin edi”, deydi. Garchi bu ramziy maʼnodagi gap boʻlsa-da, Turkiston matbuotiga va uning ojiz ahvoliga berilgan baho achchiq haqiqat edi.
Xoliyor SAFAROV