Muzeylarda yoki internetda mashhur sanʼat asarlarini soatlab kuzatayotganlarni koʻrib qolamiz. Qanday qilib, deylik, “Yigʻlayotgan ayol” yoki “Bir kosa shoʻrva”ni soatlab tomosha qilish mumkin va bu rasmlar yuz minglab odamlarni hayratga soladi? Baʼzilar soatlab surat qarshisida jim turadi, koʻziga yosh oladi; baʼzilar esa shunchaki “bu nimasi bilan buyuk?” degan savolni oʻziga berib koʻradi. Sanʼat goʻyoki hammaga bir xil koʻrinadi, lekin har kim unda oʻzini koʻradi yoki yoʻqotadi.

Maqolada dunyo boʻylab eng mashhur deb topilgan 8 ta suratga kichik sayohat uyushtiramiz. Har birining ortida qanday voqea, ruhiy iztirob yoki davr hayqirigʻi yotganini ochishga harakat qilamiz. Bu rasmlar faqat chiroyli boʻyoqlar va musavvirlik qobiliyati emas, balki zamonlarning ovozi, inson ruhining jim hayqirigʻidir. Ularni tushunish uchun rassom koʻrgan, ammo biz ilgʻamaydigan detallarni koʻrib chiqish kerak boʻladi. Shunda biz ham surat qarshisida uzoq turib qolgan odamlarni tushuna boshlarmiz.

1. Mona Liza (La Gioconda) – Leonardo da Vinchi (1503–1519)

 

Bu ayolning tabassumi 500 yildan beri odamlarni rom etib keladi. Oddiy portretdek tuyuladi, lekin har qayerdan qarasangiz ham, u sizga qarab jilmayayotgandek koʻrinadi. Bu taʼsir Leonardo da Vinchining maxsus texnikasi – sfumato, yaʼni ranglar orasidagi oʻtishlarni tutunday nozik qilish usuli bilan erishilgan. Natijada, ayol yuzi ham sokin, ham sirli koʻrinadi. Uning yuzida yengil tabassum bordek, koʻzlari esa butunlay boshqa tuygʻularni aytadi – bu tomoshabinni oʻz his-tuygʻulariga yuzlantiradi.

Lekin eng qiziq fakt shundaki, mazkur rasm ilk bor mashhurlikka erishishiga sanʼat ahli emas, jinoyatchi sababchi boʻlgan. 1911-yilda Luvr muzeyining sobiq qorovuli rasmni oʻgʻirlab ketgan, natijada butun dunyo ommaviy axborot vositalari “sirli tabassum” haqida yozib chiqdi. Millionlab odamlar ilk bor Mona Lizani aynan yoʻqolgach tanidi. Shundan soʻng portret shunchaki rasm emas, balki butun insoniyat ruhiyati va qadriyatlarining timsoliga aylandi. Mona Liza endi bir ayol surati ema, bir savol, bir sir va bizga oʻxshagan bir insonga aylandi.

2. “Yulduzli tun” (The Starry Night) – Vinsent van Gog (1889)