2021-yilda bir qancha davlat hukumatlari va maxsus xizmatlari Isroilning NSO Group kompaniyasiga tegishli dasturiy taʼminot orqali mamlakatdagi huquq himoyachilari va jurnalistlarni kuzatgani maʼlum boʻldi. Oʻshanda isroilliklar yaratgan Pegasus dasturi smartfonlarga sezdirmasdan “kirib”, ulardan xabar, fotosurat va elektron pochta xabarlarini oʻgʻrilash, qoʻngʻiroqlarni yozib olish va mikrofon hamda kameralarni yashirincha faollashtirishga imkon berishi aytilgan edi.

Pegasus dasturi oʻzi nima?

Pegasus – bu Isroilning NSO Group kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy taʼminot boʻlib, uni Android va iOS operatsion tizimlariga ega telefonlarga oʻrnatish mumkin. Dastur smartfonga “kirib olishi” uchun foydalanuvchi oldindan tayyorlab qoʻyilgan havolani bir marta bosishi yetarli. Pegasus dasturchiga foydalanuvchining ijtimoiy tarmoqlari va elektron pochtasidagi yozishmalar, fotosuratlar, audio va video yozuvlariga kirish, shuningdek, egasiga bildirmasdan qurilmada mikrofon yoki kamerani ishga tushirish imkonini beradi.